Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Shaharsozlikda nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini taʼminlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlarini ulardan moneliksiz foydalanish uchun moslashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi shaharsozlikda nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini taʼminlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlarini ulardan moneliksiz foydalanish uchun moslashtirish holati boʻyicha Toshkent shahrida oʻtkazilgan oʻrganish natijalarini muhokama qilib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
2017 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida aholining barcha qatlamlariga, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun inklyuziv jamiyat barpo etish boʻyicha rejali ishlar roʻyobga chiqarilgan.
Sohani tartibga solish maqsadida 2017-yil 1-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5270-sonli Farmoni, 2020-yil 15-oktabrda “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-dekabrdagi PQ-57-sonli qarori bilan Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash tarkibi tasdiqlangan. Bundan tashqari, 2021-yilda Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya ratifikatsiya qilinib, Oʻzbekiston tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro majburiyatlar tasdiqlangan.
Koʻrilayotgan choralarga qaramasdan, nogironligi boʻlgan shaxslarga inklyuziv sharoitlar yaratish masalasida hududlarda, xususan Toshkent shahrida qator muammolar saqlanib qolmoqda.
Birinchidan, yangi qurilgan yer osti transportidan qulay foydalanish uchun toʻliq sharoitlar yaratilmagan. Ushbu metro bekatlarining aksariyati panduslar bilan jihozlanmagan, bu esa shaharsozlik meʼyorlari talablariga javob bermaydi.
Metroning eski yoʻnalishi bekatlarida koʻzi ojiz shaxslar uchun taktil qoplamalar mavjud emas.
Yangi vagonlarni inobatga olmaganda metropoliten poyezdlarida kar-soqovlik nuqsoni boʻlgan insonlar uchun maʼlumot beruvchi elektron tablolar mavjud emas.
“Chilonzor” metro bekatidagi hojatxonani loyihalashtirishda nogironligi boʻlgan shaxslarning erkin foydalanish imkoniyatlari inobatga olinmagan. Jumladan, hojatxonalardagi ostonaning balandligi, eshiklar torligi (70 sm), ushlagichlarning mavjud emasligi, qoʻl yuvish rakovinalarining balandligi aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ulardan foydalanish imkonini bermayapti.
Ikkinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan shahar yer usti transportidan mustaqil foydalanish imkoniyati toʻliq yaratilmagan. Ayniqsa, aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar, koʻzi ojizlar va kar-soqovlik nuqsoni boʻlgan insonlarning erkin harakatlanishi uchun jamoat transportining moslashmaganligi, xususan avtobus salonlarida elektron axborot tablolarining, eshitish moslamalari va boshqa yordamchi vositalarning mavjud emasligi murakkabliklar keltirib chiqarmoqda.
Oʻzbekiston nogironlar uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomaga asosan nogironligi boʻlgan shaxslarning 93 foizi yer usti jamoat transportini toʻsiqsizlik nuqtai nazaridan qoniqarsiz, deb baholagan.
Uchinchidan, yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarida (yer osti va yer usti oʻtish yoʻllari) qator kamchiliklar mavjud.
Xususan, ayrim yer usti oʻtish yoʻllarida (Sebzor va A. Qodiriy koʻchalarining kesishmasida) loyihalashtirish jarayonida liftlar koʻzda tutilgan boʻlsa-da, amalda mavjud emas. Shuningdek, mazkur joyda eskalatorlar ham ishlamaydi.
Ayrim yer osti oʻtish yoʻllari nostandart panduslar bilan jihozlangan boʻlib, nogironlik aravachalari gʻildiraklari mazkur panduslarga sigʻmaydi, bu esa harakatlanish imkonini bermaydi.
Toʻrtinchidan, jamoat joylarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zarur eshitish va koʻrish maʼlumotlari, shu jumladan relyef nuqtali Brayl shriftida tayyorlangan koʻrsatkich va belgilar mavjud emas.
Piyodalar yoʻlakchalarida texnik moslamalar, yaʼni koʻzi ojiz shaxslar uchun ovozli ishora bilan jihozlangan svetofor mavjud emasligi sezilarli toʻsiqlardan biri boʻlib, bu nogironligi boʻlgan shaxslarning nafaqat faol va mustaqil harakatlanish imkoniyatini toʻsmoqda, balki yoʻl harakati vaqtida ularning hayotini xavf ostiga qoʻymoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini taʼminlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan moneliksiz foydalanishini taʼminlash maqsadida, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Toshkent shahrida nogironligi boʻlgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmaganligi qayd etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi O. Iminovning shaharsozlikda nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini taʼminlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlarini ulardan moneliksiz foydalanishi uchun moslashtirish holati boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda:
2022-yil 1-dekabrga qadar sohaning malakali mutaxassislari hamda Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston karlar jamiyati hamda Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyatining vakillaridan iborat ishchi guruh tuzgan holda har bir tuman (shahar)larda foydalanishga topshirilgan ijtimoiy infratuzilma obyektlarida nogironligi boʻlgan shaxslarning erkin harakatlanishi hamda foydalanishi uchun qulay sharoitlar yaratilganligi yuzasidan monitoring oʻtkazsin;
2022-yil 15-dekabrga qadar oʻtkazilgan monitoring natijalariga koʻra 2023-yilda ijtimoiy infratuzilma obyektlarida nogironligi boʻlgan shaxslarning erkin harakatlanishi hamda foydalanishi uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan hududiy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2023-yil 1-yanvarga qadar ijtimoiy infratuzilma bino va inshootlarining loyihalashtirilishi hamda qurilishida qabul qilingan meʼyorlarni Oʻzbekiston Respublikasida nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻsiqsiz muhit yaratish boʻyicha belgilangan vazifalar talablariga muvofiq qayta koʻrib chiqsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjati loyihasini ishlab chiqsin:
nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda eskirgan avtobus saroyini 2023 — 2025-yillarda bosqichma-bosqich toʻliq yangilash yuzasidan;
nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat transportlarida, shu jumladan shaharlararo poyezdlar vagonlarida toʻsiqsiz harakatlanishini taʼminlovchi yordamchi vositalar bilan 2023 — 2025-yillarda bosqichma-bosqich jihozlash yuzasidan.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Qurilish vazirligi bilan birgalikda “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy-maishiy va madaniy maqsadlarga moʻljallangan qurilish obyektlarini hamda rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda jamoat birlashmalari vakillarining davlat qabul komissiyasi tarkibiga nogironligi boʻlgan shaxslarning kiritilganligini oʻrgansin;
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari roʻyxatini tahlil qilsin hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqsin;
Moliya vazirligi bilan birgalikda nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini qondirish uchun qurilish materiallari va reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga imtiyozlar belgilash masalasini oʻrganib, Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
qonunchilikda ijtimoiy muhofazaga muhtoj toifadan nogironligi boʻlgan shaxslarni ajratish masalasini ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda oʻrganib chiqsin;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ikki oy muddatda Oliy Majlis Senatiga axborot taqdim etsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari 2022-yil 1-dekabrga qadar:
ijtimoiy va transport infratuzilmalarini takomillashtirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston karlar jamiyati hamda Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyatining vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlarini tashkil etsin;
Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston karlar jamiyati hamda Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyatining vakillarini yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan ijtimoiy infratuzilma obyektlarini loyihalash va qurish jarayonini nazorat qilish, qurilish meʼyorlari hamda qoidalariga muvofiq qabul qilish boʻyicha davlat komissiyalari tarkibiga kiritsin;
hududiy tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarini belgilangan talablarga javob beradigan, imkoniyati cheklangan fuqarolar tashrifi uchun qulay boʻlgan binolar va xonalarda begʻaraz asosda joylashtirish choralarini koʻrsin;
Adliya vazirligi bilan birgalikda nogironligi boʻlgan shaxslar vakillaridan iborat tegishli jamoat tashkilotlarini tashkil etishga koʻmaklashish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Milliy teleradiokompaniya va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ijtimoiy va transport infratuzilmasi obyektlarini nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojini inobatga olgan holda qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni yoritishga qaratilgan turkum axborot maʼlumotlarini (brifing, reportaj, telekoʻrsatuv, maqolalar va b.) tayyorlab efirga uzatib borsin.
8. Moliya vazirligi Bandlik va mehnatni muhofaza qilish va Adliya vazirliklari bilan birgalikda 2022-yil 1-dekabrga qadar nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash va doimiy ish bilan taʼminlash maqsadida ularning davlat xaridlari orqali maʼlum yoʻnalishlardagi lotlarning aniq bir qismida ustuvorlik huquqi asosida ishtirok etishi yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqsin. Bunda nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyektlarining ixtisoslashuviga alohida eʼtibor qaratsin.
9. Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash 2023-yil 10-yanvarga qadar ushbu Qarorda belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashiga axborot kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi O. Iminov mazkur Qarorda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha 2023-yil 1-fevralga qadar Senat Kengashida koʻrib chiqish uchun axborot kiritsin.
11. Ushbu Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 21-oktabr,
KQ-415-IV-son