O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
EKSPORTGA YO‘NALTIRILGAN MAHSULOTLAR AYRIM TURLARINI ISHLAB CHIQARISHNI KO‘PAYTIRISHNING BIRINCHI NAVBATDAGI LOYIHALARINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Jahon bozorida xaridorgir eksport mahsulotlarning ayrim turlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish, O‘zbekiston Respublikasi sanoatining ustuvor tarmoqlarini eng qisqa muddatlarda jadal rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan ko‘p valyuta talab etadigan import tovarlarning o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ayrim turlarini ishlab chiqarishning birinchi navbatdagi ustuvor loyihalari ro‘yxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
“O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi 1-ilovada ko‘rsatilgan loyihalarni O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritsin.
2. Amalga oshirish uchun qabul qilingan va ilovaga kiritilgan loyihalarni ro‘yobga chiqaruvchi “O‘zbekyengilsanoat”, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat”; “O‘zkimyosanoat” uyushmalari, “O‘zqurilishmateriallari” konserni, “Ko‘mir” aksionerlik birlashmasi obyektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirishni ta’minlasinlar. Shu maqsadlarda:
“O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda tomat pastasi ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar yetkazib berishga kontraktni rasmiylashtirsin;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “Ko‘mir” aksionerlik birlashmasi bilan birgalikda kaolin fabrikasi qurilishi loyihasini mablag‘ bilan ta’minlash uchun Shveysariya kredit muassasalari bilan tegishli bitimni rasmiylashtirishni ikki oy muddatda tugallash chora-tadbirlarini ko‘rsin.
3. “Maxsusqotishma” respublika birlashmasi ikki oy muddatda Chirchiq shahridagi O‘zbekiston o‘tga chidamli va qiyin eriydigan metallar kombinati negizida molibden va volfram ishlab chiqarishni ko‘paytirish loyihasi bo‘yicha hamkorlik sxemasini aniqlash masalasini ishlab chiqishni tugallasin.
4. “O‘zkimyosanoat”, “O‘zbekyengilsanoat” uyushmalari, va” “Maxsusqotishma” respublika birlashmasi ikki oy muddatda:
amalga oshirish rejalashtirilayotgan va 1-ilovaga kiritilgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslashlarini ishlab chiqishni ta’minlasinlar;
texnik-iqtisodiy asoslashlar tayyorlanishiga ko‘ra ularni ekspertizadan o‘tkazish uchun “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga o‘z vaqtida taqdim etilishini ta’minlasinlar.
5. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslashlari o‘z vaqtida ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasinlar. Bir oy muddatda ekspertiza yakunlangandan keyin O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ularni mablag‘ bilan ta’minlash sxemasi va manbalariga oid takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “O‘zkimyosanoat” uyushmasi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda karbamid ishlab chiqarishni ko‘paytirish va melamin ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalarining Yevropa qayta qurish va taraqqiyot banki tomonidan mablag‘ bilan ta’minlanishi to‘g‘risidagi masalani ishlab chiqsin.
6. Eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishning birinchi navbatdagi ustuvor loyihalarini amalga oshirish uchun:
ularni amalga oshirishda qatnashuvchi korxonalar o‘z moliyaviy mablag‘laridan va moddiy-texnika resurslaridan eng ko‘p darajada foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar;
Davlat mulki qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va “O‘zbekinvest” milliy sug‘urta kompaniyasi bilan birgalikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb etish, shu jumladan loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi korxonalarning aksiyalarini chet el investorlariga sotish yo‘li bilan ularning negizida aksionerlik jamiyatlari tashkil etish orqali jalb etish masalasini ishlab chiqsin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi bilan birgalikda respublikaga berilayotgan chet el kreditlaridan foydalanish masalasini ishlab chiqsin, Moliya vazirligiga 1-ilovaga muvofiq loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlash uchun chet el investitsiyalariga bo‘lgan talab doirasida belgilangan tartibda Hukumat kafolatlari berishga ruxsat etilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Adliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda bir oy muddatda Hukumat kafolatlaridan chet el kreditlari bo‘yicha qarzlarni to‘lash uchun foydalanilgan taqdirda qarzdor korxonalar bilan o‘zaro hisob-kitoblar tartibini ishlab chiqsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Moliya vazirligi bilan birgalikda qarzdor korxonalar tomonidan ularga 1-ilovaga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun berilgan kredit mablag‘lar o‘z vaqtida qaytarilishi ustidan samarali va amaliy nazoratni ta’minlasin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tarmoq uyushmalari, konsernlar, korporatsiyalar, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining hududiy bo‘linmalari va “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga eng kam mablag‘ sarflagan va mintaqalarning hududiy va tabiiy ustunliklaridan eng ko‘p darajada foydalangan holda tashqi bozorda xaridorgir va raqobatga bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida ishlab turgan eksportga yo‘naltirilgan korxonalar modernizatsiyalash va texnika bilan qayta jihozlash yuzasidan takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-martdagi 101-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli o‘rinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 23-avgust,
337-son