O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON TELERADIOKOMPANIYASINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-martdagi 41-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning ijtimoiy taraqqiyotida televideniye va radioning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1 O‘zbekiston Teleradiokompaniyasida Teleradiokompaniya tarkibiga tarkibiy birliklar huquqlari bilan kirgan bo‘linmalarning davlat mulkini to‘liq xo‘jalik hisobi bo‘yicha yuritish huquqi saqlab qolinsin. O‘zbekiston Davlat teleradioeshittirish kompaniyasiga hamda unga qarashli korxona va tashkilotlarga tegishli asosiy fondlar, mol-mulklar va bank schyotlaridagi pul mablag‘lari O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi tasarrufiga o‘tkazilsin.
2. Quyidagilar tasdiqlansin:
hududiy bo‘linmaning namunaviy tuzilmasi va xodimlari soni 3-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi to‘g‘risidagi Nizom 4-ilovaga muvofiq.
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi bilan birgalikda har yili Teleradiokompaniyaning boshqaruv apparati xodimlari va ijodiy-ishlab chiqarish xodimlari sonini Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-martdagi 167-son qarori bilan tasdiqlangan teleradioeshittirishlarni tayyorlash va translatsiya qilish uchun xarajatlar normativlari bo‘yicha aniqlab borsinlar.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-apreldagi 162-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2001-y., 7-son, 36-modda)
4. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasiga raisning to‘rt nafar o‘rinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘lishiga ruxsat etilsin.
Kompaniya raisiga, uning o‘rinbosarlariga va boshqaruv a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi vazirlari va vazirlarning o‘rinbosarlari, vazirliklar hay’atlari a’zolari uchun belgilangan moddiy-maishiy ta’minot, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlari tatbiq etilsin.
5. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi:
ikki hafta muddatda hududiy teleradiokompaniyaning namunaviy nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda “Axborot teleradioagentligi”ni tashkil etish to‘g‘risida taklif kiritsin.
6. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasining qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlari ro‘yxati 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin. “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi obyektlar qurilishi bo‘yicha bosh pudratchi etib belgilansin.
“O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Teleradiokompaniyasiga har yilgi kapital qurilish prognozlarida 5-ilovada* ko‘rsatib o‘tilgan obyektlar qurilishi uchun mablag‘lar ajratishni, shu jumladan, 1996-yilda 150 mln. so‘m ajratishni nazarda tutsinlar.
* 5-ilova berilmaydi.
7. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi, “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi tizimini “Simens” (GFR) kompaniyasini jalb etgan holda kompleks texnik qayta jihozlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini 20 kun muddatda tayyorlasinlar va taqdim etsinlar.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-martdagi 167-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Teleradiokompaniyasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 5,9 mln. AQSh dollari, shuningdek 1,8 mlrd. Rossiya rubli miqdorida foizsiz kredit ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligi, Aloqa vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi 1996 — 2000-yillarda kontrakt-shartnoma asosida turdosh mutaxassisliklarning yuqori kurslarida o‘qiyotganlar orasidan “O‘zteleradio” ish sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tezlashtirish va uning tizimiga oliy va o‘rta maxsus ta’lim o‘quv muassasalari bitiruvchilarini 6-ilovaga* muvofiq yuborishni ta’minlasinlar.
* 6-ilova berilmaydi.
9. Vazirliklar va idoralar “O‘zteleradio” tizimida ishlovchi xorijiy mutaxassislardan va uning taklifiga binoan keladigan xorijiy fuqarolardan mehmonxonada yashaganligi, transportdan foydalanganligi, viza xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘lovlarni milliy valyutada va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan miqdorlarda qabul qilsinlar.
10. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 11-martdagi 123-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 24-may,
190-son
O‘zbekiston teleradiokompaniyasi tuzilmasi
1. Markaziy apparat
2. Tuzilma birliklari huquqidagi bo‘linmalar
Televideniye bo‘yicha dasturlar bosh direksiyasi
Respublika radiosi dasturlari bosh direksiyasi
Chet mamlakatlarga eshittirishlar direksiyasi
Badiiy jamoalar direksiyasi
Teleradioeshittirish tizimi faoliyatini ta’minlash xizmati
3. Yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan korxonalar
Respublika televizion markazi
Respublika radioeshittirish va ovoz yozish uyi
“O‘zbektelefilm” studiyasi
Nukus radiotelemarkazi
Maxsus avtobaza
“Oqtosh” dam olish uyi
“Oltin uzuk” pansionati
Poliklinika
4. Hududiy teleradiokompaniyalar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasi
Andijon viloyati teleradiokompaniyasi
Buxoro viloyati teleradiokompaniyasi
Jizzax viloyati teleradiokompaniyasi
Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasi
Namangan viloyati teleradiokompaniyasi
Samarqand viloyati teleradiokompaniyasi
Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasi
Sirdaryo viloyati teleradiokompaniyasi
Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi
Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasi
Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi
O‘zbekiston teleradiokompaniyasi tashkiliy tuzilmasi
O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi markaziy apparatining
TUZILMASI
Rahbariyat
Iqtisodiyot boshqarmasi
Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi
Texnika boshqarmasi
Kapital qurilish boshqarmasi
Kadrlar boshqarmasi
Yuridik xizmat
Maxsus qism
Ikkinchi bo‘lim
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Ishlar boshqarmasi
“O‘zteleradio” markaziy apparatining
TUZILMASI
Televideniye bo‘yicha dasturlar bosh direksiyasi
TUZILMASI
Respublika radiosi dasturlari bosh direksiyasining
TUZILMASI
Chet mamlakatlarga eshittirishlar direksiyasining
TUZILMASI
Teleradiokompaniya badiiy jamoalari direksiyasining
TUZILMASI
Teleradioeshittirishlar tizimi faoliyatini ta’minlash xizmati
TUZILMASI
Hududiy teleradiokompaniyaning namunaviy
TUZILMASI
O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 7-maydagi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi (keyingi o‘rinlarda “O‘zteleradio” deb ataladi) konstitutsiyaviy rivojlanishni, qonunchilikka rioya etilishini, inson huquqlari va qadr-qimmati muhofaza qilinishini ta’minlovchi demokratiyaning muhim instituti, O‘zbekiston Respublikasining davlat, jamoat va xususiy radiokompaniyalarining yagona tizimida televizion hamda radioeshittirishlarni amalga oshiruvchi tashkilot hisoblanadi.
2. “O‘zteleradio” O‘zbekistonda teleradioeshittirish sohasida muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi va o‘z faoliyati to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
3. “O‘zteleradio” O‘zbekiston Davlat teleradioeshittirish kompaniyasining, shu jumladan, chet davlatlarning tashkilotlari, firmalari va korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar va bitimlarning huquqiy vorisi hisoblanadi.
4. “O‘zteleradio” yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansiga ega bo‘ladi, respublikaning butun hududida, shuningdek, uning tashqarisida zarur xo‘jalik-moliya operatsiyalarini bajaradi, bank muassasalarida o‘z hisob-kitob schyotlariga ega bo‘ladi, qonunchilik bilan belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradi.
“O‘zteleradio” ommaviy axborot vositalarining muassisi, tahririyati, tarqatuvchisi va noshiri huquqlariga ega bo‘ladi.
5. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasining hududiy (mintaqaviy) bo‘linmalari O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi va tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ta’sis etiladi.
6. “O‘zteleradio” o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga va o‘z faoliyatiga tegishli bo‘lgan boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi.
7. “O‘zteleradio” O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi yozilgan muhrga, firma belgisiga, ramziga ega bo‘ladi.
8. “O‘zteleradio”ning manzili: 700011, Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 69.
II. O‘ZBEKISTON TELERADIOKOMPANIYASINING MAQSADI VA FAOLIYAT SOHASI
1. Televizion va radio dasturlar konstitutsiyaviy tartibga bo‘ysunadilar.
“O‘zteleradio” axborotlarning mafkuradan mutlaqo holi bo‘lishini nazarda tutgan holda aholi hamda jamiyatning xolisona, ishonchli va xilma-xil axborotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganish va qoniqtirishni ta’minlaydi.
Jamoatchilik fikrining xilma-xilligini aks ettiradi, insonning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan e’tiqodlari va qadr-qimmati, uning huquq va erkinliklarining hurmat qilinishini ta’minlaydi.
Qarashlar tengligini ta’minlaydi, materiallar mazmunining mustaqilligi va xolisligini, O‘zbekiston hududida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq o‘z faoliyatini amalga oshiruvchi partiya va harakatlarning konsepsiyalari va dasturiy qoidalarini efirda bir xilda taqdim etilishini kafolatlaydi.
Reportajlar, sharhlar va boshqa axborot eshittirishlari jurnalistik etikaning umumiy e’tirof etilgan qoidalariga monand bo‘lishi lozim. Yangiliklar efirga uzatilishigacha tegishli tarzda mazmuni, ishonchliligi va kelib chiqishi nuqtai nazaridan batafsil tekshirilishi zarur. Sharhlar axborotlarning o‘zidan aniq ajralib turishi lozim va shunday ekanligi sifatida belgilanishi zarur.
Aholini demokratik jamiyat qurilishiga faol jalb etishga, fuqarolarni umuminsoniy qadriyatlarga, boy milliy merosga hurmat ruhida tarbiyalashga, o‘sib kelayotgan avlodda yuksak ma’naviy fazilatlar, milliy o‘z-o‘zini anglash, Vatanga mehr-muhabbat va sadoqatni shakllantirishga yordam beradi.
Millatlararo sabr-bardosh, totuvlik va tinchlik prinsiplarini tasdiqlaydi. O‘zbekiston xalqining jipsligiga hamda xalqaro hamfikrlikka yordam beradi.
Mamlakatdagi konstitutsion normalar va qonunchilikning tushuntirilishini, ularning hayotga tatbiq etilishi hamda huquqiy jamiyat shakllanishida har tomonlama yordamni; mamlakat aholisini, shuningdek chet el jamoatchiligini O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy hayotida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida keng xabardor qilinishini ta’minlaydi.
Quyidagi televizion va radio eshittirishlar:
amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirishning nokonstitutsiyaviy shakllariga chaqirsa (O‘zbekiston JKning 159-moddasi);
irqiy va milliy nizolarni avj oldirishga yordam bersa (O‘zbekiston JKning 156-moddasi);
insoniyatning qadr-qimmatini oyoqosti qiladigan, uning ustidan shafqatsizlarcha zo‘ravonlikni aks ettirsa (O‘zbekiston JKning 140-moddasi);
militeristik yo‘nalishga ega bo‘lsa (O‘zbekiston JKning 150-moddasi);
sharm-hayosiz bo‘lsa (JKning 130-moddasi, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi Qonunning 4-moddasi);
aholi ayrim qatlamlarining, ularning diniy, milliy va madaniy kelib chiqishi bilan bog‘liq manfaatlarini cheklasa;
bolalar va o‘smirlarning jismoniy, axloqiy yoki ruhiy salomatligiga zarar keltirsa ularning tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2. “O‘zteleradio” o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq xolislik, tezkorlik va o‘z axborotlarining mutlaqo yangi bo‘lishi prinsiplariga asoslanib:
mamlakat hududida va uning tashqarisida teleradioeshittirishlarni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi, uning ichki va tashqi siyosati to‘g‘risida, respublikada ro‘y berayotgan jarayonlar, shu voqealarga nisbatan uning tashqarisidagi munosabatlar haqida, shuningdek, xorijdagi voqealar va jarayonlar to‘g‘risida har tomonlama axborot beradi;
O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati to‘g‘risidagi rasmiy xabarlarni tarqatadi, ular tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni tushuntiradi, ular yuzasidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarni tahlil qiladi;
o‘z nashrlarini e’lon qiladi, xalqaro ko‘rgazmalar, simpoziumlar, telebozorlar, konferensiyalar va festivallar tashkil etadi va ularda qatnashadi;
teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar uchun teleradio dasturlari, telefilmlar, adabiy va musiqiy asarlar, sahna asarlari yaratishning ijodiy-ishlab chiqarish jarayonlarini ta’minlaydi;
kompaniya barcha tuzilmalari va bo‘linmalari uchun majburiy normativ hujjat hisoblanuvchi istiqboldagi (kamida 3 oylik) eshittirishlar setkasini (“O‘zteleradio” boshqaruvi) tasdiqlaydi. Ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilingan ko‘rsatuv va eshittirishlar dasturi faqat umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan favqulodda holatlarda “O‘zteleradio” raisining ko‘rsatmasi bilan o‘zgartiriladi. Qolgan barcha hollarda o‘zgartirishlar kompaniya boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi;
telefilmlarni ishlab chiqarishga tushirish, ularni ko‘paytirish tartibini belgilaydi, tele, radio va kino mahsulotlari ishlab chiqarish uchun moddiy xarajatlarning normativlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
ijodiy-ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlantirish fondlarini zarur valyuta va o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa fondlarni mustaqil shakllantiradi va ulardan foydalanadi. Ko‘rsatuv va eshittirishlarning amaldagi hajmi, sifati, janri va reytingiga qarab ularni tayyorlash va translatsiya qilish xarajatlari normativlariga asosan teleradiokompaniyaning barcha xodimlari mehnatini normalashning va ular mehnatiga haq to‘lashning rivojlangan shakllarini joriy etadi. Mukofotlar va rag‘batlantiruvchi tusdagi boshqa to‘lovlar, shu jumladan rahbarlar va apparat xodimlariga ham, miqdorlarini, shuningdek turli toifalar xodimlari soni nisbatlarini hisobga olmagan holda, ko‘rsatilgan maqsadlarga ajratilgan mablag‘lar doirasida shtat va tuzilmani belgilaydi;
televideniye va radio uchun barcha turdagi asarlarni yaratganlik uchun mualliflik, sahnaga qo‘yganlik hamda ijrochilik to‘lovlari to‘lanishi tartibi va ular miqdorini, shuningdek, adabiy-badiiy asarlar, ssenariylar, telefilmlarga, televizion ko‘rsatuvlarga va radioeshittirishlarga musiqa yaratganlik uchun stavkalarni belgilaydi;
xalqning milliy ma’naviy boyligi va madaniy merosining bir qismi sifatida teleko‘rsatuv va radio asarlari “Oltin fondi”ni tanlash, butlash hamda saqlash vazifasini amalga oshiradi;
mehnat munosabatlarining tanlov-shartnoma tizimi asosida kadrlarni tanlaydi hamda joy-joyiga qo‘yish ishlarini olib boradi, “O‘zteleradio” xodimlarini Respublika va xorijiy oliy o‘quv yurtlari bazasida tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiradi;
badiiy, artistik ishlab chiqarish texnikasi xodimlarini tarifikatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi;
teleradio dasturlarining reytingini aniqlash hamda uni oshirish maqsadida teletomoshabinlar va radioeshituvchilarning fikr-mulohazalarini sotsiologik o‘rganishni amalga oshiradi;
teleko‘rsatuv hamda radioeshittirishlarning maqsadli efir vaqtini vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va jismoniy shaxslarga hamda jamoat birlashmalariga va xorijiy tashkilotlarga tijorat asosida ajratadi;
teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarning xalqaro va xususiy organlari bilan teleradio dasturlari, ilmiy-uslubiy, huquqiy, texnikaviy, tijorat va boshqa axborotlarni o‘zaro almashish masalalari yuzasidan ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama shartnomalar tuzadi;
O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi korxonalari va organlari bilan birgalikda teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar dasturlarini respublika hududida va uning tashqarisida shakllantirish hamda tarqatish yagona tarmoqlarining faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlovchi texnik vositalarni oqilona joylashtirish va samarali rivojlantirishni amalga oshiradi;
davlat aloqa organlarining o‘zlashtirilgan radiochastotalar, chastota kanallari bilan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarning texnika vositalaridan samarali foydalanishini ta’minlaydi;
“O‘zteleradio” dasturlarini tuzish va tarqatish sifatini nazorat qilishni tashkil egadi;
budjetdan ajratilgan mablag‘lar va o‘z mablag‘lari doirasida buyurtmalarni joylashtiradi, teleko‘rsatuv hamda radioeshittirish uchun texnika, texnologiya hamda asbob-uskunalarning yangi turlarini ishlab chiqishni mablag‘ bilan ta’minlaydi, xususiy texnologik infrastrukturani yaratish uchun teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarga asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalar va firmalar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan bevosita aloqalar o‘rnatadi;
teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar dasturlarini namoyish qilishning texnik shartlariga muvofiq keluvchi binolar hamda inshootlar qurish uchun texnik vazifalarning loyihalarini kelishib oladi;
O‘zbekiston Respublikasida teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni tashkil etish va boshqarishning huquqiy asoslarini ishlab chiqishda qatnashadi;
belgilangan tartibda tegishli respublika hamda xalqaro huquqiy tashkilotlarda “O‘zteleradio” manfaatlarini himoya qiladi;
O‘zbekiston Respublikasining teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar sohasidagi xalqaro aloqalarini amalga oshiradi;
chet mamlakatlarning teleradiokompaniyalari va tashkilotlari bilan hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, protokollar va boshqa hujjatlarni ishlab chiqadi, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida shartnomalar tuzadi, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar sohasida eksport-import operatsiyalarini, vakillikni, vositachilik faoliyatini amalga oshiradi;
chet ellik sheriklar bilan qo‘shma korxonalar tashkil etadi, audio va video kassetalarga yozilgan dasturlarni, kino mahsulotlarini ishlab chiqaradi, ko‘paytiradi va sotadi, shuningdek uning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga, moliyaviy-iqtisodiy ahvolini mustahkamlashga yordam beruvchi faoliyatning boshqa turlarini amalga oshiradi;
mulkchilikning turli shakllaridagi efirga uzatish tuzilmalarini tuzishga oid loyihalarni ishlab chiqadi va sotadi.
III. O‘ZBEKISTON TELERADIOKOMPANIYASINING HUQUQLARI
1. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi quyidagi huquqlarga ega:
teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar tayyorlash uchun davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan zarur axborotlar olish;
“O‘zteleradio” xodimlarining xizmat vazifasini bajarishlari uchun talab etilgan vaqtda davlat organlari va jamoat tashkilotlaridan yordam olish;
xodimlarni ommaviy tadbirlarga, shuningdek, tabiiy ofatlar, halokatlar bo‘lgan, harbiy o‘qishlar va jangovar harakatlar, kosmik tadqiqotlar o‘tkazilayotgan, ekologik ofatlar va jinoyatlar bo‘lgan, ozodlikdan mahrum etish joylariga (tegishli organlar bilan kelishgan holda) teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar tashkil etish uchun yuborish;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari asosida, respublika teleradioeshittirishlar tizimida yagona davlat siyosatini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarning barcha organlari hamda tashkilotlari uchun, ularning idoraviy mansubligidan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, majburiy normativ hujjatlar nashr etish;
tegishli organlarga teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarni translatsiya qilishning texnik talablariga rioya qilinmagan holda amalga oshirilayotgan binolar va inshootlar qurilishini to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risida takliflar yuborish;
“O‘zteleradio” dasturlarini tarqatish va namoyish qilish maqsadida foydalaniladigan “O‘zteleradio”ga biriktirib qo‘yilgan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarning barcha texnik vositalarining ular o‘zlashtirgan radiochastotalar, chastota kanallari, sim orqali (kabel orqali) uzatish va aloqa kanallari bilan faoliyat ko‘rsatishi (ko‘rsatuvlar va eshittirishlar hajmi va tartibi) rejimini belgilash;
eshittirishlar setkasini mustaqil shakllantirish va maqsadga muvofiqligiga amal qilgan holda efir vaqtidan foydalanish shakllarini modellashtirish;
ommaviy axborot vositalari muassisi, tahririyati, tarqatuvchisi va noshiri huquqlariga ega bo‘lish, umumrespublika teleko‘rsatuvlari va radioeshittirishlari tashkilotlari hamda matbuot organlarini ta’sis etish, ta’sis etiladigan organlarning dasturlari, ustavlari (nizomlari)ni tasdiqlash, ularga moliyaviy va moddiy-texnika yordami berish;
Aloqa vazirligi bilan kelishgan holda umumrespublika teleradio dasturlarini O‘zbekiston Respublikasining barcha hududiga va uning tashqarisiga tarqatish tartibini belgilash;
teleradio mahsulotlari tayyorlash uchun budjet, jalb etilgan va o‘z mablag‘lari hisobidan yuridik va jismoniy shaxslarda texnikalar xarid qilish va xizmatlar olish bo‘yicha, shuningdek teleradio mahsulotlarini sotish hamda efir vaqtini ajratish bo‘yicha kontraktlar tuzish;
badiiy qadr-qimmati, kasbiy darajasi va teleradio dasturlarining reytingiga qarab barcha toifa xodimlariga yakka tartibdagi ustamalar, qo‘shimcha haqlar, mukofotlar va rag‘batlantirish tusidagi boshqa to‘lovlarni aniqlash va belgilash;
xorijiy mutaxassislarni kontrakt asosida ishga qabul qilish;
buyurtma asosida yaratiladigan teleradio mahsulotlariga baholarni, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun so‘mda va chet el valyutasida tariflarni mustaqil belgilash;
“O‘zteleradio”ning faoliyat ko‘rsatayotgan ijodiy-ishlab chiqarish tuzilmalarini o‘zini-o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash asosida, shu jumladan xorijiy sheriklarni jalb etgan holda, ishlashga o‘tkazish hamda ana shunday tartibda ishlaydigan yangi tuzilmalarni tashkil etish;
teleradio dasturlarini shartnoma asosida respublika va mahalliy gazetalarga e’lon qilish uchun berish;
respublika hududida va uning tashqarisida belgilangan tartibda firmalar, tashkilotlar, vakolatxonalar, bo‘limlar, agentliklar, muxbirlik punktlari va ularning filiallarini ta’sis etish, qayta tashkil qilish va tugatish;
mavjud mablag‘lar doirasida axborot, madaniyat, xayriya, insonparvarlik hamda boshqa xil fondlar, teleradiolotereyalar ta’sis etish, banklar tashkil qilish, mamlakatimizda va xorijda faoliyat ko‘rsatayotgan shunga o‘xshash fondlar tarkibiga kirish; eng yaxshi asarlar va axborot materiallari uchun mualliflarni rag‘batlantirish maqsadida maxsus mukofotlar ta’sis etish;
tijorat faoliyatini amalga oshirish va olingan valyuta tushumlaridan mustaqil ravishda foydalanish;
teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar, filmlar yaratish sohasidagi muammolarni tahlil qilish va ularni hal etishning oqilona yo‘llarini topish maqsadida yuqori malakali mutaxassislar va ekspertlarni, shu jumladan ularni respublika tashqarisidan ham jalb qilish;
tanlovlar, festivallar, viktorinalar o‘tkazish, delegatsiyalarni, mamlakatimizning va chet ellar teleradio tashkilotlari vakillarini qabul qilish, shuningdek, “O‘zteleradio” faoliyati bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish uchun sarf-xarajatlar normasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
respublika rahbariyatining qarorlari va farmoyishlarini respublika vazirliklari va davlat boshqa boshqaruv organlari uchun belgilangan tartibda olish.
2. “O‘zteleradio” zimmasiga yuklangan vazifalar va ishlarni bajarishda u respublika birlashmalariga hamda O‘zbekiston Respublikasining davlat boshqaruv organlariga berilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadi.
3. “O‘zteleradio” vakolati doirasiga kiruvchi yoki uning manfaatlariga daxldor masalalar qonunda nazarda tutilgan hollarda davlat organlari va xo‘jalik tashkilotlari tomonidan “O‘zteleradio” ishtirokida hal etiladi.
IV. O‘ZBEKISTON TELERADIOKOMPANIYASI BOShQARUVI
1. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasiga rais boshchilik qiladi.
“O‘zteleradio” raisining to‘rt nafar o‘rinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
2. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi raisi kompaniya faoliyatiga rahbarlik qiladi, “O‘zteleradio”ga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, rais o‘rinbosarlarining, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining, shuningdek, o‘z tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar hamda tashkilotlar rahbarlarining javobgarlik darajalarini belgilaydi.
3. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasida rais, uning o‘rinbosarlari va “O‘zteleradio”ning boshqa xodimlari tarkibida 15 kishidan iborat boshqaruv tuziladi.
Boshqaruvga O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi raisi boshchilik qiladi. Boshqaruv a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Boshqaruv qarorlari O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi raisining buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi.
V. MOL-MULK VA FONDLAR
1. O‘zbekiston Respublikasining tugatilgan Davlat teleradioeshittirish kompaniyasining va unga qarashli mahalliy teleradiokompaniyalar hamda tashkilotlar ixtiyorida bo‘lgan asosiy fondlar va boshqa davlat mol-mulki O‘zbekiston Teleradiokompaniyasining mol-mulkini tashkil qiladi. “O‘zteleradio” ko‘rsatilgan davlat mulkini boshqarish uchun vakolatli bo‘lgan davlat organi funksiyasini bajaradi. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi mol-mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks etadi.
2. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasining pul mablag‘lari texnika vositalaridan foydalanish, texnikaviy bazani mustahkamlash, maqsadli dasturlarni amalga oshirish, respublika tashqarisidagi vakilliklarni mablag‘ bilan ta’minlash va boshqa ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun belgilangan normativlar hamda hisob-kitoblarga muvofiq davlat buyurtmasini bajarish uchun davlat budjetidan ajratiladi.
Tijorat faoliyatidan, pulli xizmatlar ko‘rsatish, vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar, ayrim fuqarolar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar va bajarilgan ishlardan, homiylardan, tashqi iqtisodiy faoliyatdan, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar o‘tkazgan beg‘araz va xayriya badallaridan, aksiyalar va qimmatli qog‘ozlar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan man etilmagan boshqa manbalardan olinadigan mablag‘lar O‘zbekiston Teleradiokompaniyasini moliyaviy ta’minlashning qo‘shimcha manbalari hisoblanadi.
3. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi teleradiokompaniyani rivojlantirish fondini, shuningdek, mehnatga haq to‘lash, ijodiy-ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlantirish fondlarini, kompaniya vazifalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan valyuta hamda boshqa fondlarni tashkil etadi.
4. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi o‘z majburiyatlari bo‘yicha qonunchilikka muvofiq undirib olinishi mumkin bo‘lgan o‘ziga biriktirib qo‘yilgan mol-mulk uchun javob beradi.
5. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi buxgalteriya, tezkorlik va statistika hisobini yuritadi, belgilangan tartibda ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyatining barcha turlari bo‘yicha hisobot tayyorlaydi va taqdim etadi, hisobotlar va balanslarning ishonchliligini ta’minlaydi.
6. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi o‘ziga bo‘ysunuvchi mahalliy teleradiokompaniyalar, korxonalar va tashkilotlar moliya-xo‘jalik faoliyatlarining qonunchilikka muvofiq tematik tekshirishlardan va kompleks taftishlardan o‘tkazilishini ta’minlaydi.
7. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasini qayta tashkil etish va tugatish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1996-y., 6-son, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 7-son, 36-modda)