Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 31-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2014-17]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/5-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3253, 30.06.2020-y.) asosan 2020-yil 1-oktabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentabrdagi 744-son “Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-son qarori (roʻyxat raqami 2014, 2009-yil 8-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 41-son, 447-modda) bilan tasdiqlangan Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank Raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-sentabr,
24/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 28-sentabrdagi 24/6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 32-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“32. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining vakolatiga kiruvchi masalalar bank kuzatuv kengashi yoki uning boshqaruviga topshirilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.”.
2. 52-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida mazkur bandda nazarda tutilganidan farqli talab oʻrnatilishi mumkin.”.
3. 53-bandda:
“tashkil etilgan bankning aksiyalari” degan soʻzlar “tashkil etilgan bankning aksiyalari umumiy miqdorining besh foizi yoki undan ortigʻini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etilgan bankning aksiyalari umumiy miqdorining besh foizidan kam boʻlgan miqdorda aksiyalarini sotib olish, ularga egalik huquqini berish va shu kabi boshqa munosabatlar boʻyicha kelishuvlar amalga oshirilganligi toʻgʻrisida Markaziy bankka Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 56-son qarori bilan tasdiqlangan Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq shaklda kelishuv amalga oshirilgan kundan keyin bir kun ichida yozma ravishda xabarnoma yuboradi.”.
4. Quyidagi mazmundagi 1111 va 1112-bandlar bilan toʻldirilsin:
“1111. Bank mijozlarga tezkor xizmat koʻrsatish maqsadida bank xizmatlari ofislarini tashkil qilishga haqli.
Bank xizmatlari ofislarida, qoida tariqasida, depozit hisobvaraqlar ochish, omonatlar qabul qilish, toʻlovlarni va xalqaro pul oʻtkazmalarini amalga oshirish, valyuta ayirboshlash, isteʼmol krediti va mikroqarz berish kabi bazaviy bank xizmatlari koʻrsatiladi.
Bank xizmatlari ofislarida ular joylashgan hududdagi talabdan kelib chiqib yuqoridagi xizmatlarga qoʻshimcha ravishda boshqa bank xizmatlari ham koʻrsatilishi mumkin.
Bank xizmatlari ofislari Markaziy bankda hisobga qoʻyiladi.
1112. Bank xizmatlari ofisini hisobga qoʻyish uchun uni tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab bank 10 kun ichida Markaziy bankka ushbu qaror nusxasini va bank xizmatlari ofisi toʻgʻrisidagi nizomni ilova qilgan holda yozma xabarnoma yuboradi.
Bank tomonidan bank xizmatlari ofisini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, bank ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab besh kun ichida Markaziy bankka tugatish sabablari va muddatlarini koʻrsatgan holda yozma xabarnoma yuboradi. Xabarnomaga bank xizmatlari ofisini tugatish toʻgʻrisidagi tegishli qarordan koʻchirma ilova qilinadi.
Bank xizmatlari ofisini tugatish toʻgʻrisidagi axborot uning tugatilishidan kamida oʻn besh kun oldin bankning veb-saytida yoki boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi lozim.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2019-y., 10/19/2014-17/3982-son)