Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Nodavlat taʼlim tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va taʼlim jarayonida yoshlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Zamonaviy talablarga mos keladigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, nodavlat taʼlim tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash va taʼlim jarayonida yoshlar ishtiroki uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Nodavlat taʼlim tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
2021-yil 1-avgustdan 2024-yil 1-yanvarga qadar taʼlim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarining 50 foizigacha, biroq davlat koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanganlik uchun ijara toʻlovining qonunchilikda belgilangan minimal stavkasining 50 foiz miqdoridan koʻp boʻlmagan miqdorda davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish. Bunda, ushbu tartib Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan va taʼlim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlarga tatbiq qilinmaydi.
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenbayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov) bilan birgalikda bir oy muddatda nodavlat taʼlim tashkilotlariga ijara toʻlovi xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, mazkur toʻlovlarning yillik summasi har chorakda teng ulushlarda toʻlab berilishi nazarda tutilsin.
2. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyuldan 2024-yil 1-yanvarga qadar vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarning bino va inshootlarida (Toshkent va Samarqand shaharlaridan tashqari) faoliyatini amalga oshiradigan nodavlat taʼlim tashkilotlari:
ijara toʻlovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal toʻlovlar boʻyicha xarajatlar bundan mustasno);
taʼlim jarayoni natijasida olingan, oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarni (ish va xizmatlarni) taʼlim tashkilotlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar (qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi boʻyicha) tatbiq etilgan holda realizatsiya qilish huquqiga ega.
3. Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov), tizimida davlat umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov) bilan birgalikda darsdan boʻsh vaqtlarda, shu jumladan yozgi taʼtil vaqtida quyidagi davlat mulki obyektlarining nodavlat taʼlim tashkilotlariga ijaraga berilishini taʼminlasin:
maktabdan tashqari taʼlim kurslarini, shuningdek, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun davlat umumiy oʻrta va oliy taʼlim muassasalari boʻsh maydonlarini;
aholining kompyuter savodxonligi boʻyicha kurslar tashkil etish uchun qishloq joylarda joylashgan davlat umumiy oʻrta va professional taʼlim muassasalaridagi kompyuter sinflarini.
Bunda, mazkur bandning uchinchi xatboshisida belgilangan kurslarni tashkil etish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan jalb qilingan oʻqituvchilarning ish haqi xarajatlarining bir qismi oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 6 barobarigacha miqdorida tegishli mahalliy budjetlar hisobidan 2024-yil 1-yanvarga qadar kompensatsiya qilinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5117-son qarori bilan qishloq hududlarida xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga 50 mln soʻmgacha mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan bir martalik subsidiya ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi (S. Obidov) Moliya vazirligi (J. Abruyev), Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenbayev) bilan birgalikda bir oy muddatda hududlarda xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar ajratish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-oktabrdan boshlab soliq toʻlovchi tomonidan tegishli xalqaro uyushmaga aʼzo boʻlish uchun aʼzolik badallariga hamda qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlariga yoʻnaltiriladigan oʻzining ish haqi va boshqa daromadlari summasi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi.
Bunda, mazkur soliq imtiyozlari bazaviy hisoblash miqdorining 8 barobarigacha boʻlgan summaga, shuningdek, oʻquv kursidan muvaffaqiyatli oʻtgan hamda tegishli xalqaro uyushma aʼzosi sifatida aʼzolik badallari toʻlovini va koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovni tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlganda qoʻllaniladi.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) ikki oy muddatda mazkur bandning birinchi xatboshisi bilan joriy qilinayotgan tartibni amaliyotda toʻliq qoʻllash uchun tegishli qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Moliya vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzurida Moliyaviy hisobot va auditning xalqaro standartlari boʻyicha innovatsion malaka oshirish resurs markazini (keyingi oʻrinlarda — Moliyaviy hisobot boʻyicha resurs markazi), shuningdek, Buxgalteriya hisobi va soliqlar boʻyicha nodavlat malaka oshirish resurs markazini (keyingi oʻrinlarda — Buxgalteriya hisobi boʻyicha resurs markazi) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin hamda quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilansin:
soha mutaxassislari va professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish;
tegishli taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari talabalari amaliyotini tashkil etish va tegishli sharoitlar yaratish;
soha mutaxassislari, professor-oʻqituvchilar va talabalarni tegishli darsliklar bilan taʼminlash;
oʻquv qoʻllanmalarini davlat tili va boshqa tillarga tarjima qilish;
masofaviy oʻqitishdan keng foydalanish, elektron kutubxona (elektron kitoblar, video darsliklar, taqdimotlar va testlar) tashkil etish va uning adabiyotlar fondini boyitish;
zarur taʼlim muhitini yaratish maqsadida axborot resurslaridan bepul foydalanishni taʼminlash.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Moliyaviy hisobot boʻyicha resurs markazining Vasiylik kengashi tarkibi Moliya vazirligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya instituti, buxgalterlar va auditorlarning respublika jamoat birlashmalari rahbar va xodimlaridan tashkil topadi;
Moliyaviy hisobot boʻyicha resurs markazining Vasiylik kengashi oliy taʼlim muassasalari va nodavlat taʼlim tashkilotlarida pedagogik mahoratni oshirish hamda talabalar, amaliyotchi mutaxassislarda ilgʻor amaliy koʻnikmalarni shakllantirish boʻyicha ushbu markaz tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini har yili tasdiqlaydi;
Buxgalteriya hisobi va soliqlar boʻyicha resurs markazi Moliya vazirligi tomonidan nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlov natijalari boʻyicha tashkil qilinadi.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov):
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov) bilan birgalikda Moliyaviy hisobot boʻyicha resurs markazi va Buxgalteriya hisobi boʻyicha resurs markazi faoliyatini 2021-2022-yillar davomida toʻliq yoʻlga qoʻysin hamda ularni yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
2021-2022-yillar davomida Moliyaviy hisobot boʻyicha resurs markazi hamda Buxgalteriya hisobi boʻyicha resurs markaziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun 500 million soʻmdan mablagʻ ajratsin. Bunda, 2021-yil xarajatlari respublika budjetining qoʻshimcha daromadlari hisobidan qoplanadi.
8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Moliya vazirligi huzuridagi oʻquv markazi hamda Samarqand iqtisodiyot va servis institutini buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning akkreditatsiyasidan oʻtkazish choralarini koʻrsin.
Belgilansinki:
buxgalteriya hisobi va audit sohasida oʻquv dasturlari va oʻqituvchilarni xalqaro tashkilotlarning akkreditatsiyasidan oʻtkazishga tayyorlash doirasida yuqoridagi oliy taʼlim muassasalarining har biriga 2022-yilda 100 million soʻmdan mablagʻ ajratiladi;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti va Samarqand iqtisodiyot va servis instituti xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan taqdirda, ularning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun 2023-yilda 1 milliard soʻmdan bir martalik ragʻbatlantirish mablagʻlari ajratiladi.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) ushbu bandda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun tegishli mablagʻlarni 2022 — 2023-yillarda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
9. Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib xalq taʼlimi vaziri Sh. Shermatov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. Toshkulov, moliya vaziri T. Ishmetov, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U. Tashkenbayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-iyun,
PQ-5161-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 07/21/5161/0595-son; 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)