Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ AHOLISIGA SAVDO XIZMATI KOʻRSATISh MASALALARIDA OʻZBEKBIRLAShUV FAOLIYATINI YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi matlubot kooperatsiyasi tizimidagi korxonalar tomonidan aholiga savdo xizmati koʻrsatishning ahvolini oʻrganishni tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoyishiga muvofiq oʻtkazilgan tekshirishlar natijasida respublika qishloq aholisiga savdo xizmati koʻrsatishda jiddiy kamchiliklar va nuqsonlar aniqlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tuman hokimliklari, Oʻzbekbirlashuv va Davlat mulki qoʻmitasi, ularning joylardagi boʻlinmalari rahbarlari Hukumatning kooperativ mulkni xususiy mulkka va xoʻjalik yuritishning boshqa shakllariga aylantirish toʻgʻrisida ilgari qabul qilingan qarorlari sifatli va samarali bajarilishini taʼminlamadilar. Matlubot kooperatsiyasining savdo va boshqa korxonalarining koʻpchilik qismi mulkdorlarga ularning moliyaviy imkoniyatlari yetarlicha oʻrganilmasdan sotilgan.
Mulkchilik shaklini oʻzgartirgan doʻkonlarning faoliyati ikki tomonlama shartnomalar asosida yetarli darajada nazorat qilinmaydi, koʻpchilik hollarda ular tovarlarning oz miqdorda boʻlishiga koʻnikib qolishgan, koʻp hollarda ularning peshtaxtalari boʻshligicha qolmoqda.
Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish va respublika qishloq aholisiga savdo xizmati koʻrsatishni yaxshilash, iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish, qishloq savdo korxonalari va tashkilotlarini bozor sharoitlariga moslashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekbirlashuv va uning joylardagi boʻlinmalarining savdo korxonalarini aksiyadorlashtirish va ularning mulkchilik shaklini oʻzgartirish yuzasidan Hukumatning ilgari qabul qilingan qarorlari bajarilishini tashkil etish, qishloq aholisiga xizmat koʻrsatishda ularni islohotlarga tayyorlashga doir ishlari qoniqarsiz deb hisoblansin.
Boshqaruv faoliyatiga rahbarlik qilishni va qishloq aholisiga savdo xizmati koʻrsatishni tubdan yaxshilash boʻyicha oʻziga qarashli aksiyadorlik jamiyatlari ishini muvofiqlashtirishni susaytirganligi, tizimda iqtisodiy islohotlar qoniqarsiz amalga oshirilganligi, kooperativ mulkni mulkchilikning boshqa turlariga aylantirish samaradorligini yetarlicha nazorat qilmaganligi uchun Oʻzbekiston matlubot kooperatsiyasi aksiyadorlik jamiyatlari markaziy uyushmasi raisi F.J. Burxonovga hayfsan eʼlon qilinsin.
Bosh vazirning oʻrinbosari M.Z. Usmonovga oʻzi boshchilik qilayotgan xalq isteʼmol tovarlari, savdo va pulli xizmat koʻrsatish kompleksining Oʻzbekbirlashuv tizimida islohotlarga koʻmaklashish va qishloqda savdo xizmati koʻrsatishni yaxshilash boʻyicha faoliyatiga yetarlicha rahbarlik qilmaganligi va nazoratni susaytirganligi koʻrsatib oʻtilsin.
Matlubot kooperatsiyasi aksiyadorlik jamiyatlari markaziy uyushmasi (Burxonov)ga joylardagi boʻlinmalar rahbariyatini bozor oʻzgartirishlarini oʻtkazishga moyil boʻlgan mutaxassislar orasidan malakali kadrlar bilan mustahkamlash topshirilsin, joylardagi aksiyadorlik jamiyatlarining ishlab turgan rahbarlari aniqlangan kamchiliklarni bir oy muddatda bartaraf etish uchun shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsin, aks holda ularga nisbatan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq eng qattiq choralar koʻriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyat hokimlarining eʼtibori qishloq aholisiga savdo xizmati koʻrsatishni tashkil etishda jiddiy kamchilik va nuqsonlar mavjudligiga, qishloq aholisini kundalik zarur mollar bilan oʻz vaqtida taʼminlashga qaratilsin hamda ular ushbu ishlarning ahvoli uchun shaxsan javobgar ekanliklari haqida ogohlantirilsin.
2. Oʻzbekbirlashuv tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan qishloq aholisiga savdo xizmati koʻrsatish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va kundalik eng zarur oziq-ovqat va nooziqovqat tovarlari zaxiralari tashkil etish masalalarida Oʻzbekbirlashuv faoliyatini yaxshilash dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Oʻzsavdogarbank” va “Paxta-bank”ka “Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi ishtirokida matlubot kooperatsiyasi korxonalariga mulkni yoki sotib olingan tovarlarni garovga qoʻygan holda, ular sotilishi davomida kreditlar qaytarilishi sharti bilan, eng zarur oziq-ovqat tovarlari xarid qilish uchun kreditlar berish amaliyotini qoʻllash tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekbirlashuvga matlubot kooperatsiyasi korxonalari aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 2 yil muddatga 300 mln. soʻm kredit resurslari ajratsin hamda 1996-yilda berilgan 500 mln. soʻm miqdoridagi kredit resurslari qaytarilishini 1 yil muddatga kechiktirsin.
5. Oʻzbekbirlashuv “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xorijiy investitsiyalar boʻyicha agentlik, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda tarmoqqa chet el investitsiyalarini jalb qilish dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin, unda qishloq joylarda yangi ish oʻrinlari tashkil etilishiga alohida eʼtibor bersin.
Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasi matlubot kooperatsiyasi aksiyadorlik jamiyatlari uchun sanoat korxonalarini qayta jihozlash, kichik, oʻrta korxonalarni va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, xomashyo va butlovchi materiallar xarid qilish bilan bogʻliq mablagʻlarni konvertatsiya qilish masalalarida Oʻzbekbirlashuvga zarur yordam koʻrsatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Oʻzbekbirlashuv tizimi korxonalari tomonidan Hukumatning qishloq doʻkonlarida eng zarur asosiy oziq-ovqat va nooziqovqat tovarlarining majburiy ravishda mavjud boʻlishi, ular tomonidan kassa apparatlari qoʻllanilishiga doir qarorlari oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 6-yanvardagi F-689-son farmoyishi bilan tashkil etilgan ishchi komissiyalar Oʻzbekbirlashuv va uning joylardagi boʻlinmalarining shu yil 9 oydagi ish yakunlari boʻyicha mazkur qarorning bajarilishini tekshirsinlar va Vazirlar Mahkamasiga zarur takliflar kiritsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M. 3. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 23-aprel,
208-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 23-apreldagi 208-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qishloq aholisiga savdo xizmati koʻrsatish masalalarida Oʻzbekbirlashuv faoliyatini yaxshilash
DASTURI
KIRISh
Aholiga savdo xizmati koʻrsatish masalalarida faoliyatni yaxshilash dasturi matlubot kooperatsiyasi tizimida savdo, umumiy ovqatlanish va xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish korxonalari faoliyati tahlilidan kelib chiqib ishlab chiqilgan.
Oʻtkazilgan tekshirish shuni koʻrsatdiki, qishloq aholisiga savdo xizmati koʻrsatishda bir qancha kamchiliklar va nuqsonlar mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-dekabrdagi 604-son qarori bilan belgilangan eng zarur asosiy tovarlarning chakana savdo tarmogʻida mavjud emasligi, shuningdek, ajratilgan fondlarning bir tekisda olinmasligi ayrim hollari mavjud.
Bir qancha chekka tumanlarda nazorat-kassa mashinalari ishi ustidan yetarli nazorat oʻrnatilmagan.
Bozor munosabatlariga oʻtish davrida tushuntirish ishlari sust olib borilmoqda, bu ayrim rahbarlarning ushbu sharoitlarda ishlashga tayyor emasligiga olib keldi.
Aylanma mablagʻlarga ehtiyoj boʻlgan holda obyektlarni kimoshdi savdolari orqali sotish sust bordi.
Ikki tomonlama shartnomalarga rioya qilish masalasida xususiylashtirilgan doʻkonlar ishi ustidan nazorat susaytirib yuborilgan. Qimmatli qogʻozlarni sotishda moʻljallangan surʼatga erishilmadi.
Matlubot kooperatsiyasi tizimida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni hisobga olib va ularni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekbirlashuv tomonidan 2000-yilgacha boʻlgan davrga uzoq muddatli dastur ishlab chiqilgan. Dastur quyidagi boʻlimlarni oʻz ichiga oladi.
I. KOOPERATIV MULKNI XUSUSIY MULKKA, MULKChILIKNING BOShQA ShAKLLARIGA AYLANTIRISh IShLARINI TUGALLASh VA MULKDORLAR SINFINI ShAKLLANTIRISh
Kooperativ mulkni mulkchilikning boshqa shakllariga bosqichma-bosqich aylantirish boʻyicha Hukumat qarorlarini bajara borib barcha faoliyat tarmoqlarining 14,3 ming obyekti sotildi. Ayrim holatlarga koʻra yangi mulkdorni shakllantirishga yetarlicha eʼtibor berilmadi. Ayrim hollarda ikki tomonlama tuzilgan shartnomalarga rioya qilinmadi.
Xususiy mulk egalari tomonidan ish ixtisosini oʻzgartirish hollariga yoʻl qoʻyildi, xususiylashtirilgan doʻkonlar peshtaxtalariga esa tovarlar eng kam hajmda tushdi.
Ishlab chiqilgan dasturda xususiylashtirilgan korxonalar ishini tahlil qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda doʻkonlarning faoliyati ixtisosligi saqlanib qolishi sharti bilan qishloq aholisini eng zarur oziq-ovqat tovarlari bilan izchil taʼminlash boʻyicha ikki tomonlama shartnomalardan kelib chiquvchi oʻzaro majburiyatlarga rioya qilishga doir mavjud qoidalarni qayta koʻrib chiqish nazarda tutilgan. Shartnomalar bajarilishiga rioya etilmagan hollarda qonun hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlarni qoʻllash. 1997-yilning birinchi oktyabrigacha qurilishi tugallanmagan obyektlarni, shuningdek, savdo korxonalarini, ijtimoiy soha obyektlarini keyinchalik kimoshdi savdosi va birja savdolarida sotgan holda ulardan samarali foydalanish maqsadida mavjud asosiy fondlarni qayta roʻyxatdan oʻtkazishni tugallash. Ikki tomonlama shartnomalarni 2000-yilgacha uzaytirish nazarda tutilmoqda.
II. QIShLOQ JOYLARDA XIZMAT KOʻRSATISh MADANIYATINI OShIRISh VA ISTEMOL BOZORINI XALQ ISTEMOL TOVARLARI BILAN TOʻLDIRISh
Qishloq aholisiga xizmat koʻrsatish darajasini oshirish uchun diqqat-eʼtibor savdo tizimi rahbarlari va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlashga, har bir viloyatda 72 ta “Supermarket” tipidagi doʻkonlar tarmogʻini tashkil etish, eski savdo nuqtalarini rekonstruksiya qilish va tuzatish, yangi zamonaviy doʻkonlar qurish, 464 ta “Xoʻjalik mollari”, “Madaniy mollar”, “Mebel”, “Dehqonchilik mahsulotlari” kabi ixtisoslashtirilgan doʻkonlarni tiklashga qaratiladi.
Oʻzbekbirlashuv, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari qishloq joylardagi xususiy va jamoa savdo korxonalari egalariga tizimning bazalari va yirik savdo tashkilotlari orqali isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish masalalarida amaliy yordam koʻrsatsinlar va qoʻllab-quvvatlasinlar. Xususiy va jamoa korxonalariga isteʼmol tovarlarini ulgurji sotish boʻyicha yirik univermaglar huzurida ixtisoslashtirilgan doʻkonlar va seksiyalarni qoʻshimcha ravishda tashkil etsinlar, ularga transport, qurilish xizmatlari koʻrsatsinlar va iqtisodiy oʻqishni tashkil etsinlar.
Boʻlimda oziq-ovqat va nooziqovqat xalq isteʼmol tovarlari tushishi manbalari nazarda tutilgan.
1997—2000-yillarda respublika sanoat korxonalaridan 122 mlrd. soʻmlik oziq-ovqat tovarlari tushishiga, ular bilan qishloq joylardagi savdo tashkilotlarining toʻldirilishiga alohida eʼtibor beriladi. 1997—2000-yillarda tovarlarning 21,1 mlrd. soʻmlik bir qismini matlubot kooperatsiyasining oʻz korxonalarida ishlab chiqarish moʻljallanmoqda.
III. XALQ ISTEMOL TOVARLARI IShLAB ChIQARISh OʻZ BAZASINI RIVOJLANTIRISh
Ishlab chiqarishning oʻz bazasini rivojlantirish ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish, chet el investitsiyalarini jalb etish hisobiga mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishni va uning hajmlarini koʻpaytirishni nazarda tutadi.
Oziq-ovqat tovarlarining yangi turlarini ishlab chiqarishga, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga, ixcham, chiroyli idishlarda raqobatga bardoshli mahsulot ishlab chiqarishga katta eʼtibor beriladi. Buning uchun Oʻzbekiston, Samarqand, Xorazm, Buxoro konserva zavodlarini texnologik qayta jihozlash nazarda tutilgan. 1997—2000-yillarda yangi mahsulotlarning 15 turini oʻzlashtirish moʻljallangan.
IV. TAShQI IQTISODIY FAOLIYAT VA QOʻShMA KORXONALAR
Tashqi iqtisodiy faoliyatni chuqurlashtirish mahalliy xomashyo resurslarini sotish bozorlarini kengaytirishga, oʻzaro foydali sheriklik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan, Importning oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida qoʻshma korxonalar tashkil etish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Xorijiy investitsiyalar boʻyicha agentlik bilan birgalikda tarmoqqa kamida 10 mln. AQSh dollari miqdorida chet el investitsiyalarini jalb etish masalasini hal etish moʻljallangan. 1997—2000-yillarda 22 ta qoʻshma korxona tashkil etiladi.
V. TAYYORLOV FAOLIYATI VA QIShLOQ XOʻJALIGI
Tayyorlov faoliyati yetishtirilgan mahsulotni kafolatli sotish, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari tayyorlash va sotishning ulgurji tizimini shakllantirish masalasida shaxsiy tomorqa egalari, fermer(dehqon) xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. 1997—2000-yillarda 2750 ming tonna, shu jumladan, fyuchers kontraktlari boʻyicha 40 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari tayyorlash, 425 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini respublika tashqarisiga joʻnatish moʻljallangan.
Umumiy ovqatlanish korxonalari va kolbasa ishlab chiqarishning goʻsht mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirish nazarda tutilgan, 4 yil ichida 29,5 ming tonna goʻsht yetishtiriladi.
VI. MODDIY-TEXNIK BAZANI RIVOJLANTIRISh
Investitsiya dasturida 1997—2000-yillarda oʻz mablagʻlari hisobidan 1939,8 mln. soʻm kapital qoʻyilmalarni qishloq ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirishga, boʻshab qolgan qishloq aholisini xizmatlar va ishlab chiqarish sohasiga jalb etish nazarda tutilgan.
Dasturning bajarilishi xizmat koʻrsatish sohasiga 17 ming kishini jalb etish imkonini beradi.
VII. SAVDO TAShKILOTLARINING MOLIYAVIY AHVOLINI BARQARORLAShTIRISh
Savdo tashkilotlarini moliyaviy barqarorlashtirish dasturning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi, chunki aholini oziq-ovqat va nooziqovqat tovarlari bilan uzluksiz taʼminlash koʻp jihatdan mana shu omillarga bogʻliqdir.
Dasturda 1997—2000-yillarda jamoalar aʼzolarining 1300 mln. soʻm oʻz mablagʻlarini jalb etish, 1019 mln. soʻm aksiyalar ulushini erkin sotish va tijorat banklarining kredit resurslarini olish hisobiga savdo tashkilotlarini aylanma mablagʻlar bilan toʻldirish moʻljallangan.
Shu yilning 9 oyi ichida erkin sotish uchun moʻljallangan 401 mln. soʻmlik aksiyalar ulushini fond birjasi orqali sotish, 1998-yildan boshlab har yili 206 mln. soʻmdan aksiyalar ikkilamchi emissiyasini chiqarishga kirishish, shuningdek, debitorlik va kreditorlik qarzlarni eng kam darajaga keltirish nazarda tutilgan.
VIII. KADRLAR SIYOSATI VA IJTIMOIY HIMOYA
Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish sharoitlarida kadrlarning sifat tarkibini qayta koʻrib chiqish zaruriyati paydo boʻldi. Shu munosabat bilan hamma joyda moddiy javobgar shaxslar va rahbar kadrlarni navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazish amalga oshiriladi. Kadrlar bozor oʻzgartirishlarini amalga oshirishga ishtiyoqli mutaxassislar orasidan tanlanadi.
Tizimning oʻquv yurtlarida bozor iqtisodiyotiga yoʻnaltirilgan kadrlarni tayyorlash moʻljallangan. Shu jumladan, 1997—2000-yillarda oliy maʼlumotli 1200 mutaxassis, oʻrta maʼlumotli 8 ming mutaxassis tayyorlanadi. Ishlayotgan mutaxassislar uchun iqtisodiy taʼlim maktabi tashkil etiladi.