O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sholichilikni barqaror rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Respublikada sholi yetishtirishni ko‘paytirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, sholini xarid qilish, saqlash va qayta ishlash sohasida boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish, ichki iste’mol bozorini guruch mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklarining 2020-yil hosilidan boshlab sholichilik klasterlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Belgilansinki, sholichilik klasterlarini tashkil etish va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:
sholichilik klasteri ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish)ning zamonaviy innovatsion texnologiyalaridan foydalangan holda, sholi yetishtirish yoki uni shartnoma asosida sotib olish, saralash, saqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulotni ichki va tashqi bozorga yetkazib berishni ta’minlaydi;
sholichilik klasteri, birinchi navbatda, iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat yuritayotgan, zarur infratuzilma obyektlari, shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarga ega bo‘lgan salohiyatli mahalliy investorlar tomonidan tashkil etiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi talablariga muvofiq sholichilik klasteriga yer maydoni yuridik va jismoniy shaxslarga ajratilmagan qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlardan, zaxiradagi yerlardan, qayta tiklanadigan hamda foydalanishga kiritiladigan yer maydonlaridan belgilangan tartibda ellik yilgacha bo‘lgan, lekin o‘ttiz yildan kam bo‘lmagan muddatga ajratiladi;
kelgusi yil hosili uchun sholichilik klasterini tashkil etish bo‘yicha takliflar har yilning 1-fevraliga qadar shakllantiriladi;
sholichilik klasterining faoliyatini tashkil etish uchun alohida normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi talab etilmaydi, xorijiy investorlar ishtirok etayotgan sholichilik klasteri bundan mustasno;
sholichilik klasteriga ajratilgan yer maydonlaridan bir yil mobaynida foydalanmaslik, tuproq unumdorligining pasayishiga, kimyoviy va radioaktiv ifloslanishga olib keluvchi usullardan foydalanish hamda mazkur qarorda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaslik, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bekor qilinishiga olib keladi.
3. Sholichilik klasterini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shunday tartibi belgilansinki, unga muvofiq:
yer maydonlarini foydalanishga kiritgan sholichilik klasteriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmonida;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlar, shuningdek, energiya samarador boshqa uskunalarni xarid qilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-son qarorida;
qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan o‘z vaqtida ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 4-apreldagi PQ-4268-son qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etiladi.
4. Belgilansinki:
a) sholichilik klasteriga yer maydoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan tashabbuskorlar o‘rtasida yozma ravishda tuziladigan bitim asosida belgilangan tartibda ajratiladi;
b) xorijiy investorlar ishtirok etayotgan sholichilik klasteriga yer maydoni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan tuziladigan investitsiya kiritish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandan so‘ng Vazirlar Mahkamasi tomonidan ajratiladi.
Bunda sholichilik klasterini tashkil etuvchi tashabbuskor tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
sholichilik klasterini tashkil etish bo‘yicha ariza;
sholichilik klasteri faoliyatini tashkil etishda sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklarda sholi yetishtirishni moliyalashtirish, sholini quritish, saqlash, qayta ishlash hamda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan biznes reja yoki texnik-iqtisodiy asosnoma;
tashabbuskorning bankdagi pul mablag‘lari aylanmasi to‘g‘risidagi xizmat ko‘rsatuvchi bank ma’lumotnomasidan ko‘chirma;
sholichilik klasterining faoliyat yuritishi uchun zarur infratuzilma obyektlari (shu jumladan, ijara asosida), shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarning mavjudligi haqida ma’lumotnoma.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari sholichilik klasterlarini tashkil etishda iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat yuritayotgan, zarur infratuzilma obyektlari, shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarga ega bo‘lgan salohiyatli yuridik shaxslar tanlanishi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2020-yil hosilidan boshlab:
tuman hokimligi qaroriga asosan sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar kesimida belgilangan sholi yetishtirish hajmidan kelib chiqib, sholichilik klasteri bilan sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar o‘rtasida shartnomalar tuziladi;
sholichilik klasteri o‘z mablag‘lari va tijorat banklarining kreditlari hisobidan sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklarga o‘zaro tuzilgan shartnomalarga asosan bo‘nak mablag‘lari ajratadi va ushbu mablag‘lar urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, yonilg‘i-moylash mahsulotlari, mexanizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi;
sholichilik klasteri sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq yetkazib beriladigan sholi uchun bo‘nak mablag‘lari yoki moddiy resurslar ajratmagan taqdirda, yetishtirilgan sholi to‘liq sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar ixtiyorida qoldiriladi;
sholichilik klasteri sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha yetkazib beriladigan sholi hajmiga nisbatan kam miqdorda mablag‘ ajratgan taqdirda, sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar ajratilgan mablag‘ miqdoriga mutanosib hajmda sholi yetkazib beradi;
sholichilik klasteri tomonidan xarid qilinadigan sholining narxi haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib, sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar bilan tuziladigan shartnoma asosida erkin belgilanadi;
sholichilik klasteri tomonidan sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklardan xarid qilinadigan sholi uchun yakuniy hisob-kitoblar har yili 31-dekabrga qadar to‘liq amalga oshiriladi.
6. Sholichilik klasteri quyidagi majburiyatlarni bajaradi:
tuproq unumdorligi, yer, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish borasida sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar rahbarlarining bilim va ko‘nikmalari oshirib borilishini ta’minlash;
sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklarga bo‘nak mablag‘larining o‘z vaqtida va yetarli miqdorda ajratilishini hamda hosildorlikni oshirish uchun qo‘shimcha ravishda mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash mahsulotlari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari yetkazib berilishini ta’minlash;
yerdan belgilangan maqsadda oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, suvni tejaydigan va ekologiyani muhofaza qiluvchi texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish hamda hududda ekologik vaziyatning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik;
sholini qayta ishlash uchun resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish yuzasidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda sholi seleksiyasi va urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish.
7. Sholichilik klasteriga shartnoma asosida sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:
sholi yetishtirish uchun sholichilik klasteri tomonidan ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish;
hosildorlikni oshirish choralarini ko‘rish hamda har bir gektar sug‘oriladigan yer maydonidan kamida 70 sentner hosildorlikka erishish;
sholichilik klasteri bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan sholini belgilangan miqdor, sifat va muddatda sotishni ta’minlash.
8. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashining “O‘zbeksholichilik” uyushmasini (keyingi o‘rinlarda Uyushma deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
9. Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
yuqori sifatli sholi mahsulotlari ishlab chiqarishni ta’minlash va aholining sholi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, sholi yetishtirishning ilmiy asoslangan usullarini va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
respublika hududlarida sholi yetishtirish hajmini ko‘paytirish choralarini ko‘rish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish, eksport hajmini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, zamonaviy qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish va yopiq sig‘imlar qurish uchun xorijiy investitsiyalarni, jumladan, xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb qilish yo‘li bilan davlat ko‘magini olishda har tomonlama ko‘maklashish;
sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar uchun soha olimlari va mutaxassislari ishtirokida seminarlar va treninglar tashkil etish orqali ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish jarayonlarini jadallashtirish.
10. Quyidagilar:
“O‘zbeksholichilik” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
“O‘zbeksholichilik” uyushmasining boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 20 nafar bo‘lgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Uyushma raisiga, zarurat bo‘lganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida ijro etuvchi apparatning tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish huquqi berilsin.
11. Belgilab qo‘yilsinki, Uyushma raisi va uning o‘rinbosarlari muassislarning umumiy yig‘ilishi qarori bilan saylanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Uyushmaning faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
Uyushmaga a’zo bo‘lgan sholichilik klasterlari, sholi yetishtiruvchi xo‘jaliklar va sholini qayta ishlash tashkilotlarining a’zolik badallari hamda ixtiyoriy ajratmalari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro grantlar va texnik ko‘mak mablag‘lari;
qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar.
13. “O‘zbeksholichilik” uyushmasi Toshkent shahri, Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasidagi 36-uyga joylashtirilsin.
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda 2020-yil hosilidan sholichilik klasterlarini tashkil etish bo‘yicha salohiyatli tashabbuskorlarning manzilli ro‘yxatini shakllantirsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda har yili 1-martga qadar suv balansi prognozidan kelib chiqqan holda Uyushmaga a’zo bo‘lgan sholi yetishtiruvchilar kesimida sholi ekinining joylashtirilishini ta’minlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi va O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
sholichilik klasteri bilan sholi ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar o‘rtasida sholi xarid qilish bo‘yicha tuziladigan shartnomaning namunaviy loyihasini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari bilan sholichilik klasteri o‘rtasida yer maydoni ajratish bo‘yicha tuziladigan bitimning namunaviy loyihasini ishlab chiqsin va joylarga yetkazilishini ta’minlasin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining sholichilik sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, hududlarning tuproq va iqlim sharoitiga mos, serhosil sholi navlarini yaratish ishlarini jadallashtirish maqsadida Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasi (keyingi o‘rinlarda Stansiya deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
17. Quyidagilar Stansiyaning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
hududning tuproq va iqlim sharoitlariga mos, erta va o‘rtapishar, serhosil, kasalliklarga chidamli sholi navlari va duragaylarini yaratish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish;
yangi va istiqbolli sholi navlarining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish;
sholi yetishtirishda zamonaviy resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;
sholining kasalliklari va zararkunandalariga qarshi atrof-muhitning ekologik muvozanatiga ta’sir etmaydigan kurashish usullarini ishlab chiqish;
sholichilik sohasida yetakchi bo‘lgan xorijiy ilmiy muassasalar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish;
intensiv ravishda sholi yetishtirish agrotexnologiyalari bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;
yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash va ilmiy xodimlarning kasbiy bilimlarini doimiy oshirib borish.
18. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda Stansiyaning ustavi va tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.
19. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari va ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;
(19-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
xo‘jalik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar Stansiyaning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda:
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasining ma’muriy binosiga Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasi ma’muriyatining joylashtirilishini;
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasining qishloq xo‘jaligi texnikalarini xatlovdan o‘tkazsin hamda ularning bajaradigan funksiyasidan kelib chiqqan holda Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasiga hamda Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasiga belgilangan tartibda taqsimotining amalga oshirilishini ta’minlasin.
21. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Stansiyaga ilmiy tajriba-sinov ishlarini o‘tkazish uchun 300 gektar sug‘oriladigan yer maydoni ajratsin.
22. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
23. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-dekabr,
986-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabrdagi 986-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“O‘zbeksholichilik” uyushmasining
TASHKILIY TUZILMASI
* Yangidan tashkil etiladigan tashkilotlar.
Izoh. Tashkilotlar “O‘zbeksholichiligi” uyushmasiga mustaqil a’zo bo‘lishlari mumkin va uning tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabrdagi 986-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“O‘zbeksholichiligi” uyushmasining ijro etuvchi apparati
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 20 nafar.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.12.2019-y., 09/19/986/4139-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)