Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisida
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilish jarayonida favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish borasidagi chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) (keyingi oʻrinlarda — kimyoviy moddalar (mahsulotlar)) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu sohada belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifalari yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Favqulodda vaziyatlar vazirligining Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tuzilmasida vazirlikning umumiy shtatlar soni doirasida yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻlimi hamda boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — boʻlim (boʻlinmalar)) tashkil etilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)
3. Quyidagilar boʻlimning (boʻlinmalarning) asosiy vazifalari etib belgilansin:
vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilishda belgilangan xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
respublika hududiga olib kirilgan, respublika hududida joylashgan obyektlarda saqlanayotgan hamda respublika hududi orqali tranzit tashilayotgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) toʻgʻrisida yagona markazlashgan maʼlumotlar bazasini yaratish va doimiy yuritib borish;
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilishda yuzaga keladigan texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, oqibatlarini bartaraf etish ishlarini muvofiqlashtirish;
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilish sohasida manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
4. Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda respublika hududiga olib kiriladigan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) boʻyicha elektron maʼlumot almashinuvi tizimini yoʻlga qoʻysin;
boʻlimni (boʻlinmalarni) va kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bogʻliq texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etiladigan radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofaza guruhlarini maxsus texnikalar va zarur asbob-anjomlar bilan taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda boʻlim (boʻlinmalar) xodimlarini qayta tayyorlash dasturini tasdiqlasin va ularni “Kontexnazoratoʻquv” davlat muassasasi bazasida ushbu dastur asosida tayyorgarlikdan oʻtkazsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
respublika hududiga olib kirilgan hamda belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) va ularni olib kiruvchi subyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligiga real vaqt rejimida taqdim etib boriladi;
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) faqat favqulodda vaziyatlarning (yongʻinlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.
7. Raqamli texnologiyalar vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi buyurtmasiga asosan ikki oy muddatda respublika budjeti mablagʻlari hisobidan respublika hududiga kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) olib kiruvchi subyektlar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) va ularni saqlash joylari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish imkoniyatiga ega boʻlgan axborot platformasini (keyingi oʻrinlarda — axborot platformasi) yaratsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-250-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2025-y., 06/25/250/1197-son)
8. Belgilab qoʻyilsinki, kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlashga quyidagilar javobgar hisoblanadi:
kimyoviy moddalar (mahsulotlarni) omborga joylashtirilguniga qadar — tashuvchi;
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) omborga joylashtirilganda — ombor egasi;
kimyoviy moddalardan (mahsulotlardan) foydalanish va yoʻq qilishda — ulardan foydalanuvchi subyekt.
9. 2024-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) olib kirish, tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yoʻq qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini doimiy nazorat qilishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
a) Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bojxona qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilishda mazkur qarorga ilovadagi sxemaga muvofiq oʻzaro hamkorlik qiladi;
(9-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
b) Bojxona qoʻmitasi kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazadi hamda bir kun muddatda Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kimyoviy moddalar (mahsulotlar) turi, miqdori va ularni olib kiruvchi subyekt toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Favqulodda vaziyatlar vazirligining Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markaziga (keyingi oʻrinlarda — Milliy markaz) taqdim etadi;
v) kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) olib kiruvchi subyektlar ushbu moddalar (mahsulotlar) bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan kunning oʻzida axborot platformasi orqali kimyoviy moddalarning (mahsulotlarning) saqlanadigan joyi (ombor) haqidagi maʼlumotlarni Milliy markazga taqdim etadi. Bunda, Milliy markazga taqdim etilgan maʼlumotlar toʻgʻriligi va ishonchliligi uchun javobgarlik kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) olib kiruvchi subyektning rahbari zimmasiga yuklanadi;
g) Milliy markaz kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bogʻliq har bir harakat toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy ravishda yangilab boradi;
d) Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
joyiga chiqqan holda kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, ulardan foydalanish va yoʻq qilishda belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shu jumladan ularning omborda toʻgʻri joylashtirilganligi, yemiruvchi yoki boshqacha taʼsirga chidamli tarada saqlanayotganligi, shuningdek, bir-biriga oʻzaro taʼsir qilmasligi va xavfli oqibatlarni keltirib chiqaruvchi reaksiyaga kirishmasligini taʼminlovchi sharoitlar yaratilganligini oʻrganadi;
axborot platformasiga kiritilgan maʼlumotlarni monitoring qiladi;
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) tegishli manzilga tashish davomida yuzaga keladigan texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish choralarini koʻradi;
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini koʻradi;
manfaatdor vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarga kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash uchun obyektning (omborning) yongʻin va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan xulosa beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
e) Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi:
(9-band “e” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
qonunchilikda belgilangan tartibda kimyoviy moddalardan (mahsulotlardan) foydalanish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash uchun obyektning (omborning) sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga xulosa taqdim etadi;
j) Ichki ishlar vazirligi:
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) tegishli manzilga xavfsiz tarzda yetkazilishi (tashilishi) uchun qonunchilikda belgilangan tartibda kuzatuvni amalga oshiradi;
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bogʻliq texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarda jamoat tartibini saqlash choralarini koʻradi.
Bunda, kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yoʻq qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish respublikada ishlab chiqarilgan kimyoviy moddalarga (mahsulotlarga) nisbatan ham tatbiq etiladi.
10. Belgilansinki, boʻlim (boʻlinmalar) hamda kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bogʻliq texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etiladigan radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofaza guruhlarini maxsus texnikalar va zarur asbob-anjomlar bilan taʼminlash Favqulodda vaziyatlar vazirligiga har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, shuningdek, vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
11. Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda:
tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, yuridik shaxslarga tegishli kimyoviy moddalar (mahsulotlar) saqlanadigan yoki foydalaniladigan obyektlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin;
ushbu moddalarni (mahsulotlarni) saqlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tezkor chora-tadbirlarni belgilasin va amalga oshirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda kimyoviy moddalarga (mahsulotlarga) oid xavfsizlik qoidalari va texnik reglamentlarni xatlovdan oʻtkazib, ularning talablarini tadbirkorlik subyektlari va boshqa masʼul tashkilotlarga yetkazsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
13. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bojxona qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 15-dekabrga qadar:
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) roʻyxatini (Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlari va nomlanishi asosida);
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilish ustidan nazoratni amalga oshirish tartibini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda har yili aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha asosiy tadbirlar rejalari asosida kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari uchun kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish tadbirlarini xavfsiz tashkil etish boʻyicha koʻrgazmali seminar va oʻquv mashqlarini oʻtkazib borsin.
15. Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib favqulodda vaziyatlar vaziri A.X. Kuldashev belgilansin.
Qarorning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 6-noyabr,
PQ-357-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-noyabrdagi PQ-357-son qaroriga
ILOVA
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bogʻliq texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha hamkorlik qilish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Shartli belgilar:
FVV — Favqulodda vaziyatlar vazirligi, FVB — favqulodda vaziyatlar boshqarmasi
SRYAXQ — Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, SRYAXQ HB — Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining hududiy boshqarmasi
IIV — Ichki ishlar vazirligi, IIB — ichki ishlar boshqarmasi
BQ — Bojxona qoʻmitasi
Ombor egasi — yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlaydigan shaxs
KM — yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar)

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2023-y., 07/23/357/0833-son; 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son; 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son; 23.12.2025-y., 06/25/250/1197-son)