Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sanoat zonalarini boshqarish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Respublika hududlarida faoliyat koʻrsatayotgan sanoat zonalarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buxoro viloyatida sanoat va xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 5-dekabrdagi PQ-423-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi sanoat zonalari direksiyalari sanoat zonalari ishtirokchilarining xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish maqsadida tayyor bino va inshootlarni qurish (sanoat ipotekasi) uchun yer uchastkalarining ijara huquqi bilan ulushdor boʻlib kirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari ushbu qarorning bajarilishini samarali tashkil qilish uchun masʼul va shaxsan javobgar etib belgilansinlar.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-dekabr,
802-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-dekabrdagi 802-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi sanoat zonalari direksiyalari sanoat zonalari ishtirokchilarining xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish maqsadida tayyor bino va inshootlarni qurish (sanoat ipotekasi) uchun yer uchastkalarining ijara huquqi bilan ulushdor boʻlib kirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi sanoat zonalari direksiyalari (keyingi oʻrinlarda — direksiyalar) sanoat zonalari ishtirokchilarining xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish maqsadida tayyor bino va inshootlarni qurish (sanoat ipotekasi) uchun yer uchastkalarining ijara huquqi bilan ulushdor boʻlib kirish tartibini belgilaydi.
2. Direksiyalar sanoat zonalari ishtirokchilarining xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish maqsadida tayyor bino va inshootlarni qurish (sanoat ipotekasi) uchun tadbirkorlik subyektlarining roziligi asosida yer uchastkalarining ijara huquqi bilan ulushdor boʻlib kiradi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Direksiya — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining qarorlariga asosan sanoat zonasi faoliyatini tezkor boshqarish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida tashkil etilgan davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs;
sanoat zonasi ishtirokchisi — belgilangan tartibda sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan va sanoat zonasi hududida loyihani amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyekti;
sanoat zonasi — sanoat, ishlab chiqarish korxonalarini bir joyda joylashtirish, infratuzilma obyektlaridan oqilona foydalanish, aholini ish bilan taʼminlash maqsadida aholi punkti hududining qonunchilik hujjatlari bilan muayyan maqom berilgan va hududi doirasida xizmat koʻrsatuvchi infratuzilmaga ega boʻlgan ishlab chiqarish maydonlari joylashadigan hamda chegaralari aniq belgilangan qismi;
ulushdorlik — direksiyaning sanoat zonalari ishtirokchilari uchun xizmat koʻrsatish loyihalariga yer uchastkalarining ijara huquqi bilan ulushdor boʻlib kirgan qiymati, maʼlum foizga ega boʻlishi, yaʼni unda hissa (ulush) bilan qatnashishi;
xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalari — sanoat zonalari hududida sanoat zonalari ishtirokchilari uchun xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish borasidagi loyihalar majmui.
2-bob. Ulushdorlikni tashkil etish va boshqarish tartibi
4. Ulushdorlik sanoat zonalari hududida faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalari negizida sanoat zonalari ishtirokchilarining xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish maqsadida tayyor bino va inshootlarni qurish (sanoat ipotekasi) uchun loyihalarni joylashtirish maqsadida tashkil etiladi.
5. Sanoat zonalariga sanoat zonalari ishtirokchilarining xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish maqsadida tayyor bino va inshootlarni qurish (sanoat ipotekasi) uchun yer uchastkalarining ijara huquqi bilan ulushdor boʻlib kirish qiymati 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan ortiq boʻlgan xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalari uchun amal qiladi.
6. Sanoat zonalari hududida xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish uchun qiymati 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan ortiq boʻlgan xizmat koʻrsatish loyihasini amalga oshirish, tayyor bino va inshootlarni qurish (sanoat ipotekasi) uchun sanoat zonalarida yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolari orqali ajratiladi hamda ushbu yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqining bozor qiymati xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga direksiyaning ulushi sifatida kiritiladi.
3-bob. Xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalarini joylashtirish maqsadida tayyor bino va inshootlarni qurib beruvchi (sanoat ipotekasi) tadbirkorlik subyektlarini tanlab olish tartibi
7. Yer uchastkasining elektron onlayn-auksion savdolarida aniqlangan ijara huquqi qiymati direksiya va ishtirokchi tomonidan tashkil etiladigan xoʻjalik jamiyatining (masʼuliyati cheklangan, aksiyadorlik jamiyati, qoʻshma korxona) ustav fondiga direksiya ulushi (ushbu jamiyatning ustav fondidagi davlat ulushini oshirgan holda) sifatida kiritiladi.
8. Xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga kiritish belgilangan yer uchastkasi direksiyaning mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlishi lozim.
9. Yer uchastkasining qiymati, ustav fondiga kiritilgan paytdan boshlab yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi xoʻjalik jamiyatiga tegishli boʻladi va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
4-bob. Tomonlarning majburiyatlarni qabul qilishi
10. Yer uchastkasining ijara huquqi qiymati shaklidagi direksiya ulushi xoʻjalik jamiyati ustav fondining 49 foizidan oshmasligi shart.
11. Xoʻjalik jamiyatining ustav fondidagi ishtirokchilarning birgalikda faoliyat yuritish shartlari investitsiya bitimida belgilanishi lozim.
12. Yer uchastkasining ijara huquqi qiymati shaklida xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga kiritilgan direksiya ulushi, agar boshqa muassislar tomonidan uni imtiyozli sotib olish rad etilgan taqdirda, investitsiya bitimida koʻrsatilgan muddatda (qoida tariqasida uch yildan keyin) qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion savdolari orqali xususiylashtirilishi mumkin.
Barcha hollarda yer uchastkasining ijara huquqi qiymati hisobidan shakllantirilgan ulush uni sotish paytida baholangan qiymatda sotiladi.
5-bob. Ulushdorlarning huquq va majburiyatlari
13. Ulushdorlar quyidagi huquqlarga ega:
uzoq muddatli ijara shartnomalari doirasida ajratilgan yer uchastkalari va (yoki) xizmat koʻrsatish maydonlariga mustaqil egalik qilish hamda investitsiya bitimida koʻrsatilgan xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihasi doirasida foydalanish;
xizmat koʻrsatishni tashkil etish faoliyatining boshlanishi kechikishiga obyektiv sabablar mavjud boʻlganda, direksiyaning qarori asosida investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish muddatini (bir marta 6 oy muddatdan oshmagan holda) uzaytirish.
14. Ulushdorlar sanoat zonalari ishtirokchilarining xizmat koʻrsatishni tashkil etish loyihalariga yer uchastkalarining ijara huquqi bilan ulushdorlik toʻgʻrisida tuzilgan investitsiya bitimida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarish jadvalining muddatlari va parametrlariga rioya etishi shart.
6-bob. Yakunlovchi qoida
15. Ushbu Nizomning talablarini bajarishda yuzaga keladigan nizolar tomonlarning oʻzaro muzokaralari natijasida hal etilmasa, sud tartibida koʻrib chiqiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2025-y., 09/25/802/1190-son)