Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimining
Qarori
Chilonzor tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2019-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimining 2019-yil 8-oktabrdagi 2281-sonli “Chilonzor tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2020-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda), “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi 2008-yil 7-son 353-modda), Oʻzbekiston Respublikasi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2008-y., 4-son, 190-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil 15-son 156-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq, qaror qilaman:
1. Chilonzor tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumandagi 604 ta tashkilotlarda aholining quyidagi toifalari uchun 9,6 foiz jami 5726 ta ish oʻrinlari band qilib qoʻyilsin:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va 14 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun — bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari 0,94 foiz — 559,5 ta;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari 4,1 foiz — 2441 ta;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari 0,64 foiz — 382,5 ta;
nogironlar uchun 3 foiz (1790 nafar yuqorida koʻrsatilgan ish oʻrinlariga tumanda nogironlar ishga joylashish boʻyicha talab 101 ta boʻlganligi sababli, kelgusida 1689 ta ish oʻrinni umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari uchun band etib qoʻyilsin);
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — maxsus malakali talab qilmaydigan ish oʻrinlari 0,58 foiz — 345 ta;
odam savdosidan jabrlanganlar uchun ish oʻrinlari 0,08 foiz — 49 ta;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarlik hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari 0,26 foiz — 159 ta.
2. Chilonzor tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2019-yil uchun band qilib qoʻyish lozim boʻlgan tashkilotlar roʻyxati ilovaga* asosan tasdiqlansin.
Ilova berilmaydi.
3. Ish oʻrinlarini band qiluvchi tashkilotlar rahbarlariga:
ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ish bilan taʼminlash uchun 2018-yil yakunlanishidan 10 kun oldin band qilingan ish joylari umumiy miqdorining kamida 25 foizi uchun, 2019-yilning 10-aprelidan kechikmay ish joylarining qolgan qismi 75 foizini barpo etish (ajratish yoki band qilib qoʻyish) toʻgʻrisidagi, yaʼni har bir toifa boʻyicha ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar, mutaxassisliklar kesimidagi maʼlumotlarni va qaror boʻyicha chiqarilgan buyruq nusxalarini tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga taqdim etilsin.
ilovadagi shaxslar uchun ish oʻrinlari sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiqlashtirilishi taʼminlansin.
4. Ushbu qaror ijrosi yuzasidan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari Nizom”ning talablariga qatʼiy rioya etilsin.
5. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini ilovada belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
6. Chilonzor tuman Aholiga bandligiga koʻmaklashish markazi (O. Qurbonov):
tashkilotlar rahbarlari tomonidan mazkur qarorni toʻliq bajarish yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin.
7. Chilonzor tumani hokimining tashkiliy nazorat guruhi (N. Maksudov) va Toshkent shahar hokimligining “Kompyuterlashtirish markazi” DUKning Chilonzor tumani tarmoq administratori (B. Abduxamitov):
“Toshkent Oqshomi”, “Vecherniy Tashkent” gazetalarida mazkur qaror rasmiy eʼlon qilinishi va www.chilonzor.uz veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlansin.
8. Chilonzor tuman hokimining 2017-yil 4-dekabrdagi “Chilonzor tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2018-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi 1304-sonli qarori 2018-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
10. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari B. Karimov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi S. Maxametov
Toshkent sh.,
2018-yil 25-dekabr,
1541-son