O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahridagi kommunal soha korxonalarining aktivlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Toshkent shahridagi kommunal soha korxonalarining aktivlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining “Sergeli tumani kommunal ta`mirlash-avariyani tiklash xizmati” MChJ, “Bektemir tumani kommunal ta`mirlash-avariyani tiklash xizmati” MChJ, “Mirzo-Ulugbek tumani kommunal ta`mirlash-avariyani tiklash xizmati” MChJ, “Chilonzor tumani kommunal ta`mirlash-avariyani tiklash xizmati” MChJ va “Yashnobod tumani kommunal ta`mirlash-avariyani tiklash xizmati” MChJlar ustav kapitalidagi davlat ulushlari bo‘yicha ishtirokchi funksiyasini Toshkent shahar hokimligiga berish va keyinchalik ularni belgilangan tartibda tugatish haqidagi takliflari ma’qullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ushbu qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushlari bo‘yicha ishtirokchi funksiyasi belgilangan tartibda Toshkent shahar hokimligiga berilishini ta’minlasin.
3. Toshkent shahar hokimligi belgilangan tartibda:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan xo‘jalik jamiyatlari ta’sis hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini;
ushbu qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan xo‘jalik jamiyatlarining tugatilishini va tugatish jarayonlari yakunlangandan so‘ng ularning mol-mulkidan samarali foydalanilishini ta’minlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-yanvar,
50-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.01.2019-y., 09/19/50/2511-son)