Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKINVEST” EKSPORT-IMPORT MILLIY SUGʻURTA KOMPANIYASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-yanvardagi 46-sonli ““Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1997-yil 18-fevraldagi PF-1710-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
milliy eksport qiluvchilarning iqtisodiy manfaatlarini chet ellarda xorijiy sheriklar tomonidan qabul qilingan kontrakt majburiyatlarining bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi siyosiy, tijorat va tadbirkorlik tavakkalchiliklaridan sugʻurtaviy himoya qilishni taʼminlash;
texnologiyalar, tovarlar va xizmatlar eksportini mablagʻ bilan taʼminlash uchun kreditlar ajratuvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan tijorat banklariga eksport kreditlarini sugʻurta qilishning xalqaro prinsiplariga muvofiq sugʻurta kafolatlari berish;
texnologiyalar, tovarlar va xizmatlar xalqaro bozorini rivojlantirishning ahvoli va istiqbollarini kompleks marketing tahlilini tashkil qilish;
milliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini tahlil qilish hamda texnologiyalar, tovarlar va xizmatlarning xalqaro bozorlarga kirib borish strategiyasini ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga sarmoya sarflayotgan xorijiy investorlarning mulkiy va shaxsiy manfaatlarini kompleks sugʻurtaviy himoya qilishni taʼminlash;
chet mamlakatlarning davlat eksport-sugʻurta agentliklari va kompaniyalari bilan hamkorlik oʻrnatish;
Oʻzbekistonning eksport imkoniyatlarini hamda texnologiyalar, tovarlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga kirib borishi boʻyicha birgalikdagi faoliyatni axborotlar vositasida yoritish maqsadida elchixonalar, savdo vakolatxonalari, banklar, firmalar, biznes-markazlar va boshqa chet el tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
mamlakatimiz texnologiyalari, tovarlari, xizmatlarini eksport qilish boʻyicha takliflar nuqtai nazaridan xalqaro bozorlar ehtiyojlari va koʻlami toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning axborot bankini shakllantirish hamda xalqaro reklama-savdo axborot tarmoqlariga izchil kirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda xalqaro konferensiyalar, seminarlar, taqdimotlarni tashkil etish, Oʻzbekistonning eksport potensialini va investitsiya imkoniyatlarini yorituvchi ixtisoslashtirilgan kataloglar va biznes gaydlar chiqarish;
(1-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-iyuldagi 499-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 693-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda chet ellarda Oʻzbekiston savdo uylari tashkil etish, texnologiyalar, tovarlar va xizmatlarni xalqaro bozorlarga jadal kiritib borish maqsadida koʻrgazmalar, yarmarkalar oʻtkazish;
(1-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-iyuldagi 499-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 693-modda)
xalqaro, chet el, mamlakatimizning davlat va xususiy sugʻurta tashkilotlari bilan bevosita hamkorlikni rivojlantirish, birgalikdagi sugʻurtaviy faoliyatni va qayta sugʻurta qilish operatsiyalarini amalga oshirish.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Direktorlar kengashi kompaniyaning yuqori rahbar organi hisoblanadi, uning tarkibiga lavozimiga koʻra quyidagilar kiradi:
Moliya vaziri — Kengash raisi;
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvi raisi — Kengash raisining oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri — Kengash raisining oʻrinbosari;
(2-bandning toʻrtchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-iyuldagi 499-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 693-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Makroiqtisodiyot va statistika vaziri;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
Kompaniyaning Bosh direktori.
Kompaniya Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga hisobot beradi.
3. “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi Ustavi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekinvest” kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi sarmoyalar, tovarlar va xizmatlarni eksport qiluvchilarga sugʻurtaviy qoplamalar berish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar, bunda eksport kreditlari beruvchi tijorat banklarini ragʻbatlantirishning xalqaro amaliyotda qabul qilingan shartlarini nazarda tutsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Markaziy banki, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasini malakali mutaxassislar bilan taʼminlashda koʻmaklashsinlar hamda unga eksport prognozlari va ularning ijrosi toʻgʻrisidagi zarur axborot-tahliliy materiallarni taqdim etsinlar.
6. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda:
“Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasini Toshkent shahar, Akademik X,. Sulaymonova koʻchasidagi 49-uyga va 4-Lisunov dahasidagi 68-uyga joylashtirsin.
“Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasining maʼmuriy binosi qurilishi uchun Shahrisabz va Akademik X. Sulaymonova koʻchalari kesishgan joyda yer uchastkasi ajratsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi bilan birgalikda, respublikaning eksport imkoniyatlarini kengaytirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida, kompaniyaning hududiy shuʼba korxonalari faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
8. “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi Adliya vazirligi bilan birgalikda amaldagi normativ hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirish toʻgʻrisida bir oy muddatda, belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 28-fevral,
113-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 25-fevraldagi 108-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasining
USTAVI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi (bundan keyin matnda “Kompaniya” deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 18-fevraldagi PF-1710-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
2. Kompaniya Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekinvest” milliy sugʻurta kompaniyasining barcha mulkiy va nomulkiy huquqlari hamda majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Quyidagilar Kompaniyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
milliy eksport qiluvchilarning iqtisodiy manfaatlarini chet ellarda xorijiy sheriklar tomonidan qabul qilingan kontrakt majburiyatlarining bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi siyosiy, tijorat va tadbirkorlik tavakkalchiliklaridan sugʻurtaviy himoya qilishni taʼminlash;
texnologiyalar, tovarlar va xizmatlar eksportini mablagʻ bilan taʼminlash uchun kreditlar ajratuvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan tijorat banklariga eksport kreditlarini sugʻurta qilishning xalqaro prinsiplariga muvofiq sugʻurta kafolatlari berish;
texnologiyalar, tovarlar va xizmatlar xalqaro bozorini rivojlantirishning ahvoli va istiqbollarini kompleks marketing tahlilini tashkil qilish;
milliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini tahlil qilish hamda texnologiyalar, tovarlar va xizmatlarning xalqaro bozorlarga kirib borish strategiyasini ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga sarmoya sarflayotgan xorijiy va mamlakatimiz investorlarining mulkiy va shaxsiy manfaatlarini kompleks sugʻurtaviy himoya qilishni taʼminlash;
chet mamlakatlarning davlat eksport-sugʻurta agentliklari va kompaniyalari bilan hamkorlik oʻrnatish;
Oʻzbekistonning eksport imkoniyatlarini hamda texnologiyalar, tovarlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga kirib borishi boʻyicha birgalikdagi faoliyatni axborotlar vositasida yoritish maqsadida elchixonalar, savdo vakolatxonalari, banklar, firmalar, biznes-markazlar va boshqa chet el tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
mamlakatimiz texnologiyalari, tovarlari, xizmatlarini eksport qilish boʻyicha takliflar nuqtai nazaridan xalqaro bozorlar ehtiyojlari va koʻlami toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning axborot bankini shakllantirish hamda xalqaro reklama-savdo axborot tarmoqlariga izchil kirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xalqaro konferensiyalar, seminarlar, taqdimotlarni tashkil etish, Oʻzbekistonning eksport potensialini investitsiya imkoniyatlarini yorituvchi ixtisoslashtirilgan kataloglar va biznes gaydlar chiqarish;
(3-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-iyuldagi 499-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 693-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda chet ellarda Oʻzbekiston savdo uylari tashkil etish, texnologiyalar, tovarlar va xizmatlarni xalqaro bozorlarga jadal kiritib borish maqsadida koʻrgazmalar, yarmarkalar oʻtkazish;
(3-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-iyuldagi 499-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 693-modda)
xalqaro, chet el, mamlakatimizning davlat va xususiy sugʻurta tashkilotlari bilan bevosita hamkorlikni rivojlantirish, birgalikdagi sugʻurtaviy faoliyatni va qayta sugʻurta qilish operatsiyalarini amalga oshirish.
4. Kompaniya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Ustavga amal qiladi.
5. Kompaniya yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mulkka, mustaqil balansga, bank muassasalarida schyotlarga ega boʻladi, oʻz nomidan shartnomalar tuzishga, mulkiy va nomulkiy huquqlar va majburiyatlar olishga, sudlarda daʼvogar va javobgar boʻlishga huquqlidir.
6. Kompaniya oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli barcha mol-mulklar bilan javob beradi.
Davlat eksport sugʻurtasi xalqaro normalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Kompaniyaning Hukumat bilan kelishilgan sugʻurta majburiyatlari boʻyicha kafil hisoblanadi.
7. Kompaniya oʻz faoliyatini toʻliq xoʻjalik mustaqilligi sharoitlarida amalga oshiradi.
8. Kompaniyaning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan, oʻz nomi oʻzbek va ingliz tillarida yozilgan muhri, ish yuritish qogʻozlari va tovar ramzi boʻladi.
II. ASOSIY FUNKSIYALARI
9. Kompaniya oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
9.1. Tavakkalchilikning quyidagi turlari boʻyicha sugʻurta qoplamasi beradi:
Siyosiy tavakkalchiliklar — xorijiy sherikning mamlakatidagi yoki balki uchinchi mamlakatning siyosiy, moliyaviy yoki makroiqtisodiy ahvolida xorijiy sherik tomonidan qabul qilingan kontrakt majburiyatlarining bajarilishiga toʻliq yoki qisman toʻsqinlik qiluvchi noqulay oʻzgarishlar natijasida paydo boʻlgan va quyidagilar oqibatida roʻy bergan tavakkalchiliklar;
mulkni ekspropriatsiya qilish, shuningdek xorijiy sherikning mamlakati joriy etgan, mulkning olib qoʻyilishiga, uning ustidan yoki undan olinadigan daromadlar ustidan nazoratning yoʻqolishiga xorijiy sherikning mamlakati hukumati oʻz hududida iqtisodiy faoliyatni tartibga solish maqsadida joriy etgan umumiy ravishda qoʻllanadigan kamsitmovchi choralardan tashqari, olib keluvchi har qanday qonunchilik yoki maʼmuriy chora-tadbirlar;
xorijiy sherikning mamlakatida yoki tovarlar hududi orqali oʻtadigan mamlakatda eʼlon qilingan yoki eʼlon qilinmagan urush, fuqarolar gʻalayonlari, inqiloblar, qoʻzgʻolonlar, zoʻravonlik hodisalari, buzgʻunchilik;
import yoki eksportga embargo joriy etish;
xorijiy sherik mamlakati hukumatining tuzilgan kontrakt shartlarining umuman yoki qisman bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi xatti-harakatlari, shu jumladan Oʻzbekistonga nisbatan kamsituvchi tusdagi yangi qonunlar, hujjatlar, farmonlar joriy etilishi;
xorijiy sherik mamlakatida qattiq valyuta yetishmasligi tufayli transferaning toʻxtab qolishi, xorijiy sherik mamlakatining Oʻzbekistondan yoki toʻlov oʻzi orqali amalga oshiriladigan uchinchi mamlakatdan tashqi qarziga umumiy moratoriya eʼlon qilinishi, shuningdek Oʻzbekiston bilan xorijiy sherik mamlakati oʻrtasidagi toʻlovlarni cheklovchi qonun, dekret yoki qoidaning joriy etilishi.
Tijorat va tadbirkorlik tavakkalchiliklari — xorijiy sherikning bevosita iqtisodiy va moliyaviy ahvolidan kelib chiqadigan hamda oʻz ichiga quyidagilarni oladigan tavakkalchiliklar:
xorijiy sherikning toʻlovga qodir emasligi yoki bankrot boʻlishi hamda uning kontrakt boʻyicha qabul qilingan moliyaviy majburiyatlarni bajarishining mumkin emasligi;
tabiiy ofatlar, halokatlar, avariyalar va boshqa umumiy tavakkalchiliklar.
Oldingi tahrirga qarang.
9.2. Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq sugʻurtaning boshqa turlarini amalga oshiradi.
((9.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
9.3. Direktorlar kengashi bilan kelishilgan holda, kompaniyaga yuklangan vazifalarni eng toʻliq hal etish maqsadida shuʼba ishlab chiqarish va tijorat tuzilmalarini, shu jumladan mamlakatimiz va xorijiy investorlar ishtirokida tashkil qiladi.
9.4. Sugʻurta operatsiyalarini samarali amalga oshirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq investitsiya faoliyatini amalga oshiradi;
(9.4-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
eksport-import yuk tashuvlarini sugʻurta qiladi;
sugʻurta toʻlovlari va sugʻurta summasi miqdorini belgilaydi, ularni belgilangan tartibda toʻlaydi;
sugʻurta hodisalarining oldini olishga qaratilgan ogohlantirish (preventiv) tadbirlarini amalga oshiradi;
sugʻurta qilish shartlari va tartibini belgilaydi, ixtiyoriy sugʻurta turlari boʻyicha tariflarni belgilaydi;
shartnomalar tuzadi va hisob-kitoblarni amalga oshiradi, agentlarni tayinlaydi va ularga vositachilik haqi toʻlaydi;
avariya komissari funksiyalarini bajaradi;
belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iktisodiy faoliyat milliy bankida milliy va xorijiy valyutalarda schyotlar ochadi va ularni yopadi hamda bu bankning korrespondentlik schyotlari tarmoqlaridan xorijiy banklar va mijozlar bilan ishlashda foydalanadi;
operativ va buxgalteriya hisobini yuritadi, tegishli hisobotlarni tuzadi.
9.5. Yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid boʻlmagan va faoliyat maqsadlariga mos keluvchi boshqa faoliyatni amalga oshiradi.
III. MABLAGʻLARI, MOL-MULKI VA FOYDANI TAQSIMLASh
10. Kompaniyaning mablagʻlari ustav sarmoyasidan va foyda (daromad)dan, shu jumladan chet el valyutasidagi foyda (daromad)dan hosil boʻlgan boshqa jamgʻarmalardan iborat boʻladi.
11. Operatsiya faoliyatini taʼminlash va ustavda belgilangan vazifalarni hal etish uchun moʻljallangan ustav sarmoyasi miqdori 60 (oltmish) million AQSh dollariga teng miqdordagi summada belgilanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 50 mln. AQSh dollariga teng summadagi taʼsis badali va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iktisodiy faoliyat milliy bankining 10 mln. AQSh dollariga teng summadagi taʼsis badali hisobiga shakllanadi.
Ustav sarmoyasi miqdori Kompaniyaning oʻz foydasi hisobiga Direktorlar kengashining qaroriga koʻra koʻpaytirilishi mumkin. Ustav sarmoyasi miqdorini qoʻshimcha tashqi investitsiya hisobiga koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qarorni Kompaniya Direktorlar kengashining taqdimnomasiga koʻra Vazirlar Mahkamasi qabul qiladi.
12. Kompaniyaning sugʻurta operatsiyalari boʻyicha ehtimol tutilgan zararlarni qoplash uchun qoʻshimcha manba hisoblangan sugʻurta (zaxira) jamgʻarmasi Kompaniyaning moliya-xoʻjalik faoliyati yakunlari boʻyicha Kompaniyaning daromadi (foydasi)dan yillik ajratmalar hisobiga tashkil etiladi.
13. Kompaniya shuningdek, boshqa jamgʻarmalar ham tashkil etadi, ularni shakllantirish va sarflash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
14. Olingan daromadlar bilan sarflar (sugʻurta toʻlovlari, oldini olish tadbirlariga sarflar, sugʻurtaga va boshqa zaxiralarga ajratmalar, ishni yuritish sarflari va boshqa sarf-xarajatlar) oʻrtasidagi farq sifatida belgilanadigan daromad (foyda) Kompaniya moliya-xoʻjalik faoliyatining asosiy umumlashtiruvchi koʻrsatkichi hisoblanadi.
Budjetga soliqlar toʻlangandan keyin qoladigan daromad (foyda) Kompaniyaning oʻz mulki hisoblanadi, undan maxsus maqsaddagi jamgʻarmalar hamda muassislarning Kompaniya ustav sarmoyasida qatnashishi ulushiga mutanosib ravishda muassislarning daromadlari shakllanadi.
Xoʻjalik faoliyati natijasida barpo etilgan yoki qonun yoʻl qoʻyadigan boshqa asoslar boʻyicha sotib olingan mol-mulk Kompaniyaning mulki boʻladi.
IV. KOMPANIYANI BOShQARISh
15. Kompaniya Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga hisobot beradi.
16. Direktorlar kengashi Kompaniyaning yuqori rahbar organi hisoblanadi, uning tarkibiga lavozimlariga koʻra quyidagilar kiradi:
Moliya vaziri — Kengash raisi;
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Boshqaruvi raisi — kengash raisi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri — Kengash raisi oʻrinbosari;
(16-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-iyuldagi 499-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 693-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Maqroiqtisodiyot va statistika vaziri;
(16-bandning beshinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
Kompaniya bosh direktori.
17. Kompaniya Direktorlar kengashi:
Kompaniya faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
Kompaniyaning oʻz mablagʻlari hisobiga ustav sarmoyasini koʻpaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Vazirlar Mahkamasiga Vatanimizdagi muassislarning tashqi investitsiyalari hisobiga ustav sarmoyasi miqdorini koʻpaytirish toʻgʻrisidagi taklifni tasdiqlash uchun kiritadi;
Kompaniya Bosh direktorining vakolatiga beriladigan sugʻurta qoplamasi berish limitini tasdiqlaydi;
Kompaniya Bosh direktorining vakolati limitidan oshadigan summada sugʻurta qoplamasi berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Kompaniya bosh direktorining taqdimotiga koʻra moliyaviy yil yakunlarini, shuningdek daromadni taqsimlash va zararlarni qoplash tartibini tasdiqlaydi;
Bosh direktorning hisobotlarni eshitadi.
18. Kompaniya operativ rahbarlikni Kengash raisining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan Bosh direktor amalga oshiradi.
Kompaniya Bosh direktorining Direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlanadigan oʻrinbosarlari boʻladi.
19. Kompaniyaning tuzilmasi va shtatlari, shuningdek lavozim sxemasi, mehnatga maosh toʻlash va mukofotlash tartibi Kompaniyaning Direktori tomonidan tasdiqlanadi.
20. Kompaniyaning Bosh direktori Kompaniya Ustaviga binoan oʻziga berilgan vakolatlarga muvofiq Kompaniya faoliyatiga rahbarlik qiladi va Kompaniyaga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
21. Kompaniya Bosh direktori:
Kompaniya faoliyatining barcha masalalarini mazkur Ustavga muvofiq hal qiladi;
Kompaniyaning nomidan ishonchnomasiz ish koʻradi, respublikaning barcha organlarida, korxonalari va tashkilotlarida, shuningdek davlatlarda sugʻurta faoliyati masalalari boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida Kompaniya nomidan vakillik qiladi;
Kompaniyaning mol-mulkini boshqaradi;
Shartnomalar, bitimlar, shu jumladan mehnat shartnomalari tuzadi;
Ishonchnomalar beradi;
Kompaniyaning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi;
Kompaniya faoliyatining boshqa masalalarini koʻrib chiqadi, hal etadi.
V. HISOB, HISOBOT VA FAOLIYATNI TAFTISh QILISh
22. Kompaniya Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyat boʻyicha hisob va hisobotni taʼminlaydi.
23. Kompaniyaning operatsiya yili 1-yanvardan boshlanadi va 31-dekabrda tamom boʻladi. Har bir yil tamom boʻlgandan keyin matbuotda eʼlon qilinadigan balans hamda foyda va zararlar hisobi tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Hujjatlar asosida tahlil qilish va Kompaniya faoliyatini tekshirishni mustaqil auditorlik tashkilotlari va qonun hujjatlarga muvofiq bunday tekshirishlarni amalga oshirishga vakil qilgan boshqa nazorat qiluvchi organlar amalga oshiradilar.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-noyabrdagi 413-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 22-son, 180-modda)
VI. FAOLIYATNING TOʻXTALIShI
25. Kompaniyaning faoliyati xalqaro huquq va Oʻzbekiston Respublikasi normalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga binoan toʻxtatiladi.