Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli “Yaratilgan yangi ish oʻrinlarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimida tashkil etilgan “Yagona hisob-kitob markazi” davlat unitar korxonalarining faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek, koʻp kvartirali uylarda kommunal xizmatlarini koʻrsatishda buxgalterlik hisobini yuritishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimida tashkil etilgan “Yagona hisob-kitob markazi” davlat unitar korxonalari (keyingi oʻrinlarda — “Yagona hisob-kitob markazi”) tomonidan majburiy badallar yigʻish boʻyicha xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar mazkur shirkatlarning toʻplash hisobvaragʻidan amalga oshiriladi;
tijorat banklari oldidagi kreditor qarzdorlikni qisqartirish maqsadida qarzdorligi mavjud boʻlgan uy-joy mulkdorlari shirkatlari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 570-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 5-bandi “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan manbalardan tushadigan mablagʻning 70 foizigacha miqdorini kreditor qarzdorlikni qoplashga yoʻnaltiradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi majburiy badallarni yigʻish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarining oʻz vaqtida bajarilishini doimiy ravishda nazorat qilib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi jamgʻariladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan davlat nazoratini oʻrnatsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Xidoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 15-dekabr,
754-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 754-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 10-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimida tashkil etilgan Yagona hisob-kitob markazlari tomonidan majburiy badallar yigʻish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish”.
2. 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimida tashkil etilgan Yagona hisob-kitob markazlari tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining quyidagi hisobvaraqlaridan amalga oshiriladi:
buxgalterlik hisobini yuritish va konsalting xizmatlari — asosiy hisobvaragʻidan;
majburiy badallar yigʻish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar — toʻplash hisobvaragʻidan”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/754/1167-son)