O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Test tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, jadal iqtisodiy o‘sish uchun mos professional kadrlarni tayyorlashda sog‘lom muhitni yaratish, xalqaro maydonda milliy kadrlarning raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida to‘plangan tajriba va ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Testologiya va pedagogik o‘lchovlar, chet tilidan malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda sohada yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Markaziy Osiyoda testologiya bo‘yicha mintaqaviy ilmiy maktab yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb ataladi) huzurida “Ilmiy-o‘quv amaliy markazi” davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda Ilmiy markaz deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Ilmiy markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
test materiallarini ishlab chiqish va ularning sifatini aniqlash, testologiya va pedagogik o‘lchovlar sohasidagi ilmiy-tadqiqot natijalarini nashr etish;
test materiallarini ishlab chiqish va ularning sifatini aniqlash bo‘yicha mutaxassislar — testologlarni tayyorlash, bu borada mahalliy va xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
shartnoma asosida qisqa va uzoq muddatli testologiya, pedagogik o‘lchovlar, chet tillari bo‘yicha tinglovchilarning malakasini oshirish, diagnostik test sinovlarini tashkil etish;
testologiya va pedagogik o‘lchovlar sohasida ilmiy izlanish olib boruvchi shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, xorijiy tajribani o‘rganish asosida milliy tizimni yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
xalqaro imtihon oluvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish.
3. Ilmiy markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-avgustdagi 511-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)
shartnoma bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(3-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Davlat test markazi bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Ilmiy markaz tuzilmasini tasdiqlasin, xodimlarning umumiy cheklangan soniga muvofiq ularning mehnatiga to‘lanadigan ish haqi miqdorlarini belgilasin;
Ilmiy markaz ustavini tasdiqlasin va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazsin.
5. 2020-yil 1-noyabrdan boshlab yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Davlat test markazi boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim baravar miqdorida qo‘llansin hamda bu bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori M.M. Karimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-sentabr,
562-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-sentabrdagi 562-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2018-yil, 4-son, 76-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 24-banddan o‘ninchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) 28-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qo‘shilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan imtiyozlarga ega bo‘lmagan abituriyentlarni Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali ham ro‘yxatdan o‘tishiga imkoniyat yaratish”;
uchinchi — o‘ninchi xatboshilar tegishli ravishda to‘rtinchi — o‘n birinchi xatboshilar deb hisoblansin;
v) 43-bandning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“abituriyentlarga test topshiriqlari kitobi va Davlat komissiyasi tomonidan namuna sifatida tasdiqlangan javoblar varaqalarini tarqatish”;
g) Nizomga 11-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining faoliyatini kuchaytirish to‘g‘risida” 2019-yil 9-iyuldagi 572-son qarorining 1-ilovasi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining
TUZILMASI
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 186 nafar.
Xizmat ko‘rsatuvchi va texnik xodimlar soni davlat boshqaruvchi organlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan normativlar asosida aniqlanadi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29 iyundagi 367-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2024-y., 09/24/367/0463-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.09.2020-y., 09/20/562/1294-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 03.07.2024-y., 09/24/367/0463-son; 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)