Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XOʻJALIK HISOBIDAGI TEXNIK ROʻYXATGA OLISh RESPUBLIKA KADASTR BYuROSI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-fevraldagi 74-sonli “Oʻzkommunxizmat” agentligi toʻgʻrisidagi nizomni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslarga mulk huquqida tegishli boʻlgan binolar va inshootlar boʻyicha roʻyxatga olish-baholash ishlarini amalga oshirish toʻgʻrisida” 1998-yil 21-yanvardagi 35-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1998-yil 3-oktabr,
423-son
Vazirlar Mahkamasining
1998-yil 3-oktabrdagi 423-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi toʻgʻrisida
NI3OM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-yanvardagi 35-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga boʻysunadi.
2. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi toʻliq xoʻjalik hisobi va oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash prinsiplari asosida ish koʻradi, yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz hisob-kitob schyotiga va mustaqil balansiga ega.
3. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining buyruqlari va koʻrsatmalariga, boshqa meʼyoriy hujjatlarga amal qiladi.
4. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi tuzilmasi, shtatlari va xarajatlari smetasi Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi ikki tomonlama boʻysunuvchi (vazirlikka va hokimlikka) Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish Qoraqalpogʻiston respublika kadastr byurosi, xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish viloyat kadastr byurolari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining texnik roʻyxatga olish yagona tizimini tashkil etadi.
Toshkent shahar hokimligining yakka tartibdagi uy-joylarni nazorat qilish va hisobga olish boshqarmasi binolar va inshootlarni texnik roʻyxatga olish bilan bogʻliq masalalarda Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosining meʼyoriy hujjatlariga amal qiladi, shuningdek Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosiga belgilangan tartibda maʼlumotlar va hisobotlar taqdim etadi.
II. XOʻJALIK HISOBIDAGI TEXNIK ROʻYXATGA OLISh RESPUBLIKA KADASTR BYuROSINING ASOSIY VAZIFALARI VA FAOLIYATI YOʻNALIShLARI
6. Quyidagilar Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblanadi:
a) Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish Qoraqalpogʻiston respublika kadastr byurosi, xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish viloyatlar kadastr byurolarining quyidagilar boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish:
turar joy binolari va inshootlarini (ularning qismlarini) asosiy roʻyxatga olish;
turar joy binolari va inshootlariga hamda ularning qismlariga mulkchilik huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni tashkil qilish;
uyga egalik qilishni boʻlish imkoniyati variantlari toʻgʻrisidagi xulosani rasmiylashtirish;
turar joy binolari va inshootlarini hisobga olish reyestr daftarlari yuritish;
turar joy binolari va inshootlarini baholash va qayta baholash;
joriy oʻzgartirishlarni kiritish;
uy-joy binolari va inshootlarining eskirish foizini aniqlash;
roʻyxatga olish arxiv yigʻmajildlari saqlanishini taʼminlash;
qurilishi tugallangan turar joy binolari va inshootlarini hisobga olish;
uy-joy fondini roʻyxatga olishga doir maʼlumotlarni zamonaviy maʼlumotlar darajasida taʼminlash;
binolar va inshootlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning texnik roʻyxatga olish kadastr byurosi tomonidan kadastr hujjatlariga zarur maʼlumotlarni kiritish uchun tumanlar va shaharlar koʻchmas mulk kadastri tegishli xizmatiga taqdim etilishi;
b) turar joy binolari va inshootlari hamda xususiylashtirilgan kvartiralarni roʻyxatga olish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish, baholash va qayta baholashga doir ishlarni bajarishda oʻziga qarashli hududiy tuzilmalarga umumiy rahbarlik qilish;
v) amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq turar joy binolari va inshootlarini texnik roʻyxatga olish boʻyicha qoidalar, texnik shartlar va normativlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish;
g) tashkiliy tuzilmani va boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga taqdim etish;
d) xoʻjalik yuritishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
e) oʻziga qarashli tashkilotlarning ishlab chiqarish faoliyatini vaqti-vaqti bilan tekshirish;
j) uy-joy fondini texnik roʻyxatga olish natijalari boʻyicha statistika hisobotini respublika boʻyicha umumlashtirish va jamlash;
z) respublika boʻyicha hisobga olish-texnik xodimlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlash, ularni tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish, ularni oʻqitishning oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish;
i) vazirliklar, davlat qoʻmitalarining soʻrovlari boʻyicha texnik roʻyxatga olish maʼlumotlarini belgilangan tartibda taqdim etish;
k) nashriyot-bosmaxona, mashinkada yozish va nusxa koʻpaytirish ishlarini hamda xizmatlar va ishlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa turlarini tashkil etish va amalga oshirish.
III. HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
7. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi quyidagi huquqlarga egadir:
a) pul mablagʻlari, moddiy boyliklardan foydalanilishi va ularning saqlanishini, tejamkorlik rejimiga rioya qilinishini hujjatlar orqali kompleks tekshirishda qatnashish, oʻziga qarashli tashkilotlarda narxlar va tariflarning toʻgʻri shakllantirilishi va qoʻllanishi ustidan nazoratni amalga oshirish, auditorlik tekshirishlarini tashkil etish;
b) texnik roʻyxatga olish masalalari 6oʻyicha kengashlar chaqirish va seminarlar oʻtkazish, maslahatlar berish;
v) yuridik va jismoniy shaxslarni oʻqitishni tashkil etishda maslahatlar berish, axborot bilan koʻmaklashish;
g) turar joy binolari va inshootlarini roʻyxatga olish, baholash masalalarida yuridik va jismoniy shaxslarga xizmatlar koʻrsatish boʻyicha ishlarni tashkil etish.
8. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagilarga majburdir:
a) yuklangan vazifalar toʻliq hajmda bajarilishini taʼminlash;
b) texnik roʻyxatga olishga tegishli ishlab chiqarish va kalendar prognozlarni, yillik va davriy hisobotlarni tuzish hamda ularning bajarilishini tashkil etish;
v) bajariladigan ishlarning texnik darajasini oshirish tadbirlarini ishlab chiqish va joriy etish;
g) uy-joy fondini texnik roʻyxatga olish natijalari boʻyicha taqdim etiladigan statistika hisobotining ishonchliligi uchun javob berish.
IV. RAHBARIYAT
9. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosiga boshliq boshchilik qiladi, u mazkur Nizomga muvofiq Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi boshligʻi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi hayʼatida tasdiqlanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan boʻshatiladi. Bosh muhandis va bosh buxgalter Vazir bilan kelishilgan holda Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi boshligʻining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi va boʻshatiladi.
Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi boshligʻi boʻlmagan paytlarda (xizmat safari, taʼtil, kasallik va boshqalar) boshliqning huquq va majburiyatlari bosh muhandisga oʻtadi, u boʻlmaganda boshqa mansabdor shaxsga oʻtadi, bu haqda byuro boʻyicha buyruqda eʼlon qilinadi.
10. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi boshligʻi:
oʻz vakolati doirasida buyruqlar chiqaradi, koʻrsatma va farmoyishlar beradi;
Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi mol-mulkini tasarruf qiladi, bankda hisob-kitob va boshqa schyotlar ochadi, cheklar va toʻlov talablarini imzolaydi, birinchi imzo huquqi bilan bank xizmatlarining barcha turlaridan foydalanadi;
Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish Qoraqalpogʻiston respublika kadastr byurosi boshligʻi, xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish viloyatlar kadastr byurosi boshliqlarining egallab turgan lavozimiga muvofiqligi toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga, viloyat hududiy-kommunal foydalanish birlashmalariga takliflar kiritadi;
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarga muvofiq xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi xodimlarini lavozimga tayinlaydi va boʻshatadi;
Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi xodimlarining lavozim yoʻriqnomalarini va boshqa ichki hujjatlarni tasdiqlaydi.
11. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi boshligʻi va bosh muhandisi oʻz vakolatlari doirasida, mazkur Nizom asosida Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosini turar joy binolari va inshootlarini texnik roʻyxatga olish masalalari boʻyicha barcha davlat, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ifodalaydi.
V. MOL-MULKI VA MABLAGʻLARI
12. Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr bazasining mol-mulkini asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar, shuningdeq qiymati mustaqil balansda aks ettiriladigan mablagʻlar va boyliklar tashkil etadi.
Quyidagilar mol-mulkni shakllantirish manbalari hisoblanadi:
miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining buyrugʻi bilan belgilanadigan Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish Qoraqalpogʻiston respublika kadastr byurosi, xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish viloyatlar kadastr byurolari daromadlaridan har chorakda ajratiladigan pul ajratmalari;
xoʻjalik faoliyatining boshqa turlaridan olingan daromadlar;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi oʻz mol-mulkiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan istalgan harakatlarni sodir etishi mumkin.
Toshkent shahar hokimligi yakka tartibdagi uy-joylarni hisobga olish va nazorat qilish boshqarmasi bilan Xoʻjalik hisobidagi texnik roʻyxatga olish respublika kadastr byurosi oʻrtasidagi moliyaviy munosabatlar shartnoma shartlarida quriladi.
13. Ijtimoiy faoliyati, hisob va hisobot, faoliyatni nazorat qilish va tekshirish, qayta tashkil etish yoki tugatish amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.