OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRIning
buyrugʻi
Xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati bilan tanishuv Oʻzbekiston Respublikasi auditorlik faoliyati milliy standarti (31-son AFMS)ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 21-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1043]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi “Auditorlik faoliyati va Auditorlik tekshiruvlari rolini oshirish toʻgʻrisida” 365-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Ilova qilinayotgan “Xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati bilan tanishuv” Oʻzbekiston Respublikasi auditorlik faoliyati milliy standarti (31-son AFMS) tasdiqlansin.
2. “Mijoz faoliyati (biznesi) bilan tanishuv” (1999-yil 3-sentabrda 810-son bilan roʻyxatga olingan) Oʻzbekiston Respublikasi Audit milliy standarti (4-son AMS) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Moliya vaziri M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2001-yil 31-may,
48-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2001-yil 31-mayda 48-son bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti 31-sonli AFMS
XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTNING FAOLIYATI BILAN TANIShISh
Mazkur Auditorlik faoliyatining milliy standarti (AFMS) Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
§ 1. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur standartning maqsadi auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish tushunchasini aniqlash, hamda auditorlik tashkiloti uchun bunday tanishishning muhimligini asoslashdir.
2. Mazkur standart talablari auditorlik faoliyatini amalga oshirishda barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
3. Auditorlik tekshiruvini oʻtkazayotganda auditorlik tashkiloti, xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati toʻgʻrisida, uning ish uslublari, operatsiyalari va hodisalarini tushunish uchun yetarli boʻlgan hajmda bilimga ega boʻlishi yoki bilimni egalashi kerak, chunki ular auditorlik tashkilotining fikricha, auditorlik tartib-taomillarining masshtabiga, auditorlik tekshiruvining usullariga va muddatlariga yoki auditorlik xulosasining mazmuniga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
§ 2. XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTNING FAOLIYATI BILAN TANIShISh
4. Xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish, maʼlumotlar toʻplash va baholash hamda tekshiruvning barcha bosqichlarida egallangan bilimlar natijalarini auditorlik dalillari bilan solishtirish kabi uzluksiz davom etadigan jarayon hisoblanadi.
5. Auditorlik tashkiloti auditorlik tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishdan oldin, auditorlik tekshiruvi oʻtkaziladigan xoʻjalik yurituvchi subyektning mulkchilik shakli, boshqaruvi va faoliyati toʻgʻrisida dastlabki maʼlumotlarni olish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektning taʼsis hujjatlari, buxgalteriya hujjatlari va moliyaviy hisoboti bilan oldindan tanishib chiqishi va auditorlik tekshiruvini oʻtkazish uchun talab etiladigan zaruriy bilim darajasiga erishish mumkinligini aniqlashi kerak.
6. Auditorlik tashkiloti auditorlik tekshiruvi davomida xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati toʻgʻrisida koʻproq maʼlumot olib toʻplagani sari ilgari olingan maʼlumotlar baholanadi, aniqlashtiriladi, yangilanadi va toʻldirib boriladi.
7. Keyingi auditorlik tekshiruvlari vaqtida auditorlik tashkiloti soʻnggi tekshiruvdan keyin yuz bergan oʻzgarishlarni aniqlashga qaratilgan tartib-taomillarni bajaradi. Shu bilan birga, xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hajmi oshib boradi va ilgari olingan maʼlumotlar yangilanadi va qayta baholanadi.
8. Auditorlik tashkiloti xoʻjalik yurituvchi subyekt toʻgʻrisida, uning faoliyatiga taʼsir koʻrsatadigan umumiqtisodiy omillar va tarmoq sharoitlari haqidagi maʼlumotlarni quyidagi manbalardan olishi mumkin:
xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatini tartiblashtiruvchi normativ-huquqiy hujjatlar;
xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan tanishish uchun taqdim etilgan hujjatlar (oldingi auditorlik hisobotlari va xulosalari, hisob siyosati, buxgalteriya hisobining ishchi schyotlar rejasi, lavozim yoʻriqnomalari, inventarizatsiya maʼlumotlari va boshqalar);
ushbu xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki u tegishli boʻlgan tarmoq toʻgʻrisida chop qilingan materiallar;
ushbu xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan yoki mazkur subyekt tegishli boʻlgan tarmoqdagi boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan oldingi ish tajribalari.
9. Auditorlik tashkiloti xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish uchun koʻrib chiqiladigan masalalarni professional kasbiy mulohazalardan kelib chiqib belgilashi kerak. Bunda, ushbu masalalar, auditorlik tekshiruvini samarali oʻtkazish maqsadlari uchun xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati toʻgʻrisida yetarli bilimlarni olishni taʼminlashi kerak.
10. Xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish maqsadida koʻrib chiqiladigan masalalar auditorlik tashkilotining ish hujjatlarida aks ettiriladi.
11. Xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish maqsadida auditorlik tashkiloti ushbu AFMSning ilovasida keltirilgan savollarning namunaviy roʻyxatidan foydalanishi mumkin..
§ 3. YAKUNIY QOIDALAR
12. Xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish, uning faoliyatiga doir bilimlarning mavjudligi, auditorlik tashkilotiga auditorlik tekshiruvining barcha bosqichlarida bilimlar olishni talab etadigan masalalar yuzasidan oʻz fikrini bildirishga yordam beradi:
risklarni baholash va muammolarni aniqlash;
auditorlik tekshiruvining rejasini va dasturini ishlab chiqish;
auditorlik tekshiruvini samarali va malakali oʻtkazish, auditorlik dalillarini baholash;
xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyatining auditorlik tekshiruvi davomida yuzaga keladigan masalalar boʻyicha bildirishnomalarini baholash;
buxgalteriya hisobidan olingan va xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisobotlarida yoritib berilgan maʼlumotlarning va hisob siyosatining muvofiqligini baholash;
bir-biriga toʻgʻri kelmaydigan axborotlarni aniqlash (moliyaviy hisobot maʼlumotlari, rahbarning bildirishnomalari va xoʻjalik yurituvchi subyekt va (yoki) tarmoq faoliyatiga tegishli boʻlgan nashrlardagi maʼlumotlarning qarama-qarshiligi);
auditorlik tekshiruvi buyurtmachisiga yaxshi xizmat koʻrsatishni taʼminlash.
31-son “Xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati bilan tanishish” AFMSga
ILOVA
ILOVA
Auditorlik tekshiruvi oʻtkaziladigan xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishishda koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan savollarning
NAMUNAVIY ROʻYXATI
Ushbu Namunaviy roʻyxat auditorlik tekshiruvi oʻtkaziladigan xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati bilan tanishish davomida koʻrib chiqilishi mumkin boʻlgan bir qator asosiy savollarni oʻziga qamrab oladi, lekin ular toʻliq tugallangan deb hisoblanmaydi.
1. Umumiy iqtisodiy omillar:
iqtisodiy holat (pasayish, oʻsish), moliyalashtirish shartlari;
inflatsiya, valyuta revalvatsiyasi, valyuta cheklovlari.
2. Xoʻjalik yurituvchi subyekt taalluqli boʻlgan tarmoq faoliyatiga taʼsir koʻrsatadigan omillar
normativ-huquqiy hujjatlar;
bozor va raqobat;
mavsumiy va davriy faoliyat;
ishlab chiqarish texnologiyasining holati va undagi oʻzgarishlar;
ishlab chiqarishni qisqartirish va kengaytirish;
noqulay vaziyatlar (masalan, tarmoq mahsulotlariga boʻlgan talabning pasayishi, foydanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlari, jiddiy narx raqobati);
buxgalteriya hisobini yuritish usullarining maxsus amaliyoti va u bilan bogʻliq boʻlgan muammolar;
ekologiya talablari va u bilan bogʻliq boʻlgan muammolar;
energiya taʼminoti va uning tannarxi;
tarmoqning moliyaviy va statistik koʻrsatkichlari;
3. Xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati
a) boshqaruvning muhim jihatlari va mulkchilik huquqi:
mulkchilik shakli;
ishtirokchilar manfaatlari va bogʻliq tomonlar;
ustav kapitalining tarkibi;
tashkiliy tuzilma;
vazifalar, kutilayotganlar va keyingi faoliyatni rejalashtirish;
moliya va ishlab chiqarish operatsiyalari boshqaruvchilari, direktorlar kengashining faoliyati;
b) boshqaruv organlari:
tarkibi;
alohida shaxslarning ishbilarmonlik obroʻsi va ish tajribasi;
tashqi nazorat organlaridan mustaqilligi;
yigʻilishlar oʻtkazishning davriyligi (aksiyadorlar, ishtirokchilar va muassislarning);
lavozim yoʻriqnomalarining mavjudligi, professional maslahatchilar tarkibidagi oʻzgarishlar (masalan, yuristlar);
v) amaldagi rahbariyat:
ish tajribasi, obroʻsi;
kadrlar qoʻnimsizligi;
moliya xodimlari va ularning boshqaruvdagi mavqeyi;
buxgalteriya hisobi boʻlinmalarining kadrlar bilan taʼminlanganligi;
biznes-rejaning mavjudligi va qoʻllanishi;
rahbariyatning axborot tizimi;
ichki nazorat funksiyalari (mavjudligi, sifati);
g) xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati — mahsulotlar, bozor, mol yetkazib beruvchilar, xaridorlar, operatsiyalar, daromadlar, xarajatlar:
faoliyat turi (ishlab chiqarish, savdo va h.k.z.);
ishlab chiqarish uskunalarining, omborlarning, ofislarning joylashgani;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yoki koʻrsatilayotgan xizmatlar turi;
shartnomalar va kontraktlar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi;
tovar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar roʻyxati;
asosiy faoliyat samaradorligini oshirish va takomillashtirish, moliyaviy menejment, marketing va h.k.z. lar boʻyicha ishlanmalar va tadqiqotlar;
tovar-moddiy zaxiralari (joylashgan joyi va soni);
aktivlar va majburiyatlarning holati;
moliyaviy hisobotning asosiy koʻrsatkichlari va tarmoq boʻyicha statistika maʼlumotlari;
normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish holati.
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2001-y., 12-son)