Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING NAZORAT-TAFTISh BOSh BOShQARMASI va uning joylardagi organlari TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 11-fevraldagi 66-sonli “Budjet intizomiga rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotdi.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi va uning joylardagi organlari toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston SSR Moliya ministrligining kontrol-reviziya boshqarmasi va uning mahalliy organlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1960-yil 15-avgustdagi 703-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosari I. JOʻRABEKOV
Toshkent sh.,
1992-yil 28-dekabr,
594-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi va uning joylardagi organlari toʻgʻrisida
NIZOM
1. Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining, joylardagi nazorat-taftish boshqarmalari esa Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Nazorat-taftish Bosh boshqarmasining tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi.
2. Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi va uning tarkibiy boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, hokimliklar hamda boshqa muassasa va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetining bajarilishini nazorat qilishni amalga oshiradi.
3. Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi va uning tarkibiy boʻlinmalari oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining buyruqlari, yoʻriqnomalari, koʻrsatmalari, meʼyoriy aktlari, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomga va mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Nazorat-taftish Bosh boshqarmasining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
a) vazirliklar, davlat birlashmalari, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, muassasalar, kooperativlar, jamoat tashkilotlari, mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, boshqa tuzilmalar tomonidan moliya-budjet qonunchiligiga rioya qilinishini, shuningdek ularning budjet mablagʻlari va oʻz mablagʻlaridan toʻgʻri, tejamli va belgilangan maqsadda foydalanishlarini nazorat qilish;
b) moliya organlarining Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat budjetlarini, mahalliy budjetlarni bajarish boʻyicha ishini, shuningdek davlat va tijorat sugʻurtasi sugʻurta organlarining, respublika jamgʻarma banki va uning joylardagi organlarining faoliyatini tekshirish;
v) Markaziy bank, ixtisoslashtirilgan banklar muassasalari va ularning joylardagi organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetini bajarish qoidalariga rioya etilishini tekshirish;
g) Nazorat-taftish Bosh boshqarmasining joylardagi apparati faoliyatiga metodik rahbarlik qilish, taftish va tekshiruvlar masalasi boʻyicha amaldagi qonunchilikning qoʻllanilishi amaliyotini umumlashtirish, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
d) taftish va tekshiruvlar natijasida aniqlangan kamchilik va buzilishlarni bartaraf etish boʻyicha nazoratni tashkil qilish;
e) fuqarolarning oʻgʻirlik, moliyaviy intizomning buzilishi va xoʻjasizlik hollari bayon etilgan xat, shikoyat va arizalarini koʻrib chiqish hamda bu xatlarni tekshirish chora-tadbirlarini koʻrish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga egadir:
a) vazirliklar, idoralar, birlashmalar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar hamda mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa tuzilmalari, davlat, kooperativ va jamoat tashkilotlarining moliyaviy faoliyatini, shuningdek ularning idoraviy nazorat-taftish xizmatlarining holatini taftish qilish va tekshirish;
b) taftish qilinayotgan korxona, birlashma, konsern, uyushma, tashkilot, muassasalarning pul va buxgalteriya hujjatlari, hisobotlari, smetalarini hamda pul mablagʻlari va moddiy boyliklarning toʻgʻri sarflanganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni, pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar va moddiy boyliklarning mavjudligini tekshirish, shuningdek taftish va tekshiruvlar oʻtkazish vaqtida yuzaga kelgan masalalar xususida zarur maʼlumotlarni olish;
v) qurilish, montaj, tuzatish va boshqa ishlarning hajmini nazorat oʻlchovidan oʻtkazish, xomashyo, materiallarning ishlab chiqarishga toʻgʻri sarflanishini nazorat qilish, xomashyo, materiallar tayyor mahsulotlarni nazorat tariqasida tahlil qilish va boshqa tekshirishlar oʻtkazish uchun tegishli vazirliklar, idoralar, birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va banklardan mutaxassislar jalb qilish;
g) tekshirish oʻtkazilayotgan obyekt rahbarlaridan asosiy fondlar, moddiy-tovar boyliklar, pul mablagʻlari va hisob-kitoblar boʻyicha inventarizatsiya oʻtkazishni talab etish, zarur hollarda kassa va kassa xonalari, omborlar, arxivlarni muhrlash, qalbakilik, soxtalik va boshqa suiisteʼmolliklar aniqlangan taqdirda zarur hujjatlarni olish va ularning oʻrniga hujjatlar yigʻmajildida hujjat olinganligi haqidagi dalolatnoma va olingan hujjatlarning nusxalari yoki reyestrlarini qoldirish;
d) Markaziy bank, ixtisoslashtirilgan banklar, tijorat banklari muassasalaridan va boshqa kredit muassasalaridan taftish qilinayotgan korxona va tashkilotlar aʼmollari bilan bogʻliq boʻlgan hisob-kitoblar va ular boʻyicha oborotlarning ahvoli, taftish qilinayotgan muassasalar kreditlarning ahvoli va boshqa masalalar yuzasidan zarur maʼlumotlar, maʼlumotnomalar va hujjatlarning nusxalarini olish;
e) boshqa muassasalar va tashkilotlardan taftish qilinayotgan muassasa va tashkilotlar bilan aʼmollar va hisob-kitoblar boʻyicha maʼlumotnomalar va hujjatlarning nusxalarini olish;
j) taftish oʻtkazilayotgan korxona yoki tashkilotning mansabdor va moddiy javobgar shaxslaridan taftish va tekshiruv jarayonida yuzaga keladigan masalalar boʻyicha yozma yoki ogʻzaki tushuntirish olish, shuningdek taftish va tekshirish dalolatnomalari hamda maʼlumotnomalarini imzolashni talab qilish;
z) tekshirish va taftish natijasi boʻyicha taftish qilingan tashkilot, korxona va muassasalar maʼmuriyatiga aniqlangan moliyaviy qonunchilik buzilishini bartaraf etish, moddiy zararni undirish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan tegishli takliflar berish;
6. Nazorat-taftish apparati tomonidan oʻtkazilgan taftish jarayonida pul mablagʻlari va moddiy boyliklarni oʻgʻirlash va boshqa suiisteʼmolliklar aniqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi va uning joylardagi organlari taftish va tekshirishlar materiallarini qonunda belgilangan muddat ichida aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun tergov organlariga topshiradi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi oʻz faoliyatini amalga oshirishda oʻz ishini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat nazorati qoʻmitasi va respublika huquqni muhofaza qilish organlari bilan muvofiqlashtiradi.
8. Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi oʻz ishini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hayʼati tomonidan tasdiqlangan reja asosida olib boradi.
9. Nazorat-taftish Bosh boshqarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri tomonidan tayinlanadigan boshliq rahbarlik qiladi.
10. Nazorat-taftish Bosh boshqarmasining boshligʻi belgilangan tartibda tasdiqlangan shtat jadvaliga muvofiq oʻz oʻrinbosarlariga ega boʻladi.
Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi xodimlarining xizmat vazifalari doirasi belgilangan tartibda tasdiqlangan xodimlar lavozimlari, malaka maʼlumotnomalari, lavozim yoʻriqnomalari va farmoyishlarga muvofik, shuningdek Bosh boshqarmaga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda Bosh boshqarma boshligʻi tomonidan belgilanadi.
11. Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi boshligʻi:
Bosh boshqarma zimmasiga yuklatilgan topshiriq va vazifalarni bajarishni puxta tashkil etishni, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligini toʻgʻri qoʻllanishni;
kadrlar boshqarmasi bilan birgalikda kadrlarni tanlash va ularni joy-joyiga qoʻyish, ish malakasini oshirishga, kadrlarni tarbiyalashga, davlat ijro va mehnat intizomini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlaydi.
12. Nazorat-taftish Bosh boshqarmasining boshligʻi Bosh boshqarma zimmasiga yuklatilgan vazifa va topshiriqlarning bajarilishi, shuningdek Bosh boshqarma tomonidan oʻtkaziladigan ishlarning davlat siri va maxfiyligi tartibi saqlanishi uchun shaxsan javob beradi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha nazorat-taftish boshqarmalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Nazorat-taftish Bosh boshqarmasining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadilar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi Nizom va mazkur Nizom asosida faoliyat koʻrsatadilar
14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha nazorat-taftish boshqarmasi, boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tayinlanadilar hamda quyidagi huquqlarga ega boʻladilar:
nazorat-taftish boshqarmasi xodimlarini ishga olish, ishdan boʻshatish va boshqa joyga oʻtkazish (moliya organlari rahbarlari bilan kelishgan holda), Oʻzbekiston Respublikasining mehnat qonunlari kodeksiga muvofiq ragʻbatlantirish va intizomiy jazolash, xodimlarni xizmat safarlariga yuborish haqida buyruqlar chiqarish;
nazorat-taftish boshqarmasi tomonidan yuboriladigan xat va buyruqlarni imzolash;
xodimlarning xizmat guvohnomalarini hamda ularga taftish-tekshirish huquqini beruvchi bir martalik farmoyishlar (guvohnomalar)ni imzolash.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha nazorat-taftish boshqarmalari dumaloq muhrga, toʻrtburchak muhrga va maxsus blankaga ega boʻladi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha nazorat-taftish boshqarmalarining tashkiliy tuzilishi va funksional vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.