Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI QATNAShChILARIGA MASLAHAT-AUDITORLIK VA AXBOROT XIZMATLARI KOʻRSATISh AGENTLIGINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzurida qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 26-martdagi PF-1414-son Farmoniga muvofiq hamda investorlarni va aholini qimmatli qogʻozlar bozori ahvoli va uning qatnashchilari toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash tizimini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, “Toshkent” respublika fond birjasi, “Vaqt” milliy depozitariysi, Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, Buxgalterlar va auditorlar uyushmasining hukumatga qarashli boʻlmagan Qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilariga maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish agentligini yopiq turdagi aksionerlik jamiyati shaklida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Muassislarning:
Maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish agentligi mintaqaviy axborot-maslahat markazlariga ega boʻlishi va oʻz faoliyatini Ustavga muvofiq toʻla xoʻjalik hisobi asosida tashkil etishi toʻgʻrisidagi;
Agentlikning mintaqaviy axborot-maslahat markazining 3-ilovaga muvofiq namunaviy tuzilmasi yuzasidan takliflariga rozilik berilsin.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish agentligining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari quyidagilar hisoblanadi:
mintaqaviy axborot-maslahat markazlari tarmoqlari, maʼlumotlar bankini va ularni uzatishning rivojlangan tarmoqlarini shakllantirish asosida investorlar va aholini qimmatli qogʻozlar bozori ahvoli hamda uning qatnashchilari toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash tizimini tashkil etish, ishga tushirish va faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;
qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilariga, jumladan, jismoniy shaxslarga maslahat va axborot-maʼlumot xizmati koʻrsatish, ularni aksionerlik jamiyatlari faoliyati, aksiyalar narxining kotirovkasi toʻgʻrisidagi va boshqa zarur maʼlumotlar bilan taʼminlash;
ommaviy axborot vositalari orqali vatanimiz va xorijiy emitentlar aksiyalarining tarqatilishi va muomalasi boʻyicha reklama faoliyatini tashkil etish;
mijozlarga shartnoma asosida qimmatli qogʻozlar bozori ahvolini tahlil etish va rivojlanishini prognoz qilish, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan investitsiya siyosatining amalga oshirilishi yuzasidan xizmatlar koʻrsatish;
auditorlik xizmatlari va korxonalarni rivojlantirishning biznes-rejalarini ishlab chiqishga doir xizmatlar koʻrsatish.
4. Maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish agentligiga quyidagi huquqlar berilsin:
qimmatli qogʻozlar emitentlaridan va boshqa manfaatdor tashkilotlardan investorlar va aholini xabardor qilish uchun zarur boʻlgan qimmatli qogʻozlar va ularning emitentlari, shuningdek, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish;
fond birjalari va boshqa birjalar savdolarida ishtirok etish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborotnomalar va axborot maʼlumotnomalari chiqarish;
xorijiy va vatanimizning yuqori malakali mutaxassislarini kontrakt asosida maslahatchilar va ekspertlar sifatida ishga taklif etish.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Agentlik va mintaqaviy axborot-maslahat markazlarining yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻzaro huquqiy munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tomonlarning oʻzaro javobgarligi va manfaatdorligini nazarda tutuvchi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi:
Maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish agentligiga va uning mintaqaviy markazlariga belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlar bozorining professional qatnashchilari sifatida faoliyatning tegishli turlarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya bersin;
Maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish agentligiga fond bozorida yagona axborot makoni, emitentlar, professional qatnashchilar va qimmatli qogʻozlar bozori faoliyat koʻrsatishining ahvoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini tashkil etish masalalari yuzasidan metodik yordam koʻrsatsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Adliya vazirligi Agentlik muassislariga taʼsis yigʻilishini oʻtkazishda, ustav jamgʻarmasini shakllantirishda, Ustavni ishlab chiqishda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishda yordam koʻrsatsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 26-martdagi PF-1414-son Farmonining 4-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan Agentlikka bir yoʻla begʻaraz yordam sifatida oʻtkaziladigan 20 mln. soʻm Agentlik tomonidan ustav faoliyatini amalga oshirishga va moddiy-texnik bazani mustahkamlashga yoʻnaltirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish agentligi markaziy apparati Toshkent shahar, “Pravda Vostoka” koʻchasidagi 6-uyga joylashtirilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 25-aprel,
161-son
Qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilariga maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish agentligining
TAShKILIY TUZILMASI
Maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish agentligi Bosh direksiyasining tuzilmasi
Rahbariyat
Axborot-tahlil boʻlimi
Huquqiy va normativ taʼminlash boʻlimi
Reklama faoliyati boʻlimi
Yuridik xizmat
Auditorlik-konsalting xizmati
Nashriyot boʻlimi
Maʼmuriy-xoʻjalik boʻlimi
Maslahat-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish agentligi Bosh direksiyasining tuzilmasi
Mintaqaviy axborot-maslahat markazining
NAMUNAVIY TUZILMASI