O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tayyorlash, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va hisobga olish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 7 iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3344-1]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 29-iyuldagi 17-mh-sonli “Shaharsozlik normalari va qoidalari, fitosanitariya talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, ekologik normalar va qoidalar, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini tayyorlash, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va hisobga olish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3545, 06.08.2024-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-dekabrdagi 25-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3344, 2021-yil 28-dekabr) (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2021-y., 10/21/3344/1218-son) bilan tasdiqlangan Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tayyorlash, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va hisobga olish qoidalariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-iyun,
15-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 7-iyundagi 15-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tayyorlash, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va hisobga olish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 1-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“huquqiy ekspertiza — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning qonunchilikka muvofiqligini hamda ularda huquqiy normalar mavjudligini aniqlash nuqtai nazaridan tekshirish.”.
2. 17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lishi shart.”.
3. 55-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“55. Vazirlik va idoralarning yuridik xizmati texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat loyihasining qonunchilikka muvofiqligini hamda unda huquqiy normalar mavjudligini aniqlash nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat loyihasi qonunchilikka muvofiq bo‘lsa, shuningdek unda huquqiy normalar mavjud bo‘lmasa, yuridik xizmat rahbari tomonidan imzolanadi va xulosa tayyorlanadi.”.
4. 57-bandda:
ikkinchi xatboshidan “yoxud uning o‘rinbosari” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat u birinchi kelishilayotgan vazirlik va idora bilan kelishilganidan so‘ng, qirq besh kun ichida qabul qilinishi kerak.”.
5. 61-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Bir nechta vazirlik va idoralarning qo‘shma qabul qilgan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjati u birinchi bo‘lib qabul qilayotgan vazirlik yoki idora tomonidan imzolangan sanadan boshlab yigirma kun ichida qabul qilinishi lozim.”.
6. 70-bandning “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) hujjat qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lsa;”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 10/22/3344-1/0488-son)