O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun mablag‘larni to‘plash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli “Yaratilgan yangi ish o‘rinlarini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 24-apreldagi PQ-2922-son qaroriga asosan ko‘p kvartirali uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash, ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun mablag‘lar to‘plash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M.X. Saliyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-avgust,
570-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 570-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun mablag‘lar to‘plash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun mablag‘lar to‘plash va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
pudrat tashkilotlari — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash bo‘yicha shartnoma asosida ishlarni amalga oshiruvchi “Ta’mirlash-tiklash xizmati” DUK va boshqa pudrat tashkilotlari;
to‘plash hisobvarag‘i — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga banklarda ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlashni amalga oshirish uchun ochilgan 20412 — “Nodavlat notijorat tashkilotlarining jamg‘arma depozitlari” hisobvarag‘i;
maxsus hisobvaraq — pudrat tashkilotlariga maqsadli mablag‘lar hisobiga ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlashni amalga oshirish uchun ochilgan 22626 — “Korxona va tashkilotlarning maqsadli mablag‘lari” hisobvarag‘i.
2-bob. Bank hisobvaraqlarini ochish tartibi
3. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun pul mablag‘larini to‘plash maqsadida, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga o‘zlarining asosiy hisobvarag‘i joylashgan tijorat banklarining filiallarida to‘plash hisobvarag‘i ochiladi.
4. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlashda ishtirok etadigan pudrat tashkilotlariga o‘zlarining asosiy hisobvarag‘i joylashgan tijorat banklarining filiallarida maxsus hisobvaraq ochiladi.
3-bob. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun mablag‘lar to‘plash manbalari
5. Quyidagilar ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun mablag‘lar to‘plash manbalari hisoblanadi:
a) turar va noturar joy mulkdorlarining majburiy badallaridan shakllangan mablag‘lar;
b) ko‘p kvartirali uylarning tashqi fasadi, tom va yerto‘la qismlari hamda boshqa ijaraga berilgan maydonlar uchun ijarachilardan kelib tushadigan mablag‘lar;
v) ko‘p kvartirali uylarning umumiy foydalanish joylari va muhandislik kommunikatsiyalarini kapital va joriy ta’mirlash hamda lift uskunalarini ta’mirlash va almashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari mablag‘lari, shu jumladan yil boshidagi qoldiq bo‘sh mablag‘lar va I — III chorak yakunlari bo‘yicha oshirib bajarilgan daromad qismi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan jalb qilinadigan budjetdan tashqari mablag‘lar;
g) ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
d) qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘lar.
(5-bandning “d” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlashga ajratmalar me’yorlarini ko‘p kvartirali uyning haqiqiy holatini hisobga olgan holda ushbu Nizomning 5-bandi “a” va “b” kichik bandlarda ko‘rsatilgan manbalardan tushadigan mablag‘larning 30 foizidan 80 foizigacha miqdorida belgilaydilar.
Bunda ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun har bir xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati bo‘yicha aniq ajratmalar me’yori O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining tuman (shahar) bo‘limlari bilan, agar tijorat banki krediti hisobidan amalga oshirilsa, tijorat banki bilan ham kelishilgan holda belgilanadi.
7. Ushbu Nizomning 5-bandi:
“a” va “b” kichik bandlarda belgilangan manbalardan kelib tushgan mablag‘lar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga ochilgan to‘plash hisobvarag‘iga kirim qilinadi va ajratmaning belgilangan me’yoridan ortiq qismi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining asosiy hisobvarag‘iga memorial order orqali o‘tkaziladi va ushbu mablag‘lar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan qonunchilikka muvofiq mustaqil ravishda tasarruf etiladi;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
“v”, “g” va “d” kichik bandlarda nazarda tutilgan manbalardan tushadigan mablag‘lar bevosita to‘plash hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va undan asosiy hisobvaraqqa ajratma qilinmaydi.
8. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati ko‘p kvartirali uyning har bir kvartirasiga shaxsiy hisobvaraq ochadi.
Shaxsiy hisobvaraqda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati nomi, ko‘p kvartirali uy raqami, kvartira raqami va uy-joy mulkdori shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, to‘langan mablag‘lar summasi, sarflangan mablag‘lar summasi va qoldiq summa ko‘rsatiladi.
9. Favqulodda holatlar (halokatlar, tabiiy ofatlar va boshqalar) yuz bergan taqdirda, bank tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining barcha hisobvaraqlaridagi mablag‘lar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining umumiy yig‘ilishi qarori bilan belgilangan shaxslarga beriladi.
4-bob. Kapital va joriy ta’mirlashda moliyaviy resurslardan foydalanish tartibi
10. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlashni amalga oshirish uchun ochilgan to‘plash hisobvarag‘idan quyidagi xarajatlar amalga oshirilishiga ruxsat etiladi:
ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun pudrat tashkilotlariga to‘lovlarni amalga oshirish;
ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash maqsadida olingan kredit va unga hisoblangan foizlarni qaytarish;
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida tashkil etilgan Yagona hisob-kitob markazlari tomonidan majburiy badallar yig‘ish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 754-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/754/1167-son)
11. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining to‘plash hisobvarag‘idagi mablag‘lar pudrat tashkilotlari bilan tuzilgan pudrat shartnomasiga asosan hisobdan chiqariladi.
12. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun pudrat tashkilotlariga ochilgan maxsus hisobvaraqqa faqat shartnoma tuzgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining to‘plash hisobvarag‘i yoki ssuda hisobvarag‘idan kelgan mablag‘lar kirim qilinishi mumkin.
13. Pudrat tashkilotlariga ochilgan maxsus hisobvaraqdan mablag‘lar maqsadli ravishda sarflanadi. Mazkur hisobvaraqdan boshqa maqsadlarga pul mablag‘larini sarflashga ruxsat etilmaydi.
14. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida tashkil etilgan Yagona hisob-kitob markazlari tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga shartnoma asosida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining quyidagi hisobvaraqlaridan amalga oshiriladi:
buxgalterlik hisobini yuritish va konsalting xizmatlari — asosiy hisobvarag‘idan;
majburiy badallar yig‘ish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar — to‘plash hisobvarag‘idan.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 754-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/754/1167-son)
5-bob. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlashga ajratilgan pul mablag‘laridan belgilangan maqsadlarda foydalanilishini nazorat qilish
15. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlashga yo‘naltirilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
16. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash bo‘yicha bajarilgan ishlarning nazorat o‘lchovlari ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
17. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlashda bajarilgan ishlar hajmi va qiymati oshirib yozilganligi aniqlangan taqdirda, ortiqcha olingan mablag‘lar pudrat tashkilotlaridan undiriladi, aniqlangan oshirib yozishlar uchun javobgarlik esa qonunchilik asosida belgilanadi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun mablag‘lar to‘plash va ulardan foydalanish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
19. Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun to‘plash hisobvarag‘iga o‘tkazilgan va yil oxirigacha foydalanilmagan ushbu Nizomning 5-bandida ko‘rsatilgan mablag‘lar to‘plash hisobvarag‘ida jamlanadi va olib qo‘yilmaydi.
20. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tugatilgan yoki ko‘p kvartirali uylar buzib tashlangan taqdirda, to‘plash hisobvarag‘ida yig‘ilgan va foydalanilmagan mablag‘lar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining umumiy yig‘ilishi qaroriga asosan ularning a’zolariga, ulushlariga mutanosib ravishda qaytarib beriladi.
Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun mablag‘lar to‘plash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizomga
ILOVA
ILOVA
Ko‘p kvartirali uylarni kapital va joriy ta’mirlash uchun mablag‘lar to‘plash va ulardan foydalanish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 570-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Ko‘p kvartirali uylarni kapital ta’mirlash uchun mablag‘lar to‘plash (yig‘ish) va ulardan foydalanish to‘g‘risida vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida” 2000-yil 18-yanvardagi 16-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 1-son, 4-modda).
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2005-yil 18-maydagi 127-son qaroriga 1-ilovaning 2-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 5-son, 26-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2007-yil 1-martdagi 43-son qaroriga ilovaning 2-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 2-3-son, 13-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2016-yil 26-apreldagi 122-son qaroriga 1-ilovaning 28-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 4-son, 28-modda).
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 31-son, 780-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/754/1167-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)