O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘ZBEKTURIZM” MILLIY KOMPANIYASINING USTAVINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 28-iyuldagi 360-son “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 15-fevral,
82-son
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, keyingi o‘rinlarda — “O‘zbekturizm” deb yuritiladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 27-iyuldagi Farmoniga muvofiq tuzilgan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi davlat boshqaruv organi huquqiga ega bo‘lgan xo‘jalik tashkiloti hisoblanadi.
“O‘zbekturizm” O‘zbekiston Respublikasi hududida turizm sohasida yagona siyosatni ishlab chiqish va uni amalga oshirishni ta’minlaydi, chet ellarda va MDH davlatlarida respublika manfaatlarini ifodalaydi.
2. “O‘zbekturizm” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi, o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek mazkur Ustav va boshqa normativ hujjatlar asosida amalga oshiradi.
3. “O‘zbekturizm” yuridik shaxs hisoblanadi va to‘la xo‘jalik hisobi, o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash, o‘z xarajatlarini o‘zi valyuta bilan qoplash prinsiplari asosida faoliyat ko‘rsatadi, mustaqil balansga, banklarda valyuta va boshqa hisob-kitob schyotlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga, shuningdek burchakli shtamp va nomi o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan xos ish qog‘oziga ega bo‘ladi.
4. “O‘zbekturizm” quyidagi manzilga joylashgan: 700047, Toshkent shahar, Xorazm ko‘chasi, 47-uy.
II. Asosiy vazifalari va funksiyalari
5. “O‘zbekturizm”ning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
chet el tajribasini hisobga olib, ustuvor yo‘nalishlarning respublika konsepsiyasiga asoslangan turizm infrastrukturasini taraqqiy ettirishda yagona siyosatni amalga oshirish;
mintaqa va chet el turizmining barcha turlarini joriy etish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish, davlat daromadiga iqtisodiyotning boshqa sohalariga, madaniyat va me’morchilikka qo‘shadigan ulushini sezilarli darajada ko‘paytirish;
turizm sohasining barcha turlarini rivojlantirish uchun huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarni va shart-sharoitlarni shakllantirish;
xorijiy kreditlar va investitsiyalarni jalb qilish, uyushma korxonalar tashkil etish, chet el mamlakatlari va MDH davlatlari, shuningdek, ularning kompaniyalari hamda firmalari bilan hamkorlik qilishning uzoq muddatli dasturlarini rivojlantirish;
turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha chet el hamda MDH mamlakatlari bilan xalqaro aloqalarni ikki tomonlama asosda amalga oshirish;
vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari, kichik korxonalar, xorijiy va xususiy firmalarning sayyohlarni qabul qilish, jo‘natish va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatini tartibga solish va muvofiqlashtirish, respublikaning tarixiy, tabiiy-ekologik mintaqalarini asrash to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish;
turistik markazlardan oqilona foydalanish va turizm korxonalari faoliyatini, turizm xo‘jaligining subyektlarini tashkil etish va qayta tuzish, birlashtirish, qo‘shib olish, bo‘lib yuborish, tubdan o‘zgartirishni nazorat qilish;
O‘zbekiston Respublikasining tarixiy va madaniy merosini, turizm sohasining imkoniyatlarini, shu jumladan, chet eldagi va MDH davlatlaridagi o‘z vakolatxonalari va byurolari orqali, reklama qilish;
sayr-sayohat faoliyatiga kiritiladigan tarixiy me’morchilik obyektlarini ta’mirlash;
zaxira, sug‘urta, shu jumladan, xalqaro prinsiplarga muvofiq sayyohlarni sug‘urta qilish bo‘yicha, jamg‘armalarini tashkil etish va ulardan foydalanish;
kadrlar bilan ishlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, turizm infrasturturasi uchun kadrlarni uzluksiz tayyorlash va ularni o‘qitish tizimini tashkil etish;
chet eldagi va MDH davlatlaridagi qonunchilik organlarida, sudda, hakamlik sudida, prokuraturada sayr - sayohat korxonalarining manfaatlariga vakillik qilish va ularning manfaatlarini ifodalash, ularning huquqlarini himoya qilish.
III . Asosiy huquqlari
6. “O‘zbekturizm” o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar va Funksiyalarni amalga oshirish uchun vakolati doirasida quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
o‘z boshqaruvi doirasidagi davlat korxonalari va tashkilotlarini, xo‘jalik hisobidagi ishlab chiqarish va tijorat korxonalari va tashkilotlarini, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikdagi qo‘shma korxonalar va tashkilotlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;
Hukumat qarori asosida ixtiyoriga berilgan korxona va tashkilotlarning mulklarini boshqarish, ularni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda belgilangan tartibda ishtirok etish;
ham respublikada, ham chet elda va MDH davlatlarida turli xil ko‘char va ko‘chmas mulkni sotib olish, ayirish, ijaraga olish va ijaraga berish
xalqaro me’yorlar asosida transport vositalari, otellar, mehmonxonalar, kempinglar, shuningdek sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa obyektlarning tasnifini ishlab chiqish, qoniqarsiz servis xizmati ko‘rsatilgan hollarda tashkilotlar, idoralar, tijorat tuzilmalarining chet ellik sayyohlarni qabul qilishini va ularga xizmat ko‘rsatishini to‘xtatib qo‘yish;
to‘la xo‘jalik hisobi, valyuta bilan o‘zini o‘zi qoplash va o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash prinsiplari asosida moliyaviy-iqtisodiy, xo‘jalik va ijtimoiy faoliyat masalalarini mustaqil hal etish;
O‘zbekiston Respublikasi banklarida, shuningdek chet eldagi va MDH davlatlaridagi banklarda valyuta hamda so‘mdagi schyotlarni ochish, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq “O‘zbekturizm”ning mulk va mablag‘larini boshqarish;
o‘z vakolati doirasida, respublikada, shuningdek chet elda xorijiy turizm bilan shug‘ullanuvchi korxonalar va tashkilotlar bilan veksel bitishuvlarini amalga oshirish;
“O‘zbekturizm” tarkibiga kiruvchi bo‘linmalardagi turistik safar va yo‘llanmalarning qiymatini, ko‘rsatiladigan xizmatlar va tovarlar narxini valyutada belgilash;.
respublika Hukumatining topshirig‘iga muvofiq xalqaro turizm tashkilotlariga a’zo bo‘lish, chet elda vakolatxonalar, tijorat markazlari, axborot-reklama byurolarini mustaqil ochish, O‘zbekistonda chet el turistik firmalari va kompaniyalari akkreditatsiyasini ta’minlash;
turizm sohasini rivojlantirish manfaatlari yo‘lida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish. “O‘zbekturizm”ga ixtiyoridagi nomenklatura bo‘yicha birkitib qo‘yilgan tovarlar bilan eksport-import a’mollarini belgilangan tartibda amalga oshirish;
mamlakatda hamda chet elda ishlab chiqarilgan tovarlarni sotish uchun o‘z do‘konlarini ochish;
jahon amaliyotida qabul qilingan tog‘ turizmi, ov, turistik lotereya, kazino singari dam olish turlarini, ko‘ngilochar va madaniy tomosha tadbirlarini rivojlantirish, noshirlik faoliyatini amalga oshirish, litsenziya asosida turizm bo‘yicha kino-video-audio mahsulotlari va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish;
turistik komplekslarni qurish, ularni qurishga, qayta qurishga hamda ulardan hamkorlikda foydalanishga chet el tashkilotlari va firmalarini jalb etish, respublikadagi va chet eldagi tashkilotlarda hissador bo‘lish, shuningdek hammuassis bo‘lish;
berilgan vakolatlar doirasida barcha vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, idoraviy bo‘ysunishidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yo‘riqnoma hamda normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
faoliyati turizm sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilot va korxonalarga litsenziya va sertifikatlar berish;
O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasidagi qonunlari va qonunchilik aktlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari hamda ushbu Nizomning vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, konsernlar, hokimliklar, aksionerlik jamiyatlari, uyushmalar, qo‘shma, kichik xususiy, kooperativ korxonalar, jamoat tashkilotlar, xorijiy tashkilotlar va muassasalar tomonidan bajarilishini nazorat qilishni amalga oshirish;
turizmni tashkil etish va unga servis xizmati ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalarda korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning faoliyatini to‘la tekshirishdan o‘tkazish;
soha kadrlarini tayinlash, joy-joyiga qo‘yish, tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshirish;
7. “O‘zbekturizm” belgilangan tartibda o‘zining tuzilma bo‘linmalari–mintaqaviy bo‘linmalarini tuzadi hamda ular faoliyatiga rahbarlik qiladi. Mintaqaviy bo‘linmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda, Toshkent shahrida tuziladi, bevosita “O‘zbekturizm”ga bo‘ysunadi, amaliy faoliyatida mahalliy hokimliklar bilan bahamjihat harakat qiladi, yuridik shaxs hisoblanadi, banklarda hisob-kitob schyotlariga va muhrga ega bo‘ladi.
Mintaqaviy bo‘linmalar rahbarlari “O‘zbekturizm” kompaniyasi Raisi tomonidan tayinlanadilar. Mintaqaviy bo‘linmalar to‘g‘risidagi Nizom “O‘zbekturizm” boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi.
IV. “O‘zbekturizm”ni boshqarish
8. “O‘zbekturizm” kompaniyasini boshqarishning yuqori organi Kengash hisoblanadi, u boshqaruvni va taftish komissiyasini saylaydi, xodimlar mehnatiga haq to‘lash tizimini va shartlarini belgilaydi.
Kengash boshqaruv va taftish komissiyaning hisobotlarini eshitadi.
Respublikada turizm sohasining ahvoli va uning taraqqiyoti istiqbolini ko‘rib chiqadi.
Kengashni “O‘zbekturizm”ning raisi boshqaradi, u ayni chog‘da lavozimiga ko‘ra boshqaruv raisi ham hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan tayinlanadi.
Kengash yig‘ilishi yiliga kamida bir marta o‘tkaziladi.
9. “O‘zbekturizm” boshqaruvi tarkibi 7 kishidan iborat bo‘ladi. Boshqaruv tarkibi kompaniya raisi, lavozimiga ko‘ra birinchi o‘rinbosar, o‘rinbosarlar, shuningdek kompaniya apparati va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlaridan tashkil topadi.
Boshqaruv Kengashning ijro etuvchi organi hisoblanadi hamda “O‘zbekturizm” yig‘ilishlari orasidagi davrda uning faoliyatiga rahbarlik qiladi.
“O‘zbekturizm” boshqaruvi:
respublikada turizmning moddiy bazasini va infrastrukturasini rivojlantirish istiqbolini ko‘rib chiqadi;
xodimlar mehnatiga haq to‘lash tizimini va shartlarini belgilaydi;
“O‘zbekturizm”ning markazlashtirilgan va boshqa jamg‘armalarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
“O‘zbekturizm”ning markazlashtirilgan va boshqa jamg‘armalariga so‘mlarda va valyutada chegirmalar normativlarini hamda ularni sarflash tartibini belgilaydi;
kompaniyaning boshqarmalari va bo‘limlari, uning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlashni va lavozimdan ozod qilishni tasdiqlaydi, ularning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitadi;
“O‘zbekturizm” vakolatiga kiruvchi boshqa joriy va istiqbolli masalalarni ko‘rib chiqadi.
Boshqaruv yig‘ilishi kamida ikki oyda bir marta o‘tkaziladi.
10. “O‘zbekturizm” raisi:
“O‘zbekturizm” faoliyatiga, uning Kengashi va Boshqaruviga yakkaboshchilik va kollegiallikni qo‘shib olib borish asosida rahbarlik qiladi.
“O‘zbekturizm” zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, rais o‘rinbosarlarining, “O‘zbekturizm” tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining mas’uliyati darajasini belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari asosida buyruqlar, farmoyishlar va boshqa normativ hujjatlar chiqaradi;
o‘rinbosarlar o‘rtasida vazifalar taqsimotini, bo‘linmalarning tuzilmasini tasdiqlaydi, ish haqi fondi doirasida apparat xodimlarining va tuzilma bo‘linmalari rahbarlarining lavozim maoshlarini belgilaydi;
apparat xodimlarini, kompaniya nomenklaturasiga kiradigan tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
11. “O‘zbekturizm” raisining birinchi o‘rinbosari hamda o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
12. “O‘zbekturizm” raisi, uning o‘rinbosarlari mintaqaviy bo‘linmalar va tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlari vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar, xorijiy firmalar va kompaniyalar bilan tijorat hamda mehnat aloqalari o‘rnatishlari, shuningdek xizmat vazifalarini bajarishdan foyda ko‘rishga olib keluvchi boshqa harakatlarni amalga oshirishlari mumkin emas.
V. Mol-mulki
13. “O‘zbekturizm”ning balansida aks ettirilgan, davlat mulki hisoblanadigan va to‘la xo‘jalik hisobi yuritish huquqi bilan “O‘zbekturizm”ga tegishli bo‘lgan asosiy fondlar hamda oborot mablag‘lar “O‘zbekturizm”ning mol-mulkini tashkil etadi.
14. “O‘zbekturizm” mulkini shakllantiruvchi manbalar quyidagilar hisoblanadi:
bajarilgan ish, mahsulotlarni sotish va xizmat ko‘rsatishdan, shuningdek xo‘jalik faoliyatining boshqa turlaridan olinadigan foyda va daromaddan chegirmalar;
mahalliy va xorijiy yuridik shaxslar hamda fuqarolar tomonidan ehson tarzida berilgan yoki sotib olingan mulk;
yuridik shaxslar va fuqarolarning jalb etilgan mablag‘lari hamda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro me’yorlar bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
VI . Moliya, kredit, hisob-kitob va hisobot
15. “O‘zbekturizm” va uning bo‘linmalari faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash faoliyatdan olingan xo‘jalik daromadi, kreditlar, badallardan olingan daromadlar va shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro me’yorlarga zid bo‘lmagan boshqa tushumlar hisobiga amalga oshiriladi.
16. “O‘zbekturizm” mablag‘laridan joriy hamda istiqboldagi faoliyatni amalga oshirish va rivojlantirishda, banklar, chet ellik sheriklar, ta’minotchilar, pudratchilar bilan hisob-kitob qilishda, materiallar, asbob-uskunalar, boshqa mulklarni sotib olishda, binolarning ijara haqini to‘lashda, turizm obyektlarini qurish va qayta qurishda, eksport-import a’mollarini o‘tkazishda, “O‘zbekturizm” faoliyatini boshqarishni ta’minlashda foydalaniladi.
17. Soliqlar va budjetga boshqa to‘lovlar to‘langandan keyin qolgan foyda (shu jumladan, valyutada) (sof foyda) “O‘zbekturizm” boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq qayta taqsimlanadi va sarflanadi.
18. “O‘zbekturizm” buxgalteriya, tezkor va statistika hisob-kitobini olib boradi, belgilangan tartibda o‘z faoliyatining barcha turlari bo‘yicha, belgilangan shakllar bo‘yicha va belgilangan muddatlarda tegishli organlarga hisobot taqdim etadi, ularning ishonchliligi uchun javob beradi.
19. “O‘zbekturizm” o‘z tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlar ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyatining barcha jihatlarini yiliga kamida bir marta taftish qilishni amalga oshiradi.
VII. “O‘zbekturizm”ni qayta tashkil etish va tugatish
20. “O‘zbekturizm”ni qayta tashkil etish (qo‘shish, birlashtirish, bo‘lish, ajratish) va tugatish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
21. Ushbu Ustavda aks ettirilmagan masalalar “O‘zbekturizm”ning barcha xo‘jalik subyektlari bilan tuzadigan shartnomalari orqali tartibga solinadi.