“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi
Markaziy banki Boshqaruvining qarori
1998-yil 9-noyabr, 240-son
(19/7-son bayonnoma)
Banklarni tugatish toʻgʻrisida
Nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 11-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 626]
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/5-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3253, 30.06.2020-y.) asosan 2020-yil 1-oktabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan bankni ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan va bankdan bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya qaytarib olingan hollarda banklarni tugatish tartibini belgilab beradi.
Mazkur Nizom sudning bankni bankrot deb tan olinishi toʻgʻrisidagi qaroriga koʻra tugatilishi hollariga taalluqli emas.
1. Umumiy qoidalar
1.1. Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
bankni tugatish — boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga huquqiy vorislik tartibida huquqlar va majburiyatlar oʻtmagan holda bank faoliyatini tugatish;
tugatuvchi yoki tugatish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda tugatuvchi) Markaziy bank bilan kelishilgan holda aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan tayinlanadi.
Tugatish komissiyasi tarkibiga Markaziy bank va uning bank joylashgan manzil boʻyicha hududiy Bosh boshqarmasi mutaxassislari kiritilishi mumkin.
1.2. Banklar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida koʻzda tutilgan asoslar va tartib boʻyicha, bank qonunchiligi va mazkur Nizom bilan belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda tugatiladi.
Tugatish jarayonining maqsadi bank omonatchilari va kreditorlari talablarini tezlik bilan qondirishdan iborat.
1.3. Bank ixtiyoriy yoki majburiy ravishda tugatilishi mumkin (Markaziy bank tomonidan bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya chaqirib olinganida).
Litsenziya chiqarib olinganligi haqidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi lozim.
1.4. Banklarni tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
a) bank operatsiyalarini amalga oshirish litsenziyasi Markaziy bank tomonidan chaqirib olinishi;
b) Markaziy bank ruxsati mavjud boʻlgan holda aksiyadorlar yoki muassislar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining bankni ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi qarori.
1.5. Bank tugatilganda, unga berilgan bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya Markaziy bank tomonidan chaqirib olinadi.
1.6. Bankni tugatish jarayoni Markaziy bank Boshqaruvining litsenziyalarni qaytarib olish toʻgʻrisidagi qarori chiqqan kundan boshlangan deb hisoblanadi. Markaziy bank Boshqaruvining litsenziyalarni qaytarib olish toʻgʻrisidagi qarori u qabul qilingan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
Qaror u qabul qilingan kuni bank rahbariyatiga (mazkur qarorni olganligi toʻgʻrisida) imzo qoʻydirilgan holda topshiriladi.
1.7. Bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani chaqirib olish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin, Markaziy bank Banklarni roʻyxatga olish Davlat kitobiga bankda tugatish jarayoni ketayotganligi toʻgʻrisidagi yozuvni kiritadi.
1.8. Tugatuvchi bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olingan kundan soʻng ikki oy mobaynida kreditorlarni aniqlash va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki majburiy zaxiralar jamgʻarmasida depozitga oʻtkazilgan debitorlik qarzlari va mablagʻlarni olish choralarini koʻradi. Koʻrsatilgan mablagʻlar birinchi navbatda tugatilayotgan bankning fuqarolar omonatlari boʻyicha qarzlarini toʻlashga yoʻnaltiriladi.
Tugatilayotgan bankning Markaziy bank majburiy zaxiralar hisobvaragʻida hisobda turgan mablagʻlari tugatuvchi tomonidan bankni tugatish jarayoni boshlanganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnoma taqdim etilganidan soʻng uch kunlik muddatda tugatilayotgan bank joylashgan erdagi Markaziy bank hududiy Bosh boshqarmasi huzuridagi Hisob-kitob-kassa markazida ochiladigan bankning tugatish hisobvaragʻiga qaytariladi.
1.9. Markaziy bank Boshqaruvining litsenziyani qaytarib olish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab bankni tugatish jarayoni yakunlanishiga qadar quyidagi cheklashlar belgilanadi:
a) aksiyadorlar umumiy yigʻilishi, boshqa organlar va bank mansabdor shaxslarining vakolatlari, jumladan mulkni tasarruf etish va majburiyatlarni soʻndirish boʻyicha vakolatlari, shuningdek ularning bankni boshqarish huquqlari toʻxtatib qoʻyiladi. Bunda aksiyadorlar umumiy yigʻilishining tugatuvchining hisobotlarini maslahatli tarzda muhokama qilish, tugatish balansini tasdiqlash hamda tugatuvchini tayinlash va qayta tayinlash huquqlari saqlanib qoladi;
b) tugatilayotgan bank nomidan yoki uning hisobidan amalga oshirilgan harakatlar ular faqat likvidator tomonidan bajarilgan holdagina yuridik kuchga ega boʻlishi mumkin;
v) bankning barcha qarz majburiyatlari muddati oʻtgan hisoblanadi;
g) tugatilayotgan bankning majburiyatlari, jumladan bank omonatlari va/yoki bank hisobvaraqlariga oid shartnomalar boʻyicha foizlarni, shuningdek neustoykalarni hisoblash tugatiladi;
d) tugatilayotgan bank ishtirokida sudda koʻrilayotgan mulkiy xususiyatga ega boʻlgan tortishuvlar agar ularga doir qabul qilingan qarorlar qonuniy kuchga kiritilmagan boʻlsa toʻxtatiladi;
e) bankka tegishli mulkiy xususiyatga ega boʻlgan barcha talablar faqat likvidator nomiga bildirilishi hamda mazkur nizom va amaldagi qonunchilikda koʻzda tutilgan tartibda koʻrib chiqilishi mumkin;
j) tugatish jarayoni boshlangunga qadar sud tomonidan qabul qilingan qarorlar va tugatilayotgan bankka nisbatan mulkiy talablarga oid sudning ijro hujjatlari qonunchilikda belgilangan navbat tartibida ijro etilishi uchun tugatish komissiyasiga topshiriladi.
1.10. Bankni tugatish jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat:
moddiy nazorat va inventarlash;
aktivlarni tekshirish;
aktivlarni baholash va sotish;
sotuvdan tushgan tushumlarni joylashtirish;
tugatish jarayonini yakunlash.
1.11. Markaziy bank bankni tugatish jarayonini nazorat qilib turishi shart. Ushbu maqsadlarda Markaziy bank muntazam ravishda bank aktivlarini baholash, bu aktivlarni tugatish va daromadlarni taqsimlash toʻgʻrisida hisobotlar olib turadi.
1.13. Likvidator, ekspertlar va tugatish jarayonida band boʻlgan boshqa shaxslar faoliyatiga haq toʻlash shartlari likvidator tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqiladigan tugatish rejasida qayd etiladi.
1.14. Bankni tugatish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlar mazkur bank hisobidan amalga oshiriladi. Banklarni tugatishga doir xarajatlarni Markaziy bank tomonidan moliyaviy taʼminlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tugatilayotgan bank majburiyatlariga doir hisob-kitoblarni bajarishda tugatish bilan bogʻliq xarajatlar navbatdan tashqari tartibda amalga oshiriladi.
1.15. Likvidator yoki tugatish komissiyasi aʼzolari tomonidan amaldagi qonunchilik buzilgan hollarda, Markaziy bank boshqa likvidator yoki tugatish komissiyasi aʼzolarini tayinlashni talab qilishga haqli.
1.16. Bank tugatilguniga qadar u Markaziy bank nazorati ostida boʻladi va Markaziy bank uni tekshirib turish huquqiga egadir.
1.17. Markaziy bankning bankni ixtiyoriy tugatilishini rad etishi, shuningdek bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
2. Ixtiyoriy tugatish
2.1. Bankni ixtiyoriy ravishda tugatish kreditorlar va omonatchilar oldida majburiyatlar bajarilishini taʼminlash imkoniyatiga ega boʻlgan bank aksiyadorlari (ishtirokchilari) umumiy yigʻilishi tomonidan bankni ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 56-son qarori bilan tasdiqlangan Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
2.3.4. Markaziy bankning ixtiyoriy tugatish uchun ruxsatnomasini olganidan soʻng tugatuvchi ommaviy axborot vositalarida, shuningdek bankning korporativ veb-saytida bank tugatilayotganligi, jumladan uning kreditorlari tomonidan talablar toʻgʻrisidagi arizalarni taqdim etish tartibi va muddatlari haqida eʼlon berishi lozim. Tugatuvchi shuningdek qimmatli qogʻozlar bozorida tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish bilan bogʻliq maʼlumotlarni belgilangan tartibda oshkor qilishi shart.
2.3.5. Talab qilinayotgan barcha choralar bajarilgach, tugatish komissiyasi aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tasdiqlaganidan soʻng 7 kun ichida Markaziy bankka hisobot va tugatish balansini taqdim etishi lozim.
3. Majburiy tugatish
3.1. Bankni majburiy tarzda tugatish Markaziy bankning bank litsenziyasini chaqirib olish toʻgʻrisidagi qaroriga asosan amalga oshiriladi.
3.2. Markaziy bankning litsenziyani qaytarib olish toʻgʻrisidagi qaroriga asosan bankni majburiy ravishda tugatish quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:
a) passivlarning aktivlardan oshib ketishi tufayli bankning toʻlovga layoqatsiz boʻlib qolishi;
b) litsenziya berilishiga asos boʻlgan maʼlumotlarning notoʻgʻri ekanligining aniqlanishi;
v) bank oʻz omonatchilari yoki boshqa kreditorlari oldidagi majburiyatlarni bajarishga layoqatsizligi;
g) hisobot maʼlumotlarining muntazam ravishda buzib koʻrsatilishi;
d) qonunchilikka hamda omonatchilar va kreditorlar manfaatlariga real xavf soluvchi litsenziya shartlariga zid boʻlgan bank operatsiyalarining amalga oshirilishi;
e) litsenziya berilgan vaqtdan boshlab bir yildan ortiq muddatda bank operatsiyalarini bajarishni kechiktirish;
j) monopoliyaga qarshi qoidalarning buzilishi;
z) Oʻzbekiston Respublikasi hududida shuʼba bankni tashkil etgan xorijiy davlat bankining litsenziyasi chaqirib olinishi;
i) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishi.
Mazkur Nizom maqsadlarida bank tomonidan yoʻl qoʻyilgan omonatchilar va kreditorlar manfaatlariga real xavf soluvchi tartibbuzarliklarga quyidagilar kiradi:
a) amaldagi qonunchilik va Markaziy bank meʼyoriy hujjatlarining buzilishi;
b) xavfli yoki nosogʻlom bank faoliyatining yuritilishi;
v) bankning Markaziy bank koʻrsatmalarini atayin va uzoq muddat bajarmasligi;
g) bank tomonidan hujjatlar yoki yozishmalarning Markaziy bank inspektorlaridan yashirilishi yoki bank nazorati xizmatiga talab etilgan hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortilishi.
3.3. Bank faoliyati omonatchilar va kreditorlar manfaatlariga real xavf soladi deb tan olinadi, agar:
bank kapitalining yetarlilik koeffitsiyenti darajasi Markaziy bank belgilagan ushbu iqtisodiy meʼyorning 75 foizidan kam boʻlishi;
bank ketma-ket keluvchi har uch chorakda bank regulyativ kapitalining 10 foizidan yoki vaqtdan qatʼi nazar regulyativ kapitalning 50 foizidan ortiq miqdorda potensial zarar koʻrishi yoki koʻrishi mumkin ekanligi;
boshqa hollar omonatchilar va kreditorlarning bankka ishonib topshirgan mablagʻlari butligiga real xavf solsa.
4. Tugatuvchining vakolatlari va majburiyatlari
4.1. Likvidator tayinlangan vaqtdan boshlab unga bank ishlarini boshqarish vakolatlari oʻtadi.
4.2. Likvidator tayinlangan vaqtdan boshlab va Markaziy bank bilan kelishilgan holda uning zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
a) bank aktivlari va passivlarini toʻliq nazorat qilish;
b) bank ishlarini boshqarish bilan bogʻliq javobgarlik;
v) kreditorlar talablarini eng yuqori ravishda qondirilishini taʼminlovchi narxda bank aktivlarini sotish;
g) har uch oyda kamida bir marta tugatish jarayoni, jumladan, sotilayotgan aktivlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni batafsil aks ettiradigan muntazam hisobotlarni tuzish hamda bu hisobotlarni Markaziy bankka taqdim etish.
4.3. Likvidator noqonuniy yoki atayin notoʻgʻri qilingan harakatlar (harakatsizlik) natijasida bankka keltirilgan zarar uchun javobgardir.
4.4. Likvidator tugatish bilan bogʻliq meʼyordagi operatsiya tavakkalchiligi toifasiga kiruvchi zararlar uchun javob bermaydi.
4.5. Likvidator quyidagi huquqlarga ega:
a) bank aktivlarini aniqlash hamda tugatish maqsadlarini hisobga olgan holda mulk egasi va bank boshqaruvi organlari vakolatlari doirasida ularni tasarruf etish;
b) bank nomidan tugatish ishlari va bank faoliyatini yakunlash maqsadlariga muvofiq bank rahbariyati vazifalarini bajarish;
v) bank aktivlari va mulkini zaxiraga olish;
g) bank hujjatlari va mulki, shuningdek garov taʼminoti sifatida berilgan boshqa mol-mulk butligini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar koʻrish;
d) tugatish jarayonini amalga oshirish uchun mustaqil mutaxassislar tarkibidan xodimlarni, shuningdek oʻz xohishiga koʻra bank xodimlarini (qorovullardan tortib malakali maslahatchilargacha) shartnoma asosida yollash. Bank kreditorlari bu jarayonga xodimlar sifatida jalb etilishi mumkin emas;
e) tugatilayotgan bankning moliyaviy ahvolini hisobga olgan holda, mehnat qonunchiligiga muvofiq xodimlarga ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilash;
j) sudda tugatilayotgan bank nomidan qatnashish;
z) omonatchilar va kreditorlarning talablarini qondirish uchun mablagʻlar yetishmasa tugatuvchi bank mulkini sotish huquqiga ega;
i) bank nomidan talablar qoʻyish, bank kreditorlari talablarining qonuniyligini aniqlash va qonuniy deb topilgan talablarni qondirish.
4.6. Likvidator tayinlangunga qadar oxirgi uch oy davomida kreditorlarning biriga yoki bank bilan aloqador istalgan shaxsga imtiyoz berish maqsadida amalga oshirilgan toʻlovlar va boshqa aktiv operatsiyalar likvidator tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin, omonatlarni olish, ish haqiga doir oddiy toʻlovlar yoki boshqa mukofotlar bundan mustasno. Bu holda tugatuvchi amalga oshirilgan toʻlov yoki bankning boshqa aktiv operatsiyalari haqiqiy emas deb tan olinishi toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qiladi.
5. Moddiy nazorat va inventarlash
5.1. Kelib tushayotgan barcha depozitlar va garov xatlari ijro etilmay, bank tugatilayotgani haqidagi xabarnoma bilan joʻnatuvchiga qaytarilishi shart.
Tugatish jarayoni boshlangach, tugatuvchi bank mulkini inventarlashni tashkil etishi va oraliq balansni tuzishi shart.
5.2. Markaziy bank tomonidan bankni tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab tugatuvchi bank aktivlari ustidan jismoniy nazoratni taʼminlashi shart. Bu quyidagilarni anglatadi:
a) xavfsizlik xizmati, militsiya organlari va boshqa mavjud vositalardan foydalangan holda bank binolari va jihozlari butligini taʼminlash;
b) qimmatbaho buyumlar, shu jumladan, naqd pul, qimmatli qogʻozlar, avtomobillar va sanʼat asarlarini tugatuvchining ixtiyoriga oʻtishi;
v) eshik qulflarini almashtirish;
g) bank hujjatlari va mulkidan foydalanishni nazorat qilish maqsadida qoʻriqlash xizmatini almashtirish.
5.3. Firibgarlik yoki jinoiy faoliyat toʻgʻrisida shubha tugʻdirayotgan hollar (ayniqsa chet el valyutasi hisobvaraqlarida) aniqlansa, likvidator zarur choralar koʻrish uchun bu haqda zudlik bilan Markaziy bankka tegishli chora koʻrish uchun maʼlum qilishi zarur.
5.4. Bankning barcha ishlari nihoyasiga yetkazilishi, jumladan bankning tugatish jarayoni boshlangunga qadar ssudalarni qoplash uchun olingan mablagʻlar va harakatsiz depozitlar, yordamchi va bosh daftarlarga kiritilishi shart.
5.5. Bankning soʻnggi ish kuniga yakuniy balans tayyorlanishi lozim.
5.6. Likvidator Markaziy bankning bank joylashgan erdagi hisob-kitob-kassa markazida “X banki tugatilmoqda” degan maxsus tugatish hisobvaragʻini ochadi. Chet el valyutasi ular uchun moʻljallangan alohida tugatish hisobvaraqlarida saqlanishi zarur. Bank resurslari ushbu hisobvaraqlarga oʻtkaziladi. Faqat likvidator tugatish hisobvaraqlaridan foydalanishning mutlaq huquqiga ega.
5.7. Aktivlarni sotishdan tushgan barcha tushumlar tugatish hisobvaraqlarida saqlanadi.
5.8. Likvidator bankning vakillik hisobvaraqlari, ayniqsa chet el banklaridagi hisobvaraqlar ustidan alohida nazorat oʻrnatishi zarur. Likvidator bank mablagʻlari saqlanayotgan barcha respublika va chet el moliya muassasalariga bank tugatilayotgani hamda ularning mablagʻlarini oʻtkazish faqat likvidatorning ruxsati bilangina amalga oshirilishi mumkinligi toʻgʻrisida xabar berishi kerak. Bunday xabarlar shoshilinch ravishda berilishi lozim. Yozma xabarlarni joʻnatishdan oldin ularni oluvchilarga bu haqda telefon orqali maʼlum qilish kerak. Agarda bank filiallari yoki chet el hisob raqamlarida mablagʻlar mavjud boʻlsa, ularni telegraf orqali “X bank tugatilmoqda” — tugatish hisobvaragʻiga oʻtkazish lozim.
6. Aktivlarni tekshirish
6.1. Likvidator aktivlarni tekshirib, zarur boʻlgan bildirishnomalarni joʻnatgach, quyidagilar asosida tugatish hisobotini tayyorlashi lozim:
yakuniy balans;
vakillik hisobvaraqlari ahvoli toʻgʻrisidagi hisobotlarni qiyoslash;
pul mablagʻlari va valyuta hisobini yuritish;
bank inventarlash roʻyxatlari boʻyicha jihozlarni tekshirish;
balans va kredit portfeli boʻyicha kreditorlik qarzlarini tekshirish.
7. Aktivlarni baholash va sotish
7.1. Bankning moliyaviy aktivlari quyidagilardan iborat:
pul mablagʻlari;
ssudalar;
qimmatli qogʻozlar;
valyuta boyliklari.
7.2. Milliy va chet el valyutalaridagi banknotlar, tangalar va bank vakillik hisobvaraqlaridagi mablagʻlar shaklidagi moliyaviy aktivlar nominal qiymati boʻyicha baholanadi.
7.3. Qimmatli qogʻozlar shaklidagi aktivlar bahosi qimmatli qogʻozlar bozoridagi vaziyatga bogʻliq.
7.4. Bank kreditlari portfeli berilgan kreditlarni uchinchi tomonga sotish yoki bu qarzlar boʻyicha mablagʻlarni olish imkonini beradigan boshqa yoʻl bilan tugatiladi.
7.5. “Standart kreditlar” sifatida tavsiflangan kreditlar bozor narxida sotilishi kerak. “Standart kreditlar” sifatida tavsiflangan kreditlar oʻz nominal qiymatidan past narxda sotilganda tugatuvchi tugatish toʻgʻrisidagi hisobotda ushbu narxlarni asoslashga majbur. Bunda kreditning nominal qiymati u sotilgan sanaga qarab belgilanadi va kreditning soʻndirilmagan qismi, shuningdek u boʻyicha hisoblangan va olinmagan foizlar summasidan tarkib topadi.
7.6. Muammoli qarzlarni sotishda tugatuvchi quyidagi tavsiyalarga amal qilishi lozim:
7.6.1. Ssuda qiymati uning nominal qiymatiga tenglashtiriladi. Bunday qarzlarni odatda banklar va boshqa moliya kompaniyalari xarid qiladi.
7.6.2. Muammoli qarzlarni sotish uchun yakka tartibdagi xaridorlarga shartnoma boʻyicha sotish, tanlab olingan qatnashchilar guruhi oʻrtasida xususiy raqobat savdolari, shuningdek kimoshdi savdolari kabi usullardan foydalaniladi.
7.6.3. Qarzlarni boshqa xaridorlarga sotish imkoniyati boʻlmagan hollarda ularni qarzdorning oʻziga nominal qiymatidan kam bahoda sotish mumkin. Likvidator har bir shunday holni tugatish hisobotida asoslab berishi shart.
7.6.4. Muammoli kreditlarni sotish imkoni boʻlmasa likvidator garovga qoʻyilgan mulkni sotish chorasini koʻradi yoki qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi daʼvo bilan sudga murojaat qiladi.
7.7. Nomoliyaviy aktivlarga quyidagilar kiradi:
binolar va inshootlar;
transport vositalari;
sanʼat asarlari;
orgtexnika;
mebel, jihozlar va bankning boshqa mulki.
7.8. Nomoliyaviy aktivlar likvidator tomonidan baholovchi tashkilot ishtirokida baholanadi. Tugatuvchi nomoliyaviy aktivlar narxiga taʼsir etuvchi barcha axborot va omillarni oʻrganadi va shular asosida taxminiy sotuv narxini belgilaydi. Binolar, inshootlar va transport vositalari koʻchmas mulkni baholashga doir belgilangan talablarga muvofiq baholanadi.
7.9. Nomoliyaviy aktivlar baholanganidan keyin tugatuvchi potensial xaridorlarga aktivlar sotilishi koʻzda tutilayotganligi haqida xabar beradi yoki qonunchilik va mazkur Nizomda koʻzda tutilgan hollarda bank mulkini sotadi.
7.10. Xaridorlar bilan muzokaralar davomida sotilayotgan nomoliyaviy aktivlarning dastlabki narxi oʻzgarishi mumkin. Agarda aktiv hisob-kitob qiymatidan ancha past narxda sotilsa, likvidator ushbu hol roʻy berishi sabablarini hujjatlashtirishi shart. Koʻrsatilgan hujjatlar hisobotda aks ettiriladi va unga ilova qilinadi.
8. Omonatchilar va kreditorlar talablarini qondirish
8.1. Lavozimga tayinlanganidan keyin ikki ish kuni mobaynida tugatuvchi ommaviy axborot vositalarida, shuningdek bankning korporativ veb-saytida bank tugatilganligi, jumladan uning kreditorlari tomonidan talablar toʻgʻrisidagi arizalarni taqdim etish tartibi va muddatlari haqida eʼlon berishi lozim. Talablarni taqdim etish muddati bank tugatilganligi haqidagi xabar eʼlon qilingan sanadan boshlab 2 oyni tashkil etadi, ushbu muddat tugaganidan keyin tugatuvchi tomonidan talablar qabul qilinmaydi.
Tugatuvchi shuningdek qimmatli qogʻozlar bozorida tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish bilan bogʻliq maʼlumotlarni belgilangan tartibda oshkor qilishi shart.
8.2. Likvidator bankni tugatish ishlari boshlanganligi toʻgʻrisida barcha kreditorlar va omonatchilarni yozma ravishda xabardor qiladi. Bunda tugatuvchi xabarnomada ularning shaxsiy hisobvaraqlarida qayd etilgan qarz yoki omonat miqdorini koʻrsatadi.
8.3. Xabarnomada likvidator daʼvolarni berish muddatini maʼlum qiladi. Ushbu muddat tugagach, daʼvolar qabul qilinmaydi va koʻrib chiqilmaydi.
8.4. Kreditorlar va tugatilayotgan bankning oʻzaro majburiyatlari mavjud boʻlsa, ular oʻzaro qoplanishiga yoʻl qoʻyiladi.
8.5. Oʻzaro qoplash quyidagi talablarga rioya qilingan holda amalga oshiriladi:
oʻzaro qoplash faqat toʻlov muddati yetib kelgan majburiyatlar boʻyicha ruxsat etiladi;
biron bir majburiyat boʻyicha eʼtiroz bildirilmaydi;
ikkala tomon ham qarzni inkassatsiya qilish va toʻlash huquqiga ega boʻlishi shart;
avtomatik ravishda oʻzaro qoplashga yoʻl qoʻyilmaydi, tomonlar bir-biriga ariza bilan murojaat qilishlari shart;
turli valyutalardagi majburiyatlarning oʻzaro qoplanishi Markaziy bankning uni bajarish kunidagi ayirboshlash kursi boʻyicha amalga oshiriladi;
bankka aloqador shaxslar bank oldidagi majburiyatlarini bajarmasa, ularga bankning boshqa qarzdorlariga qoʻyilayotgan talablar qoʻyiladi;
bogʻliq shaxslarga berilgan qarzlarga oid majburiyatlarning oʻzaro qoplanishiga ruxsat etilmaydi;
aksiyadorning aksiyadorlik kapitalini toʻlashga doir bank oldidagi majburiyatlari bankning ushbu aksiyador oldidagi boshqa majburiyatlari bilan qoplanishi mumkin emas.
Oʻzaro qoplashda omonatchilar va kreditorlar talablarini qondirish navbati hisobga olinadi.
8.6. Bank tugatilayotganda uning kreditorlari talablari amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda qondiriladi.
Jismoniy shaxs boʻlgan omonatchilar tugatishdan kelib tushgan tushumlar hisobiga oʻz omonatlarini olishda ustuvorlikka egadirlar.
8.7. Tugatilayotgan bankning mulki bir navbatdagi barcha talablarni toʻliq qondirish uchun yetarli boʻlmasa, mavjud mablagʻlar amaldagi qonunchilikka muvofiq kreditorlar oʻrtasida taqsimlanadi.
8.8. Quyidagi hollarda kreditorlarning talablarini qondirishdan bosh tortilishi mumkin:
a) talabnomalar belgilangan muddat oʻtganidan soʻng olingan boʻlsa;
b) tugatuvchi tomonidan asossiz deb topilgan boʻlsa.
8.9. Likvidator kreditorlar tomonidan talablarni bildirish muddati tugaganidan soʻng kreditorlar talablarini qondirishga doir quyidagi choralarni koʻrishi lozim:
qabul qilingan talablar roʻyxatini tuzish;
tugatuvchi tasdiqlamagan talablarni rad etish;
har bir kreditor qarzi miqdori va talablarni toʻlash ketma-ketligini belgilash;
kreditorga ularning talablari qabul qilinganligi yoki rad etilganligi toʻgʻrisida maʼlum qilish;
oraliq balansni tuzish.
8.10. Kreditorlar talablarini qondirish rad etilganligi toʻgʻrisida ularning manziliga yozma tarzda xabarnoma joʻnatiladi.
8.11. Kreditor talablarini qondirish rad etilgan yoki uni koʻrib chiqishdan bosh tortilgan holda u likvidatorga nisbatan daʼvo bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
8.12. Tugatilayotgan bankning pul mablagʻlari kreditorlar talablarini qondirish uchun mavjud boʻlmasa, tugatish komissiyasi sud qarorlari ijrosi uchun belgilangan tartibda kimoshdi savdolari orqali bank mulkini sotadi.
8.13. Tugatilayotgan bankning mulki yetarli boʻlmaganligi tufayli kreditorning qondirilmagan talablari toʻlangan hisoblanadi.
Shuningdek kreditor daʼvo bilan sudga murojaat qilmagan boʻlsa, tugatuvchi tomonidan tan olinmagan hamda sud qarori bilan kreditorning talablari qondirilishi rad etilgan talablar toʻlangan hisoblanadi.
8.14. Kreditorlar talablari qondirilganidan soʻng qolgan bank mulki qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlash uchun bank aksiyadorlariga beriladi.
9. Tugatish jarayonini yakunlash
9.1. Tugatish ishlari yakunlanganidan soʻng likvidator bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi yakuniy hisobotni va tugatish balansini tuzadi.
9.2. Tugatuvchi Markaziy bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
tugatish komissiyasining qilingan ishlar toʻgʻrisidagi hisoboti;
aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining bankni tugatish toʻgʻrisidagi bayonnomasi (ixtiyoriy ravishda tugatilganda);
ommaviy axborot vositalarida chop etilgan bankni tugatish toʻgʻrisidagi eʼlonlar nusxalari;
tugatish komissiyasini tuzish toʻgʻrisidagi qaror;
bankning oxirgi ish kunidagi balansi;
tugatish (nol) balansi;
balansdan tashqari hisobvaraqlar boʻyicha tugatish (nol) balansi;
bank hujjatlari va yigʻmajildlari yoʻq qilish uchun ajratilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma;
bank elektron bazasidagi hujjatlar va maʼlumotlarni arxivda saqlash uchun qabul qilish-topshirish dalolatnomasi;
bank muhrlari va shtamplari yoʻq qilinganligini tasdiqlovchi hujjat.
9.3. Markaziy bank taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqib, bankni Banklarni roʻyxatga olish Davlat kitobidan chiqarib tashlash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qiladi.
9.4. Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-sentabrdagi 274-son qarori bilan tasdiqlangan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, davlat statistikasi organlariga bank tugatilganligi toʻgʻrisida xabar yuboradi.
Bank Banklarni roʻyxatga olish davlat kitobidan chiqarilgan vaqtdan boshlab tugatilgan hisoblanadi.
9.5. Bank tugatilganidan soʻng uning arxivi, shu jumladan tugatish komissiyasining operatsiyalari boʻyicha hujjatlar, tugatuvchi tomonidan bank joylashgan joydagi davlat arxiviga belgilangan tartibda topshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining oʻrinbosari A.X. ERDONAYEV
Nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
TAVSIYA
Tugatuvchi tayinlanganidan soʻng u darhol bank xodimlari va aksiyadorlarining nazoratsiz ravishda aktivlardan foydalanishining oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni koʻrishi shart. Bunda u quyidagilarni amalga oshirishi lozim:
1. Bank binosi ustidan jismoniy nazorat oʻrnatish.
2. Barcha xodimlardan kalitlarni olib qoʻyish,
3. Bankning barcha xonalarini muhrlash.
4. Kassadagi naqd pulni sanash.
5. Cheklar va qimmatli qogʻozlarni sanash.
6. Bankning sugʻurta polislari, boshqaruv bayonnomalari va taftish hisobvaraqlarini muhrlash.
7. Bank xodimlarining bank omborxonasiga kirishini cheklab qoʻyish.
8. Garovni muhrlash, ssuda qarzlarini qayd etish.
9. Bank ichki xavfsizlik xizmati yetib kelguniga hamda qulflar va kombinatsiyalar almashtirilguniga qadar bank omborxonasini nazorat qilish uchun xodim tayinlash.
10. Xavfsizlik xizmati xodimlari va chilangarni chaqirish.
11. Pochtaga xabar berish.
12. Kommunal xizmatlarga xabar berish.
13. Vakil banklarga faks yoki telegramma orqali xabar berish.
14. Bankning binodan tashqarida joylashgan mol-mulki, jumladan, yengil avtomobillar va kredit varaqchalarini tekshirish.
15. Bank eshiklariga u tugatilayotganligi toʻgʻrisidagi eʼlonni osib qoʻyish.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 19-apreldagi 12/15-son (roʻyxat raqami 626-3, 2014-yil 12-may), 2014-yil 9-avgustdagi 25/4-son (roʻyxat raqami 626-4, 2014-yil 10-sentabr), 2017-yil 25-noyabrdagi 32/21-son (roʻyxat raqami 626-6, 2017-yil 6-dekabr) oʻzgartirishlar hamda 2005-yil 12-martdagi 3-A/2-son (roʻyxat raqami 626-1, 2005-yil 22-mart), 2010-yil 23-oktabrdagi 34/13-son (roʻyxat raqami 626-2, 2010-yil 8-noyabr), 2016-yil 26-martdagi 8/12-son (roʻyxat raqami 626-5, 2016-yil 18-aprel) qarori bilan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan.