Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining
buyrugʻi
“5 — 9-sinf oʻquvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 5-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2117-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2023-yil 26-maydagi PF-79-son “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2010-yil 8-iyundagi 23, 11/QQ-son “5 — 9-sinf oʻquvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga (roʻyxat raqami 2117, 2010-yil 25-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 26-27-son, 215-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi
Vazir X. UMAROVA
Toshkent sh.,
2025-yil 4-fevral,
1-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2025-yil 4-fevraldagi 1-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“5 — 9-sinf oʻquvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Buyruqda:
1) buyruqning nomidagi “5 — 9-sinf” degan soʻzlar “5 — 11-sinf” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) buyruqning muqaddimasidagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga” degan soʻzlar “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 1-banddagi “5 — 9-sinf” degan soʻzlar “5 — 11-sinf” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Nizomda:
1) nizomning nomidagi “5 — 9-sinf” degan soʻzlar “5 — 11-sinf” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) nizomning muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida (bundan buyon matnda umumiy oʻrta taʼlim muassasalari deb yuritiladi) 5 — 11-sinf oʻquvchilarining bilimlarini baholash va ularning reytingini aniqlash tartibini belgilaydi.”;
3) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 5 — 11-sinf oʻquvchilarining (bundan buyon matnda oʻquvchilar deb yuritiladi) bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi (bundan buyon matnda reyting tizimi deb yuritiladi) Umumiy oʻrta taʼlim davlat taʼlim standartining (bundan buyon matnda Davlat taʼlim standarti deb yuritiladi) tarkibiy qismi hisoblanadi.”;
4) 6-bandning oltinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab vazirligining (bundan buyon matnda vazirlik deb yuritiladi)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
5) quyidagi mazmundagi 61-band bilan toʻldirilsin:
“61. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning bilimi formativ va summativ usullarda ham baholanishi mumkin.
Formativ baholash — dars mashgʻulotlari davomida oʻquvchilar faoliyatini kuzatish hamda ularning bilim va koʻnikmalarini oʻlchash hamda natijani yaxshilash uchun koʻrsatmalar berish jarayoni hisoblanadi.
Summativ baholash — taʼlim jarayonining muayyan bir davri (chorak, yarim yil yoki oʻquv yili) yoki bosqich (oʻquv fanining bob, boʻlimi) yakunida oʻquvchining oʻzlashtirgan bilimi va amaliy koʻnikma darajasini oʻqituvchi va vazirlik tomonidan aniqlash va baholash usuli hisoblanadi.
Oʻquvchilarning bilimini formativ va summativ usullarda baholash joriy etiladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari roʻyxati vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.”;
6) quyidagi mazmundagi IV1-bob bilan toʻldirilsin:
“IV1. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning bilimini formativ va summativ usullarda baholash
181. Formativ baholash mezonlari oʻquv fanining xususiyatlari va unga ajratilgan soatlardan kelib chiqib, oʻqituvchi tomonidan mustaqil belgilanadi.
Formativ baho bir chorak (oʻquv reja asosida oʻquv fanlariga ajratilgan haftalik soat sonidan kelib chiqib, yarim yillik va yillik boʻlishi mumkin) davomida 1 balldan 10 ballgacha qoʻyib borilgan ballarning oʻrta arifmetigidan shakllantiriladi.
Har bir oʻquvchi bir chorak davomida (yarim yillik, yillik) kamida 4-marta oʻqituvchi tomonidan formativ baholanishi kerak.
182. Summativ baholash bob boʻyicha summativ baholash hamda chorak boʻyicha summativ baholashni oʻz ichiga oladi.
Har bir oʻquv fani boʻyicha summativ baholash uchun test topshiriqlari shakli (oʻquv fani mazmuni, tarkibi, savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt meʼyorlari) vazirlik tomonidan belgilanadi.
183. Bob va chorak boʻyicha summativ baholash uchun nazorat materiallari va ularning spetsifikatsiyalari, sillabuslari va baholash mezonlari vazirlik tomonidan umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga har oʻquv yili davomida taqdim etiladi.
Bunda, vazirlik tomonidan oʻquvchilar uchun nazorat materiallari va oʻqituvchilar uchun baholash mezonlari e-maktab elektron jurnaliga joylashtiriladi.
Oʻqituvchilar baholash jarayonlarini oʻtkazish vaqtida nazorat materiallariga baholash mezonlaridan chiqmagan holda yangi nazorat materiallarini yaratish, berilgan nazorat materiallariga oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
184. Bob boʻyicha summativ baholash oʻquvchining oʻquv fanlari bobi hamda boʻlimlarining oʻzlashtirish darajasini aniqlash va baholash usuli hisoblanadi.
Bob boʻyicha summativ baholash jarayoni oʻquv rejasi asosida oʻquv fanlariga ajratilgan haftalik soatdan kelib chiqib, 1-martadan 3-martagacha oʻtkazilishi mumkin (haftasiga 1-2 soatgacha ajratilgan oʻquv fanlari boʻyicha 1-marta, 3-4 soatgacha ajratilgan oʻquv fanlari uchun 2-marta, 5 va undan ortiq soat ajratilgan oʻquv fanlari uchun 3-marta). Bob boʻyicha summativ baholashga barcha turdagi yozma ishlar, amaliy ish, laboratoriya ishi, loyiha ishi, ijodiy ish, ogʻzaki javob talab etuvchi topshiriqlar kiradi.
185. Chorak boʻyicha summativ baholash oʻquvchining oʻzlashtirgan bilim hamda amaliy koʻnikmasi darajasini aniqlash va baholash usuli hisoblanib, har chorak yakunida oʻtkaziladi.
Chorak boʻyicha summativ baholash oʻquv fanlari uchun ajratilgan haftalik soatlardan kelib chiqib (har chorakda, yarim yilda, bir oʻquv yilida bir marotaba) oʻtkaziladi. Bunda, bitta sinfda bir oʻquv kuni mobaynida 3 ta oʻquv fanlaridan koʻp boʻlmagan holda baholash oʻtkaziladi.
Chorak boʻyicha summativ baholash jarayonlari markazlashgan holda belgilangan oʻquv fanlaridan vazirlik tomonidan yozma yoki kompyuterda oʻtkazilishi mumkin.
186. Oʻquvchining choraklik bahosi (maksimal 100 ball) quyidagicha shakllanadi:
10 ball chorak davomida formativ baholash (oʻqituvchi tomonidan baholanadi);
50 ball chorak davomidagi bob boʻyicha summativ baholash (oʻqituvchi tomonidan baholanadi);
40 ball chorak oxirida chorak boʻyicha summativ baholash (oʻqituvchi yoki vazirlik tomonidan baholanadi).
187. Oʻquvchining oʻquv yili davomida toʻplagan ballari quyidagi taqsimot asosida baho shakliga oʻtkaziladi (konvertatsiya qilinadi):
86 — 100 | 5 | aʼlo |
66 — 85 | 4 | yaxshi |
30 — 65 | 3 | qoniqarli |
0 — 29 | 2 | qoniqarsiz |
188. Summativ baholashni oʻtkazish jarayonida oʻquvchilarning auditoriyadan chiqishi, bir-biri bilan gaplashishi, oʻzga oʻquvchining ishini koʻchirishi, oʻzi bilan darsliklar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, lugʻatlar, maʼlumotnomalar va boshqa adabiyotlar, konspektlar, elektron va qogʻoz shakldagi shpargalkalar, kalkulyatorlar, aloqa vositalari (shu jumladan, uyali aloqa vositasi), audio-, foto- va video-yozuv qurilmalari hamda boshqa axborot-kommunikatsiya vositalarini olib kirishi va ulardan foydalanishi taqiqlanadi.
Fanning xususiyatidan kelib chiqib, summativ baholash jarayonini oʻtkazishda tegishli fan boʻyicha masʼul pedagog tomonidan kalkulyatordan foydalanishga nisbatan istisnolar belgilanishi mumkin.
189. Summativ baholash jarayonida qatnasha olmagan yoki 30 foizdan past natija qayd etgan oʻquvchilar uchun quyidagi hollarda qayta topshirish jarayonlarida ishtirok etishga yoʻl qoʻyiladi:
uzrli sabablarga koʻra (oʻquvchining yoki yaqin qarindoshining betobligi (tibbiy maʼlumotnoma asosida), yoʻl-transport hodisasi, yaqin qarindoshining vafoti, yaqin qarindoshining nikoh tuzishi, respublika yoki xalqaro olimpiada va tanlovlarda umumiy oʻrta taʼlim muassasasi nomidan ishtirok etganligi, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) summativ baholashda qatnashmagan oʻquvchilarga qayta topshirishda ularning olgan ballari qoʻyiladi;
uzrsiz sabablarga koʻra summativ baholashda qatnashmagan, ushbu Nizomning 188-bandi birinchi xatboshisida koʻrsatilgan talablarni buzgan yoki summativ baholashda 30 foizdan past natija qayd etgan oʻquvchilarning maksimal bali 65 foizdan oshmagan holda baholanadi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2025-y., 10/25/2117-2/0107-son)