O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-sonli “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida” 2018-yil 1-noyabrdagi 897-son qaroriga muvofiq hamda iste’mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun o‘zaro hisob-kitoblar tizimini yanada takomillashtirish, elektr va gaz ta’minoti shartnomalarida belgilangan limitlardan ortiqcha iste’mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflar keskin o‘sib ketishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Belgilansinki, ushbu qaror kuchga kirishidan oldin to‘lov avans tariqasida amalga oshirilgan taqdirda elektr energiyasi (shu jumladan, aktiv va reaktiv energiya) va tabiiy gaz hajmi uchun iste’molchi to‘lov kunidan boshlab keyingi 12 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda tarif o‘zgarganda qo‘shimcha to‘lovlar to‘lashdan ozod qilinadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘zbekneftgaz” AJ bilan birgalikda 2019-yil 15-maygacha ushbu qarorda nazarda tutilgan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanganlik uchun haq to‘lash tartibi kelgusida saqlanib qolishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Yoqilg‘i-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-fevral,
182-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-fevraldagi 182-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 1-ilovada:
a) 67-banddagi “bir yarim baravari” so‘zlari “1,15 baravari” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 70-bandning to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish, maishiy iste’molchilar bundan mustasno, 100 foiz oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Bunda, hisob-kitobni 50 foiz oldindan haq to‘lash asosida amalga oshirish xohishini bildirgan iste’molchilar hisob-kitob amalga oshiriladigan davrni ko‘rsatib hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin bildirgi tartibida Byuroga murojaat qilganlari taqdirda elektr energiyasi iste’molchilarga, maishiy iste’molchilar bundan mustasno, 50 foiz oldindan haq to‘lash asosida yetkazib berilishiga yo‘l qo‘yiladi. Oldindan haq to‘lanmagan hamda 50 foiz oldindan haq to‘layotgan iste’molchilar tomonidan oyning oxirigacha yakuniy hisob-kitob amalga oshirilmagan hollarda mazkur iste’molchilarga nisbatan elektr tarmoqlaridan to‘liq uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.”;
v) 83-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tarif o‘zgargan taqdirda, maishiy iste’molchilardan tashqari, iste’molchilar elektr energiyasi (shu jumladan, aktiv va reaktiv energiya)ning avans tariqasida to‘langan hajmi uchun to‘lov kunidan boshlab keyingi 2 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda, maishiy iste’molchilar esa — keyingi 6 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda qo‘shimcha to‘lov to‘lashdan ozod etiladi”;
g) 116-banddagi “12 oydan” so‘zlari “6 oydan” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. 2-ilovada:
a) 102-banddagi “o‘n ikki oydan” so‘zlari “olti oydan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 105-banddagi “2 koeffitsiyent” so‘zlari “1,4 koeffitsiyent” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 111-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“111. Ushbu bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan holatlardan tashqari iste’molchilar hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin yetkazib berish yuzasidan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan oylik tabiiy gaz hajmi qiymati summasining 100 foizi miqdorida gaz ta’minoti tashkilotining hisob raqamiga to‘lovlarni oldindan amalga oshirishlari shart.
Hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin hisob-kitobni 50 foiz oldindan haq to‘lash asosida amalga oshirish xohishini bildirgan iste’molchilar hisob-kitob amalga oshiriladigan davrni ko‘rsatib yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun 50 foiz oldindan haq to‘lash asosida hisob-kitob qilish to‘g‘risida Byuroga bildirgi tartibida murojaat qilishga haqlidir. Bunday holatlarda iste’molchilar hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin gaz ta’minoti tashkilotining hisob raqamiga tabiiy gaz yetkazib berishga tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan oylik tabiiy gaz hajmi qiymati summasining 50 foizi miqdorida oldindan haq to‘lashlari shart. Amalda iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmi uchun yakuniy hisob-kitob hisobot oyining oxirigacha amalga oshiriladi.”;
g) 1221-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1221. Tariflar o‘zgarganda iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun haq to‘lash ushbu Qoidalarning 100-101-bandlarida belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda iste’molchi tabiiy gazning avans tariqasida to‘langan hajmi uchun to‘lov kunidan boshlab ko‘pi bilan keyingi 2 oy qo‘shimcha to‘lov to‘lashdan ozod qilinadi”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.03.2019-y., 09/19/182/2692-son)