Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining
buyrugʻi
Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 13-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3425]
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor A. BURXANOV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-mart,
54-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2023-yil 7-mart
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari A. XASANOV
2023-yil 9-mart
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. MUSAYEV
2023-yil 10-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2023-yil 11-martdagi 54-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Davlat fuqarolik xizmatchisi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida amalga oshiriladigan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladigan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar (bundan buyon matnda xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar deb yuritiladi) munosabati bilan sovgʻa olishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladigan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar bilan bogʻliq boʻlmagan xizmat safarlari munosabati bilan davlat fuqarolik xizmatchisining sovgʻa olishi taqiqlanadi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
davlat organi — Davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari roʻyxatiga kiritilgan davlat hokimiyat vakolatlariga ega boʻlgan tashkiliy jihatdan alohida tuzilma;
sovgʻa — davlat fuqarolik xizmatchisiga xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bepul taqdim etilgan, moddiy qimmatga ega boʻlgan mol-mulk yoki begʻaraz koʻrsatilgan xizmat;
xalqaro tadbirlar — davlat organi nomidan, uning rasmiy vakillari hamda xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida oʻzaro hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish, aloqalarni rivojlantirish, tajriba almashish maqsadida tashkil etiladigan va oʻtkaziladigan tadbirlar, xususan Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining xorijiy mamlakatga, xorijiy mamlakat delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi bilan bogʻliq tadbirlar;
rasmiy tadbirlar — davlat organiga yuklatilgan vazifa va funksiyalardan kelib chiqib, davlat organi nomidan, uning rasmiy vakillari ishtirokida tashkil etiladigan, muayyan maqsadlarga erishishga qaratilgan tadbirlar (rasmiy qabul, marosim, uchrashuv, anjuman, seminar, brifing, simpozium, taqdimot, davra suhbati va boshqa tadbirlar);
xizmat safari — davlat organi rahbarining buyrugʻiga (qarori, farmoyishiga) asosan davlat fuqarolik xizmatchisi oʻzining doimiy ish joyidan boshqa joyga (Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoki uning hududidan tashqari) xizmat vazifasini va topshirigʻini bajarish uchun muayyan muddatga yuborilishi;
sovgʻa beruvchi — xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan davlat fuqarolik xizmatchisiga sovgʻa taqdim etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs vakili;
Sovgʻalar reyestri — davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan qabul qilingan sovgʻalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar roʻyxati;
mehmondoʻstlik belgisi — xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va etiket qoidalariga muvofiq nonushtaga, kofe-breykka, tushlikka, kechki ovqatga va ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlariga taklif qilish.
3. Mazkur Nizom talablariga rioya etish Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlardagi barcha davlat fuqarolik xizmatchilari uchun majburiydir.
4. Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan oʻzlarining xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovgʻalar olish taqiqlanadi. Bundan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida olingan sovgʻalar, shuningdek musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovgʻalar mustasno.
5. Davlat fuqarolik xizmatchisi xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan oʻzi yoki boshqa shaxslar uchun sovgʻa taqdim etilishini soʻrashiga yoki talab qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Davlat fuqarolik xizmatchisining xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan uning oila aʼzolariga taqdim etilgan sovgʻa davlat fuqarolik xizmatchisiga berilgan sovgʻa deb hisoblanadi.
7. Davlat organi rahbarining buyrugʻiga (qaroriga, farmoyishiga) asosan:
sovgʻaning qiymatini aniqlash va uni saqlash, Sovgʻalar reyestrini yuritish davlat organining xoʻjalik boʻlinmasi (bundan buyon matnda boʻlinma deb yuritiladi) (xodimi) tomonidan;
sovgʻani davlat organining balansiga kirim qilish mazkur davlat organining moliya-iqtisod boʻlinmasi (xodimi) tomonidan;
sovgʻalar bilan bogʻliq masalalarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish davlat organining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlinmasi (xodimi) tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda, davlat organida mazkur bandda nazarda tutilgan tarkibiy boʻlinmalar (xodimlar) mavjud boʻlmagan taqdirda tegishli vazifa davlat organi rahbarining buyrugʻiga (qaroriga, farmoyishiga) asosan boshqa tarkibiy boʻlinmaga (xodimga) yuklatilishi mumkin.
2-bob. Xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan taqdim etilgan sovgʻani qabul qilish talablari
8. Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa quyidagi talablarga javob berishi lozim:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari, davlat organining ichki idoraviy hujjatlari hamda ushbu Nizom talablariga muvofiq boʻlishi;
sovgʻa uni beruvchi tomonidan aniq bir xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan ixtiyoriy taqdim etilgan boʻlishi;
davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan ochiq va oshkora qabul qilinishi;
davlat organining obroʻsiga (nufuziga) putur yetkazmasligi;
manfaatlar toʻqnashuvi yoki korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga sabab boʻlmasligi, xususan davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat faoliyatida xolis qaror qabul qilishiga taʼsir koʻrsatadigan majburiyatni yuzaga keltirmasligi.
9. Davlat fuqarolik xizmatchisi sovgʻani qabul qilish jarayonida sovgʻa beruvchidan sovgʻaning qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarni (sovgʻaning qiymatini tasdiqlovchi savdo chekini yoki savdo kvitansiyasini yoxud boshqa hujjatlarni) soʻrab olishi mumkin.
10. Davlat fuqarolik xizmatchisiga taqdim etilgan tez yaroqsiz holga keluvchi mahsulotlar (tabiiy guldasta, donalik shirinliklar), shuningdek kanselyariya toʻplamlari (taqvim, buklet, plastmassali ruchka, kundalik va bloknot) sovgʻa sifatida rasmiylashtirilmaydi hamda ushbu sovgʻalar davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan oʻz xohishiga koʻra tasarruf etiladi.
11. Davlat fuqarolik xizmatchisi unga xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mehmondoʻstlik belgisi sifatida bildirilgan taklifni qabul qilishi mumkin.
Bunda, davlat fuqarolik xizmatchisi mehmondoʻstlik belgisi sifatida bildirilgan taklifning begʻarazligiga shubha sezgan taqdirda, ushbu taklifni darhol rad etishi va aloqa vositalari orqali bu haqda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlinmasini ogohlantirishi shart.
3-bob. Xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan taqdim etilgan sovgʻaning qiymati va uni tasarruf etish
12. Davlat fuqarolik xizmatchisi xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan unga taqdim etilgan sovgʻani ushbu tadbirlardan qaytib kelgan kundan boshlab uch ish kuni ichida boʻlinmaga sovgʻaning qiymatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar (sovgʻaning qiymatini tasdiqlovchi savdo cheki yoki savdo kvitansiyasi yoxud boshqa hujjatlar) mavjud boʻlsa, ushbu hujjatlar bilan birga taqdim etadi, bundan mazkur Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan sovgʻalar mustasno.
13. Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan sovgʻani boʻlinmaga topshirilishi toʻgʻrisidagi topshirish va qabul qilish dalolatnomasi (bundan buyon matnda dalolatnoma deb yuritiladi) rasmiylashtirilgunga qadar sovgʻaning butligi va saqlanishi uchun javobgarlik davlat fuqarolik xizmatchisi zimmasida boʻladi.
14. Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan boʻlinmaga topshirilgan har qanday sovgʻa boʻyicha dalolatnoma ushbu boʻlinma tomonidan ikki nusxada tuziladi. Bunda, boʻlinma tomonidan ushbu dalolatnomaning birinchi nusxasi mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shakldagi Sovgʻalar reyestrida sovgʻani roʻyxatga olgan holda davlat fuqarolik xizmatchisiga qaytariladi, ikkinchi nusxasi ushbu boʻlinmada saqlanadi.
15. Davlat fuqarolik xizmatchisida sovgʻaning qiymatini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlmasa, boʻlinma tomonidan sovgʻaning qiymati aniqlanadi.
Bunda, boʻlinma tomonidan sovgʻaning bozor narxi savdo doʻkonlari, internet hamda boshqa manbalar va usullar orqali oʻrganilib, uning oʻrtacha qiymati aniqlanadi va uning natijasi boʻyicha bayonnoma rasmiylashtiriladi.
16. Sovgʻaning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 (toʻrt) baravariga teng yoki undan koʻp boʻlmagan miqdorda ekanligi aniqlangan taqdirda, sovgʻa davlat fuqarolik xizmatchisida qoldiriladi va u tomonidan oʻz ixtiyoriga koʻra tasarruf etiladi.
Bunda, boʻlinma tomonidan sovgʻaning davlat fuqarolik xizmatchisiga topshirilganligi boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Sovgʻaning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 (toʻrt) baravaridan ortiqligi aniqlangan taqdirda, sovgʻa moliya-iqtisod boʻlinmasi tomonidan davlat organining balansiga kirim qilinadi.
17. Davlat organining balansiga oʻtkazilgan sovgʻadan davlat organining ehtiyoji uchun foydalanishga ruxsat etiladi.
18. Davlat fuqarolik xizmatchisi xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan oʻziga taqdim etilgan sovgʻalarni qabul qilishning qonuniyligi toʻgʻrisida har qanday shubha paydo boʻlganda, shu zahoti ushbu masala boʻyicha bevosita oʻzining yuqori turuvchi rahbariyatini yoki korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlinmasini xabardor qilishi shart.
Sovgʻaning qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning ishonchliligi va haqiqiyligi boʻyicha shubhalar mavjud boʻlgan taqdirda taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligi va haqiqiyligi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlinmasi tomonidan tekshirilishi mumkin.
19. Davlat fuqarolik xizmatchisining xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan uning oila aʼzolariga taqdim etilgan sovgʻa mazkur bobga muvofiq tasarruf etiladi.
4-bob. Yakuniy qoida
20. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
| ___________________________________________________________________________, | |||||||||
| (davlat organi nomi) | |||||||||
| Xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan qabul qilingan sovgʻalar boʻyicha | |||||||||
| REESTR | |||||||||
| T/r | Davlat xizmatchisi tomonidan sovgʻa qabul qilingan sana | Sovgʻani qabul qilgan davlat xizmatchisining F.I.O va lavozimi | Sovgʻaning tavsifi | Sovgʻaning berilish sababi/munosabati | Sovgʻa beruvchining maʼlumotlari* | Sovgʻaning qiymati** | Sovgʻaning tasarruf etilishi*** | Sovgʻani topshirgan davlat xizmatchisining imzosi va sana | Masʼul xodimning imzosi va sana |
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 | 8 | 9 | 10 |
| 1. | |||||||||
| 2. | |||||||||
| … | |||||||||
Izoh:
* xorijiy mamlakat va tashkilotning nomi, sovgʻa beruvchining F.I.O va lavozimi;
** sovgʻaning qiymatini tasdiqlovchi savdo cheki yoki savdo kvitansiyasi yoxud boshqa hujjatlar mavjud boʻlsa, shu asosida, agar mavjud boʻlmasa, sovgʻaning qiymatini aniqlash asosida toʻldiriladi;
*** sovgʻaning davlat fuqarolik xizmatchisi tasarrufiga oʻtkazilganligi yoki davlat organiga topshirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoziladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2023-y., 10/23/3425/0138-son)