Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
JAMIYATNI DEMOKRATLAShTIRISh VA YaNGILASh, MAMLAKATNI ISLOH QILISh HAMDA MODERNIZATSIYALASh MAQSAD VA VAZIFALARINI AMALGA OShIRISh DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qoʻshma majlisidagi maʼruzasida belgilab berilgan 2005-yil va uzoq muddatli istiqbolda jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash ustuvor vazifalari va yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalda roʻyobga chiqarish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qoʻshma majlisidagi maʼruzasida belgilab berilgan jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalashning ustuvor maqsad va vazifalarini amalga oshirish Dasturini tayyorlash hamda uning aniq yoʻnalishlarini amalda roʻyobga chiqarish boʻyicha ishchi guruhlarning yangilangan tarkibi 1-ilovaga muvofiq* maʼqullansin.
* 1-ilova rus titildagi matnda berilgan.
Ishchi guruhlar tarkibiga islohotlarni yanada chuqurlashtirish va jamiyatni modernizatsiyalash boʻyicha zarur imkoniyalarga, tajriba va takliflarga ega boʻlgan tegishli idoralarning rahbarlari va yetakchi mutaxassislari, nohukumat va jamoat tuzilmalari, xalqaro institutlar, ilmiy va konsalting tashkilotlarining vakillari kiritilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur ishchi guruhlar zimmasiga amaldagi qonun hujjatlari va normativ hujjatlarni tanqidiy tahlil qilish hamda qayta koʻrib chiqish, islohotlarni yanada chuqurlashtirish, mamlakatning demokratlashtirish yoʻlidan jadal harakat qilib borishi va fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi asosiy maqsad, vazifa va ustuvor yoʻnalishlar amalga oshirilishini tizimli asosda va bosqichma-bosqich taʼminlaydigan qonunlar va normativ hujjatlarning yangi loyihalarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va hukumat qarorlari loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklatilsin.
Ishchi guruhlar 2005-yilning 1-mayiga qadar muddatda aniq takliflar tayyor boʻlishiga qarab ularni belgilangan tartibda Jamiyat hayotining barcha tomonlarini erkinlashtirish va yanada isloh qilish hamda maʼmuriy islohotni amalga oshirish sohasida qonunchilik bazasini takomillashtirish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish komissiyasiga (R.S. Azimov) kiritsinlar.
3. Jamiyat hayotining barcha tomonlarini erkinlashtirish va yanada isloh qilish hamda maʼmuriy islohotni amalga oshirish sohasida qonunchilik bazasini takomillashtirish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish komissiyasi (R.S. Azimov):
ishchi guruhlar bilan mustahkam aloqa oʻrnatib, ularning ishida amaliy yordam koʻrsatsin;
mazkur ishchi guruhlar taklif va materiallarni taqdim etishiga qarab qonunlar va normativ hujjatlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va hukumat qarorlarining loyihalarini tayyorlasin hamda ularni koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bizning bosh maqsadimiz — jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir” mavzuidagi maʼruzasida koʻzda tutilgan:
2-ilovaga* muvofiq davlat qurilishi va boshqaruvi, qonunchilik hokimiyatining roli va taʼsirini kuchaytirish sohasida;
3-ilovaga* muvofiq sud huquq tizimini isloh qilish va yanada erkinlashtirish;
4-ilovaga* muvofiq ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada demokratlashtirish sohasida;
5-ilovaga* muvofiq tashqi siyosat sohasida;
6-ilovaga* muvofiq bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni tobora erkinlashtirish sohasida Islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish konsepsiyasi maʼlumot uchun va ishchi guruhlar tomonidan amalda foydalanish uchun qabul qilinsin.
* 2–6-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
5. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzteleradiokompaniya, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari Dasturni ishlab chiqish va amalga oshirishning borishini, jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlarini har tomonlama va muntazam yoritish borasida mavzular boʻyicha koʻrsatuvlar hamda maqolalarni uyushtirsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-fevraldagi F-2116-sonli farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 10-mart,
PQ-24-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 10-11-con, 71-modda; 45-son, 337-modda)