O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining
O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari to‘g‘risida yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 13-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1268-1]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2022-yil 8-sentabrdagi 48-sonli va 29-avgustdagi 26-2022Q/Q-sonli ““O‘zbekiston Respublikasi ichkarisidagi xizmat safarlari to‘g‘risida yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 1268-3, 16.09.2022-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-maydagi PF-5723-son “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2003-yil 24-iyuldagi 83, 7/12-son qarori (ro‘yxat raqami 1268, 2003-yil 29-avgust) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idorlarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 11-son) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari to‘g‘risida yo‘riqnomaga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-avgust,
92-son
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-avgust,
34-2019-Q/Q-son
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019-yil 12-avgustdagi 92 va 34-2019-QQ-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 5-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Bunda maxsus jurnallar elektron ko‘rinishda yuritilishi mumkin.”.
2. 8-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Tashqi o‘rindoshlik asosida ishlayotgan shaxs xizmat safariga yuborilganda uning o‘rtacha ish haqi uni xizmat safariga yuborgan tashkilotda saqlanadi, ichki o‘rindoshlik asosida ishlayotgan shaxs xizmat safariga yuborilganda esa o‘rtacha ish haqi asosiy va o‘rindoshlik asosidagi lavozim bo‘yicha saqlanadi.
Xodimning xizmat safari davrida tarif stavkalari, lavozim maoshlari miqdorlari oshgan hollarda, tashkilotning ish kunlari mehnatga haq to‘lashning yangi shartlarida haqiqatda ishlagan kunlariga to‘g‘ri keladigan soni uchun mehnatga haq to‘lovlari qayta hisoblanadi.”.
3. 10-bandda:
yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmaganda, budjet tashkilotlari xodimlari uchun xizmat safari yo‘lkirasiga haq to‘lash har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdorining 0,08 foizi miqdorida amalga oshiriladi.”;
quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmaganda, boshqa tashkilotlar xodimlari uchun jamoa kelishuvi (shartnomalari), mehnat shartnomasida ko‘zda tutilgan, biroq har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdorining 0,08 foizidan kam bo‘lmagan miqdorlarda to‘lanadi.
Kilometrlar miqdori 500 metr va undan ortiq bo‘lgan holatlarda, ko‘p tomonga yaxlitlanadi.
Kilometrlar miqdori 500 metrdan kam bo‘lgan holatlarda, kam tomonga yaxlitlanadi.”.
4. 11-bandning birinchi xatboshisidagi “eng kam oylik ish haqiga” degan so‘zlar “bazaviy hisoblash miqdoriga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
5. 12-bandda:
birinchi xatboshidan “(lyuks-nomerlardan tashqari)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mehmonxonalarni lyuks-nomerlarida yashaganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda turar joyni olish bo‘yicha haq to‘lash ushbu turar joy qiymatining 70 foizigacha miqdori budjet mablag‘lari hisobidan, qolgan qismi esa budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.”;
uchinchi xatboshidagi “eng kam oylik ish haqi miqdorini 2 foizi” degan so‘zlar “bazaviy hisoblash miqdorini 20 foizi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
6. 15-banddagi “3 kun” degan so‘zlar “uch ish kuni” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
7. Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining o‘rinbosari B. MAXMADALIYEV
2019-yil 12-avgust