O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya ishtirokidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish to‘g‘risida
Maktabgacha ta’limning nodavlat sektorini yanada rivojlantirish, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan kengroq qamrab olishni ta’minlash hamda maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi (keyingi o‘rinlarda davlat sherigi deb ataladi) va Toshkent shahar hokimligining Koreya Respublikasi “Chung Design Construction” kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda xususiy sherik deb ataladi) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar yuklash orqali beshta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini (keyingi o‘rinlarda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
tashkil etiladigan har bir nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining quvvati 200 o‘rinli bo‘lib, bir xil shart-sharoitlar va texnik ko‘rsatkichlarga ega bo‘ladi;
tashkil etiladigan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 1 tasi davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga aylantirish uchun davlat sherigiga beriladi, 4 tasi xususiy sherik tomonidan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi sifatida foydalaniladi;
xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda belgilangan majburiyatlarini o‘z muddatida to‘liq yoki qisman bajarmagan taqdirda, tashkil etiladigan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari Toshkent shahar hokimiyati tasarrufiga o‘tkaziladi.
3. Quyidagilar tashkil etiladigan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari uchun tatbiq etilmaydi:
tarbiyalanuvchilarning bir qismini ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlari hisobidan shakllantirish va ular uchun ota-onalar to‘lovining imtiyozli hajmlarini o‘rnatish majburiyati;
davlat maktabgacha ta’lim muassasasining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan summaning 50 foiziga qadar miqdorda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan subsidiyalar ajratish.
4. Toshkent shahar hokimligi xususiy sherikka nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun ilovaga muvofiq yer maydonlari ajratib bersin.
5. Davlat sherigi bir oy muddatda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha xususiy sherik bilan, istisno tariqasida, tanlov o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuzsin.
Bunda xususiy sherikka quyidagi qo‘shimcha majburiyatlar yuklanishini nazarda tutsin:
nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun kamida 10 mln. AQSh dollari miqdorda xorijiy investitsiya kiritish;
nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish ishlarini 2019-yil 31-dekabrga qadar yakunlash;
tashkil etilgan maktabgacha ta’lim muassasalarida 150 tadan kam bo‘lmagan yangi ish o‘rinlarini yaratish;
xususiy sherik tomonidan foydalaniladigan 4 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyat turini 30 yil davomida o‘zgartirmaslik;
davlat sherigiga beriladigan maktabgacha ta’lim muassasasining saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida 30 yil davomida har oyda 4000 AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni maktabgacha ta’lim muassasasi hisob raqamiga o‘tkazib borish;
tashkil etilgan maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini ilg‘or innovatsion va pedagogik texnologiyalar hamda O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’limga qo‘yilgan davlat talablari asosida tashkil etish.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, maktabgacha ta’lim vaziri A.V. Shin hamda Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-may,
417-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-maydagi 417-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xususiy sherikka nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun ajratib beriladigan yer maydonlari
RO‘YXATI
Oldingi tahrirga qarang.
|
T/r |
Ajratiladigan yer maydoni manzili |
Yer maydoni (ga) |
Tashkil etiladigan muassasa quvvati |
Kiritiladigan investitsiyaning taxminiy qiymati |
|
2. |
Yashnobod tumani, Mavlono Riyoziy mavzesi, 10,17 va 19-uylar oralig‘idagi bo‘sh yer maydoni |
0,22 |
200 o‘rin |
2 mln. AQSh doll. |
|
3. |
Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 46-uy orqasidagi bo‘sh yer maydoni |
0,20 |
200 o‘rin |
2 mln. AQSh doll. |
|
4. |
Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi 69/9-uy oldidagi bo‘sh yer maydoni |
0,25 |
200 o‘rin |
2 mln. AQSh doll. |
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-iyuldagi 460-sonli qarori tahririda)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.05.2019-y., 09/19/417/3157-son)