Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida kadrlarni tayyorlashning uzluksiz tizimini takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi harbiy orkestr jamoalari, shuningdek, boshqa orkestr va badiiy jamoalar uchun damli va zarbli cholgʻular ijrochiligi yoʻnalishida kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimini samarali tashkil etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyini (keyingi oʻrinlarda — Harbiy musiqa akademik litseyi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Harbiy musiqa akademik litseyining asosiy vazifalari etib belgilansin:
umumiy oʻrta hamda oʻrta maxsus taʼlimning davlat taʼlim standartlari talablariga muvofiq sifatli oʻqitishni tashkil etish;
umumiy musiqiy bilimlarning boshlangʻich asoslarini oʻrgatish hamda damli va zarbli cholgʻular ijrochiligi yoʻnalishida yetuk kadrlarni tayyorlash;
xalqaro tanlovlarda munosib qatnashadigan iqtidorli yosh musiqachilarni tayyorlash uchun ularning bilim va koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy oʻquv dasturlari va uslublarini joriy etish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va sanʼat sohasidagi ilm-fan boʻyicha erishilgan ilgʻor yutuqlarni tatbiq etish;
harbiy orkestrlar, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralar orkestr va badiiy jamoalari uchun malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish;
Vatanga sadoqat, oʻz xalqining maʼnaviy va tarixiy qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalangan yoshlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar rezervini shakllantirish maqsadida respublikaning oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun munosib nomzodlarni maqsadli tayyorlash;
oʻquvchilarning maʼnaviy va estetik rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularning isteʼdodini va madaniy saviyasini har tomonlama yuksaltirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyi ofitserlar tarkibining harbiy unvonlari va lavozimlar boʻyicha tarif razryadlari roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Madaniyat vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Harbiy musiqa akademik litseyiga ilmiy-metodik yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetini biriktirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Harbiy musiqa akademik litseyida:
musiqa taʼlimi va oʻquv jarayonining uzluksizligini taʼminlash maqsadida istisno tariqasida, mavjud umumiy oʻrta taʼlim sinflari saqlab qolinadi;
oʻquvchilar qonun hujjatlarida belgilangan normalarga muvofiq, bepul turarjoy va oziq-ovqat bilan taʼminlanadi;
1-2-bosqich oʻquvchilari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni tomonidan tasdiqlangan bepul kiyim-bosh bilan taʼminlanadi;
oʻqitish umumiy oʻrta hamda oʻrta maxsus taʼlimning davlat taʼlim standartlari oʻquv rejalari va oʻquv dasturlari asosida “Damli va zarbli cholgʻular ijrochiligi” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha amalga oshiriladi;
bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom, qonun hujjatlariga muvofiq, orkestr artisti malaka darajasi hamda koʻkrak nishoni beriladi;
b) Harbiy musiqa akademik litseyini moliyalashtirish, shu jumladan uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) oʻquv-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishga metodik yordam koʻrsatish, darsliklar va oʻquv-metodik adabiyotlar, multimedia ilovalari, sinf jurnallari, oʻquvchilarni reyting daftarchalari va boshqa hujjatlar bilan taʼminlash, shuningdek, pedagog kadrlar malakasini oshirishni tashkil etish tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Madaniyat vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
(5-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
g) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi umumiy sonining yangidan taqsimlanish hisobiga qoʻshimcha 3 ta ofitserlar tarkibidagi shtat birligi kiritiladi;
d) Harbiy musiqa akademik litseyining ishchi va xizmatchilariga mavjud akademik litseylarning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari qoʻllaniladi hamda ular qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va imtiyozlardan foydalanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
e) Harbiy-musiqa akademik litseyi bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarida oʻzlari toʻplagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, respublikaning boshqa davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda esa oʻzlari toʻplagan ballarning 15 foizi (shu jumladan, ijodiy imtihonlar boʻyicha) miqdoridagi qoʻshimcha ballar koʻrinishida imtiyoz beriladi;
(5-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
j) Harbiy musiqa akademik litseyi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi:
a) bir oy muddatda:
Harbiy musiqa akademik litseyining tashkiliy-shtat tuzilmasi, shtat jadvali va ustavini tasdiqlasin hamda ustavning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Harbiy musiqa akademik litseyi oʻquvchilarining kiyim-bosh formasi va koʻkrak nishoni namunalarini tasdiqlasin;
b) vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 16-fevral,
PQ-129-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-fevraldagi PQ-129-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyi ofitserlar tarkibining harbiy unvonlari va lavozimlar boʻyicha tarif razryadlari
ROʻYXATI
|
T/r |
Lavozim nomi |
Harbiy unvon |
Tarif razryadi |
|
1. |
Harbiy musiqa akademik litseyi direktorining harbiy va jismoniy tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari |
podpolkovnik |
14,1 |
|
2. |
Harbiy musiqa akademik litseyi oʻquv kursi komandiri |
mayor |
9,2 |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2022-y., 07/22/129/0138-son; 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son; 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)