Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TURKIYA RESPUBLIKASI TOMONIDAN AJRATILGAN KREDITLARDAN FOYDALANISH VA XIZMAT KOʻRSATISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi rahbarlari oʻrtasidagi ahdlashuvni rivojlantira borib, Turkiyadan qarzga 2 mln. tonna don, 250 ming tonna qand-shakar, uch yil davomida qaytarish sharti bilan umumiy summasi 595 mln. AQSH dollari hisobida dori-darmonlar, xalq isteʼmoli mollari hamda boshqa tovarlarni xarid qilish haqida bitimlar tuzildi.
Turkiya Respublikasi tomonidan ajratilgan kreditlardan samarali foydalanish va ularni oʻz vaqtida qaytarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, don va qand-shakar xarid qilishga shartnomalar Turkiya Hukumati, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tomonidan ajratilgan kredit hisobiga, tovarlar xarid qilishga 250 mln. AQSH dollari yuzasidan kredit bitimi esa Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Turkekzimbank tomonidan tuzilgan.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Turkiya Hukumati tomonidan don va qand-shakar yetkazib berish boʻyicha shartnoma bitimlari shartlari tasdiqlangandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda qisqa muddat ichida ana shu kreditni rasmiylashtirish ishlarini nihoyasiga yetkazsin hamda qand-shakar va donni Oʻzbekistonga tezroq yubora boshlash yuzasidan hamma tashkiliy masalalarni hal etsin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi 1992-yilning 1-avgustiga qadar Turkekzimbank ajratgan kreditlar hisobiga tovarlarni yetkazib berishga Turkiya firmalari bilan tegishli shartnomalar tuzsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi zimmasiga Turkiya Respublikasidan kreditlar boʻyicha yetkazib beriladigan tovarlar importi boʻyicha barcha manfaatdor vazirliklar va idoralarning ishlarini muvofiqlashtirish yuklatilsin.
3. Kreditlar hisobiga import qilinadigan tovarlar roʻyxati ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Oʻrta Osiyo temir yoʻl boshqarmasi, Avtomobil transporti vazirligi tuzilgan shartnomalar boʻyicha barcha import yuklarni Oʻzbekiston hududidagi tegishli stansiyalarga tashishni taʼminlasinlar.
5. Birinchi navbatdagi toʻlovlarni amalga oshirish uchun 1992-yilning iyul-avgust oylarida import qilinadigan tovarlarni sugʻurta qilish va ortish-tushirish, Anqara shahrida savdo vakolatxonasini va Istambul shahrida uning filialini tashkil etish, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining hamda manfaatdor vazirliklar va idoralarning mutaxassislarini yuborish yuzasidan birinchi navbatdagi toʻlovlarni amalga oshirish uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga Vazirlar Mahkamasining valyuta fondidan 8 mln. AQSH dollari ajratilsin.
Import qilinadigan tovarlarni ortish-tushirish va sugʻurta qilish bilan bogʻliq boʻlgan bundan keyingi valyuta xarajatlarini qoplash maqsadida 1992-yilning oxiriga qadar 25 ming tonna paxta tolasi ajratilib, uni har oyda babbaravar taqsimlab borilsin va 1993-yilning birinchi choragida 20 ming tonna paxta tolasi ajratilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi ana shu koʻrsatilgan paxta tolasi miqdorini “Oʻzbek-trey-ding-Shtaxel Xardmayer” — Shveysariya paxta kompaniyasi orqali (tarkib topgan jahon narxlari boʻyicha) avans toʻlovlari shartlari asosida amalga oshirsin.
6. Vazirliklar va idoralar — ilovaga muvofiq tovar oluvchilar import qilinadigan tovarlarni ortish-tushirish va sugʻurta qilish bilan bogʻliq boʻlgan hamma xarajatlarni (Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ichida yuk ortish-tushirish haqi, transport xarajatlarini qoplash uchun ajratilgan eksport tovarlar haqi, shuningdek ularni tashish, dekloratsiyalash, bojxona tartib-qoidalari) va banklardagi hisob-kitoblar boʻyicha xarajatlarni soʻm hisobida toʻlasinlar.
7. 1992-yilning avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil uchun eksport-import rejasini shakllantirayotganda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi buyurtmalariga muvofiq 1993-1994-yillarda ular boʻyicha kreditlar va protsentlarni qoplashni taʼminlash uchun 247,7 mln. AQSH dollari hajmida zarur eksport resurslarining zarur miqdori ajratilsin.
8. Keyinchalik, Oʻzbekiston Respublikasining eksport-import rejalari shakllantirilayotganda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining taklifi boʻyicha kreditlarni va ular boʻyicha protsentlarni qoplash uchun 1994-1995-yillarda 235,5 mln. AQSH dollari va 1995-1996-yillarda 176,8 mln. AQSH dollari hajmida tegishli eksport resurslari ajratish nazarda tutilsin.
9. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi kreditlar va ular boʻyicha protsentlarni qoplash uchun ajratilgan tovarlar va mahsulotlarni eksport qilishni hamda valyuta mablagʻlarining oʻz vaqtida tushishini taʼminlasin.
10. Belgilab qoʻyilsinki, eksport qilinadigan tovarlar va ularni ortish-tushirish, dekloratsiyalash va bojxona tartib-qoidalari bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar qiymatini qoplashga soʻm xarajatlarini toʻlovchilar import tovarlarni oluvchi vazirliklar va idoralardir. Buning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Bojxona qoʻmitasi ikki hafta muddat ichida koʻrsatilgan kredit bitimlari doirasida import va eksport qilinadigan tovarlar narxini va haqini belgilash tartibini oʻrnatsinlar.
11. Kreditdan foydalanish masalalarini tezkorlik bilan hal etish hamda uni qaytarish va barcha toʻlovlarni muvofiqlashtirish, toʻlash boʻyicha hisob-kitoblarni tashkil etishni va barcha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
kreditlarni va ular boʻyicha protsentlarni kredit bitimlari va qarz majburiyatlarida nazarda tutilgan muddatlarda oʻzlashtirish, toʻlash boʻyicha hisob-kitoblarni tashkil etishni va barcha operatsiyalarni bajarishni tashkil etsin;
quyidagi tegishli schyotlarni ochsin:
Turkiya tijorat banklari va Turkekzimbank bilan asosiy qarz boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblar uchun — protsentlar boʻyicha;
eksportchilar bilan (har bir vazirlik — import qiluvchi boʻyicha subschyotlar bilan) hisob-kitob qilish uchun maxsus soʻm schyoti va 250 mln. dollar hisobida kredit bitimiga xizmat koʻrsatish uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining valyuta schyoti;
bugʻdoy va qand-shakar yetkazib berish boʻyicha shartnomalarga xizmat koʻrsatish boʻyicha Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi uchun maxsus soʻm va valyuta schyotlari.
12. Import qiluvchi vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar har bir import partiyasi olingan kundan boshlab 2 oy davomida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidagi oʻzlarining maxsus soʻm schyotiga va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidagi schyotiga eksport tovarlarning ekvivalent miqdori haqini toʻlash mablagʻlarini oʻtkazishni taʼminlasinlar.
Zarur boʻlgan hollarda Oʻzbekiston davlat banki import qiluvchi vazirliklar va idoralarning asoslangan buyurtmalari boʻyicha zarur kreditlar ajratsin.
13. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi:
1992-yil 12-iyulga qadar Turkiya Respublikasiga import tovarlarni tanlash, Turkiyaning eksport qiluvchi firmalari, transport firmalari bilan shartnomalar tuzish hamda kreditlar hisobiga yetkazib beriladigan tovarlarni oʻz vaqtida yuklab yuborishni taʼminlash uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va manfaatdor vazirliklarning mutaxassislarini yuborsin;
1992-yilning iyul oyi ichida Oʻzbekiston Respublikasining Anqara shahridagi savdo vakolatxonasini va Istambul shahrida uning filialini ochsin.
14. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi mazkur qarorni amalga oshirish doirasida valyuta ajratmalaridan, bojxona toʻlovlaridan va budjetga soliqlardan ozod etilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki 1992-yilning 1-sentabriga qadar Turkekzimbank tomonidan ajratilgan 50 mln. AQSH dollaridan foydalanish toʻgʻrisida takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekistonga Turkiya Respublikasidan qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarni davom ettirsin.
17. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mazkur qarorning bajarilishi haqida har oyda Vazirlar Mahkamasini xabardor qilib tursinlar.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari oʻrtoq B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-iyul,
315-son