O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMINI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-avgustdagi 511-sonli ““El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatiga hamda ta’limga oid qonunchilik takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish, bilimlar asoslarini puxta o‘rganish hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bo‘yicha kadrlar tayyorlash uchun akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hozirgi zamon talablariga javob beradigan bilimli, malakali mutaxassislarni tayyorlash va tarbiyalashning bosqichli bo‘g‘ini sifatida akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar va kompaniyalarning, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining muhim vazifasi deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-iyuldagi 200-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2012-y., 28-son, 315-modda)
3. Belgilansinki:
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;
akademik litseylar, qoidaga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari huzurida, ishlab turgan o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, boshqa ta’lim muassasalari negizida va yangi qurilish hisobiga tashkil etiladi;
kasb-hunar kollejlari ishlab turgan o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari va ularga tenglashtirilgan ta’lim muassasalari negizida, shuningdek yangi qurilish hisobiga tashkil etiladi;
qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan o‘quv yurtlari o‘quvchilarining o‘qishni tamomlashlari ushbu o‘quv yurtlari negizida tashkil etilayotgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari tomonidan ta’minlanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda:
1999-yil 1-iyunga qadar — o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartini ishlab chiqsinlar, unda:
umumiy o‘rta va oliy ta’lim bilan uzluksizlik va izchillik prinsipini amalga oshirish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi sifati va mazmuniga talablarni belgilashni;
akademik litseyda bilimlar asoslarini puxta o‘rganish hamda kasb-hunar kollejida mutaxassislar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan o‘quv fanlarini, ta’lim dasturlarini va maxsus dasturlarni, o‘quv soatlari hajmlarini shakllantirishni;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilariga nisbatan malaka talablarini belgilashni;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini baholash tartibini ishlab chiqishni nazarda tutsinlar;
1999-2000 o‘quv yilidan boshlab — o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standarti sinab ko‘rilishini ta’minlasinlar;
2000-yil 1-iyulga qadar — sinov natijalarini hisobga olgan holda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat standartini puxta ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
1999-yil 1-sentabrgacha — o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi davlat standarti asosida akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari uchun tajriba o‘quv dasturlari ishlab chiqilishini ta’minlasin, ularga umumta’lim maktablarining 10-11 sinflari o‘quv yuklamalari va dasturlari bir qismining o‘tkazilishini nazarda tutsin;
1999-2000 o‘quv yilidan boshlab — ko‘rsatib o‘tilgan o‘quv dasturlarini ishlab turgan hamda tashkil etiladigan akademik litseylarda va kasb-hunar kollejlarida tajriba tariqasida sinab ko‘rsin;
2000-yil 1-iyulgacha — tajriba o‘quv dasturlarini joriy etishni tajriba tariqasida sinab ko‘rish yakunlarini hisobga olgan holda o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy va xalq ta’limi tizimi o‘qituvchilari, mutaxassislari, rahbarlarining xulosalarini umumlashtirsin va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Tajriba o‘quv dasturlari ishlab chiqilishi va ularning sinab ko‘rilishi ustidan nazoratni ta’minlash, shuningdek kiritilgan takliflarni umumlashtirish maqsadida 2-ilovaga* muvofiq Respublika komissiyasi va maxsus ishchi guruhlari tashkil etilsin. Komissiyaga va ishchi guruhlariga akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quv dasturlarini tayyorlash, shuningdek ularning respublikada tajriba tariqasida sinab ko‘rilishi uchun javobgarlik yuklansin.
* 2-ilova berilmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida ham shunday komissiyalar tuzilsin. Komissiyalarga vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, kompaniyalar va korxonalarning zarur mutaxassislarini ishga jalb qilishga ruxsat etilsin.
Respublika komissiyasi tadbirlar ish rejasini tayyorlasin hamda tajribaning to‘plangan natijalarini, maxsus ishchi guruhlar va hududiy komissiyalar takliflarini hisobga olgan holda, 2000-yil 1-avgustgacha akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari uchun darsliklar tayyorlash dastur-topshiriqlari ishlab chiqilishini ta’minlasin.
Darsliklarni tayyorlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi rahbari va Davlat matbuot qo‘mitasi raisi zimmasiga yuklansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat test markazi akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini yakuniy attestatsiyadan o‘tkazish test usullarining tajriba sinovini bosqichma-bosqich amalga oshirishni nazarda tutgan holda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi to‘g‘risidagi Nizomni 1999-yil 1-sentabrgacha ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Ustoz jamg‘armasi bilan birgalikda Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini pedagog kadrlar bilan ta’minlash dasturini ikki oy muddatda tayyorlasin, unda:
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi pedagoglari va muhandis-pedagog xodimlariga qo‘yiladigan malaka talablari to‘g‘risidagi nizom, shuningdek mehnatga haq to‘lash bo‘yicha tegishli tarif setkasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
umumta’lim maktablarining 10-11-sinflaridan, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari va hunar-texnika bilim yurtlaridan bo‘shab qolayotgan o‘qituvchilarni akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida ishlashga jalb qilishni;
xorijiy ta’lim va ilm-fan markazlarida tayyorgarlikdan o‘tgan pedagog xodimlarning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimiga yuborilishini;
fan, oliy ta’lim, iqtisodiyot, ishlab chiqarish va madaniyat sohasidan amaliyotchi mutaxassislarning pedagogik faoliyatga faol jalb etilishini;
1999-2000 o‘quv yilidan boshlab — tayanch pedagogika institutlari va universitetlar talabalarini tayyorlash dasturiga yangi ta’lim, kasb-hunar dasturlari hamda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida o‘qitish uslubiyoti bo‘yicha maxsus kurslar kiritilishini;
muhandis-pedagog kadrlar tayyorlashda fan va ishlab chiqarish muassasalarining moddiy-texnika bazasi va uslubiy imkoniyatlaridan keng foydalanishni;
respublikaning zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiquvchi va ulardan foydalanuvchi tayanch oliy ta’lim muassasalarida, ilg‘or ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar tarkibini, pedagoglar va muhandis-pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha muntazam kurslar tashkil etilishini nazarda tutsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 13-may.,
204-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-iyuldagi 200-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2012-y., 28-son, 315-modda)