Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 4-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3525]
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq buyuraman:
1. Bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-may,
125-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 22-maydagi 125-son buyrugʻiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining (bundan buyon matnda Bojxona qoʻmitasi deb yuritiladi) Bojxona kirim orderi avtomatlashtirilgan axborot tizimi (bundan buyon matnda dastur deb yuritiladi) — bojxona kirim orderini elektron tarzda shakllantirish va ushbu hujjat asosida undirilgan bojxona toʻlovlarini hisobga olish uchun moʻljallangan axborot tizimi;
Bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (bundan buyon matnda bojxona organlarining axborot tizimi deb yuritiladi) — bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarning va transport vositalarining bojxona nazoratini amalga oshirish uchun ularga doir hujjatlar va maʼlumotlarning kiritilishini, hisobga olinishini hamda monitoring qilinishini nazarda tutuvchi Bojxona qoʻmitasining avtomatlashtirilgan tizimi;
mobil qurilmalarni xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodlari boʻyicha roʻyxatga olish tizimi (bundan buyon matnda mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tizimi deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-sentabrdagi 778-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan mobil qurilmalarni texnik identifikatsiyalash parametrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni roʻyxatga olish, yigʻish, saqlash va qayta ishlash uchun foydalaniladigan axborot tizimi;
Bojxona kirim orderi (bundan buyon matnda BKO deb yuritiladi) — bojxona toʻlovlarini toʻlovchi shaxs tomonidan taqdim qilingan hujjatlar yoki bojxona organlarining axborot tizimlari yoxud mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tizimi maʼlumotlari asosida bojxona xodimi tomonidan dasturda rasmiylashtiriladigan elektron shakldagi hujjat;
yangi BKO — bojxona toʻlovlarini toʻlovchi shaxs tomonidan Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti orqali elektron tarzda shakllantirilgan holda bojxona organiga taqdim etilgan, biroq bojxona organi tomonidan koʻrib chiqilmagan BKO;
roʻyxatga olinib, rasmiylashtirilmagan BKO — dasturda shakllantirilgan BKOning “BKO roʻyxat raqami” grafasiga BKO raqami va qabul qilingan sana koʻrsatilgan, ammo “Bojxona organining belgisi” grafasiga bojxona organining tegishli belgilari qoʻyilmagan BKO;
rasmiylashtirilgan BKO — bojxona organi tomonidan roʻyxatga olingan va “Bojxona organining belgisi” grafasiga bojxona organining tegishli belgilari qoʻyilgan BKO;
qayta rasmiylashtirilgan BKO — rasmiylashtirilgan BKOga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, yuridik kuchga ega hujjat sifatida amal qilishi toʻxtatilgan avvalgi BKO;
bekor qilingan BKO — BKOni bojxona organida roʻyxatga olinganidan yoki rasmiylashtirilganidan soʻng bekor qilish orqali yuridik kuchga ega hujjat sifatida amal qilishini toʻxtatish.
2. BKO quyidagi hollarda toʻldiriladi:
notijorat maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish punktlari orqali jismoniy shaxslar tomonidan qoʻl yukida yoki kuzatib borilayotgan bagajida olib oʻtilayotgan tovarlarning, shuningdek xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborilayotgan shunday tovarlarning qiymati va (yoki) miqdori qonunchilik hujjatlarida belgilangan tovarlarni olib kirishning bojxona toʻlovlari undirilmaydigan cheklangan meʼyoridan oshganda, ortiqcha qismiga bojxona toʻlovi undirilishida;
tovarlar jismoniy shaxsning manziliga kelib tushganda (xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari bundan mustasno) bojxona toʻlovlari olib kirilayotgan tovarlarning butun summasidan, tovarlarni olib kirishning bojxona toʻlovlari undirilmaydigan cheklangan meʼyori qoʻllanilmagan holda undirilishida;
yuridik shaxslarning manziliga xalqaro pochta va xalqaro kuryerlik joʻnatmalarida yuboriladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravarigacha boʻlgan miqdordagi tovarlar uchun bojxona toʻlovlari undirilishida;
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 260-moddasi “g” kichik bandida nazarda tutilgan hollarda bojxona toʻlovlari undirilishida;
mobil qurilmalar belgilangan meʼyordan ortiq miqdorda olib kirilgan holatlarda yoki ularning bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligi toʻgʻrisida hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tizimi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga asosan bojxona toʻlovlari undirilishida;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan bojxona yigʻimlari va boshqa toʻlovlarning undirilishida.
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 23-iyundagi 267-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3525-1, 25.07.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2025-y., 10/25/3525-1/0651-son)
3. BKO Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 291-moddasida keltirilgan xatti-harakat yoki tartib-taomillarni bajargan bojxona organi tomonidan rasmiylashtiriladi.
2-bob. BKOni rasmiylashtirishning umumiy shartlari
4. Bojxona xodimi tomonidan BKO maʼlumotlari bojxona toʻlovlarini toʻlovchi shaxs (bundan buyon matnda toʻlovchi shaxs deb yuritiladi) taqdim qilgan hujjatlari, bojxona organlarining boshqa axborot tizimlari yoki mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tizimida mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida shakllantiriladi.
5. BKO umumiy va soddalashtirilgan shakllarda tuziladi.
Bir turdagi tovarni deklaratsiyalashda mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq umumiy BKOning asosiy varagʻidan, ikki yoki undan ortiq turdagi tovarlarni deklaratsiyalashda umumiy BKOning asosiy varagʻidan hamda mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq umumiy BKOning qoʻshimcha varagʻidan foydalaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bojxona rasmiylashtiruvi bilan bogʻliq boʻlmagan bojxona yigʻimlari va bojxona organlari tomonidan undirilishi nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar, shu jumladan xalqaro kuryerlik joʻnatmalari uchun bojxona yigʻimini undirishda mazkur Qoidalarning 3-ilovasiga muvofiq soddalashtirilgan BKO shaklidan foydalaniladi.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 23-iyundagi 267-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3525-1, 25.07.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2025-y., 10/25/3525-1/0651-son)
6. Umumiy BKOning asosiy varagʻida bitta tovar toʻgʻrisida, qoʻshimcha varagʻida esa koʻpi bilan uchta tovar toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin (bir vaqtning oʻzida asosiy varaqqa koʻpi bilan 33 ta qoʻshimcha varaq ilova qilinishi mumkin).
7. Bojxona xodimi tomonidan BKO elektron tarzda roʻyxatga olinib, rasmiylashtiriladi hamda bir nusxada chop etilib, toʻlovchi shaxsga topshiriladi (yuboriladi).
8. Toʻlovchi shaxs Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabinet orqali BKOni elektron tarzda shakllantirgan holda bojxona organlariga taqdim etishi mumkin.
Bunda, toʻlovchi shaxs tomonidan BKOni rasmiylashtirish uchun bojxona organlariga uch ish kuni ichida murojaat qilinmagan taqdirda, yangi BKO dastur tomonidan avtomatik tarzda qaytariladi.
9. BKO rasmiylashtiruvi bojxona organlarining axborot tizimidagi toʻlovchi shaxsning shaxsiy hisobvaragʻi boʻyicha bojxona toʻlovlari toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda elektron tarzda amalga oshiriladi.
Bunda, BKO boʻyicha bojxona toʻlovlarini toʻlash dasturda shakllanadigan bojxona toʻlovlari hisobvaragʻi asosida amalga oshiriladi.
10. BKO rasmiylashtirilgan paytdan boshlab yuridik ahamiyatga molik faktlardan dalolat beruvchi hujjatga aylanadi.
3-bob. Umumiy BKOni toʻldirish
1-§. Umumiy BKOning asosiy varagʻini toʻldirish
11. Bojxona xodimi tomonidan grafalarning toʻldirilishi:
1) 1-grafa. “BKO turi”.
Grafaning birinchi boʻlmasida agar toʻlovchi shaxs:
jismoniy shaxs (shu jumladan yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar) boʻlsa — “J”;
yuridik shaxs, shu jumladan doimiy muassasa boʻlsa — “Yu” koʻrsatiladi.
Grafaning ikkinchi boʻlmasida:
bojxona hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan — “IM”;
bojxona hududidan olib chiqilayotgan tovarlarga nisbatan — “EK”;
bojxona hududi orqali tranzit olib oʻtilayotgan tovarlarga nisbatan — “TR”.
Grafaning uchinchi boʻlmasida:
qoʻl yukida yoki kuzatib borilayotgan bagajlarda olib oʻtilayotgan tovarlarga nisbatan — “KB”;
xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborilayotgan tovarlarga nisbatan — “XP”;
jismoniy shaxslarning manziliga kelib tushgan notijorat maqsadlardagi tovarlarga nisbatan— “MT”;
belgilangan meʼyordan ortiq miqdorda olib kirilgan yoki ularning bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligi toʻgʻrisida hujjatlar taqdim etilmagan mobil qurilmalarga nisbatan — “MQ” koʻrsatiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 260-moddasi “g” kichik bandida nazarda tutilgan hollarda — “BK” koʻrsatiladi;
(11-bandning 1-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 23-iyundagi 267-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3525-1, 25.07.2025-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2025-y., 10/25/3525-1/0651-son)
2) 2-grafa. “Qoʻshimcha varaqlar”.
Grafaning birinchi boʻlmasida varaqning tartib raqami, ikkinchi boʻlmasida taqdim etilayotgan BKO varaqlarining umumiy soni (asosiy va qoʻshimcha varaqlari yigʻindisi) koʻrsatiladi.
Masalan, agar BKO ikkita qoʻshimcha varaqlarga ega boʻlsa BKOning asosiy varagʻida “1/3”; birinchi qoʻshimcha varagʻida “2/3”; ikkinchi qoʻshimcha varagʻida esa “3/3” koʻrsatiladi. Agar BKO qoʻshimcha varaqlarga ega boʻlmasa “1/1” koʻrsatiladi;
3) 3-grafa. “BKO roʻyxat raqami”.
BKO roʻyxat raqami quyidagi boʻlmalarda koʻrsatiladi:
a) birinchi boʻlmada:
Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning (bundan buyon matnda Yoʻriqnoma deb yuritiladi) (roʻyxat raqami 2773, 2016-yil 6-aprel) 4-ilovasiga muvofiq BKO rasmiylashtirishni amalga oshiradigan bojxona postining beshta raqamli kodi;
bojxona postidan boshqa bojxona organlari tomonidan BKO toʻldirilishida dastur tomonidan avtomatik tarzda shakllanadigan toʻrtta raqamli kod;
b) ikkinchi boʻlmada BKO rasmiylashtirilgan kun, oy, yil;
v) uchinchi boʻlmada dastur tomonidan avtomatik tarzda beriladigan tartib raqam koʻrsatiladi.
Masalan, BKO:
bojxona posti tomonidan rasmiylashtirilganda — 27001/01.01.2024/0000001;
Bojxona qoʻmitasi yoki uning hududiy boshqarmalari masʼul tarkibiy tuzilmalari tomonidan rasmiylashtirilganda — 1727/01.01.2024/0000001.
4) 4-grafa. “Toʻlovchi/moliya va bank maʼlumotlari”.
Grafaning birinchi qismida toʻlovchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumot koʻrsatiladi.
Agarda toʻlovchi jismoniy shaxs boʻlsa, u holda grafada uning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy roʻyxatdan oʻtgan manzili, shaxsni tasdiqlovchi hujjat haqidagi maʼlumotlar, telefon raqami (mavjud boʻlsa) koʻrsatiladi.
Agarda toʻlovchi yuridik shaxs boʻlsa, uning nomi va joylashgan joyi (yuridik manzili) va telefon raqami (mavjud boʻlsa) koʻrsatiladi.
Grafaning ikkinchi qismida:
a) toʻlovchining STIRi/JSHSHIRi koʻrsatiladi.
Jismoniy shaxslar uchun toʻlovchining JSHSHIRi koʻrsatiladi. Agar toʻlovchi chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib, uning Oʻzbekiston Respublikasida olingan JSHSHIRi boʻlmasa, unga dastur tomonidan avtomatik tarzda 14 ta raqamdan iborat farqlash kodi beriladi.
Yuridik shaxslar uchun toʻlovchining STIRi koʻrsatiladi.
b) toʻlovni qabul qilib olgan bankning MFOsi/bankning toʻliq nomi;
v) toʻlovchining Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi hisobvaragʻi raqami koʻrsatiladi. Bunda toʻlovchi Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi hisobvaragʻiga ega boʻlmagan jismoniy shaxs boʻlsa, ushbu ustun toʻldirilmaydi.
5) 5-grafa. “Tovarning umumiy bojxona qiymati”.
Grafaning birinchi qismida deklaratsiyalanayotgan tovarlarning tijorat hujjatlarida koʻrsatilgan valyutasidagi umumiy bojxona qiymati koʻrsatiladi.
Grafaning ikkinchi qismida deklaratsiyalanayotgan tovarlarning AQSH dollari ekvivalentidagi umumiy bojxona qiymati dastur tomonidan avtomatik tarzda shakllanadi.
Agar tovarlarning tijorat hujjatlarida koʻrsatilgan valyuta AQSH dollarida boʻlsa yoki tijorat hujjatlari mavjud boʻlmasa yoxud valyuta koʻrsatilmagan boʻlsa, faqat AQSH dollaridagi umumiy bojxona qiymati koʻrsatiladi. Bunda grafaning ikkinchi qismi toʻldirilmaydi.
Tovarlarning umumiy bojxona qiymatini umumiy BKOning 13-grafalaridagi tovarlarning bojxona qiymatlari yigʻindisi tashkil qiladi;
6) 6-grafa. “Valyuta kursi”.
Grafaning birinchi qismida deklaratsiyalanayotgan tovarlarning tijorat hujjatlarida koʻrsatilgan valyutasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, BKO roʻyxatga olingan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasiga nisbatan kursi koʻrsatiladi.
Grafaning ikkinchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, BKO roʻyxatga olingan kundagi AQSH dollarining Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasiga nisbatan kursi dastur tomonidan avtomatik tarzda shakllanadi.
Agar tovarlarning tijorat hujjatlarida koʻrsatilgan valyuta AQSH dollarida boʻlsa yoki tijorat hujjatlari mavjud boʻlmasa yoxud valyuta koʻrsatilmagan boʻlsa, grafaning birinchi qismi toʻldiriladi.
7) 7-grafa. “Tovar kodi”.
Grafada deklaratsiyalanayotgan tovarning Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati tovar nomenklaturasiga (bundan buyon matnda TIF TN deb yuritiladi) muvofiq oʻnta raqamli kodi koʻrsatiladi.
Bunda, qonunchilikka muvofiq yagona bojxona toʻlovlari undirilishi nazarda tutilgan hollarda ushbu grafa toʻldirilmaydi.
8) 8-grafa. “Brutto ogʻirlik (kg)”.
Grafada deklaratsiyalanayotgan tovarning kilogrammdagi brutto ogʻirligi koʻrsatiladi.
Brutto ogʻirlik deganda tovarning umumiy ogʻirligi, shu jumladan tovar muomalaga kiritilgunga qadar holatini oʻzgarmasligini taʼminlab turish uchun zarur boʻlgan uning barcha turdagi oʻramlari (konteyner va boshqa transport uskunalari bundan mustasno) bilan birgalikdagi umumiy ogʻirligi tushuniladi.
Brutto vazn matematik qoidalarga koʻra verguldan keyingi ikki belgigacha, agar tovarning umumiy ogʻirligi bir kilogrammdan kam boʻlsa, brutto ogʻirligi verguldan keyingi uch belgigacha aniqlikda koʻrsatiladi.
9) 9-grafa. “Miqdori”.
Grafada deklaratsiyalanayotgan tovarning qoʻshimcha oʻlchov birligidagi miqdori va oʻlchov birligining TIF TNga muvofiq shartli belgilanishi koʻrsatiladi.
Tovarlarning qoʻshimcha oʻlchov birligidagi miqdori verguldan keyingi ikkinchi belgigacha aniqlikda koʻrsatiladi.
Ushbu grafa TIF TNga muvofiq tovarning oʻlchov birligi “kg” koʻrsatilgan holatlarda toʻldirilmaydi.
10) 10-grafa. “Netto ogʻirlik (kg)”.
Grafada deklaratsiyalanayotgan tovarning kilogrammdagi netto ogʻirligi koʻrsatiladi.
Qadoqlangan holatda olib oʻtilayotgan tovar uchun netto ogʻirlik:
deklaratsiyalanayotgan tovarning faqat birlamchi qadogʻini hisobga olgan holdagi ogʻirligi, agar tovarlar, isteʼmol xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, shunday qadoqda chakana savdoga chiqarilsa va (yoki) tovarni sotishda uning saqlanishini taʼminlaydigan birlamchi qadoqni tovarning isteʼmol xususiyatlarini buzmagan holda tovarni isteʼmol qilgunga qadar tovardan ajratib boʻlmaydigan (masalan, bankadagi kofe va h.k.) boʻlsa;
boshqa holatlarda deklaratsiyalanayotgan tovarning hech qanday qadoqsiz ogʻirligi hisoblanadi.
Qadoqsiz (sochilgan, quyilgan, uyum holda) olib oʻtiladigan tovar uchun tovarning umumiy ogʻirligi koʻrsatiladi.
Netto vazn matematik qoidalarga koʻra verguldan keyingi ikki belgigacha, agar tovarning umumiy ogʻirligi bir kilogrammdan kam boʻlsa, netto ogʻirligi verguldan keyingi uch belgigacha aniqlikda koʻrsatiladi.
11) 11-grafa. “Tovar nomi”.
Grafada deklaratsiyalanayotgan tovar haqida maʼlumotlar, yaʼni tovarning nomi (savdo, tijorat yoki boshqa anʼanaviy nomi), tovar belgilari, markalari, modellari, boshqa texnik va tijorat tavsiflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Mazkur grafada mobil qurilmalarning barcha IMEI-kodlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
12) 12-grafa. “Tovar №”.
Grafada deklaratsiyalanayotgan tovarning tartib raqami koʻrsatiladi. Bitta turdagi tovar deklaratsiyalanayotgan boʻlsa, grafada “1” raqami koʻrsatiladi. Bittadan ortiq turdagi tovarlar deklaratsiyalangan boʻlsa raqamlar ketma-ketlikda koʻrsatiladi, yaʼni 1,2,3...100.
13) 13-grafa. “Bojxona qiymati”.
Grafaning birinchi qismida tovarning tijorat hujjatlarida koʻrsatilgan valyutasidagi bojxona qiymati koʻrsatiladi.
Grafaning ikkinchi qismida tovarning AQSH dollari ekvivalentidagi bojxona qiymati dastur tomonidan avtomatik tarzda shakllanadi.
Agar tovarning tijorat hujjatlarida koʻrsatilgan valyuta AQSH dollarida boʻlsa yoki tijorat hujjatlari mavjud boʻlmasa yoxud valyuta koʻrsatilmagan boʻlsa, faqat AQSH dollaridagi bojxona qiymati koʻrsatiladi. Bunda grafaning ikkinchi qismi toʻldirilmaydi.
Bojxona qiymati Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi talablariga muvofiq aniqlanadi.
Bojxona qiymati matematik qoidalarga koʻra verguldan soʻng ikki belgigacha aniqlikda yaxlitlanadi.
14) 14-grafa. “Joʻnatuvchi mamlakat kodi va nomi”.
Grafada Yoʻriqnomaning 5-ilovasiga muvofiq tovarlar joʻnatilgan mamlakatning raqamli kodi va nomi koʻrsatiladi.
15) 15-grafa. “Kelib chiqish mamlakati kodi va nomi”.
Grafada Yoʻriqnomaning 5-ilovasiga muvofiq tovar kelib chiqish mamlakatining raqamli kodi va nomi koʻrsatiladi.
Agarda BKOni toʻldirishda tovarning kelib chiqish mamlakati nomaʼlum boʻlsa, grafada “000-nomaʼlum” deb koʻrsatiladi.
Agar tovarni kelib chiqish sertifikatida Yevropa ittifoqining aniq mamlakati koʻrsatilmagan boʻlib, tovarning kelib chiqish mamlakati sifatida Yevropa ittifoqi koʻrsatilgan boʻlsa, lotin harflari bilan ikki harfdan iborat “EU” kodi qoʻyiladi.
16) 16-grafa. “Taqdim etiladigan hujjatlar/qoʻshimcha maʼlumotlar”.
Grafada BKO toʻldirishga asos boʻladigan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Har bir hujjat toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Yoʻriqnomaning 12-ilovasidagi tasniflagichga muvofiq hujjatning tartib raqami va harfli kodini qoʻygan holda koʻrsatiladi (rekvizitlarning har biri yangi satrdan boshlanadi):
a) cheklar, kvitansiyalar, hisobvaraq-faktura (invoys), Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlarida nazarda tutilgan hujjatlar va boshqa tijorat hujjatlari (masalan, 220-INV № 005 05.01.2024-y.);
b) tovarlarni bojxona hududiga olib kiriladigan joygacha yetkazib berish xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
v) transport hujjatlarining raqami (masalan, 205-AVIA №259-12586814, 18.01.2024-y.);
g) qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar (tovarning kelib chiqish sertifikati raqami va sanasi, shaxs tomonidan maʼlum qilingan tovarlarning qiymati boʻyicha maʼlumoti va h.k.);
d) deklaratsiyalanayotgan tovarga normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan holatlarda, boshqa vakolatli organlar tomonidan taqdim etiladigan ruxsatnomalar, xulosalar va boshqa hujjatlarning roʻyxat raqami va berilgan sanasi (masalan, 417-SST № UZ.SMT.01.065.1783700, 15.01.2024-y., 419-FTSS № 431771, 04.01.2024-y.);
e) yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi raqami va sanasi;
j) tranzit deklaratsiya raqami va sanasi;
z) mobil qurilmalar belgilangan meʼyordan ortiq miqdorda olib kirilgan holatlarda yoki ularning bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligi toʻgʻrisida hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, bojxona toʻlovlarini undirish uchun asos hisoblanadigan ariza raqami va sanasi;
17) 17-grafa. “Bojxona toʻlovlarining hisobi”.
Grafada bojxona toʻlovlari summasini hisoblash BKO asosiy varagʻi va qoʻshimcha varaqlarining 11-grafalarida koʻrsatilgan har bir tovar boʻyicha alohida amalga oshiriladi, bundan BKOning asosiy varagʻida koʻrsatiladigan bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan yigʻimlar mustasno.
Grafaning:
“Toʻlov turi” ustunida Yoʻriqnomaning 13-ilovasiga muvofiq bojxona toʻlov turining kodi koʻrsatiladi;
“Hisoblash asosi” ustunida bojxona toʻlovini hisoblashning asosi koʻrsatiladi. Bunda hisoblash asosi Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida koʻrsatiladi.
Qonunchilik hujjatlarida bojxona toʻlovini hisoblash uchun asos sifatida pul birliklari emas, boshqa oʻlchov birliklari (masalan, maʼlum vaqt oraligʻi (soat), maʼlum bir hujjatlarni berganlik uchun va h.k.) belgilangan boʻlsa, mazkur grafaning “Hisoblash asosi” ustunida tegishli miqdor (1, 2 va h.k.) va oʻlchov birligi (soat, dona va h.k.) koʻrsatiladi;
“Stavka” ustunida bojxona toʻlovi summasini hisoblashda qoʻllaniladigan bojxona toʻlovlari stavkasining belgilangan miqdori koʻrsatiladi;
“Summa” ustunida bojxona toʻlovining Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi soʻmda hisoblangan summasi koʻrsatiladi;
“Hisob-kitob tafsiloti” ustunida BKOning asosiy va qoʻshimcha varaqlari boʻyicha toʻlov kodi va undiriladigan umumiy bojxona toʻlovlari summasi turi boʻyicha hamda ularning yigʻindisi, yaʼni toʻlanadigan bojxona toʻlovlari umumiy summasi “Jami” degan yozuvdan keyin koʻrsatiladi;
18) 18-grafa. “Bojxona organi belgisi”.
Ushbu grafada dastur tomonidan BKOni rasmiylashtirgan bojxona xodimining familiyasi, ismi va otasining ismi hamda rasmiylashtiruv amalga oshirilgan vaqt toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik ravishda shakllanadi.
BKO bojxona xodimining elektron raqamli imzosi orqali tasdiqlash yoʻli bilan rasmiylashtiriladi. Rasmiylashtirilgan BKOga dastur orqali avtomatik ravishda matritsali shtrix kod (QR-kod) qoʻyiladi hamda bojxona xodimi tomonidan muhr va imzo qoʻyilishi talab etilmaydi.
12. Toʻlovchi shaxs tomonidan BKOning 19-grafasi quyidagi tartibda tasdiqlanadi:
19-grafa. “Toʻlovchining imzosi”.
Grafa bojxona toʻlovlarini toʻlovchi jismoniy shaxsning hamda yuridik shaxs vakilining imzosi bilan tasdiqlanadi.
BKO Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytida shaxsiy kabinet orqali elektron tarzda shakllantirilgan maʼlumotlar asosida rasmiylashtirilganda, ushbu grafa elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
2-§. Umumiy BKOning qoʻshimcha varagʻini toʻldirish
13. Bojxona xodimi tomonidan grafalarning toʻldirilishi:
1) 2-grafa. “Qoʻshimcha varaqlar”.
Grafada BKOning qoʻshimcha varagʻi tartib raqami koʻrsatiladi.
Masalan, BKOga ikkita qoʻshimcha varaq toʻldirilsa, birinchi qoʻshimcha varaqda “2/3”; ikkinchi qoʻshimcha varaqda esa “3/3” koʻrsatiladi.
2) 3-grafa. “BKO roʻyxat raqami”.
BKO asosiy varagʻining 3-grafasida koʻrsatilgan roʻyxat raqami koʻrsatiladi.
14. Bojxona xodimi tomonidan umumiy BKO qoʻshimcha varagʻi 7 — 13, 15 hamda 17-grafasining “Toʻlov turi”, “Hisoblash asosi”, “Stavka”, “Summa” ustunlari umumiy BKO asosiy varagʻi 7 — 13, 15 hamda 17-grafasining “Toʻlov turi”, “Hisoblash asosi”, “Stavka”, “Summa” ustunlarini toʻldirish tartibiga muvofiq toʻldiriladi.
4-bob. Soddalashtirilgan BKOni toʻldirish
15. Bojxona xodimi tomonidan grafalarning toʻldirilishi:
1) soddalashtirilgan BKOning 1 va 2-grafalari umumiy BKO asosiy varagʻi 3 va 4-grafalariga, 4-grafasi umumiy BKO qoʻshimcha varagʻining 17-grafasini toʻldirish tartibiga muvofiq toʻldiriladi;
2) 3-grafa. “Taqdim etiladigan hujjatlar/qoʻshimcha maʼlumotlar”.
Grafada BKO toʻldirishga asos boʻladigan hujjatlar toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
a) dastlabki qarorni olish uchun taqdim etilgan ariza raqami va sanasi;
b) egasi bojxona organi boʻlgan bojxona omborida yoki chegara bojxona postida vaqtincha tovarlarni saqlash uchun asos boʻlgan hujjat raqami va sanasi;
v) transport vositasini bojxona kuzatuvini amalga oshirish yoki bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar va transport vositalari uchun belgilangan yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan holatda tranzit deklaratsiyasi raqami va sanasi (masalan, TR № 27001/01.01.2024/0000105);
g) avtotransport vositasini bir kalendar yil davomida toʻqson kalendar kundan ortiq muddatga vaqtinchalik olib kirganlikda transport vositasini qaytarib olib chiqish majburiyatnomasi raqami va sanasi;
d) qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa yigʻimlarni undirish uchun asos boʻlgan hujjat raqami va sanasi.
Mazkur grafada BKO toʻldirishga asos boʻlgan bojxona tartib-taomili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.
Masalan, chegara bojxona postida vaqtincha tovarlarni saqlaganlik uchun bojxona yigʻimlarini undirish maqsadida BKO toʻldirilsa, tovarning brutto vazni va tovar saqlangan kunlar soni koʻrsatiladi.
3) soddalashtirilgan BKOning 5-grafasi umumiy BKO asosiy varagʻi
18-grafasini toʻldirish tartibiga muvofiq toʻldiriladi, bundan avtomatlashtirilgan tarzda rasmiylashtirilgan BKOlar mustasno.
16. Toʻlovchi shaxs tomonidan soddalashtirilgan BKOning 6-grafasi umumiy BKOning asosiy varagʻi 19-grafasiga muvofiq tasdiqlanadi.
5-bob. BKOga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish yoki uni bekor qilish
17. BKOga oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimcha kiritish yoki uni bekor qilish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish zarur boʻlganda;
tovarning bojxona qiymati va (yoki) bojxona toʻlovlari summasini toʻgʻrilash zarurati yuzaga kelganda;
tovarni bojsiz olib kirish normasiga hamda uni olib oʻtish maqsadiga aniqlik kiritilganda;
bitta tovar yuzasidan takroran bir nechta BKO qabul qilingan holat aniqlanganda;
ushbu Qoidalarning 2-bandi yettinchi xatboshisiga asosan hisoblangan bojxona toʻlovlari mobil qurilmani roʻyxatdan oʻtkazish uchun murojaat etgan shaxs tomonidan 10 ish kuni ichida toʻlanmagan yoki toʻliq toʻlanmaganda;
BKOga oʻzgartirish, qoʻshimcha kiritish yoki uni bekor qilish uchun asos boʻladigan hamda taqdim etilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan, qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa hollarda.
18. Bojxona organining tashabbusi bilan yoki toʻlovchi shaxsning murojaatiga koʻra mazkur Qoidalarning 17-bandi ikkinchi — toʻrtinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda BKOga oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilishi hamda mazkur Qoidalarning 17-bandi toʻrtinchi — yettinchi xatboshilarida belgilangan hollarda bekor qilinishi mumkin.
19. Roʻyxatga olinib, rasmiylashtirilmagan BKOni bekor qilish, rasmiylashtirilgan BKOga bojxona toʻlovlari summasini qaytarish bilan bogʻliq boʻlmagan hamda bojxona toʻlovlari hisobvaragʻi shakllanganidan soʻng roʻyxatga olinib, rasmiylashtirilmagan BKOga oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish mazkur Qoidalarning 3-bandida nazarda tutilgan tarkibiy tuzilma boshligʻining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
BKO rasmiylashtirilgandan soʻng unga bojxona toʻlovlari summasini qaytarish bilan bogʻliq boʻlgan oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish hamda uni bekor qilish Bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boʻyicha boshqarmalari, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshligʻi (yoki uning oʻrinbosari) ruxsati bilan amalga oshiriladi.
20. Bojxona organi toʻlovchi shaxsning BKOga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish yoki uni bekor qilish yuzasidan murojaatini 5 ish kuni ichida koʻrib chiqadi hamda koʻrib chiqish natijalarini yozma yoki elektron shaklda toʻlovchi shaxsga maʼlum qiladi.
Bojxona organi koʻrib chiqish natijasi boʻyicha BKOga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish yoki uni bekor qilish uchun asoslar mavjud emas yoxud taqdim etilgan hujjatlar toʻliq emas deb topsa, asoslangan sabablarni koʻrsatgan holda murojaatni rad etishga haqli.
21. Bekor qilingan BKOning 2-grafasidagi roʻyxat raqamini boshqa BKOga berish taqiqlanadi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
22. Toʻlovchi shaxs bojxona organining xatti-harakatlari yoki qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, yuqori turuvchi bojxona organiga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
23. Toʻlovchi shaxs Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda shakllantirilgan holda taqdim etilib, rasmiylashtirilgan BKOning elektron shaklini yuklab olish imkoniyatiga ega boʻladi.
24. Rasmiylashtirilgan BKOning elektron shakli tovarlar bojxona nazorati ostida turgan tovar maqomini yoʻqotgan yoki bojxona organi tomonidan mazkur Qoidalarda belgilangan xatti-harakat va tartib-taomillar amalga oshirilgan yildan keyingi yildan eʼtiboran uch yil davomida dasturda saqlanadi.
25. Mazkur Qoidalar talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish qoidalariga
1-ILOVA
1-ILOVA

Bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish qoidalariga
2-ILOVA
2-ILOVA

Bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish qoidalariga
3-ILOVA
3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 22-maydagi 125-son buyrugʻiga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2017-yil 16-yanvardagi 01-02/8-1-son “Bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2856, 2017-yil 3-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 5-son, 65-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 1-martdagi 01-02/12-23-son “Bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish qoidalarining 2-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2856-1, 2018-yil 9-mart) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2018-y., 10/18/2856-1/0873-son).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2019-yil 8-iyulda 01-02/8-43-son “Bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish qoidalariga oʻzgartirish kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2856-2, 2019-yil 15-iyul) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2019-y., 10/19/2856-2/3427-son).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2022-yil 29-avgustdagi 8/02-22-29-son “Bojxona kirim orderining shakli va uni toʻldirish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2856-3, 2022-yil 11-oktabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.10.2022-y., 10/22/2856-3/0911-son).
5. Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 23-iyundagi 41-son “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3447, 2023-yil 14-iyul) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2023-y., 10/23/3447/0484-son) ilovasining 3-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2024-y., 10/24/3525/0477-son; 26.07.2025-y., 10/25/3525-1/0651-son))