O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3672-son qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, mazkur Nizom 2019-yil 1-yanvaridan kuchga kiritilib, 2024-yil 1-yanvarga qadar 2-ilovada qayd qilingan sanoat va energetika tashkilotlariga yetkazib berilgan texnik suv uchun xizmat haqini hisoblashda, istisno tariqasida, 0,1 koeffitsiyenti qo‘llaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Energetik qurilmalarni sovutish uchun ishlatiladigan texnik suv o‘z manbasiga qaytarilishi hamda tabiiy oqim va gidroelektrostansiyalar kanallaridagi suv ishlatilishini inobatga olgan holda “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi” unitar korxonasi, “Toshkent issiqlik elektr markazi” unitar korxonasi hamda “Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan texnik suv yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘lanmaydi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.07.2019-y., 07/19/4388/3400-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda texnik suv yetkazib beriladigan sanoat va energetika tashkilotlarini bir oy muddatda xatlovdan o‘tkazsin hamda ular bilan belgilangan tartibda texnik suv yetkazib berish xizmati to‘g‘risida shartnomalarni rasmiylashtirsin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyat boshqaruv raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-dekabr,
1008-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-dekabrdagi 1008-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘lash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb yuritiladi) tizimidagi suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘lash tartibini hamda ushbu xizmatlarni ko‘rsatishdan kelib tushgan mablag‘larni taqsimlash va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari gidroenergetika sohasidagi tashkilotlarga hamda aholi iste’moli uchun ichimlik suvi, issiq suv va issiqlik energiyasini yetkazib beruvchi kommunal soha tashkilotlariga suv yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
texnik suv — sanoat, energetika va boshqa sohalarning texnik ehtiyojlari uchun yetkazib berilgan yoki ishlatiladigan suv;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-iyuldagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.07.2022-y., 09/22/388/0646-son)
suv xo‘jaligi tashkilotlari — Vazirlik tizimidagi suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi hamda sanoat va energetika korxonalariga texnik suv yetkazib berish xizmatlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar;
sanoat va energetika tashkilotlari — sanoat mahsulotlari va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun texnik suvdan foydalanadigan tashkilotlar.
4. Suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar ular o‘rtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq to‘lovlar asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Texnik suv yetkazib berish xarajatlarini aniqlash tartibi
5. Vazirlik tizimidagi suv xo‘jaligi tashkilotlarining bir birlik (1 kub m) hajmdagi texnik suv yetkazib berish xarajatlari mazkur tashkilotlarni saqlash uchun ajratilgan mablag‘lar va yetkazib beriladigan suv miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi.
6. Bir birlik hajmdagi suvni yetkazib berish tarifi quyidagi formulaga asosan aniqlanadi:
Xts = Pxm / Hsr
bunda:
Xts — bir kub m suvni yetkazib berish xarajati, so‘m;
Pxm — tasdiqlangan budjet parametrlarida kalendar yilda suv xo‘jaligi tashkilotlarini rivojlantirish va saqlash uchun Vazirlikka ajratilgan xarajatlar miqdori, so‘m;
Hsr — kalendar yilda suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan iqtisodiyot tarmoqlariga yetkazib beriladigan jami suv resursi miqdori, kub m.
Ushbu tarif har kalendar yilning 1-fevraligacha Vazirlik tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
3-bob. Texnik suv yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘lash tartibi
7. Sanoat va energetika tashkilotlari har oy davomida yetkazib berilgan texnik suv uchun to‘lovlarni keyingi oyning 5-sanasiga qadar suv xo‘jaligi tashkilotlarining Budjet tashkilotini rivojlantirish jamg‘armasi hisob raqamiga o‘tkazib beradi.
8. Sanoat va energetika tashkilotlariga texnik suv yetkazib berish xizmatidan kelib tushgan mablag‘lar suv xo‘jaligi tashkiloti tomonidan quyidagicha taqsimlanadi:
90 foizi — besh ish kuni mobaynida Vazirlik huzuridagi Suv xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazib beriladi;
10 foizi — suv xo‘jaligi tashkilotlarining ixtiyorida qoldiriladi.
4-bob. Texnik suv yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan kelib tushgan mablag‘lardan foydalanish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
9. Vazirlik huzuridagi Suv xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga texnik suv yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan kelib tushgan mablag‘lar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 573-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlarga sarflanadi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-iyuldagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.07.2022-y., 09/22/388/0646-son)
10. Ushbu Nizom 8-bandining uchinchi xatboshida ko‘rsatib o‘tilgan suv xo‘jaligi tashkilotlarining ixtiyorida qoldiriladigan mablag‘lar quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
suv xo‘jaligi obyektlarida favqulodda holatlar yuz berishining oldini olish va tabiiy ofatlar yuz bergan hollarda ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga;
xodimlarni belgilangan tartibda ijtimoiy himoya qilish va moddiy rag‘batlantirishga;
suv xo‘jaligi tashkilotlari tasarrufidagi irrigatsiya tizimini ta’mirlash va tiklash hamda suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlashga, tashkilotlarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, jumladan lizing to‘lovlarini amalga oshirish hamda kadrlar malakasini oshirishga yo‘naltiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
11. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-dekabrdagi 1008- son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Texnik suv yetkazib berilganligi uchun xizmat haqini hisoblashda 0,1 koeffitsiyenti qo‘llaniladigan sanoat va energetika tashkilotlari
RO‘YXATI
1. “Angren issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati
2. “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati
3. “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati
4. “Taxiatash issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati
Oldingi tahrirga qarang.
(5 — 7-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.07.2019-y., 07/19/4388/3400-son)
8. “Dehqonobod kaliy o‘g‘itlar zavodi” unitar korxonasi
Oldingi tahrirga qarang.
9. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi (o‘z ehtiyoji uchun).
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 935-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/935/4061-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10. “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” unitar korxonasi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-oktabrdagi 609-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.10.2022-y., 09/22/609/0937-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 09/18/1008/2304-son, 13.12.2018-modda; 10.07.2019-y., 07/19/4388/3400-son; 22.11.2019-y., 09/19/935/4061-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 18.07.2022-y., 09/22/388/0646-son; 26.07.2022-y., 09/22/404/0674-son; 19.10.2022-y., 09/22/609/0937-son; 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son)