Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek ulugʻ maqsadga erishish yoʻlida asosiy tayanchimiz boʻlgan azmu shijoatli yoshlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularga barcha sohalarda oʻz iqtidori va salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.
Ayniqsa, umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim muassasalarini tamomlab, mustaqil hayotga qadam qoʻyayotgan yigit-qizlarni munosib ish va daromad manbai bilan taʼminlash, ularga zamonaviy kasb-hunarlar, IT-texnologiyalarni oʻrgatish, tadbirkorlikka keng jalb etish, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Birgina 2021-yilning oʻtgan davrida yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi hisoblangan “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” asosida 430 ming nafar yigit-qizning hayotiy muammolarini hal etish uchun 300 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgani, 92 ming nafardan ziyod yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2,3 trillion soʻm imtiyozli kreditlar, qishloq joylarda yashayotgan 230 mingdan ortiq yoshlarga dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun 61 ming gektar yer maydoni ajratilgani bu boradagi ishlarning koʻlami tobora kengayib borayotganini koʻrsatadi.
Joriy yil 30-iyun kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumida ilgari surilgan yangi tashabbus va gʻoyalarni amalga oshirish hamda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini soʻzsiz taʼminlash maqsadida:
1. 2021-yil avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan har bir farzandi uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 500 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari rahbarlari — “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan farzandlari sonidan kelib chiqib, toʻlov vedomostlari shakllantirilishi hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari orqali ularga moddiy yordam pullarining oʻz vaqtida va manzilli yetkazilishini taʼminlasin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan farzandlariga 2021/2022 oʻquv yilida birinchi oʻquv yili uchun toʻlov-kontraktning toʻliq summasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida oʻz xonadonida qoʻshimcha uy-joy qurishi uchun 33 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi;
yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ipoteka dasturi doirasida boshlangʻich badal va foiz toʻlovlari boʻyicha qoʻshimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratiladi.
3. Belgilansinki, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab respublikadagi oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va oʻqish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida taʼlim kreditlari beriladi.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) Markaziy bank (M.B. Nurmuratov) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.X. Toshqulov) bilan birgalikda ikki hafta muddatda taʼlim kreditlarini berish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.
4. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda:
oliy va professional taʼlim muassasalarida oʻqish uchun tijorat banklaridan olingan taʼlim kreditlarini qoplashga yoʻnaltirilgan jismoniy shaxslarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq imtiyozlari qoʻllanishini;
yosh oila tomonidan olingan ipoteka kreditlarini va ular boʻyicha hisoblangan foizlarni er-xotin yoki ulardan birining yoshi belgilangan yoshdan oshguniga qadar har bir soliq davri davomida tegishli miqdorda qoplashga yoʻnaltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 300 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat budjeti hisobidan saqlanadigan shtat birliklari uchun Davlat budjeti mablagʻlari hamda budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan saqlanadigan shtat birliklari uchun tegishli tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 1-ilovaga muvofiq qoʻshimcha ustamalar toʻlab borish tartibi joriy etilsin.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.06.2025-y., 06/25/95/0531-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-sentabr)
Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 300 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari roʻyxati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan aniqlanadi va uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.06.2025-y., 06/25/95/0531-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-sentabr)
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan har yili 1-sentabrga qadar keyingi oʻquv yili uchun oylik ustamalar tatbiq etiladigan taʼlim yoʻnalishlari, tor mutaxassisliklar roʻyxati davlat organlari, tashkilot va muassasalarining takliflari asosida shakllantiriladi;
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
oylik ustamalar 2021-yil 1-oktabrdan boshlab Boshqaruv samaradorligi agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha boʻlgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qoʻshimcha ravishda har oy toʻlab boriladi.
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
6. 2021-yil 1-sentabrdan boshlab Toshkent shahrida Yoshlar biznes maktabi, 2022-yildan boshlab barcha hududlarda uning filiallari tashkil etilsin.
Quyidagilar Yoshlar biznes maktabining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
mamlakatimiz va chet elning yetakchi tadbirkor va biznes yurituvchilarini jalb etgan holda, yoshlarga tadbirkorlik faoliyati davomida yaxshi natijalarga erishish va biznes yuritishda xavf-xatarlardan himoyalanish usullarini oʻrgatish;
tadbirkorlikka qiziqqan yoshlarni biznes va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish, ularda zamonaviy biznes yuritish koʻnikmalarini shakllantirish, motivatsion biznes-seminarlar va treninglar tashkil etish.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Yoshlar biznes maktabi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
7. 2021-yil 1-oktabrdan boshlab yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap gʻoyalari tanlovlarini tashkil etish hamda har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan gʻolibga grantlar berish amaliyoti joriy etilsin.
Belgilansinki, eng yaxshi loyihalarning har biri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha grant mablagʻlari beriladi va ular 2022-2023-yillarda Davlat budjetidan 100 milliard soʻm miqdorida qoʻshimcha ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (D.A. Kuchkarov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abdurahmonov), Moliya vazirligi (J.I. Abruyev), Yoshlar ishlari agentligi (A.Z. Saʼdullayev):
bir oy muddatda startap gʻoyalari tanlovlarini ochiq va oshkora tashkil etish, loyihalarni baholash mezonlari va ularni amalga oshirishni muvofiqlashtirish tartibini tasdiqlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda startap gʻoyalarning amalga oshirilishiga koʻmaklashsin.
8. “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJga yoshlarning yangi gʻoyalar asosida ishlab chiqilgan innovatsion, startap va biznes loyihalarini moliyalashtirish vazifasi yuklatilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJga ushbu bandda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 70 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda, Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga past qilib beriladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son)
9. Xalq taʼlimi vazirligi (Sh.X. Shermatov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.X. Toshqulov) Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U.N. Tashkenbayev) bilan birgalikda 2021/2022 oʻquv yilidan bosqichma-bosqich umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida axborot texnologiyalari darslari Kembrij dasturi asosida oʻtkazilishini hamda oʻqituvchilarning ushbu dastur asosida qayta tayyorlanishini taʼminlasin.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov) 2021-yil yakuniga qadar barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlarini toʻliq yakunlasin.
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
yoshlar tomonidan koʻtarilgan taklif va tashabbuslar, muammo hamda masalalar yechimi yuzasidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kuni arafasida Hukumatning dasturi, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklarining alohida hududiy dasturlari qabul qilinadi;
mazkur dasturlar yoshlarning bilim va kasb-hunar egallashi, ular uchun munosib ish va turmush sharoitini yaratish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlardan iborat boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yoshlar ishlari agentligi (A.Z. Saʼdullayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yildan boshlab har yili 1-iyunga qadar mazkur bandda koʻrsatilgan Hukumat dasturi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, shuningdek, hududiy dasturlar qabul qilinishini tashkil qilsin.
(10-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
11. Oliy Majlis Senatiga:
a) yoshlarga oid davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida:
mazkur qarorning 10-bandida belgilangan Hukumat va hududiy dasturlarni oʻz vaqtida ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va toʻliq amalga oshirilishi yuzasidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatish, bu borada xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimini joriy etish;
faol va tashabbuskor yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirish;
xalq deputatlari Kengashlarida “Yoshlar parlamenti vakillari maktabi”ni tashkil qilish;
b) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda:
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul boʻlgan rahbarlarning Oliy Majlis palatalari va tegishli xalq deputatlari Kengashlariga hisobot berib borish tartibini joriy etish;
“Biz parlamentda yoshlarni qoʻllab-quvvatlaymiz” tashabbusni amalga oshirish;
xalq deputatlari Kengashlari tavsiyasi asosida yosh, fidoyi, azmu shijoatli yoshlarni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolariga biriktirish tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
13. Belgilansinki, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab hududlarda yoshlarni muntazam sport bilan shugʻullanishga jalb qilish maqsadida Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi 5 yilda gʻolib va sovrindor (1 — 3 oʻrin) boʻlgan sportchi-trenerlarga, shuningdek, olis va chekka hududlarda faoliyat yurituvchi sportchi-trenerlarga:
sport toʻgaraklarini tashkil etish uchun tuman va shaharlarda boʻsh turgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar elektron savdolar oʻtkazmagan holda, ushbu obyektga nisbatan belgilangan eng kam ijara toʻlovi stavkasining 50 foizi miqdorida ijaraga beriladi;
sport toʻgaraklarini tashkil etish uchun sport inventarlari, buyumlari va jihozlarini xarid qilish uchun budjet mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratiladi;
kamida 100 nafar yoshlarni muntazam sport bilan shugʻullanishini tashkil etgan taqdirda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda har oylik toʻlov joriy etiladi.
14. 2021-yil 1-oktabrdan boshlab har yili yoshlarga moʻljallangan badiiy asarlar mualliflarini ragʻbatlantirish maqsadida “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovini tashkil etsin.
Belgilansinki, tanlovda gʻolib deb topilgan mualliflarga birinchi oʻrin uchun — 100 million soʻm, ikkinchi oʻrin uchun — 75 million soʻm, uchinchi oʻrin uchun — 50 million soʻm mukofot mablagʻlari ajratiladi.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) mukofotlarni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni 2021-yilda Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilishini hamda 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq hajmda va sifatli bajarilishi uchun shaxsan masʼul ekanliklari koʻrsatib oʻtilsin.
16. Yoshlar ishlari agentligi (A.Z. Saʼdullayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazirning oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Saʼdullayev belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi toʻgʻrisida 2021-yilning 31-dekabr kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 13-iyul,
PF-6260-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PF-6260-son Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 300 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga toʻlab beriladigan qoʻshimcha ustamalar
MIQDORI
(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Xalqaro reytingdagi oʻrni | Ustamalar miqdori | ||
Bakalavriat | Magistratura | Ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) | |
1 — 100 | 30 | 40 | 75 |
101 — 300 | 20 | 30 | 60 |
Izoh: lavozim maoshlariga qoʻshib boriladigan ustamalar:
yosh mutaxassis diplom olgan yilda xalqaro eʼtirof etilgan (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education) reyting beruvchi tashkilotlarning yuqori 300 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini 2021-yil va kelgusi yillarda tamomlagan yosh mutaxassisga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda:
xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallari xalqaro eʼtirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlarning yuqori 300 talik roʻyxatiga alohida kiritilgan taqdirda inobatga olinadi;
oylik ustamalar tegishli davlat organlari, tashkilot va muassasalarida egallagan mutaxassisligi boʻyicha toʻliq bandlik rejimida ishlayotgan yosh mutaxassislarga nisbatan tatbiq etiladi;
ushbu qoʻshimcha ustamalar Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma oʻquv dasturlari asosida, shuningdek, onlayn (masofaviy) va sirtqi taʼlim shaklida oʻqigan yosh mutaxassislarga nisbatan tatbiq etilmaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
yosh mutaxassis ushbu jadvalda keltirilgan qoʻshimcha miqdorlarning bittasidan umumiy 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga oʻttiz yoshdan oshmagunga (oʻttiz bir yoshga toʻlmaganga) qadar foydalanishi mumkin.
(izohning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.06.2025-y., 06/25/95/0531-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-sentabr)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PF-6260-son Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar
DASTURI
Oldingi tahrirga qarang.
Izoh: normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari shakli oʻzgartirilishi va ular birlashtirilishi mumkin.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2021-y., 06/21/6260/0673-son; 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son; 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son; 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son; 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son; 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son; 23.06.2025-y., 06/25/95/0531-son; 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)