O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyati bilan bog‘liq nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PF-5633-sonli “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (T.A. Xudaybergenov) ikki hafta muddat ichida Xalq qabulxonalarining sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi tartibini tasdiqlasin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 19-fevral,
PQ-4197-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PQ-4197-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalarining (bundan buyon — Xalq qabulxonasi) asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Xalq qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari (bundan buyon — Bo‘linmalar) tuzilmasi tarkibiga kiradi, yuridik shaxs hisoblanmaydi, o‘z mulkida, xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo‘lmaydi, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish hamda o‘z nomidan boshqa shaxslar bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishish huquqiga ega emas.
Xalq qabulxonasi o‘z nomi yozilgan dumaloq muhr, shtamp va blankalarga ega bo‘ladi.
3. Xalq qabulxonasi Bo‘linmalar oldida hisobdor bo‘ladi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
4. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni tatbiq etilmaydigan, shu jumladan ko‘rib chiqish tartibi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarni Xalq qabulxonasi ko‘rib chiqmaydi.
2-bob. Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
5. Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgan uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish orqali muammolarni aniqlash va hal qilish, shuningdek murojaatlar bilan ishlashning samarali tizimi amal qilishini ta’minlash;
fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, Hukumatga, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlariga, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlariga (bundan buyon — davlat organlari) murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish;
Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning qonun hujjatlari talablariga qat’iy amal qilgan holda, to‘liq, xolis, o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi, shuningdek uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganishda aniqlangan muammolarning hal etilishini tashkil etish va nazorat qilish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganishda aniqlangan muammolar hamda Xalq qabulxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalariga (bundan buyon — tuman (shahar) Xalq qabulxonalari) kelib tushgan, tegishliligi bo‘yicha davlat organlariga yuborilgan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi va hal etilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish;
jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining qabullarini davlat organlarining mansabdor shaxslari ishtirokida, shu jumladan videokonferensaloqa orqali o‘tkazish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganishda aniqlangan muammolar va murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar (bundan buyon — sektorlar), davlat organlarining uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish;
viloyat (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri) miqyosida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan aholi punktlari ro‘yxatini ko‘rib chiqish va kelishib berish;
tuman (shahar) Xalq qabulxonalari boshchilik qiladigan sektorlar shtablari a’zolaridan iborat ishchi guruhlarning hududlarni mahallalar va xonadonlar (oilalar) kesimida tahlil qilish, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa (1 yillik) va o‘rta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantirish faoliyatini muvofiqlashtirish;
qisqa muddatli manzilli tadbirlar rejalari (“yo‘l xaritalari”) ijrosini nazorat qilish;
sektorlar faoliyatini hamda mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashda, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va ularning ijrosini nazorat qilish;
har chorakda sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati hamda murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlari majlisida muhokama qilish uchun axborot kiritish, ushbu axborot yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hisobotini eshitishda ishtirok etish;
davlat organlarining nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashish bilan bog‘liq ishlarini muvofiqlashtirish;
davlat xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini muvofiqlashtirish;
hududlarda murojaatlar bilan ishlash, sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar o‘tkazish tizimini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari va boshqa tashkilotlarni jalb qilgan holda hududlardagi ijtimoiy muhitni o‘rganish hamda aholi muammolarini hal qilishda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni ta’minlash choralarini ko‘rish;
faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
tuman (shahar) Xalq qabulxonalari faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirib borish, ularni uslubiy va axborot-tahliliy materiallari bilan, shuningdek hududiy davlat organlari bilan hamkorligini ta’minlash.
Xalq qabulxonasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni, shuningdek yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan belgilanadigan funksiyalarni amalga oshiradi.
6. Zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun Xalq qabulxonasi quyidagi huquqlarga ega:
sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etish;
sektorlar, davlat organlari hududiy bo‘linmalarining uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli o‘rganish;
sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha yuqori turuvchi davlat organlariga takliflar kiritish;
davlat organlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
o‘z faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun davlat organlari mutaxassislarini jalb qilish;
davlat organlaridan o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan axborotlar hamda hujjatlarni so‘rash va olish;
davlat organlari tomonidan ular faoliyati, ko‘rsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga to‘liq va tezkor yetkazilishini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rish;
murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlarini buzgan, shuningdek murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlamagan shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritish;
zarurat tug‘ilganda muammolarni hal qilish hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra qabul qilingan qarorlarning ijrosini joylarga chiqib o‘rganish;
tuman (shahar) Xalq qabulxonalari faoliyatini o‘rganish.
Xalq qabulxonasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
7. Xalq qabulxonasi quyidagilarga majburdir:
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganishda bevosita ishtirok etish;
sektorlar faoliyati, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish natijalari, tegishli hududdagi aholi kayfiyati to‘g‘risida har chorakda kamida bir marta Bo‘linmalarga axborot kiritish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish natijalari, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni tahlil qilish asosida qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash hamda ularni muntazam ravishda Bo‘linmalarga kiritib borish;
o‘z faoliyatida qonun hujjatlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjatlar talablari va qoidalariga qat’iy amal qilish;
mavjud axborot tizimlaridan samarali foydalanish, o‘z dasturiy-apparat vositalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda axborot xavfsizligi talablariga rioya etish;
belgilangan tartibda sektorlar va davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish.
Xalq qabulxonasining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
8. Xalq qabulxonasi xodimlari o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi uchun javobgar bo‘ladi.
3-bob. Xalq qabulxonasi faoliyatini tashkil etish va uning ish tartibi
9. Xalq qabulxonasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan mudir boshchilik qiladi.
Xalq qabulxonasi mudiri Xalq qabulxonasi faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
10. Xalq qabulxonasining boshqa xodimlari Bo‘linmalar bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
11. Xalq qabulxonasining xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining xodimlari hisoblanadi, ularga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari xodimlariga belgilangan ish haqi to‘lash hamda moddiy rag‘batlantirish tartibi va shartlari qo‘llaniladi.
Xalq qabulxonalari boshqaruv xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi PF-5519-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risidagi nizomning 26-bandida nazarda tutilgan qoidalar tatbiq etiladi.
12. Xalq qabulxonalari faoliyatini baholash tartibi va mezonlari, Xalq qabulxonalari xodimlarining lavozim yo‘riqnomasi, Xalq qabulxonasi xodimlarining odob-axloq qoidalari va boshqa lokal hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadi.
13. Xalq qabulxonasida mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq besh kunlik ish haftasi belgilanadi.
14. Xalq qabulxonasida soat 9.00 dan 18.00 gacha ish hamda soat 13.00 dan 14.00 gacha tushlik vaqti belgilanadi. Zarur hollarda, murojaatchilar tushlik vaqtida ham qabul qilinishi mumkin.
15. Xalq qabulxonasi aholi uchun qulay shart-sharoitlarga, shu jumladan kirish yo‘llari, asosiy kirish joyi, panduslar, kutish va fuqarolarni qabul qilish zallari, ish kabinetlari, “Ona va bola”, sog‘liqni saqlash organlari bilan kelishilgan holda jalb qilinadigan malakali shifokor, psixolog va hamshira navbatchiligi tashkil qilingan tibbiyot xonalari, shuningdek sanitariya-gigiyena xonalariga ega bo‘lishi lozim.
16. Murojaatchilar bilan ishlash xonasi, qoida tariqasida, Xalq qabulxonasiga alohida kirish qismiga ega bo‘lgan binoning (inshootning) birinchi qavatiga joylashtiriladi.
17. Xalq qabulxonasi binosining (inshootining) kirish tomoniga quyidagi ma’lumotlar aks ettirilgan peshlavha joylashtiriladi:
Xalq qabulxonasining ish tartibi va xizmat ko‘rsatuvchi telefon raqami;
sektorlar hududi, faoliyati va rahbarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
sektorlar va davlat organlari rahbarlari tomonidan sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar o‘tkazish jadvallari;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish bo‘yicha tasdiqlangan reja-jadvallar;
ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan davlat dasturlari va loyihalar, ularning bajarilishi holati haqidagi ma’lumotlar;
aholi e’tiboriga yetkazilishi zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
18. Xalq qabulxonasi murojaatchilar uchun axborot stendlari bilan jihozlanadi, ular ma’lumotlar bilan tanishish uchun qulay bo‘lgan joyga o‘rnatiladi va erkin tanishish mumkin bo‘lgan shakldagi ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Xalq qabulxonasi videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlanishi mumkin.
4-bob. Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlarni qabul qilish tartibi
19. Xalq qabulxonasida murojaatlar og‘zaki, yozma va elektron shaklda shaxsan yoki pochta aloqa vositasi orqali qabul qilinadi.
20. Murojaatchi shaxsan murojaat qilgan taqdirda Xalq qabulxonasida navbat bo‘yicha tartib raqamini oladi va kutish uchun ajratilgan joyda Xalq qabulxonasi xodimining chaqirishini kutadi.
21. Murojaatchi chaqirilgandan keyin Xalq qabulxonasi xodimi murojaatda ko‘rsatilgan tegishli ma’lumotlar uning shaxsi va vakolatini tasdiqlovchi hujjatda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bilan mosligini tekshiradi.
Xalq qabulxonasi xodimi tekshirish yakunlari bo‘yicha murojaatni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi” axborot tizimiga (bundan buyon — Virtual qabulxona) kiritadi, u orqali murojaatga o‘ziga xos ro‘yxat raqami beradi.
Murojaat ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin Xalq qabulxonasi xodimi muallifga uning so‘roviga ko‘ra murojaat qabul qilingani to‘g‘risida murojaat nusxasiga o‘ziga xos ro‘yxat raqamini yozib, tegishli qaydni qo‘yadi.
22. Yozma va pochta aloqasi orqali olingan murojaatlar Xalq qabulxonasi xodimi tomonidan elektron shaklga o‘tkaziladi (skanerlanadi) va Virtual qabulxonaga kiritilib, ularga o‘ziga xos ro‘yxat raqamlari beriladi.
23. Murojaatda ko‘tarilgan masala tegishli hudud miqyosida hal etilishi mumkin bo‘lgan hollarda, murojaat Virtual qabulxonaga kiritilishi bilan bir vaqtning o‘zida shu mintaqada faoliyat yuritayotgan davlat organiga yuboriladi. Bunda ushbu murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan nazorat Xalq qabulxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Xalq qabulxonasi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish
24. Xalq qabulxonasi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish Bo‘linmalar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda Bo‘linmalar:
Xalq qabulxonalari faoliyatini har yili belgilangan tartibda baholaydi, yil yakunlariga ko‘ra faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan Xalq qabulxonalari xodimlarini bir martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlash masalasini ko‘rib chiqadi;
Xalq qabulxonasini kerakli normativ-uslubiy va axborot-tahlil materiallari bilan ta’minlaydi;
Xalq qabulxonasi mudiri va xodimlarini tanlash, joy-joyiga qo‘yish, lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish ishlarini tashkil etadi;
Xalq qabulxonasi faoliyati to‘g‘risida axborot-tahlil materiallarini tayyorlaydi;
Xalq qabulxonalari xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etadi;
Xalq qabulxonasi faoliyati samaradorligini o‘rganadi, tahlil qiladi hamda umumlashtiradi, ishning sifatli shakl va uslublarini joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Xalq qabulxonasining davlat organlari, jamoat, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;
Xalq qabulxonasi ishlarini takomillashtirish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni kengaytirish, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Xalq qabulxonasi xodimlarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Xalq qabulxonasi faoliyatining tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnika jihatidan ta’minlanishi tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
26. Xalq qabulxonasi xodimlari mansab vazifalarini amalga oshirish jarayonida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan murojaatchilarga oid ma’lumotlardan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi shart.
27. Xalq qabulxonasi xodimlari davlat sirini yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirni, konfidensial ma’lumotlarni tashkil etadigan hujjatlarni va (yoki) axborotlarni oshkor qilish, ulardan shaxsiy maqsadlarda foydalanish yoxud uchinchi shaxslarga, shu jumladan vakolatli organlarga taqdim etishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
28. Xalq qabulxonasiga kelib tushgan yozma murojaatlarni saqlash Xalq qabulxonasi tomonidan belgilangan tartibda ta’minlanadi.
29. Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shu jumladan mazkur Nizom talablarini buzish, shuningdek tuhmat va haqorat mazmunidagi murojaatlarni taqdim etish belgilangan tartibda javobgarlikka olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PQ-4197-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalarining (bundan buyon — Xalq qabulxonasi) asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Xalq qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari (bundan buyon — Bo‘linmalar) tuzilmasi tarkibiga kiradi, yuridik shaxs hisoblanmaydi, o‘z mulkida, xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo‘lmaydi, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish hamda o‘z nomidan boshqa shaxslar bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishish huquqiga ega emas.
Xalq qabulxonasi o‘z nomi yozilgan dumaloq muhr, shtamp va blankalarga ega bo‘ladi.
3. Xalq qabulxonasi Bo‘linmalar hamda tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari oldida hisobdor bo‘ladi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
4. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni tatbiq etilmaydigan, shu jumladan ko‘rib chiqish tartibi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarni Xalq qabulxonasi ko‘rib chiqmaydi.
2-bob. Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
5. Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgan uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish orqali muammolarni aniqlash va hal qilish, shuningdek murojaatlar bilan ishlashning samarali tizimi amal qilishini ta’minlash;
fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, Hukumatga, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlariga, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlariga (bundan buyon — davlat organlari) murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish;
Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning qonun hujjatlari talablariga qat’iy amal qilgan holda, to‘liq, xolis, o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi, shuningdek uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganishda aniqlangan muammolarning hal etilishini tashkil etish va nazorat qilish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganishda aniqlangan muammolar hamda Xalq qabulxonasiga kelib tushgan, tegishliligi bo‘yicha davlat organlariga yuborilgan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi va hal etilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish;
jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining qabullarini davlat organlarining mansabdor shaxslari ishtirokida, shu jumladan videokonferensaloqa orqali o‘tkazish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganishda aniqlangan muammolar va murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar (bundan buyon — sektorlar), davlat organlarining uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish;
tuman (shahar) miqyosida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan aholi punktlari ro‘yxatini ko‘rib chiqish va kelishib berish;
o‘zi boshchilik qiladigan sektorlar shtablari a’zolaridan iborat ishchi guruhlarning hududlarni mahallalar va xonadonlar (oilalar) kesimida tahlil qilish, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa (1 yillik) va o‘rta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantirishda bevosita ishtirok etish;
qisqa muddatli manzilli tadbirlar rejalari (“yo‘l xaritalari”) ijrosini nazorat qilish;
sektorlar faoliyatini hamda mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashda, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va ularning ijrosini nazorat qilish;
har chorakda sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati hamda murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlari majlisida muhokama qilish uchun axborot kiritish, ushbu axborot yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hisobotini eshitishda ishtirok etish;
davlat organlarining nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashish bilan bog‘liq ishlarini muvofiqlashtirish;
davlat xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini muvofiqlashtirish;
mahallalar hududlari holatini “namunali”, “yaxshi” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratishda ishtirok etish;
hududlarda murojaatlar bilan ishlash, sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar o‘tkazish tizimini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari va boshqa tashkilotlarni jalb qilgan holda hududlardagi ijtimoiy muhitni o‘rganish hamda aholi muammolarini hal qilishda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni ta’minlash choralarini ko‘rish;
hududiy davlat organlari, shuningdek faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish.
Xalq qabulxonasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni, shuningdek yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan belgilanadigan funksiyalarni amalga oshiradi.
6. Zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun Xalq qabulxonasi quyidagi huquqlarga ega:
sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etish;
sektorlar, davlat organlari hududiy bo‘linmalarining uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli o‘rganish;
sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha yuqori turuvchi davlat organlariga takliflar kiritish;
davlat organlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
o‘z faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun davlat organlari mutaxassislarini jalb qilish;
davlat organlaridan o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan axborotlar hamda hujjatlarni so‘rash va olish;
davlat organlari tomonidan ular faoliyati, ko‘rsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga to‘liq va tezkor yetkazilishini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rish;
murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlarini buzgan, shuningdek murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlamagan shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritish;
zarurat tug‘ilganda muammolarni hal qilish hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra qabul qilingan qarorlarning ijrosini joylarga chiqib o‘rganish.
Xalq qabulxonasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
7. Xalq qabulxonasi quyidagilarga majburdir:
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganishda bevosita ishtirok etish;
sektorlar faoliyati, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish natijalari, tegishli hududdagi aholi kayfiyati to‘g‘risida har chorakda kamida bir marta tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga axborot kiritish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish natijalari, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni tahlil qilish asosida qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash hamda ularni muntazam ravishda tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga kiritib borish;
o‘z faoliyatida qonun hujjatlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjatlar talablari va qoidalariga qat’iy amal qilish;
mavjud axborot tizimlaridan samarali foydalanish, o‘z dasturiy-apparat vositalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda axborot xavfsizligi talablariga rioya etish;
belgilangan tartibda sektorlar va davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish.
Xalq qabulxonasining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
8. Xalq qabulxonasi xodimlari o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi uchun javobgar bo‘ladi.
3-bob. Xalq qabulxonasi faoliyatini tashkil etish va uning ish tartibi
9. Xalq qabulxonasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tavsiyasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan mudir boshchilik qiladi.
Xalq qabulxonasi mudiri qabulxona faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
10. Xalq qabulxonasining boshqa xodimlari Bo‘linmalar bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
11. Xalq qabulxonasining xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining xodimlari hisoblanadi, ularga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari xodimlariga belgilangan ish haqi to‘lash hamda moddiy rag‘batlantirish tartibi va shartlari qo‘llaniladi.
Xalq qabulxonalari boshqaruv xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi PF-5519-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risidagi nizomning 26-bandida nazarda tutilgan qoidalar tatbiq etiladi.
12. Xalq qabulxonalari faoliyatini baholash tartibi va mezonlari, Xalq qabulxonalari xodimlarining lavozim yo‘riqnomasi, Xalq qabulxonasi xodimlarining odob-axloq qoidalari va boshqa lokal hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadi.
13. Xalq qabulxonasida mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq besh kunlik ish haftasi belgilanadi.
14. Xalq qabulxonasida soat 9.00 dan 18.00 gacha ish hamda soat 13.00 dan 14.00 gacha tushlik vaqti belgilanadi. Zarur hollarda, murojaatchilar tushlik vaqtida ham qabul qilinishi mumkin.
15. Xalq qabulxonasi aholi uchun qulay shart-sharoitlarga, shu jumladan kirish yo‘llari, asosiy kirish joyi, panduslar, kutish va fuqarolarni qabul qilish zallari, ish kabinetlari, “Ona va bola”, sog‘liqni saqlash organlari bilan kelishilgan holda jalb qilinadigan malakali shifokor, psixolog va hamshira navbatchiligi tashkil qilingan tibbiyot xonalari, shuningdek sanitariya-gigiyena xonalariga ega bo‘lishi lozim.
16. Murojaatchilar bilan ishlash xonasi, qoida tariqasida, Xalq qabulxonasiga alohida kirish qismiga ega bo‘lgan binoning (inshootning) birinchi qavatiga joylashtiriladi.
17. Xalq qabulxonasi binosining (inshootining) kirish tomoniga quyidagi ma’lumotlar aks ettirilgan peshlavha joylashtiriladi:
Xalq qabulxonasining ish tartibi va xizmat ko‘rsatuvchi telefon raqami;
sektorlar hududi, faoliyati va rahbarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
sektorlar va davlat organlari rahbarlari tomonidan sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar o‘tkazish jadvallari;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish bo‘yicha tasdiqlangan reja-jadvallar;
ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan davlat dasturlari va loyihalar, ularning bajarilishi holati haqidagi ma’lumotlar;
aholi e’tiboriga yetkazilishi zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
18. Xalq qabulxonasi murojaatchilar uchun axborot stendlari bilan jihozlanadi, ular ma’lumotlar bilan tanishish uchun qulay bo‘lgan joyga o‘rnatiladi va erkin tanishish mumkin bo‘lgan shakldagi ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Xalq qabulxonasi videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlanishi mumkin.
4-bob. Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlarni qabul qilish tartibi
19. Xalq qabulxonasida murojaatlar og‘zaki, yozma va elektron shaklda shaxsan yoki pochta aloqa vositasi orqali qabul qilinadi.
20. Murojaatchi shaxsan murojaat qilgan taqdirda Xalq qabulxonasida navbat bo‘yicha tartib raqamini oladi va kutish uchun ajratilgan joyda Xalq qabulxonasi xodimining chaqirishini kutadi.
21. Murojaatchi chaqirilgandan keyin Xalq qabulxonasi xodimi murojaatda ko‘rsatilgan tegishli ma’lumotlar uning shaxsi va vakolatini tasdiqlovchi hujjatda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bilan mosligini tekshiradi.
Xalq qabulxonasi xodimi tekshirish yakunlari bo‘yicha murojaatni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi” axborot tizimiga (bundan buyon — Virtual qabulxona) kiritadi, u orqali murojaatga o‘ziga xos ro‘yxat raqami beradi.
Murojaat ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin Xalq qabulxonasi xodimi muallifga uning so‘roviga ko‘ra murojaat qabul qilingani to‘g‘risida murojaat nusxasiga o‘ziga xos ro‘yxat raqamini yozib, tegishli qaydni qo‘yadi.
22. Yozma va pochta aloqasi orqali olingan murojaatlar Xalq qabulxonasi xodimi tomonidan elektron shaklga o‘tkaziladi (skanerlanadi) va Virtual qabulxonaga kiritilib, ularga o‘ziga xos ro‘yxat raqamlari beriladi.
23. Murojaatda ko‘tarilgan masala tegishli hudud miqyosida hal etilishi mumkin bo‘lgan hollarda, murojaat Virtual qabulxonaga kiritilishi bilan bir vaqtning o‘zida shu mintaqada faoliyat yuritayotgan davlat organiga yuboriladi. Bunda ushbu murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan nazorat Xalq qabulxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Xalq qabulxonasi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish
24. Xalq qabulxonasi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi hamda Bo‘linmalar tomonidan amalga oshiriladi, ular:
Xalq qabulxonalari faoliyatini har yili belgilangan tartibda baholaydi, yil yakunlariga ko‘ra faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan Xalq qabulxonalari xodimlarini bir martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlash masalasini ko‘rib chiqadi;
Xalq qabulxonasini kerakli normativ-uslubiy va axborot-tahlil materiallari bilan ta’minlaydi;
Xalq qabulxonasi mudiri va xodimlarini tanlash, joy-joyiga qo‘yish, lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish ishlarini tashkil etadi;
Xalq qabulxonasi faoliyati to‘g‘risida axborot-tahlil materiallarini tayyorlaydi;
Xalq qabulxonalari xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etadi;
Xalq qabulxonasi faoliyati samaradorligini o‘rganadi, tahlil qiladi hamda umumlashtiradi, ishning sifatli shakl va uslublarini joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Xalq qabulxonasining davlat organlari, jamoat, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;
Xalq qabulxonasi ishlarini takomillashtirish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni kengaytirish, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Xalq qabulxonasi xodimlarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Xalq qabulxonasi faoliyatining tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnika jihatidan ta’minlanishi tegishliligicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
26. Xalq qabulxonasi xodimlari mansab vazifalarini amalga oshirish jarayonida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan murojaatchilarga oid ma’lumotlardan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi shart.
27. Xalq qabulxonasi xodimlari davlat sirini yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirni, konfidensial ma’lumotlarni tashkil etadigan hujjatlarni va (yoki) axborotlarni oshkor qilish, ulardan shaxsiy maqsadlarda foydalanish yoxud uchinchi shaxslarga, shu jumladan vakolatli organlarga taqdim etishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
28. Xalq qabulxonasiga kelib tushgan yozma murojaatlarni saqlash Xalq qabulxonasi tomonidan belgilangan tartibda ta’minlanadi.
29. Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shu jumladan mazkur Nizom talablarini buzish, shuningdek tuhmat va haqorat mazmunidagi murojaatlarni taqdim etish belgilangan tartibda javobgarlikka olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PQ-4197-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-2721-son qarorida:
a) nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”;
b) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4904-son Farmonini samarali amalga oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari (bundan buyon — Xalq qabulxonalari) faoliyatini tashkil etish maqsadida:”;
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4102-son qaroriga 1-ilovaning 19-bandi va 2-ilovaning 14-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari faoliyatini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi F-4872-son farmoyishining rus tilidagi matnida 3-bandining ikkinchi xatboshisi va unga ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.02.2019-y., 07/19/4197/2641-son)