O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QORAKO‘LChILIKDA IQTISODIY ISLOHOTLARNI ChUQURLAShTIRISh VA UNI DAVLAT TOMONIDAN QO‘LLAB-QUVVATLASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi PQ-2841-sonli “Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qorako‘lchilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, boshqarishni takomillashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va tarmoqning eksport imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari, shuningdek, qorako‘lchilik xo‘jalik yurituvchi subyektlarining:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Qorako‘l” uyushmasini va Navoiy viloyat qorako‘lchilik aksiyadorlik jamiyatlari va kooperativlari uyushmasini tugatish to‘g‘risidagi;
qorako‘lchilik xo‘jaliklarini mulkiy pay va oilaviy pudrat asosida qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari)ga aylantirish to‘g‘risidagi;
tarkibiga tegishli hududlarning qorako‘l naslchiligi, tovar va bo‘rdoqiga boqish xo‘jaliklari, shuningdek tuzatish-qurilish tashkilotlari kiruvchi hududiy “Qorako‘l” aksiyadorlik birlashmalarini tashkil etish to‘g‘risidagi;
hududiy aksiyadorlik birlashmalari, “Buxoro-Qorako‘l” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati, “Keles-jun” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
qorako‘l qo‘ylarining yuqori mahsuldor zotlarini yaratish va joriy etish bo‘yicha qorako‘lchilik korxonalari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, respublikada qorako‘l qo‘ylarining elita genofondining saqlab qolinishi ustidan nazoratni ta’minlash;
uzoq yaylovlarning holatini yaxshilash, qorako‘lchilik mahsulotlari yetishtirish, ularni tayyorlash, qayta ishlash va tayyor mahsulot chiqarishning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish sohasida yagona texnologiya va investitsiya siyosati olib borish;
qorako‘lchilik mahsulotlarini sotish va eksportga yetkazib berish hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlari olib borish, qorako‘lchilik xo‘jaliklarini uslubiy va axborot bilan ta’minlash;
shartnoma munosabatlari tizimini takomillashtirish yo‘li bilan xomashyo yetishtiruvchilar bilan tayyorlovchi, qayta ishlovchi korxonalar o‘rtasida iqtisodiy va texnologiya aloqalarini mustahkamlash;
qorako‘lchilikda iqtisodiy islohotlar jarayonlarini chuqurlashtirish, cho‘ponlar va ularning oila a’zolarining mehnat va turmush shart-sharoitlarini yaxshilash masalalarini hal qilish.
3. “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar ro‘yxatiga, kompaniya boshqaruv apparati tuzilmasiga (xodimlarning cheklangan soni 16 nafar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) va uning hududiy bo‘linmalari ijro etuvchi apparatining namunaviy tuzilmasiga 1*, 1a, 2, 3-ilovalarga muvofiq rozilik berilsin.
* 1-ilova berilmaydi..
Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasining rahbarlari belgilangan tartibda muassislar umumiy yig‘ilishida saylanadilar va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qarori bilan, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, lavozimga tasdiqlanadilar. Hududiy aksiyadorlik birlashmalari rahbarlari ular muassislarining umumiy yig‘ilishida saylanadilar va hokimiyat mahalliy organlari bilan kelishilgan holda kompaniya boshqaruvi qarori bilan tasdiqlanadilar.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
“O‘zbek qorako‘li” kompaniyasining ustav jamg‘armasi tugatilayotgan “Qorako‘l” uyushmasining mol-mulki, uning trast boshqaruviga aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining davlat paketini berish, hududiy aksiyadorlik birlashmalari va kompaniya boshqa qatnashchilarining ta’sis badallari hisobiga shakllantiriladi;
hududiy aksiyadorlik birlashmasining ustav jamg‘armasi qorako‘lchilik xo‘jaliklari va birlashma boshqa qatnashchilarining ta’sis badallari hisobiga hosil bo‘ladi;
“O‘zbek qorako‘li” kompaniyasi va uning hududiy aksiyadorlik birlashmalarining xo‘jalik faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash, shu jumladan ularning boshqaruv apparati xarajatlari o‘z xo‘jalik faoliyati va xizmatlar ko‘rsatish hisobiga amalga oshiriladi;
“O‘zbek qorako‘li” kompaniyasi shartnomalar va qabul qilingan majburiyatlar bo‘yicha “Qorako‘l” uyushmasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasi:
Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda mollarni pudrat shartnomasi asosida oilalarga berish tartibini va qorako‘lchilikda oila pudrati namunaviy shartnomasini ikki hafta muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
qorako‘l qo‘ylari bosh sonini ikki oy muddatda xatlovdan o‘tkazsinlar va ilgari davlat tasarrufidan chiqarilgan qorako‘lchilik xo‘jalik yurituvchi subyektlarining mol-mulkini qayta baholasinlar;
qorako‘lchilik xo‘jaliklarini mulkiy payga asoslangan qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari)ga aylantirish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rsinlar;
“Buxoro-Qorako‘l” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati va “Keles-jun” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatining erkin sotish uchun mo‘ljallangan aksiyalarining bir qismini qorako‘lchilik qishloq xo‘jaligi korxonalariga sotishni nazarda tutsinlar.
6. “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda kompaniyaning va uning hududiy aksiyadorlik birlashmalarining ustavini ishlab chiqsinlar, ta’sis yig‘ilishlarini o‘tkazsinlar, ustavlarni tasdiqlasinlar.
7. Qorako‘lchilik tarmog‘ini va respublikaning cho‘l mintaqalari aholisini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
“O‘zbek qorako‘li” kompaniyasiga va uning xo‘jalik yurituvchi subyektlariga, istisno tariqasida, dag‘al qorako‘l juni eksport qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 28-avgustdagi 343-son va 1996-yil 13-avgustdagi 280-son qarorlarida belgilangan tartibda barter kontraktlari tuzishga ruxsat etilsin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 12-apreldagi 146-son qarorini bajarish yuzasidan berilgan 150 mln. so‘m miqdoridagi kreditni qaytarish muddatini, mazkur kreditni 1999-yildan boshlab uch yil davomida teng ulushlarda qaytarishni nazarda tutgan holda, uzaytirsin;
1999-yil 1-yanvardan boshlab qorako‘l naslchiligi, tovar va bo‘rdoqiga boqish xo‘jaliklari yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, ekologiya solig‘i to‘lashdan 3 yil muddatga ozod qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Agrobank” ATB va boshqa tijorat banklari “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan kreditning qaytarilishini tasdiqlovchi texnik-iqtisodiy asoslash va biznes-reja asosida qorako‘l terilari tayyorlash uchun belgilangan tartibda kredit ajratishni nazarda tutsinlar.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 20-maydagi 142-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 21-son, 252-modda)
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari tegishli hududiy “Qorako‘l” aksiyadorlik birlashmalarini shakllantirishda, shu jumladan binolar ajratishda har tomonlama yordam ko‘rsatsinlar.
10. Vazirlar Mahkamasining quyidagi qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Navoiy viloyatining Tomdi va Uchquduq tumanlari qorako‘lchilik fermalarini xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1996-yil 11-iyuldagi 246-son qarorining 1, 2 va 3-bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida” 1996-yil 26-noyabrdagi 419-son qaroriga 4-ilovaning 1-bandi chiqarib tashlansin hamda ushbu qarorga 5-ilovaning II bo‘limidagi “O‘zqorako‘l” uyushmasi” so‘zlari “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I. H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 13-iyun,
250-son
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasining tashkiliy
tuzilmasi
“O‘zbek qorako‘li” kompaniyasi boshqaruv apparati
tuzilmasi
Hududiy “Qorako‘l” aksiyadorlik birlashmalari ijro etuvchi apparatining
namunaviy tuzilmasi
Eslatma: Hududiy “Qorako‘l” aksiyadorlik birlashmalarida ijro etuvchi apparat xodimlari soni quyidagicha belgilanadi:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Jizzax viloyatlari — 5 kishi;
b) Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari — 7 kishi;
v) Navoiy viloyati — 12 kishi;
g) Surxondaryo viloyati — 4 kishi.