Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
Qarori
Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha parlament va deputatlar nazoratini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2024-yil 14-dekabrdagi 177-V-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi jamiyatimizning istiqboldagi taraqqiyotiga xizmat qiladigan barcha dolzarb masalalar va muammolarni qamrab olgan, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga qaratilgan keng koʻlamli vazifalarni nazarda tutuvchi yaxlit dasturiy hujjatga aylandi.
Murojaatnomada koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish, sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, tibbiyot sohasini raqamlashtirish koʻlamini yanada kengaytirish, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini rivojlantirish, ayniqsa, qishloqlar va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek sogʻlom turmush tarzini shakllantirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Eʼtirof etish kerakki, soʻnggi toʻrt yil ichida tibbiyotni rivojlantirish borasida keng qamrovli oʻzgarishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, hududlarda qishloq vrachlik punktlari, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalarini tashkil etish orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish tizimi takomillashtirildi hamda aholining ushbu xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi. Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishning yagona markazlashgan tizimi yaratildi, joylarda fuqarolarga yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmogʻi takomillashtirildi.
Shu bilan birga Murojaatnomada ilgari surilgan qator takliflar, sogʻliqni saqlash sohasida soʻnggi yillarda aniqlangan tizimli kamchilik va muammolar fuqarolarning sogʻligʻini kafolatli muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalarni faolroq amalga oshirishni taqozo qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, belgilab berilgan vazifalarning muhim ekanligidan kelib chiqib, quyi palata oʻzining nazorat-tahlil faoliyatini tashkil etishda birinchi navbatda Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbuslar va takliflarning amalga oshirilishi yuzasidan qatʼiy va har tomonlama parlament monitoringi tizimini shakllantirishi, belgilangan vazifalarning oʻz muddatida va sifatli bajarilishi holatini joylarga chiqqan holda oʻrganishi hamda taʼsirchan choralar koʻrishi, shuningdek bu borada hududlarda qatʼiy parlament nazoratini amalga oshirishi zarurligi kun tartibiga chiqmoqda.
Sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qabul qilingan qonun hujjatlari, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini va aholiga yaratilayotgan qulayliklarni keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish, shuningdek bu borada olib borilayotgan ishlarning holatiga tanqidiy jihatdan yondashgan holda, ularni mahalliy Kengashlarda doimiy ravishda muhokama qilib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda mamlakatimiz Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida tibbiyot sohasini taraqqiy ettirish yuzasidan belgilangan ustuvor vazifalarning oʻz vaqtida va samarali roʻyobga chiqarilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha parlament komissiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tuzilsin.
2. Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha parlament va deputatlar nazoratini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha parlament komissiyasiga Koʻmaklashuvchi guruh tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tuzilsin.
1 — 3-ilovalar berilmaydi.
4. Parlament komissiyasi zimmasiga:
komissiyaning har bir aʼzosini tegishli hududlarga masʼul etib biriktirish hamda ular tomonidan oʻz faoliyatini asosan joylarda tashkil etilishini belgilash;
Chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi uchun guruh aʼzolarining aniq yoʻnalishlar boʻyicha ixtisoslashtirilishini taʼminlash;
guruh aʼzolari oʻrtasida vazifalarni hamda oʻrganish mavzularini va obyektlarini aniq taqsimlash;
Chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalar ijrosining borishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish;
Komissiya yigʻilishlarini, qoida tariqasida, har oyda kamida bir marotaba oʻtkazish;
hududlarda muntazam ravishda oʻtkazilgan oʻrganish va monitoring natijalari mahalliy Kengashlarda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda atroflicha va tanqidiy ruhda muhokama etilishini taʼminlash;
hududlarda olib borilgan oʻrganishlar yakunlaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashida koʻrib chiqish uchun asoslantirilgan takliflar tayyorlash vazifalari yuklatilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aholi salomatligini mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Parlament komissiyasi bilan kelishilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Kadirov va Devoni rahbari M. Miralimov Parlament komissiyasi tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti (F. Otaxonov), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Davlat budjeti boshqarmasi (K. Ernazarov) va Yuridik boshqarmasi (B. Radjabov) Parlament komissiyasining soʻroviga asosan sogʻliqni saqlash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, sohaga ajratilayotgan budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi bilan bogʻliq masalalarni oʻz vaqtida va samarali koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
8. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari A. Kadirov va U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 18-yanvar,
707-IV-son