Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida
Zargarlik sanoatiga malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va ularning mehnati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 4-sentabrdagi PQ-292-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 4-sentabrdagi PQ-292-son qarorida zargarlik sanoati uchun mutaxassis sifatida jalb qilingan chet el fuqarolariga mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani berishda undiriladigan yigʻim miqdorini kamaytirish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga ilovaga muvofiq zargarlik sanoatiga oid kasblar va lavozimlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilingan chet el fuqarolariga tasdiqnoma berishda undiriladigan yigʻim miqdorini kamaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Qudratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 3-noyabr,
584-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-noyabrdagi 584-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
20-ilovaning 7-pozitsiyasida:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“zargarlik sanoatiga oid kasblar va lavozimlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilingan chet el fuqarolari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida”;
beshinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2023-y., 09/23/584/0831-son)