Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-apreldagi PF-5708-son Farmoniga muvofiq mahsulot yetishtiruvchilarni qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarining yuqori avlodli va sifatli urugʻliklari bilan yetarli miqdorda taʼminlash, urugʻchilikning milliy brendini yaratish, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida urugʻchilik klasterlarini tashkil etish, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-apreldagi PF-5708-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi va uning boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalari tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-fevraldagi 67-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son)
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziriga zarur hollarda Markaz tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar Markazning vazifalari etib belgilansin:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 320-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2022-y., 09/22/320/0505-son)
xalqaro meʼyorlarga mos holdagi “Milliy urugʻchilik siyosati”ni ishlab chiqish, urugʻchilikni rivojlantirishning qisqa va uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida urugʻchilik klasterlari, shu jumladan, kichik urugʻchilik tashkilotlarini tashkil etish, ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish choralarini koʻrish;
jahon bozori konyunkturasini hisobga olgan holda respublika tuproq-iqlim sharoitlariga mos qishloq xoʻjaligi ekinlari turlari va navlarini aniqlab, hududlarni ixtisoslashtirish, ularning urugʻliklari va koʻchatlarini tayyorlash, foydalanish va eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish, “Uzbek seeds” milliy brendini yaratish;
mahalliy va xorijiy seleksiya navlari hamda biotexnologik va noanʼanaviy ekin turlari navlarining birlamchi urugʻchiligi hamda koʻchatchiligini tashkil etish va rivojlantirish;
qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi sohasida fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish;
urugʻchilik boʻyicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan oʻzaro faol hamkorlik qilish, urugʻliklarni ekishdan oldin ishlov berish va qayta ishlashga oid innovatsion texnologiyalar, ushbu sohadagi nou-xaularni joriy etish;
sabzavot va polizchilikda mahalliy seleksiya navlarini tiklash hamda F1 duragay urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish;
seleksiya va urugʻchilik sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarning moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash, xorijiy investitsiyalar va davlat-xususiy sheriklik tizimi imkoniyatlarini jalb etgan holda resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
urugʻliklar yetishtirishga ixtisoslashgan hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, gʻoʻza, boshoqli don, sabzavot, poliz, moyli, dukkakli va oziqa ekinlarini ularning turlari hamda navlari boʻyicha joylashtirish;
urugʻliklar yetishtirishga ixtisoslashgan hududlardagi qishloq xoʻjaligi subyektlarining yagona elektron tizimini yaratish. Bunda subyekt nomi, ekin turi, navi va avlodi, urugʻlik maydoniga berilgan mineral oʻgʻitlar turi va miqdori, ishlatilgan kimyoviy vositalar nomi va meʼyori, aprobatsiya komissiyasining navdorlik boʻyicha xulosasi, yetishtirilgan hosil toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettirish;
urugʻlik yetishtiruvchi subyektlarda vegetatsiya davrida paxta va boshoqli don maydonlarida kamida uch marta, boshqa urugʻlik maydonlarida kamida ikki marta, urugʻliklarni saqlash va qayta ishlash jarayonlarida doimiy monitoring yuritish, ularga amaliy yordam koʻrsatish va faoliyatini muvofiqlashtirish;
qishloq xoʻjaligi ekinlari turi va navidan kelib chiqqan holda ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ekish, parvarishlash va hosilni yigʻib olish boʻyicha tavsiya, qoʻllanma, normativ hujjatlarni tayyorlash va urugʻchilik subyektlariga yetkazish;
urugʻchilik subyektlarida yetishtirilgan paxta, boshoqli don, sabzavot, poliz, moyli, dukkakli va oziqa ekinlari urugʻliklarini xalqaro standartlarga mos ravishda tayyorlash va qadoqlash hamda ichki va tashqi bozorga “Uzbek seeds” milliy brendi asosida sotishni tashkil etish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 320-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2022-y., 09/22/320/0505-son)
4. Belgilansinki:
elita-urugʻchilik xoʻjaliklarida yuqori reproduktiv (original, superelita va elita) urugʻliklarni yetishtirish nav originatorlari va ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi shartnomalar asosida tashkil etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
urugʻliklar yetishtirishga ixtisoslashgan hududlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarining elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik materiallarini yetishtirish huquqi urugʻlik yetishtiruvchi subyektlar oʻrtasida tanlov oʻtkazish orqali beriladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 320-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2022-y., 09/22/320/0505-son)
nav originatorlari va urugʻlik yetishtiruvchi subyektlarni ragʻbatlantirish hamda urugʻlik materiallari yetishtirish uchun tanlovni oʻtkazish amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklari va koʻchatlariga boʻlgan buyurtma hajmi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan belgilanadi;
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-dekabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son)
Markaz va urugʻlik yetishtiruvchi subyektlar tomonidan urugʻlik materiallari tashqi bozorga “Uzbek seeds” milliy brendi ostida eksport qilinadi;
Markaz direktori, direktorning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
davlat xaridlari uchun mahsulot yetishtiruvchi xoʻjalik subyektlariga lizing shartlari asosida qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish, mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash materiallari, oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarini va boshqa moddiy resurslarni yetkazib berishda nazarda tutilgan imtiyozlar Markazning hududiy boʻlinmalariga ham tatbiq etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
gʻoʻzaning birlamchi va elita urugʻchiligi laboratoriyalaridagi sinov namunalarining tola sifati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi huzuridagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasida bepul tahlil qilib beriladi;
(4-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
urugʻchilik va koʻchatchilik subyektlarining ekin maydonlarida tuproq unumdorligini oshiruvchi qishloq xoʻjaligi ekinlarini almashlab ekish tizimiga qatʼiy rioya qilinadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat kompleksi va oziq-ovqat bilan taʼminlash sohasida loyihalarni amalga oshirish agentligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
2020-yilning ikkinchi yarmida “Uzbek seeds” milliy brendi savdo tarmogʻini, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida urugʻchilik klasterlari, shu jumladan, kichik urugʻchilik kompaniyalarini tashkil etish;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining birlamchi urugʻchiligi elita laboratoriyalarini mahsulotning sifat koʻrsatkichlarini aniqlovchi hamda urugʻlik materiallarini tayyorlovchi asbob-uskunalar bilan taʼminlash uchun Markazga xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining investitsiyalari va grantlarini jalb etish choralarini koʻrsin.
Yaqin istiqbol va kelajakda qishloq xoʻjaligi boʻyicha shakllanadigan investitsiya loyihalarida, qoida tariqasida, seleksiya, urugʻchilik va koʻchatchilikni rivojlantirish komponentlari nazarda tutilsin.
6. Markazning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Urugʻchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tashkil etilsin va quyidagilar uni shakllantirish manbalari etib belgilansin:
navdor urugʻlar uchun toʻlanadigan ustama haqlardan olinadigan oʻtkazmalar;
koʻrsatilayotgan xizmatlardan, qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlik materialini realizatsiya qilishdan, shu jumladan, uni eksport qilishdan olingan daromadlar;
Markazning urugʻchilik klasterlaridagi ulushidan olingan dividendlar;
Markazning boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining investitsiyalari va grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:
urugʻchilik sohasini barqaror rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan kompleks dasturlarni amalga oshirish;
Markaz huzuridagi elita urugʻchilik laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi sohasiga xorijiy mutaxassislar va konsultantlarni jalb etish, shuningdek, Markaz xodimlari, elita urugʻchilik xoʻjaliklari mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi sohasida nou-xaularni joriy etish, shuningdek, sabzavot va poliz ekinlarining F1 duragay urugʻchiligini tashkil etish;
sabzavot, poliz, dukkakli, moyli va ozuqa ekinlari nav orginatorlari va mualliflarini qoʻllab-quvvatlash;
Markazga yuklangan vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa tadbirlar.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda:
qishloq xoʻjaligi ekinlarining birlamchi urugʻchiligi va koʻchatchiligini tashkil etish uchun Markazga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 300 gektardan sugʻoriladigan yer maydonlari ajratilishini;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni urugʻlik materiallari bilan taʼminlash maqsadida tuman (shahar) markazlarida urugʻlik materiallarini realizatsiya qilish shoxobchalarini qurish uchun yer maydonlari ajratilishini yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda foydalanilmayotgan bino va inshootlar nol balans qiymatida operativ boshqaruv huquqi bilan Markazga oʻtkazilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda urugʻchilikdagi ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida har yili qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi, urugʻchiligi va koʻchatchiligi boʻyicha dolzarb davlat ilmiy dasturlari doirasida fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarining eʼlon qilib borilishini hamda grantlar hisobiga moliyalashtirilishini taʼminlasin.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
Bunda quyidagilar moliyalashtiriladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
jahon amaliyotida qoʻllanilayotgan zamonaviy usul va texnologiyalar asosida qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligi va sifat koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan, iqlim oʻzgarishlari, qurgʻoqchilik va shoʻrga moslashgan, kasallik va zararkunandalarga bardoshli nav va duragaylari seleksiyasi hamda urugʻchiligi jarayonlarining barqaror rivojlanishini taʼminlash;
navlarning hosildorligi va urugʻliklarni koʻpayish koeffitsentini oshirish hisobiga nav almashtirish va yangilash muddatlarini jadallashtirish;
nanotexnologiyalar, molekulyar genetika, biokimyo, biofizika va gen-muhandislik usullarini qoʻllashga asoslangan urugʻlik yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish hisobiga urugʻlarning navdorlik va unuvchanlik xususiyatlarini yaxshilash, ekinlarning hosildorligini oshirish;
urugʻlik yetishtiruvchi subyektlarning moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash, ularni zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregatlari bilan jihozlash.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligining 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash, urugʻchilik va urugʻshunoslik kafedrasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bir oy muddatda Vazirlik huzuridagi “Urugʻchilikni rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasiga qarashli va u tomonidan foydalanilayotgan binolar, inshootlar, transport vositalari va boshqa moddiy-texnik qimmatliklar Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida qayta tashkil etilayotgan Markazga oʻtkazilishini taʼminlasin.
Markaz Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Namangan koʻchasi 70-uyda joylashtirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi ustavini;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining Urugʻchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-sentabr,
733-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 733-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 36 nafar.
Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 733-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalari
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 12 nafar.
Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-fevraldagi 67-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2019-y., 09/19/733/3695-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son; 09.06.2022-y., 09/22/320/0505-son; 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son; 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son; 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)