Norasmiy tarjima
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari aholisi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarini oqova suv xizmatlari bilan qamrab olish darajasini yanada oshirish, shuningdek, ushbu shaharlarda ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:
2016-yil 13-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi bilan Islom taraqqiyot banki (keyingi o‘rinlarda ITB deb ataladi) o‘rtasida “Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasini (keyingi o‘rinlarda loyiha deb ataladi) amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga 57,5 mln AQSH dollari miqdorida moliyaviy mablag‘lar berish to‘g‘risida Istisna’a bitimi va Istisna’a agentligi bitimi imzolandi.
loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining ulushi ekvivalentda 18,04 mln AQSH dollarini tashkil etadi, shundan ekvivalentda 14,7 mln AQSH dollari miqdorida soliq va bojxona imtiyozlari berish shaklida;
loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2017 — 2021-yillar) tashkil etadi.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
“Kommunxizmat” agentligi va Sirdaryo viloyati hokimligi loyihani amalga oshirish, ITB mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organlar hisoblanadi;
Sirdaryo viloyati “Suvoqova” davlat unitar korxonasi (keyingi o‘rinlarda — Sirdaryo viloyati “Suvoqova” DUK) loyihani texnik amalga oshirish bo‘yicha ijro etuvchi agentlik hisoblanadi;
ITB tomonidan ajratiladigan moliyaviy mablag‘larni, shu jumladan ustama haqni qaytarish bilan bog‘liq xarajatlar Sirdaryo viloyatining “Suvoqova” DUK va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziriga O‘zbekiston Respublikasi, “Kommunxizmat” agentligi, Sirdaryo viloyati hokimligi va Sirdaryo viloyatining “Suvoqova” DUK o‘rtasida ITBning moliyaviy mablag‘larini qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitimni imzolash vakolati berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi va ITB o‘rtasida tuzilgan Istisna’a agentligi bitimini hisobga olgan holda Istisna’a bitimi bo‘yicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
5. Quyidagilar:
“Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
“Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasi bo‘yicha ITBning jalb etilayotgan moliyaviy mablag‘larini qaytarishning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq;
“Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasi bo‘yicha ITBning jalb etilayotgan moliyaviy mablag‘lariga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash ulushlarini oldindan taqsimlash 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 3 ilovalar berilmaydi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri, “Kommunxizmat” agentligi bosh direktori, Sirdaryo viloyati hokimi va Sirdaryo viloyati “Suvoqova” DUK direktori zimmasiga:
loyihani texnik-iqtisodiy asoslashning tasdiqlanadigan texnik-iqtisodiy parametrlariga muvofiq loyihaning to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlaydigan tashkiliy-texnik tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishi;
ITBning moliyaviy mablag‘laridan va loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan davlat budjeti mablag‘laridan maqsadli foydalanish;
O‘zbekiston Respublikasi, “Kommunxizmat” agentligi, Sirdaryo viloyati hokimligi va Sirdaryo viloyatining “Suvoqova” DUK o‘rtasidagi “Istisna’a” agentligi bitimi va ITBning moliyaviy mablag‘larini qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitim shartlariga muvofiq ITBning moliyaviy mablag‘larini qaytarish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning, shu jumladan ustama haqning o‘z vaqtida jamlanishini ta’minlash.
7. “Kommunxizmat” agentligi loyihani amalga oshirish davrida Arab muvofiqlashtirish guruhining Loyihalarni boshqarish guruhini tashkil etsin va unga ITB ishtirokidagi “Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasini hamda Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va OPEK jamg‘armasi ishtirokidagi “Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani qishloq aholisining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasini muvofiqlashtirish va boshqarish funksiyalarini yuklasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi har yili “Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasi O‘zbekiston Respublikasining kelgusi yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasinlar, bunda loyihani amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasining ulushini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar limitlarini nazarda tutsinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasini shakllantirishda 2022-yildan boshlab Sirdaryo viloyati “Suvoqova” DUKning o‘z mablag‘lariga qo‘shimcha ravishda ITBning moliyaviy mablag‘larini qaytarish uchun zarur mablag‘larni, shu jumladan ustamalarni nazarda tutsin.
10. “Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasini amalga oshirish doirasida:
ITB mablag‘lari hisobiga xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari qo‘shilgan qiymat solig‘idan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar va yig‘imlardan;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha ITB mablag‘lari hisobiga olib kiriladigan tovarlar va transport vositalari bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari);
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar — yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i to‘lashdan;
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar — jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etilsin.
Quyidagilar belgilansin:
ko‘rsatib o‘tilgan imtiyozlar berilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar summasi O‘zbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishga qo‘shgan hissasi hisoblanadi;
ushbu bandda nazarda tutilgan imtiyozlarning amal qilishi loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi mablag‘lari hisobiga xarid qilinadigan tovarlarga (ishlar va xizmatlarga) tatbiq etiladi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Kommunxizmat” agentligining buyurtmanomalari bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Kommunxizmat” agentligi va Sirdaryo viloyati “Suvoqova” DUK buyurtmanomalari bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirmasdan ko‘p martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning vaqtincha yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va uning muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Kommunxizmat” agentligining buyurtmanomalari bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarni jalb etishga ruxsatnomalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar belgilangan tartibda berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi “Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasini amalga oshirish doirasida loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi loyiha hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishini va loyihani amalga oshirish doirasida tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini ta’minlasin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-fevral,
PQ-2798-son