Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tizimida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda tabiiy hududlarni saqlab qolish va ularni qayta tiklash, ekologik muhitni yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlash maqsadida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish va rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2018 — 2021-yillar davomida Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervati, Xorazm va “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻlari hamda “Sudochye-Akpetki” davlat buyurtma qoʻriqxonasi tashkil etilib, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning mamlakat hududidagi ulushi qariyb ikki baravarga ortdi.
Respublikada “Qizil kitob”ga kiritilgan oʻsimlik va hayvonot dunyosining noyob hamda yoʻqolib borayotgan turlarini qamrab olgan, oʻziga xos, qimmatli tabiiy obyektlar va majmualar mavjud boʻlib, ularni saqlab qolish va qayta tiklash muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish, ekologik qimmatga ega boʻlgan tabiiy obyektlar va majmualarni, oʻsimlik va hayvonot dunyosining noyob va yoʻqolib borayotgan turlarini saqlab qolish hamda ularni qayta tiklash maqsadida:
1. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat ekologiya qoʻmitasi), Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi hamda Navoiy viloyati hokimligining:
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish uchun Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga doimiy egalik huquqi asosida tegishli boʻlgan Uchquduq tumanidagi 694 205,5 gektar hamda Tomdi tumanidagi 40 000 gektar yer maydonlarini zaxiraga qaytarish;
davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida Uchquduq tumanida umumiy maydoni 1 200 000 gektar boʻlgan “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻini va Tomdi tumanida umumiy maydoni 40 000 gektar boʻlgan “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi uchun ajratiladigan umumiy maydoni 1-ilovaga muvofiq;
“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻining qoʻriqxona, rekreatsiya va xoʻjalik maqsadida foydalanish zonalari uchun ajratiladigan yer maydonlari 2-ilovaga muvofiq;
“Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasining qoʻriqxona hududi uchun ajratiladigan yer maydonlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻining xoʻjalik maqsadida foydalanish zonasidagi yerlar ushbu hududlarda joylashgan yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qoladi;
“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi va “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasining muassisi Davlat ekologiya qoʻmitasi hisoblanadi.
4. Quyidagilar “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi va “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
2022-yilda — Davlat ekologiya qoʻmitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
2023-yildan boshlab — Navoiy viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari, Davlat ekologiya qoʻmitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-sentabrdagi PF-6059-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan qorakoʻlchilikni rivojlantirishning maqsadli parametrlariga ushbu qarordan kelib chiqib tegishli oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Navoiy viloyati hokimligi:
a) ikki oy muddatda:
ushbu qarorning 1-bandi ikkinchi xatboshisiga muvofiq yer maydonlarining belgilangan tartibda zaxiraga qaytarib olinishini, shuningdek, ushbu yer maydonlarining tegishliligi boʻyicha “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi va “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilishini;
Davlat ekologiya qoʻmitasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ bilan birgalikda “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻining qoʻriqxona, rekreatsiya va xoʻjalik maqsadida foydalanish zonalari, shuningdek, “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasining qoʻriqxona hududi aniq chegaralari belgilanishini;
Kadastr agentligi bilan birgalikda belgilangan tartibda “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi va “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasi uchun ajratilgan yer maydonlarining hujjatlari rasmiylashtirilishini;
b) uch oy muddatda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi va “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasi ijro etuvchi apparatlarini operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirish uchun Uchquduq va Tomdi tumanlaridan tegishli binolar ajratilishini taʼminlasin.
7. Davlat ekologiya qoʻmitasi ikki oy muddatda:
“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi va “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasining ijro etuvchi tuzilmalarini tasdiqlab, ular belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi va “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasini malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin;
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi N.N. Oblomuradov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida 2022-yil 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 16-fevral,
PQ-131-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-fevraldagi PQ-131-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi uchun ajratiladigan yerlarning umumiy maydoni
|
Hudud nomi |
Yerdan foydalanuvchilar |
Yer maydoni (ga) |
Yer toifalari |
|
Uchquduq tumani |
“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladigan yer maydoni |
694 205,5* |
Yaylov yerlari |
|
Uchquduq davlat oʻrmon xoʻjaligi |
285 294,5 |
Oʻrmon fondi yerlari | |
|
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi |
220 500 |
Yaylov yerlari | |
|
Jami: |
1 200 000 |
||
* Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasidan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish uchun zaxiraga qaytarilib, “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-fevraldagi PQ-131-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻining qoʻriqxona, rekreatsiya va xoʻjalik maqsadida foydalanish zonalari uchun ajratiladigan yer maydonlari
|
Zonalar nomi |
Yer maydoni (ga) |
Yer toifalari |
|
Qoʻriqxona zonasi |
674 205,5 |
Yaylov yerlari |
|
Rekreatsiya zonasi |
20 000 |
Yaylov yerlari |
|
Xoʻjalik maqsadida foydalanish zonasi |
505 794,5 |
Oʻrmon fondi va yaylov yerlari |
|
Jami: |
1 200 000 |
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-fevraldagi PQ-131-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasining qoʻriqxona hududi uchun ajratiladigan yer maydonlari
|
Hudud nomi |
Obyekt nomi |
Amalda yerdan foydalanuvchi |
Yer maydoni (ga) |
Yer toifasi |
|
Tomdi tumani |
“Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasi* |
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi |
40 000 |
Yaylov yerlari |
* Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasidan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish uchun zaxiraga qaytarilib, “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2022-y., 07/22/131/0139-son)