Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq jahon iqtisodiy inqirozining to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishdagi salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan oshmaydigan boshlang‘ich narxda birja savdolariga chiqariladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-yanvardagi PF-53-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2022-y., 06/22/53/0052-son)
mahalliy to‘qimachilik korxonalariga birja savdolarida 2020-yil 1-aprelga qadar milliy valyutada sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytiriladi.
2. Ilovaga muvofiq import qilinadigan xomashyo va materiallar 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona boji to‘lashdan ozod qilinsin.
3. Belgilansinki, 2020-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi, unga binoan kalava va toladan tashqari, eksport qilinadigan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tovarlari (xizmatlari) uchun foydalanilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonasining O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushgan valyuta tushumi summasidan qat’i nazar hisobga olinadi hamda eksport qiluvchining o‘rnatilgan tartibda beriladigan arizasiga asosan qaytarilishi shart.
Bunda, qo‘shilgan qiymat solig‘ining qaytarilgan summasi yoki uning bir qismi tovarlar eksport bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran bir yuz sakson kalendar kuni ichida valyuta tushumi yoki uning bir qismi eksport qiluvchining O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushmagan taqdirda, shuningdek, arizada qaytarilishi ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi asoslantirilganligini kameral soliq tekshiruvidan o‘tkazish davomida aniqlangan g‘ayriqonuniy hisobga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi 5 kun ichida penya hisoblangan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilishi shart.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishning mazkur band bilan belgilangan soddalashtirilgan tartibi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga ular tomonidan oxirgi 12 oy davomida tovarlar eksporti amalga oshirilgan, shuningdek, eksport qilingan tovarlar bo‘yicha 10 ming AQSh dollaridan ko‘p miqdorda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lmagan taqdirda tatbiq etiladi. Bunda, tovarlar eksport bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran bir yuz sakson kalendar kuni ichida valyuta tushumi eksport qiluvchining O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushmagan taqdirda, debitor qarzdorlik muddati o‘tgan deb hisoblanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda quyidagilar bo‘yicha idoralararo ishchi guruhlari tarkibini tasdiqlasin:
to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining xomashyolari, materiallari, tayyor mahsulotlari, shuningdek, ishlab chiqarish xodimlarini tashish va logistika masalalarini tezkor hal etish — transport vaziri E. Ganiyev boshchiligida;
ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari tannarxini pasaytirish hamda raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish — moliya vaziri T. Ishmetov va Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Mirzayev boshchiligida;
yangi istiqbolli tashqi bozorlarni izlash, mahalliy to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportini rag‘batlantirish — investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A. Voitov boshchiligida;
liboslar dizayni va kolleksiyalarini ishlab chiqish hamda ularni tarmoq korxonalariga joriy qilish — “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi I. Xaydarov boshchiligida.
5. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi:
bir oy muddatda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalarini global karantin cheklovlari sharoitida bajarish istiqbollari nuqtai nazaridan batafsil o‘rgansin va istiqbolsiz eksport shartnomalari o‘rniga, birinchi navbatda, karantin chora-tadbirlari yumshatilayotgan davlatlardagi hamkorlar bilan yangi shartnomalar tuzishga har tomonlama yordam ko‘rsatsin;
ikki oy muddatda eksportga yo‘naltirilgan tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlariga ixtisoslashgan jahon brendlari vakillari bilan ushbu mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarishni tashkil etish va tayyor mahsulotlarni, shu jumladan respublikaning ishlab turgan korxonalari quvvatlarida tikish bo‘yicha yirik buyurtmalarni shakllantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazsin;
“O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar ko‘magida AQSh va Yevropada tan olingan zamonaviy xalqaro sertifikatlar tarmoq korxonalari tomonidan har yili tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olinishini ta’minlasin;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Koreya, Hindiston va boshqa davlatlardan tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi yetakchi ekspertlarni mazkur sohani isloh qilish bo‘yicha maslahatchilar sifatida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan jalb qilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va tijorat banklari bilan birgalikda:
yirik to‘qimachilik sanoati korxonalari faoliyatini ularning moliyaviy barqarorligi nuqtai nazaridan stress-testdan o‘tkazsin;
stress-test natijalariga ko‘ra to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining unumdorligi, moliyaviy samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha takliflarni hamda mahalliy to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati raqobatbardoshligini ta’minlashni hisobga olgan holda tarmoqni rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda infratuzilma majmuasini (sertifikatlash, standartlashtirish, logistika va boshqalar) yaratishni hisobga olgan holda yirik hududiy to‘qimachilik-tikuvchilik klasterlarida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari chiqarish bo‘yicha eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni joylashtirish va ularni rivojlantirish yuzasidan takliflarni kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-sentabrga qadar jahon brendlarini jalb qilgan holda tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, shu jumladan ularni yirik hududiy to‘qimachilik-tikuvchilik klasterlari hududida joylashtirish bo‘yicha 2021 — 2025-yillarga mo‘ljallangan investitsiya loyihalarini tasdiqlanishini ta’minlasin.
Bunda har bir yangi tikuvchilik-to‘qimachilik ishlab chiqarishi, qoida tariqasida, mashhur xalqaro brendlar mahsulotlarini realizatsiya qilish va kamida mingta ish o‘rinini tashkil etishga mo‘ljallangan bo‘lishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
a) 2020 — 2025-yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, shuningdek, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati uchun ochilgan tijorat banklari kreditlari, xalqaro moliya institutlari qarz mablag‘lari va xorijiy banklar kredit liniyalari hisobiga, shu jumladan quyidagilar orqali moliyalashtiriladi:
(8-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi PF-2-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2023-y., 06/23/2/0024-son)
ikki-uch smenali ish rejimidagi ishlab chiqarish, eng avvalo, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini tikish faoliyati uchun revolver kreditlar taqdim etish;
mustahkam eksport shartnomalariga ega bo‘lgan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarini eksportoldi moliyalashtirish hajmlarini kengaytirish;
Oldingi tahrirga qarang.
b) O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni (bo‘yalgan trikotaj matodan tashqari) olib chiqishda 2021-yil 1-yanvardan boshlab olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSh dollari, 2022-yil 1-yanvardan olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava va trikotaj mato uchun 0,05 AQSh dollari, 2024-yil 1-yanvardan — 0,1 AQSh dollari, 2025-yil 1-yanvardan — 0,2 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.
(8-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi PF-2-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2023-y., 06/23/2/0024-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mahalliy korxonalardan 2020-yilda xarid qilinadigan quyidagi qo‘shimcha hajmlar sotib olinishini ta’minlasin:
qariyalar uylariga yetkazib berish uchun kiyimlar va poyabzallar komplektlari, shuningdek, yolg‘iz va kam ta’minlangan qariyalar uchun qishki kiyimlar va poyabzallar komplektlari;
Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun formali kiyimlar va poyabzallar komplektlari;
Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi muassasalari, kasalxonalar, bolalar bog‘chalari, qariyalar uylari uchun choyshablar, to‘shaklar, yostiqlar, o‘rin yoping‘ichlari va boshqa to‘qimachilik mahsulotlari komplektlari;
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi:
ikki hafta muddatda o‘z markaziy apparatlari tuzilmasida belgilangan shtat birliklari doirasida to‘qimachilik sanoati masalalari bo‘yicha tuzilmalarni tashkil etsin;
boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishning butun davri (paxtani yetishtirishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha) bo‘yicha qo‘shilgan qiymat zanjiri shakllanishini batafsil tahlil qilish asosida mahalliy tayyor mahsulotlarning eksport bozorlarida (shu jumladan, Yevropa Ittifoqi, Osiyo mamlakatlari va AQShda) raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining narx shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.