Xalqaro mehnat tashkilotining
Konvensiyasi
Ish haqini himoya qilish toʻgʻrisida
Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh Konferensiyasi,
Xalqaro mehnat byurosining Maʼmuriy Kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 1949-yilning 8-iyunida oʻzining Oʻttiz ikkinchi Sessiyasiga toʻplanib,
ish haqini himoya qilishga oid bir qancha takliflarni qabul qilishga qaror chiqarib va bu Sessiya kun tartibining yettinchi bandi hisoblanib,
bir ming toʻqqiz yuz qirq toʻqqizinchi yil iyul oyining birinchi kunida quyidagi “Ish haqini himoya qilish toʻgʻrisidagi 1949-yilgi Konvensiya” deb nomlanishi mumkin boʻlgan Konvensiyani qabul qildi:
1-modda
Ushbu Konvensiyada ish haqi atamasi, qanday tayinlangan yoki hisoblangan boʻlsa ham, pul shaklida ifodalanishi mumkin boʻlgan va oʻzaro kelishuv yoki milliy qonunlar yoki qoidalar bilan belgilanadigan, yozma yoki ogʻzaki mehnat shartnomasi asosida bajarilgan yoki bajarilishi kerak boʻlgan ish uchun yoki koʻrsatilgan yoxud koʻrsatiladigan xizmatlar uchun ish beruvchi tomonidan xodimga toʻlanishi kerak boʻlgan ish haqi yoki daromadni anglatadi.
2-modda
1. Ushbu Konvensiya ish haqi toʻlanadigan yoki toʻlanishi kerak boʻlgan barcha xodimlarga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Vakolatli organi, ish beruvchilar va xodimlarning tashkilotlari bilan maslahatlashilgandan soʻng, agar shunday tashkilotlar mavjud boʻlsa va ular shundan bevosita manfaatdor boʻlsa, Konvensiyaning barcha yoki ayrim qoidalari qoʻllanilishi doirasidan mazkur barcha yoki ayrim qoidalarning qoʻllanilishi maqsadga muvofiq boʻlmagan vaziyat va sharoitda ishlaydigan hamda jismoniy ishlarda band boʻlmagan yoki uy xoʻjaligida yoki shunga oʻxshash xizmatda band boʻlgan shaxslar toifalarini chiqarib tashlashi mumkin.
3. Tashkilotning har bir aʼzosi Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining 22-moddasiga muvofiq taqdim etiladigan ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi oʻzining birinchi har yilgi maʼruzasida, avvalgi bandga koʻra, ushbu Konvensiyaning barcha yoki ayrim qoidalari qoʻllanilishi doirasidan chiqarishni moʻljallagan shaxslarning toifalarini koʻrsatadi. Tashkilotning hech bir aʼzosi birinchi har yilgi maʼruzasi taqdim etilganidan soʻng, shu maʼruzada koʻrsatilgan shaxslar toifalaridan tashqari boshqa shaxslar toifalarini chiqara olmaydi.
4. Tashkilotning har bir aʼzosi oʻzining birinchi har yilgi maʼruzasida ushbu Konvensiyaning barcha yoki ayrim qoidalari qoʻllanilishi doirasidan chiqarishini moʻljallagan shaxslar toifalarini koʻrsatib, oʻzining navbatdagi har yilgi maʼruzalarida ushbu moddaning 2-bandi qoidalari qaysi shaxslar toifalariga nisbatan qoʻllanilishi toʻxtatilganligini koʻrsatadi hamda ushbu Konvensiyani shu shaxslar toifalariga qoʻllash maqsadida erishilgan har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabar qiladi.
3-modda
1. Naqd pulda toʻlanishi lozim boʻlgan ish haqi faqat qonuniy toʻlov vositasida toʻlanadi va oddiy veksel, vaucher, kupon shaklida yoki qonuniy toʻlov vositasi deb gumon qilinayotgan har qanday boshqa shaklda toʻlanishi man qilinadi.
2. Vakolatli organi ish haqini bank cheklari yoki pochtadan oʻtkazishlar bilan toʻlashga ruxsat etishi yoki buyurishi mumkin, agar toʻlashning shunday shakli oddiy amaliyotda qabul qilingan boʻlsa, yoki alohida holatlar tufayli zarur boʻlsa, yoki jamoa shartnomasi yoki arbitraj qarori shuni koʻzda tutsa, yoki shuni koʻzda tutmagan taqdirda tegishli xodim shunga oʻzi rozi boʻlsa.
4-modda
1. Milliy qonun hujjatlari, jamoa shartnomalari yoki arbitraj qarorlari ayrim sanoat yoki ish turlari sohasida ish haqini qisman natura shaklida toʻlashga ruxsat berishi mumkin, agar mazkur sanoat yoki ish turlari sohasida haq toʻlashning shu shakli odat boʻlsa, yoki mazkur sanoat yoki ish turlari xususiyati uchun maʼqul boʻlsa. Lekin hech bir holda ish haqi spirtli ichimlik va giyohvand moddalar shaklida toʻlanishiga ruxsat berilmaydi.
2. Ish haqini qisman natura shaklida toʻlashga ruxsat etilgan hollarda quyidagilarni taʼminlash uchun tegishli chora-tadbirlar koʻriladi:
a) natura shaklidagi toʻlov xodimlar va ularning oilalari tomonidan shaxsan foydalanishi uchun va ularning manfaatlari uchun mos boʻlishini;
b) natura shaklidagi toʻlov adolatli va maqbul narxga ega boʻlishini.
5-modda
Ish haqi bevosita xodimga toʻlanadi, agar milliy qonun hujjatlari, jamoa shartnomasi yoki arbitraj qarori buning aksini koʻzda tutmasa, yoki mazkur xodim buning aksiga rozilik bildirmagan boʻlsa.
6-modda
Ish beruvchilarga xodimning ish haqini tasarruf etish erkinligini har qanday tarzda cheklash taqiqlanadi.
7-modda
1. Agar tashkilotda xodimlarga tovarlar sotuvchi doʻkonlar taʼsis etilgan boʻlsa yoki xizmatlar ishlab tursa, u holda mazkur xodimlar shu doʻkonlar yoki xizmatlardan foydalanishga majbur qilinmasligi kerak.
2. Agar boshqa doʻkonlar yoki xizmatlardan foydalanishning iloji boʻlmasa, vakolatli organi adolatli va maqbul narxlar boʻyicha tovarlar sotilishi va xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida, yoki ish beruvchi tomonidan taʼsis etilgan doʻkon yoki koʻrsatilayotgan xizmatlar daromad olish uchun emas, balki xodimlarning manfaatlari uchun faoliyat olib borishini taʼminlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar koʻradi.
8-modda
1. Ish haqidan chegirib tashlashlarni faqat milliy qonun hujjatlari, jamoa shartnomasi yoki arbitraj qarorida belgilangan shartlar va chegaralar doirasida amalga oshirish ruxsat etiladi.
2. Shunday chegirib tashlashlar amalga oshirilishini ruxsat etadigan shartlar va chegaralar toʻgʻrisida vakolatli organ xodimlarni eng maqbul hisoblaydigan usulda xabardor qiladi.
9-modda
Ish haqidan ish beruvchi yoki uning vakili yoki qandaydir vositachi (masalan, pudratchi yoki ishga jalb qiluvchi) foydasiga bevosita yoki bilvosita haq toʻlanish orqali ish joyini olish yoki saqlab qolish uchun ish haqini ushlab qolish taqiqlanadi.
10-modda
1. Ish haqi faqat milliy qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va chegaralarda ushlab qolinishi yoki ushlab qolish belgilanishi mumkin.
2. Ish haqi xodim va uning oilasini boqishi uchun zarur deb topilgan darajada ushlab qolish yoki ushlab qolishni tayinlashdan himoyalangan boʻlishi kerak.
11-modda
1. Tashkilot bankrot deb topilgan yoki majburiy tugatilgan taqdirda, unda ishlaydigan xodimlar bankrotlik yoki tugatilishdan oldingi davrda ishlaganligi uchun milliy qonunchilikda belgilangan miqdordan oshmaydigan ularga tegishli boʻlgan ish haqi boʻyicha imtiyozli kreditorlar kabi mavqega ega.
2. Imtiyozli qarzni tashkil etuvchi ish haqi oddiy kreditorlar oʻz ulushini talab qilishdan oldin toʻliq toʻlanadi.
3. Ish haqidan tashkil topgan imtiyozli talabning boshqa imtiyozli talablarga nisbatan navbatdagi tartibi milliy qonun hujjatlari bilan belgilanishi kerak.
12-modda
1. Ish haqi muntazam ravishda muayyan vaqt oraligʻida toʻlanadi. Ish haqini muntazam vaqt oraligʻida toʻlashni taʼminlaydigan tegishli mexanizm mavjud boʻlgan hollar mustasno, ish haqi toʻlanishining muntazam ravishda muayyan vaqt oraligʻi milliy qonun hujjatlar yoki jamoa shartnomasi yoxud arbitraj qarorida belgilanadi.
2. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda berilishi lozim boʻlgan ish haqining yakuniy hisob-kitobi milliy qonun hujjatlariga, jamoa shartnomasiga yoki arbitraj qaroriga binoan amalga oshiriladi, shunday qonun hujjatlari, shartnoma yoki qaror boʻlmagan taqdirda, mehnat shartnomasi shartlarini hisobga olgan holda maqbul vaqt ichida amalga oshiriladi.
13-modda
1. Ish haqi naqd pul bilan toʻlanganda, agar milliy qonun hujjatlari, jamoa shartnomasi yoki arbitraj qarorida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yoki xodimlarga maʼlum boʻlgan usullar maqsadga muvofiqroq deb topilmasa, xodimlarga faqat ish kunlarida va ish joyining oʻzida yoxud unga yaqin joyda amalga oshiriladi.
2. Ish haqini toʻlash tavernalarda yoki shunga oʻxshash joylarda, agar suiisteʼmollikning oldini olish zarur boʻlsa, doʻkonlarda yoki chakana savdo doʻkonlarida va koʻngilochar joylarda amalga oshirilishi man qilinadi, biroq shunday tashkilotlarda ishlaydigan xodimlar bundan mustasnodir.
14-modda
Zarur boʻlganda, xodimlarni tegishli va oson tushunarli tarzda xabardor qilishni taʼminlash uchun samarali choralar koʻriladi:
(a) ishga kirishdan oldin va har qanday oʻzgarishlar sodir boʻlganda, ular ishlayotgan ish haqi shartlari;
(b) har bir ish haqini toʻlash vaqtida, tegishli toʻlov davri uchun ularning ish haqi maʼlumotlari, agar bunday maʼlumotlar oʻzgarishi mumkin boʻlsa.
15-modda
Ushbu Konvensiya qoidalarini amalga oshiradigan qonunlar yoki qoidalar:
a) manfaatdor shaxslarga axborot uchun taqdim etilishi;
b) unga rioya qilishni taʼminlash uchun masʼul shaxslarni aniqlash;
s) har qanday qoidabuzarlik uchun tegishli jazo choralarini yoki boshqa tegishli choralarni belgilash;
d) barcha zarur hollarda belgilangan shakl va usulda hujjatlar yuritilishini olib borilishini koʻzda tutadi.
16-modda
Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining 22-moddasi qoidalariga muvofiq taqdim etiladigan har yilgi maʼruzalarga ushbu Konvensiyaning qoidalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida toʻla maʼlumotlar kiritiladi.
17-modda
1. Agar Tashkilot aʼzosining hududi oʻz ichiga yirik hududlarni qamrab olsa va vakolatli organi mazkur hududlardagi aholi alohida tarqoqligini yoki rivojlanish darajasini hisobga olib, ushbu Konvensiya qoidalarini qoʻllashning amalda iloji yoʻq, deb hisoblasa, mazkur vakolatli organi ish beruvchilar va xodimlarning tegishli tashkilotlari bilan, agar shunday tashkilotlar mavjud boʻlsa, maslahatlashilgandan soʻng, mazkur hududlarni ushbu Konvensiya qoʻllanilishi doirasidan toʻliq chiqarib tashlashi mumkin yoki baʼzi tashkilotlar yoki ayrim ish turlariga nisbatan oʻz fikricha maqsadga muvofiq boʻlgan istisnolar bilan chiqarishi mumkin.
2. Tashkilotning har bir aʼzosi Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining 22-moddasiga binoan taqdim etiladigan ushbu Konvensiyaning qoʻllanishi toʻgʻrisidagi oʻzining birinchi har yilgi maʼruzasida ushbu moddaning qoidalaridan foydalanishni moʻljallagan har bir hudud toʻgʻrisida xabar beradi va shu qoidalardan nimaga foydalanishni moʻljallaganlik sabablarini koʻrsatadi. Tashkilotning hech bir aʼzosi, birinchi har yilgi maʼruzasi taqdim etilganidan soʻng, shu maʼruzada koʻrsatilgan hududlardan tashqari boshqa hududlarga mazkur modda qoidalarini qoʻllay olmaydi.
3. Ushbu modda qoidalaridan foydalanadigan Tashkilotning har bir aʼzosi uch yildan oshmaydigan oralikda ish beruvchilar va xodimlarning tegishli tashkilotlari bilan, agar shunday tashkilotlar mavjud boʻlsa, maslahatlashilgandan soʻng, ushbu Konvensiya qoʻllanilishi taʼsiri mazkur modda 1-bandi asosida chiqarilgan hududlarga nisbatan tatbiq etilishi maqsadga muvofiqligini koʻrib chiqadi.
4. Ushbu modda qoidalaridan foydalanadigan Tashkilotning har bir aʼzosi oʻzining navbatdagi har yilgi maʼruzasida qaysi hududlarga nisbatan mazkur modda qoidalarini ishlatish huquqidan voz kechganligi toʻgʻrisida xabar qiladi hamda ushbu Konvensiyani shu hududlarga nisbatan qoʻllash maqsadida erishilishi mumkin boʻlgan har qanday taraqqiyot toʻgʻrisida xabar qiladi.
18-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar roʻyxatga olinishi uchun Xalqaro mehnat byurosi Bosh Direktoriga yuboriladi.
19-modda
1. Ushbu Konvensiya faqatgina ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh Direktor tomonidan roʻyxatga olingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining aʼzolarinigina birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki aʼzosining ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh Direktor tomonidan roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotning har bir aʼzosi uchun uning ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjati roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
20-modda
1. Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavi 35-moddasining 2-bandiga muvofiq Xalqaro mehnat byurosining Bosh Direktoriga yuboriladigan deklaratsiyalarda quyidagilar koʻrsatiladi:
a) qaysi hududlarga nisbatan Tashkilotning tegishli aʼzosi Konvensiya qoidalarining oʻzgartirishlarsiz qoʻllanilishini zimmasiga olishi;
b) qaysi hududlarga nisbatan Tashkilotning tegishli aʼzosi Konvensiya qoidalarining oʻzgartirishlar bilan qoʻllanilishini zimmasiga olishi va shu oʻzgartirishlarning tafsiloti;
s) qaysi hududlarga nisbatan Konvensiya qoʻllanilmasligi va bu holda uning qoʻllanilmaslik sabablari;
d) qaysi hududlarga nisbatan Tashkilotning tegishli aʼzosi oʻz qarorini, bu holat kelgusida koʻrib chiqilgunga qadar, saqlab turishi toʻgʻrisidagi maʼlumot.
3. Ushbu modda 1-bandining “a” va “b” kichik bandlarida ifodalangan majburiyatlar ratifikatsiyaning ajralmas qismi deb hisoblanadi va ratifikatsiya kuchiga ega.
4. Tashkilotning har qanday aʼzosi navbatdagi deklaratsiya orqali ushbu modda 1-bandining “b”, “s” yoki “d” kichik bandlari asosida avvalgi deklaratsiyada aytib oʻtilgan har qanday shartlardan yoki ularning bir qismidan voz kechishi mumkin.
5. Tashkilotning har qanday aʼzosi, ushbu Konvensiya denonsatsiya qilinishi mumkin boʻlgan davr mobaynida, 22-modda qoidalariga muvofiq, Bosh Direktorga istalgan avvalgi deklaratsiyaning har qanday shartiga oʻzgartirishlar kirituvchi hamda belgilangan hududlaridagi hozirgi ahvolni ifoda etuvchi navbatdagi deklaratsiyani yuborishi mumkin.
21-modda
1. Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavi 35-moddasining 4- va 5-bandlariga muvofiq, Xalqaro mehnat byurosining Bosh Direktoriga yuboriladigan deklaratsiyalarda Konvensiya qoidalari tegishli hududga nisbatan qanday qoʻllanilishi, yaʼni oʻzgartirishlar bilan yoki oʻzgartirishlarsiz qoʻllanilishi koʻrsatiladi, agar deklaratsiyada Konvensiya qoidalari oʻzgartirishlar bilan qoʻllanilishi koʻrsatilsa, u holda oʻzgartirishlarning tafsiloti ham beriladi.
2. Tashkilotning tegishli aʼzosi, aʼzolari yoki tegishli xalqaro darajadagi masʼul istalgan paytda, keyingi deklaratsiyasi orqali, tegishli huquqidan foydalanib, har qanday avvalgi deklaratsiyasida koʻzda tutilgan xar qaysi oʻzgartirishlardan toʻliq yoki qisman voz kechishi mumkin.
3. Tashkilotning tegishli aʼzosi, aʼzolari yoki tegishli xalqaro darajadagi masʼul, ushbu Konvensiya denonsatsiya qilinishi mumkin boʻlgan muddat mobaynida, 22-modda qoidalariga muvofiq, Bosh Direktorga har qanday avvalgi deklaratsiyaning har qanday shartiga oʻzgartirishlar kirituvchi hamda ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishiga nisbatan hozirgi ahvolni ifoda etuvchi deklaratsiya yuborishi mumkin.
22-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning aʼzosi Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan oʻn yil oʻtganidan keyin Xalqaro mehnat byurosining Bosh Direktoriga roʻyxatga olish uchun yuborilgan akt orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya denonsatsiya akti roʻyxatga olinganidan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan oʻn yillik muddat oʻtganidan keyin, bir yil ichida mazkur moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan boʻlsa, navbatdagi oʻn yillik muddatni kutishga majbur boʻladi va shunga muvofiq, u mazkur modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani har oʻn yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin boʻladi.
23-modda
1. Xalqaro mehnat byurosi Bosh Direktori Tashkilot aʼzolari tomonidan yuborilgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlar, deklaratsiyalar va denonsatsiya aktlarining barchasini roʻyxatga olganligi haqida Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha aʼzolariga xabar beradi.
2. Bosh Direktor, unga yuborilgan ikkinchi ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatni roʻyxatga olganligi haqida Tashkilot aʼzolariga xabar berganda, u Tashkilot aʼzolarining eʼtiborini Konvensiyaning kuchga kirish sanasiga qaratadi.
24-modda
Xalqaro mehnat byurosi Bosh Direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi moddalar qoidalariga binoan oʻzi roʻyxatga olgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlar, deklaratsiyalar va denonsatsiya aktlarining barchasiga oid toʻla maʼlumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga roʻyxatga olish uchun yuboradi.
25-modda
Har gal, Xalqaro mehnat byurosi Maʼmuriy Kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi maʼruzani taqdim etadi va uni toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiri tish kerakligini yoki kerak emasligini koʻrib chiqadi.
26-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud boʻlmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror aʼzosi tomonidan qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, qonunning oʻz kuchi bilan, 22-modda qoidalaridan qatʼiy nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan boʻlishi kerak;
b) qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan eʼtiboran, mazkur Konvensiyaning Tashkilot aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi toʻxtatiladi.
2. Mazkur Konvensiya, har qanday holatda, uni ratifikatsiya qilgan, ammo qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot aʼzolari uchun amaldagi shakli va mazmuni oʻz kuchida qolaveradi.
27-modda
Mazkur Konvensiyaning inglizcha va fransuzcha matnlari bir xil kuchga ega.
(imzolar)