O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, xususiy sektor va tijorat banklari ishtirokida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish maqsadida:
1. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va “O‘zmilliybank” AJning oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilarining ishga joylashtirishiga ko‘maklashishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kelajakka qadam” dasturini (keyingi o‘rinlarda — Dastur) amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
a) o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari va oliygohni tamomlaganiga 3 yildan oshmagan bitiruvchilar uchun 1-ilovaga muvofiq Dasturda ishtirok etuvchi tijorat banklari (keyingi o‘rinlarda — vakolatli banklar) tomonidan biznes g‘oyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida to‘liq hamrohlik qilish, shu jumladan qulay shartlarda moliyalashtirish;
(1-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-328-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 07/25/328/1009-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish. Bunda:
(1-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-328-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 07/25/328/1009-son)
salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
tanlov g‘oliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga ko‘ra individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi;
individual kasbiy ta’lim dasturlarida ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.
2. Belgilansinki:
Dastur “O‘zmilliybank” AJ tomonidan hududlarda, shu jumladan autsorsing asosida tashkil etiladigan “Kelajakka qadam” markazlari (keyingi o‘rinlarda — Markazlar) orqali amalga oshiriladi;
barcha oliy ta’lim tashkilotlari Dastur ishtirokchilari hisoblanadi va talabalarni ishga joylashga ko‘maklashish bo‘yicha Markazlar bilan hamkorlik kelishuvlarini tuzadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Dasturni amalga oshirish maqsadida vakolatli banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-328-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 07/25/328/1009-son)
80 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida 10 yilga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davri bilan Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng foizda;
Oldingi tahrirga qarang.
20 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida bitiruvchi bosqich talabalarining o‘quv jarayonida korxona (tashkilot)da amaliyot (keyingi o‘rinlarda — amaliyot) o‘tash xarajatlarini moliyalashtirish hamda eng yaxshi startap va innovatsion loyihalarga grant mablag‘lari taqdim etish uchun beg‘araz asosda mablag‘ ajratilsin.
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-328-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 07/25/328/1009-son)
Oldingi tahrirga qarang.
31. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladigan 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi resurslarning vakolatli banklar o‘rtasidagi taqsimoti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
32. Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik subyektlariga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar (keyingi o‘rinlarda — imtiyozli kredit) ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Bunda:
(a) imtiyozli kredit tadbirkorlik subyektlariga har bir milliard so‘m qiymatgacha bo‘lgan mablag‘ uchun kamida bir nafar bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan ajratiladi;
(b) imtiyozli kredit ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarga asosiy vositalar sotib olish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratiladi;
(v) tadbirkorlik subyekti uning imtiyozli kredit olishiga sabab bo‘lgan bitiruvchi(lar) o‘rtasida ikki yil davomida mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan taqdirda, kredit foizi mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan sanadan tijorat stavkasiga o‘zgartiriladi, bundan ushbu xodim(lar) o‘rniga bir oy muddatda boshqa bitiruvchi(lar)ni ishga qabul qilingan hollar mustasno.
33. Amaliyot o‘tash xarajatlarini moliyalashtirish hamda eng yaxshi startap va innovatsion loyihalarga grant mablag‘lari taqdim etishda shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
(a) vakolatli banklar tomonidan tegishli miqdordagi mablag‘larni oliy ta’lim tashkilotlariga o‘tkazish uchun oliy ta’lim tashkiloti, ish beruvchi va talaba o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma (keyingi o‘rinlarda — shartnoma) asos bo‘ladi, individual kasbiy ta’lim dasturi shartnomaga ilova qilinadi;
(b) shartnomada tomonlarning bitiruvchini ishga joylashtirish bo‘yicha aniq majburiyatlari va mazkur majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi;
(v) oliy ta’lim tashkiloti tomonidan talabaning amaliyoti muddatiga mos ravishda har bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorigacha to‘lovlar amalga oshiriladi;
(g) zaruratga ko‘ra, ish beruvchining buyurtmasiga muvofiq talabaning chet eldagi oliy ta’lim tashkiloti hamda korxonalarda qisqa muddatli kurslarga qatnashish xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida to‘lovlar amalga oshiriladi;
(d) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi vakolatli banklar bilan hamkorlikda bitiruvchilar o‘rtasida eng yaxshi startap va innovatsion loyihalar tanlovi tashkil etiladi hamda tanlov g‘oliblariga kamida ikki nafar bitiruvchini ishga olish majburiyati bilan bir milliard so‘mgacha grant mablag‘lari ajratiladi.
34. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bir oy muddatda ilg‘or xorijiy tajriba asosida oliy ta’lim tashkilotlarining o‘quv dasturlariga biznes ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha tanlov fani kiritilishini ta’minlasin.
35. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari bandligini ta’minlashga hamda statistik ma’lumotlar yuritilishiga mas’ul etib belgilansin.
(31 — 35-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-328-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 07/25/328/1009-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. 2025-yil 15-noyabr kuniga qadar:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakolatli banklar bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalarni tasdiqlasin;
Markazlarga vakolatli banklarning mas’ul xodimlari biriktirilsin;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Markazlarning hududiy bo‘linmalari oliy ta’lim tashkilotlarida joylashtirilishini ta’minlasin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-328-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 07/25/328/1009-son)
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-fevral,
PQ-61-son
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Kelajakka qadam” dasturida ishtirok etuvchi tijorat banklari
RO‘YXATI
1. “O‘zmilliybank” AJ
2. “O‘zsanoatqurilishbank” ATB
3. “Asakabank” AJ
4. AT “Xalq banki”
5. “Mikrokreditbank” ATB
6. “Agrobank” ATB
7. “Turonbank” ATB
8. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-328-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 07/25/328/1009-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchi talabalari bandligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratiladigan resurslarning tijorat banklari o‘rtasidagi
TAQSIMOTI
mln. AQSH doll. ekv. | |||||
T/r | Tijorat banki nomi | Ajratiladigan resurs | Bitiruvchilar bandligini ta’minlash** (nafar) | ||
Jami | shu jumladan: | ||||
kredit liniyasi | beg‘araz asosda* | ||||
1. | “O‘zmilliybank” AJ | 20 | 16 | 4 | 6 000 |
2. | “O‘zsanoatqurilishbank” ATB | 12 | 9,6 | 2,4 | 3 600 |
3. | “Asakabank” AJ | 12 | 9,6 | 2,4 | 3 600 |
4. | AT “Xalq banki” | 12 | 9,6 | 2,4 | 3 600 |
5. | “Mikrokreditbank” ATB | 12 | 9,6 | 2,4 | 3 600 |
6. | “Agrobank” ATB | 12 | 9,6 | 2,4 | 3 600 |
7. | “Turonbank” ATB | 10 | 8 | 2 | 3 000 |
8. | “Biznesni rivojlantirish banki” ATB | 10 | 8 | 2 | 3 000 |
JAMI | 100 | 80 | 20 | 30 000 | |
Izoh:
* talabalarning amaliyot o‘tash xarajatlarini moliyalashtirish, grant mablag‘larini ajratish uchun yo‘naltiriladi;
** kredit mablag‘lari ajratish hamda mahallabay ishlash tizimi asosida tadbirkorlar bilan manzilli ishlash orqali ta’minlanadi.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-328-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 07/25/328/1009-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 07/25/61/0151-son; 04.11.2025-y., 07/25/328/1009-son)