O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA STANDARTLAR VA O‘LChOV VOSITALARI USTIDAN DAVLAT NAZORATI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-avgustdagi 410-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasida standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazorati to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 29-aprel,
211-son
O‘zbekiston Respublikasida standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazorati to‘g‘risida
NIZOM
1. Vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, davlat korxonalari, kooperativlar, aksionerlik korxonalari, qo‘shma, ijarachi, kichik korxonalar va boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar (bundan keyin matnda korxonalar), ularning idoraviy mansubliklaridan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, shuningdek, respublika hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar tomonidan standartlar* va metrologik qoidalarning, o‘lchovlar birligining o‘z vaqtida joriy qilinishini va ularga rioya qilinishini ta’minlash, shuningdek, standartlar va o‘lchov vositalarining ilmiy-texnika darajalarini tahlil qilish hamda ularni ishlab chiqishda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, Fan-texnika taraqqiyotini jadallashtirish, mehnat unumdorligini o‘stirish, mahsulotning texnika darajasini va sifatini oshirish maqsadida Fan va texnika yutuqlaridan samaraliroq foydalanishga ko‘maklashish O‘zbekiston Respublikasida standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazoratining bosh vazifasi hisoblanadi.
* Bunda va boshqa bandlarda standartlar deganda belgilangan tartibda tasdiqlangan texnik shartlar va namunalar (etalonlar) ham tushuniladi.
2. O‘zbekiston Respublikasida standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazorati:
O‘zbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi;
standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalashning mintaqaviy markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Dorivor vositalarning Davlat farmakopeyasi yoki texnik shartlar talablariga muvofiqligini davlat tomonidan nazorat qilish belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
“O‘zdavstandart”ning bosh direktori lavozimi bo‘yicha bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasining standartlar va o‘lchov vositalari ustidan nazorat olib boruvchi bosh davlat inspektori, uning o‘rinbosarlari esa O‘zbekiston Respublikasining standartlar va o‘lchov vositalari ustidan nazorat olib boruvchi bosh davlat inspektorining o‘rinbosarlari hisoblanadi.
“O‘zdavstandart”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va shaharlardagi standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash mintaqaviy markazlarining direktorlari lavozimlari bo‘yicha bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shaharlarning standartlar va o‘lchov vositalari bo‘yicha nazorat olib boruvchi bosh davlat inspektorlari, ularning o‘rinbosarlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shaharlarning standartlar va o‘lchov vositalari bo‘yicha nazorat olib boruvchi bosh davlat inspektorining o‘rinbosarlari hisoblanadilar.
Standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazoratini amalga oshirish vazifasi topshirilgan “O‘zdavstandart” bo‘limlarining boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, bosh mutaxassislari, mansabdor shaxslari lavozimlari bo‘yicha bir vaqtning o‘zida standartlar va o‘lchov vositalari ustidan nazoratning davlat inspektorlari hisoblanadilar.
Standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar davlat nazoratchisi yoki davlat tekshiruvchisi sifatida “O‘zdavstandart” tomonidan belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tgan bo‘lishlari kerak.
3. Standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazorati organlari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
a) standartlar va metrologik qoidalarni, shuningdek, odamlarning xavfsizligi, hayoti va salomatligini muhofaza qilish, bir-biriga monandlik va bir-birini almashtira olishga nisbatan majburiy talablarni belgilovchi standartlar va metrologik qoidalarni o‘z vaqtida joriy qilishni va ularga rioya qilinishini nazorat etadilar. Tayyorlovchilarning talabnomalari bo‘yicha yoki iste’molchilarning xabarlari bo‘yicha mahsulotga nisbatan tavsiya qilingan talablarga rioya qilinishi ham nazorat etiladi;
b) fizik kattaliklarning belgilangan birliklarining to‘g‘ri qo‘llanilishini, o‘lchov vositalarining ahvolini, ularni tayyorlash, saqlash, tuzatish, tekshirish va qo‘llash sharoitlarini, eskirib qolgan o‘lchov vositalarining ishlab chiqarishdan o‘z vaqtida olib tashlanishini va ularning yangisiga almashtirilishini tekshiradilar;
v) standartlar va metrologik xizmatlarning idoraviy xizmatlari ishini nazorat qiladilar;
g) mahsulotlar sifati bo‘yicha inspeksiya va boshqa tashkilotlarning standartlar va metrologik qoidalarning joriy qilinishi va ularga rioya etish yuzasidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha faoliyatlariga metodik rahbarlik qilishni amalga oshiradilar hamda ushbu faoliyatni muvofiqlashtirib boradilar;
d) sertifikatsiya sinovlarining to‘g‘ri olib borilayotganligini nazorat qilishni amalga oshiradilar;
e) ishlab chiqarishlarni, sertifikatsiya qilingan mahsulotlarni, sifat tizimini attestatsiyadan o‘tkazish shartlariga qanday rioya qilinayotganligining inspeksiya nazoratini o‘tkazadilar;
j) o‘z bazalarida yaratilgan mahsulotlarning ayrim turlarini laboratoriyalarda sinab ko‘radilar;
z) standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazorati natijalarini umumlashtiradilar, ularni ishlab chiqishda fan va texnika yutuqlaridan samaraliroq foydalanishga ko‘maklashadilar, ularning o‘z vaqtida joriy qilinmaganligi, standartlar va metrologik qoidalarning buzilishi sabablarini tahlil qiladilar, standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazorati organlari ishining ta’sirini oshirish yuzasidan tadbirlar ishlab chiqadilar va ularni o‘tkazadilar;
i) o‘lchov vositalarini davlat sinovidan, metrologik attestatsiyadan va davlat tekshiruvidan o‘tkazadilar;
k) agar standartlar, metrologiya qoidalari va texnik shartlar mahsulotlarning texnik darajasini va sifatini oshirishni ta’minlamasa yoki amaldagi qonunlarga zid bo‘lsa, ularni bekor qiladilar yoki bekor qilish, amalda bo‘lish muddatlarini chegaralash to‘g‘risida belgilangan tartibda takliflar kiritadilar;
l) standartlarni va texnik shartlarni tasdiqlashda va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ularni ekspertiza qiladilar;
m) korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning o‘lchov vositalarini tayyorlash, tuzatish va tekshirish bo‘yicha ishlarni bajarish uchun tayyorgarliklarini tekshiradilar, agar ular tayyor bo‘lsalar, ularga ko‘rsatilgan ishlarni bajarish huquqni beruvchi ro‘yxatga olish guvohnomalarini beradilar;
n) vazirliklar, idoralar, uyushmalar va konsernlarning bosh tashkilotlarini ishlab chiqarish-texnika va madaniy-maishiy maqsadlardagi mahsulotlarning muhim turlarini davlat sinovlaridan o‘tkazish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazadilar va ushbu sinovlarni ularga biriktirib qo‘yilgan mahsulotlar bo‘yicha o‘tkazish huquqini beruvchi ro‘yxatga olish guvohnomalarini beradilar;
o) standartlar va o‘lchov vositalarini joriy etish va ularga rioya qilishni nazorat etish jarayonida aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish uchun chora-tadbirlar ko‘radilar.
4. Standartlar va o‘lchov vositalari ustidan nazoratning bosh davlat inspektorlari va ularning o‘rinbosarlari, davlat inspektorlari:
a) vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan standartlarni va metrologiya qoidalarini joriy etish va ularga rioya qilish masalalari yuzasidan zarur ma’lumotlar va materiallarni olish;
b) standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq tekshirishlar va ekspertizalar o‘tkazish uchun, shuningdek, aniqlangan standartlar va metrologiya qoidalarini buzishlarni bartaraf etishni nazorat qilish uchun zarur hollarda texnik vositalarni va mutaxassislarni, ularning rahbarlarining roziligi bilan jalb qilish;
v) xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan holda hech bir to‘siqsiz korxonalarga borish, bunda ularning zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun belgilangan ish tartibi hisobga olinadi;
g) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda “O‘zdavstandart” tomonidan belgilangan tartibda mahsulotlarning standartlarga muvofiqligini tekshirish uchun ularning namunalarini olish;
d) davlat sinovidan, metrologiya attestatsiyasidan o‘tmagan, tekshirilmagan yoki buzuq o‘lchov vositalarini muomalaga chiqarishni ushlab qolish va qo‘llanishni to‘xtatish, bunday vositalarni muomaladan olib qo‘yish to‘g‘risida korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ular uchun bajarish majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berish, zarur bo‘lgan hollarda esa ularni to‘g‘ridan to‘g‘rimuomaladan olib tashlash;
e) standartlar va metrologiya qoidalari talablariga mos kelmaydigan konstruktorlik, texnologik va loyiha hujjatlarini agar ular mahsulotlarning texnik darajasi va sifatini pasaytirishga olib keladigan bo‘lsa, buyurtmachi (ishlab chiqarish)ga berishni va qo‘llanishni taqiqlab qo‘yish;
j) standartlarga metrologiya qoidalarini buzgan holda mahsulotlar chiqarish (shu jumladan, tuzatishdan chiqarish)ni, sotishni, ortishni, saqlashni va foydalanishni, shuningdek, maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida xizmat ko‘rsatishni taqiqlash;
z) standartlar va metrologiya qoidalarini buzishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda hatto egallab turgan lavozimidan bo‘shatishgacha javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli vazirliklar va idoralarga, hokimliklarning ma’muriy komissiyalariga, shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga takliflar kiritish;
i) korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ular uchun bajarish majburiy bo‘lgan standartlar va metrologiya qoidalarini buzishlarni va ushbu buzilishlarni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish to‘g‘risida yozma ko‘rsatmalar berish;
k) korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan standartlar buzilgan hollarda belgilangan tartibda ularga iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida yozma ko‘rsatmalar berish;
l) korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan mahsulotlarni chiqarishda standartlar muntazam buzilgan hollarda “O‘zdavstandart” tomonidan belgilangan tartibda tayyor mahsulotni qabul qilishning alohida rejimini joriy etish;
m) ishlab chiqarish-texnika va madaniy-maishiy maqsadlardagi mahsulotlarning muhim turlarini davlat sinovidan o‘tkazuvchi bosh tashkilotlarga, agar bunda standartlar va metrologiya qoidalari bilan belgilangan sinovlar tartibiga rioya qilish ta’minlanmasa, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazishni taqiqlash, shuningdek, ushbu sinovlar bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni bekor etish;
n) o‘lchov vositalarini tayyorlash, tuzatish va tekshirish bo‘yicha ishlarni “O‘zdavstandart” organlarida ko‘rsatilgan ishlarni bajarish huquqini beruvchi ro‘yxatga olish guvohnomasini olmagan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan bajarilishini taqiqlash;
o) o‘lchov vositalarini tayyorlash va tekshirish huquqini beruvchi ro‘yxatga olish guvohnomalarini bu ishlarni bajaruvchi muassasalar va tashkilotlar tomonidan standartlar va metrologiya qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan hollarda bekor qilish yoki ro‘yxatga olish guvohnomalaridan ayrim ish turlarini chiqarib tashlash;
p) tekshirish qoidalarini buzgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda foydalanishda bo‘lgan o‘lchov vositalari uchun yoppasiga bir yo‘la tekshirishni tayinlash va tekshirishlar o‘rtasidagi qisqartirilgan oraliqni belgilash, kamchiligi zarur darajadagi aniqlik bilan baholanmagan o‘lchov natijalaridan foydalanishni taqiqlash;
r) standartlar va metrologiya qoidalari buzilganda, ushbu buzilishlar bartaraf etilgunga qadar mahsulot ishlab chiqarishni to‘xtatish to‘g‘risida korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslariga bajarish majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berish huquqlariga egadirlar.
Mazkur bandda nazarda tutilgan huquqlar standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazorati organlarining mansabdor shaxslariga, “O‘zdavstandart”ning bosh direktori belgilaydigan hajmlarda, beriladi. Bu bilan “r” kichik bandda nazarda tutilgan huquq faqat O‘zbekiston Respublikasi standartlar va o‘lchov vositalari ustidan nazorat qiluvchi bosh davlat inspektoriga va uning o‘rinbosarlariga, “e” va “k” kichik bandlarda nazarda tutilgan huquqlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar standartlar va o‘lchov vositalari ustidan nazoratning bosh davlat inspektorlariga va ularning o‘rinbosarlariga beriladi.
5. Standartlar va o‘lchovlar vositalari ustidan davlat nazorati organlari o‘zlariga berilgan huquqlardan foydalanishda va yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda amaldagi qonunlarga rioya qilinishini nazorat qilishga va umumdavlat manfaatlariga rioya qilishga, standartlar va metrologiya qoidalariga rioya qilish va o‘lchov birliklarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarda har qanday mahkamachilik va mahalliychilik kabi munosabatlarning payini qirqishga da’vat etilganlar.
Standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarmaganliklari uchun va o‘zlariga berilgan huquqlardan noto‘g‘ri foydalanganliklari uchun qonunlar bilan belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
6. Standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning harakatlari ustidan yuqori mansabdor shaxsga, agar qonun bilan shikoyat qilishning boshqa tartibi belgilanmagan bo‘lsa, 10 kun muddat ichida shikoyat qilinishi mumkin.
Shikoyat qilish shikoyat qilingan qarorning bajarilishini to‘xtata olmaydi, mazkur Nizomdagi 4-bandning “r” kichik bandida nazarda tutilgan choralarni qo‘llash xollari bundan mustasnodir.
Standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning harakatidan norozi bo‘lganlarning shikoyatlari zudlik bilan, lekin shikoyat tushgan kundan boshlab kechi bilan 15 kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha ravishda o‘rganishni va tekshirishni talab qiluvchi shikoyatlar esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
7. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning mansabdor shaxslariga o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni (belgilangan tartibda xizmat xonalari, aloqa, transport vositalari va boshqalar bilan ta’minlash) yaratib berishlari kerak.
8. Standartlar va o‘lchov vositalari ustidan davlat nazorati organlari o‘z ishlarini boshqa davlat organlari va jamoat tashkilotlari (kasaba uyushmalari, iste’molchilar jamiyati va boshqalar) bilan yaqindan o‘zaro hamkorlikda olib boradilar.