Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 11-iyuldagi PQ-3127-son qaroriga muvofiq, shuningdek, yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlarini hamda maxsus moslamalardan foydalanishini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, Nizom 14-bandining ikkinchi va beshinchi xatboshilari, 18-bandining toʻrtinchi xatboshi 2020-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 556-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2019-y., 09/19/556/3377-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 1-dekabr,
975-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yoʻl harakati — odamlar va yuklarning transport vositalari yordamida yoki bunday vositalarsiz yoʻllar doirasida harakatlanishi jarayonida yuzaga keluvchi munosabatlar majmui;
yoʻl harakati qatnashchisi — yoʻl harakati jarayonida transport vositasining haydovchisi, yoʻlovchisi yoki piyoda tariqasida bevosita ishtirok etayotgan shaxs;
yoʻl-patrul xizmati xodimi — yoʻl harakati qatnashchilarining harakatini nazorat qilish, boshqarish va tartibga solish vakolati berilgan ichki ishlar organi xodimi;
yoʻl-transport hodisasi — transport vositasining yoʻlda harakatlanishi jarayonida roʻy bergan, fuqarolarning halok boʻlishiga yoki sogʻligʻiga zarar yetishiga, transport vositalari, inshootlar, yuklarning shikastlanishiga yoxud boshqa moddiy zarar yetishiga sabab boʻlgan hodisa;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash — yoʻl-transport hodisalari yuzaga kelishi sabablarining oldini olishga, bunday hodisalar oqibatlarining ogʻirligini kamaytirishga qaratilgan faoliyat;
Oldingi tahrirga qarang.
maxsus moslamalar — maxsus avtomatlashtirilgan audio, foto va video qayd etish texnika vositalari yoki koʻchma fotoradar va mobil komplekslar, alkotester, narkotester, planshet hamda transport vositalari oynalari yorugʻlik oʻtkazuvchanligini oʻlchovchi (taumetr) maxsus texnik vositalar;
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-martdagi 131-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2023-y., 09/23/131/0170-son — 2023-yil 28-maydan kuchga kiradi)
maxsus tadbirlar — yoʻl harakati qatnashchilari tomonidan yoʻl transport hodisalari hamda huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga doir, kompleks vazifalarni bajarishga qaratilgan, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari, hududiy yoʻl harakati xavfsizligi boshqarma (boʻlim, boʻlinma)larining rahbarlari tomonidan tasdiqlangan yoki oʻzaro kelishilgan reja asosida yoʻl-patrul xizmati (keyingi oʻrinlarda YPX deb ataladi) xodimlari, shuningdek, davlat boshqa organlarining vakillari bilan hamkorlikda oʻtkaziladigan harakatlar majmui;
taʼqib qilish — jinoyat sodir etilganlikda gumon qilinayotgan shaxslar boʻlgan transport vositasi haydovchisi YPX xodimining toʻxtash toʻgʻrisidagi qonuniy talabini bajarmaganda, transport vositasining harakatiga chek qoʻyish hamda gumonlanuvchini ushlash maqsadida transport vositasining orqasidan quvish;
kuzatish — maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar boʻlgan oʻz harakatlari bilan boshqa harakat qatnashchilari hayoti (sogʻligʻi)ga xavf solayotgan transport vositasi haydovchisi YPX xodimining toʻxtash toʻgʻrisidagi qonuniy talabini bajarmaganda toʻxtatish maqsadida orqasidan borish.
3. Mazkur Nizom talablari harbiy avtomobil inspeksiyasi xodimlari hamda Qurolli Kuchlar va Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari transport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
4. YPX xodimlari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”, “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda boshqa qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyruqlari va farmoyishlari, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
5. YPX xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari qonuniylik, odillik, oshkoralik, tenglik, ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish prinsiplariga asoslanadi.
2-bob. Yoʻl-patrul xizmati xodimi tomonidan transport vositasini toʻxtatish asoslari va tartibi
6. YPX xodimi tomonidan transport vositalari quyidagi asoslarga koʻra toʻxtatilishi mumkin:
haydovchi tomonidan yoʻl harakati qoidalarining (keyingi oʻrinlarda qoidalar deb ataladi) buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda;
transport vositasi, haydovchi yoki yoʻlovchi qidiruvda ekanligi, yoʻl transport hodisasi yoki boshqa huquqbuzarlikka aloqador ekanligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlganda;
yoʻl transport hodisasi, huquqbuzarlik sodir etilganini koʻrgan haydovchi yoki yoʻlovchidan hodisa tafsilotiga oydinlik kiritish zarurati yuzaga kelganda;
vakolatli davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning harakatni cheklash yoki taqiqlash boʻyicha koʻrsatmalarini bajarish jarayonida;
transport vositasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish zarurati yuzaga kelganda (chet davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli boʻlgan transport vositalari hamda maxsus moʻljallangan transport vositalari bundan mustasno);
maxsus tadbirlarni oʻtkazish jarayonida;
transport vositasidan foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi, shuningdek, transport vositasi va olib ketilayotgan yuklarga oid hujjatlar mavjudligini tekshirish uchun (maxsus va harbiy yuklar, bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilib, bojxona xizmat tomonidan plombalangan yuklar bundan mustasno).
YPX xodimi tomonidan boshqa asoslarga koʻra transport vositalarining toʻxtatilishi taqiqlanadi.
7. YPX xodimlarining ishoralari yoʻl harakati qatnashchilariga tushunarli boʻlishi va oʻz vaqtida berilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
8. YPX xodimi tomonidan transport vositasi haydovchining hujjatlarini tekshirish uchun toʻxtatilganda, transport vositasi hujjatlarini tekshirish jarayonida aniqlangan barcha qoida buzilishlari boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda chora koʻriladi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 173-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/173/0298-son)
Qoidalar buzilishi vizual kuzatuv yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda, YPX xodimi haydovchiga dastlab aynan sodir etgan qoidalar buzilishini tushuntirib, shundan soʻng hujjatlarni tekshirib, tegishli choralar koʻradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 173-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/173/0298-son)
10. Maxsus tadbirlarni oʻtkazish jarayonida YPX xodimi tomonidan transport vositasi toʻxtatilganda, yoʻl harakati qatnashchisiga maxsus tadbirning aynan nima maqsadda oʻtkazilayotganligi hamda toʻxtatish sababi haqida tushuntirish beriladi.
11. Yoʻl harakati qatnashchisi maxsus tadbirlarni haqiqatda tasdiqlangan reja asosida oʻtkazilayotganligi haqida markaziy axborot-dispetcherlik xizmati (keyingi oʻrinlarda MADX deb ataladi) — axborot-dispetcherlik xizmatiga (keyingi oʻrinlarda ADX deb ataladi) telefon qilish yoki ushbu xodim xizmat olib borayotgan DYHXX saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻiga murojaat qilish orqali maʼlumot olishi mumkin. Bunda YPX xodimi yoʻl harakati qatnashchisining talabiga koʻra, MADX — ADXning telefon raqami haqida maʼlumot beradi.
Yoʻl harakati qatnashchisiga maxsus tadbirlarning oʻtkazilish maqsadi, transport vositasini toʻxtatgan YPX xodimi maxsus tadbirda ishtirok etgan yoki etmaganligi, transport vositasi toʻxtatilgan hududda maxsus tadbir oʻtkazilganligi haqida maʼlumot beriladi. Maxsus tadbirning shartli nomlanishi, toʻliq mohiyati hamda koʻlami haqida maʼlumot, shuningdek, maxsus tadbirning oʻtkazilishiga asos boʻlgan hujjatlar koʻrsatilmaydi, ulardan nusxalar berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yoʻl harakati qatnashchisi uni toʻxtatgan YPX xodimi xizmat olib borayotgan DYHXX saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻiga murojaat qilganda, murojaat muallifiga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda asoslantirilgan javob xati beriladi.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Yoʻl-patrul xizmati xodimining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlaridagi huquq va majburiyatlari
12. YPX xodimi oʻz xizmat vazifalarini bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
mazkur Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan asoslarga koʻra transport vositasini toʻxtatish, undan foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni, transport vositasiga, shuningdek, tashilayotgan yuklarga oid hujjatlarni tekshirish;
haydovchi yoki yukni kuzatib borayotgan shaxs bilan birgalikda transport vositasini va yuklarni tashqi koʻzdan kechirish;
yoʻl harakati qatnashchilarining hujjatlarini tekshirish maqsadida elektron maʼlumotlar bazasidan foydalanish;
yoʻl transport hodisasi va boshqa huquqbuzarlik sodir etilganligining guvohi boʻlgan yoʻl harakati qatnashchilarini aniqlash;
tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish (chet davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalarga, xalqaro tashkilotlarga tegishli boʻlgan transport vositalari hamda maxsus moʻljallangan transport vositalari bundan mustasno);
transport vositasining dvigatel va agregat qismlarining raqamlarini roʻyxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan haydovchining bevosita ishtirokida solishtirish (haydovchining ishtirokini taʼminlash imkoni boʻlmagan holatlar bundan mustasno);
transport vositasini taʼqib qilish yoki kuzatish;
jinoyat sodir etganligi uchun ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan hamda qidiruvda boʻlgan shaxslarni ushlab turish;
Oldingi tahrirga qarang.
jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni, transport vositasida huquqbuzarlik sodir etib hodisa joyidan yashiringan, YPX xodimining qonuniy talabiga boʻysunmagan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (keyingi oʻrinlarda — MJTK) 291-moddasi birinchi qismining “a” bandiga koʻra transport vositasining haydovchisi ushbu Kodeks 54-moddasining ikkinchi qismida (transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar buzilishi qismida), 901-moddasida, 125-moddasining uchinchi, beshinchi va oltinchi qismlarida, 1251-moddasining ikkinchi qismida, 126-moddasida, 127-moddasining ikkinchi qismida, 1286-moddasida (agar transport vositasining haydovchisi boʻlmasa va toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarining buzilishi yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa), 131-moddasida, 135-moddasida (transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi, haydovchilarning malaka oshirishdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikati yonida mavjud boʻlmaganligi hollari bundan mustasno), 136-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 137-moddasida, 194-moddasida (ichki ishlar organi xodimining transport vositasini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qonuniy talabini bajarmaslik qismida) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganda, shu bilan birga, qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa holatlarda transport vositalarini ushlab turish;
(12-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 173-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/173/0298-son)
alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast holda (keyingi oʻrinlarda – mast holda deb ataladi) boʻlgan, transport vositasini boshqarish uchun tegishli hujjatlari boʻlmagan, ruhiy holati yoki sogʻligʻi transport vositasini boshqarishga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan, nosoz transport vositasini boshqarayotgan shaxslarni, shuningdek, MJtK 291-moddasi birinchi qismining “a” bandida nazarda tutilgan holatlarda transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini olib qoʻyish, transport vositasini saqlab turadigan maxsus ajratilgan joyga qoʻyish uchun olib borilishini taʼminlash;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va oʻqotar qurolni qoʻllash.
YPX xodimlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Quyidagi hollarda YPX xodimi haydovchi yoki yoʻlovchilardan transport vositasi kabinasidan chiqishini talab qilishga haqli:
transport vositasidagi texnik nosozlikni va yuk tashish qoidasi buzilganligini bartaraf etish maqsadida;
haydovchi transport vositasini mast holda boshqarayotgan deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud boʻlganda;
transport vositasining dvigatel va agregat qismlari raqamlarini roʻyxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan farq aniqlangan taqdirda bevosita haydovchi ishtirokida solishtirish maqsadida;
transport vositasiga tegishli hujjatlar yoki unda olib ketilayotgan yuk hujjatlari mavjudligini tekshirish zarurati yuzaga kelganda;
haydovchi yoki yoʻlovchi jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganda;
haydovchining transport vositasi kabinasida boʻlishi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga tahdid solishi mumkin boʻlgan hollarda (haydovchining ruhiy holatiga, yoshiga, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori vositalari taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida, transport vositasini boshqara olishiga shubha boʻlganda).
Jismoniy nuqsoni sababli haydovchining transport vositasi kabinasidan chiqish imkoniyati cheklangan holatlar bundan mustasno.
14. YPX xodimi oʻz xizmat vazifalarini bajarishda quyidagilarga majbur:
xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borish;
Oldingi tahrirga qarang.
vizual kuzatuv yoki maxsus moslamalardan foydalangan holda qoidalar buzilganligini aniqlash;
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 173-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/173/0298-son)
yoʻl harakati qatnashchisini toʻxtatganidan keyin uning oldiga borish, oʻzini tanishtirish, lavozimi, unvoni, familiyasi haqida maʼlumot berish, uning talabiga koʻra koʻkrak nishon belgisini maʼlum qilish va xizmat guvohnomasini ochiq holda (bunda YPX xodimi tomonidan xizmat guvohnomasini yoʻl qatnashchisi ixtiyoriga berish taqiqlanadi) koʻrsatish;
yoʻl harakati qatnashchilariga mobil videokameradan foydalanayotganini maʼlum qilish va kelgusida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirish;
har qanday vaziyatda yoʻl harakati qatnashchilari bilan vazmin, xushmuomala, odobli va eʼtiborli boʻlish, ularga hurmat bilan hamda “Siz” deb murojaat qilish, yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlarda muomala madaniyati va qonuniylikka rioya qilish;
yoʻl harakati qatnashchilariga ularni toʻxtatish sababini, sodir etilgan huquqbuzarlik yuzasidan aniq, loʻnda tushuntirish berish;
haydovchini mast holda deb hisoblashga asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, uni transport vositasini boshqarishdan chetlatish, mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazish, haydovchi mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruv oʻtkazilishidan boʻyin tovlagan taqdirda MJtKning 136-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish;
belgilangan tartibda berilgan koʻrsatmaga asosan yoʻl harakati qatnashchilarining harakatini cheklash yoki taqiqlash;
qoidalarni buzgan yoʻl harakati qatnashchisiga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirish chogʻida unga huquq va majburiyatlarini tushuntirish;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq oʻz vaqtida tegishli choralarni koʻrish;
huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda bartaraf etish choralarini koʻrish;
yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan joy holatini oʻzgartirish, dalillar yoʻqotilishi yoki yoʻq qilinishining oldini olish maqsadida hodisa joyini oʻrab olish choralarini koʻrish;
huquqbuzarlikdan yoki baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga, hayoti (sogʻligʻi) xavf ostida qolgan shaxslarga, tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan yoʻl harakati qatnashchilariga hamda yoʻl transport hodisasi oqibatida shikastlangan transport vositalarini belgilangan joyga olib borishda fuqarolarga yordam koʻrsatish;
oʻziga xizmat yuzasidan biriktirilgan transport vositasi, koʻkrak nishon belgisi, aloqa vositasi va maxsus moslamalarni yaroqli holatda saqlashi, ulardan faqat xizmat faoliyatida maqsadli foydalanish;
ruxsat etilmagan, sertifikatga ega boʻlmagan, sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud boʻlmagan maxsus moslamalardan foydalanmaslik;
Oldingi tahrirga qarang.
qoidalarni buzgan haydovchini maxsus moslamaning koʻrsatkichlari bilan tanishtirish, uning talabiga koʻra moslamaning qiyoslash sertifikatini koʻrsatish;
(14-bandning oʻn yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 173-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/173/0298-son)
jismoniy kuch ishlatilgani va maxsus vositalar qoʻllangani natijasida jismoniy shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga, ularning, shu jumladan yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek, oʻqotar qurol qoʻllanilgan barcha holatlar toʻgʻrisida oʻzining bevosita boshligʻi hamda nazorat qiluvchi prokurorga darhol xabar berish;
yoʻl harakati qatnashchilariga yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs) yoki sudga shikoyat qilish huquqini tushuntirish.
Oldingi tahrirga qarang.
YPX xodimi qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
(14-bandning yigirmanchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
15. YPX xodimining mobil videokameradan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
16. YPX xodimi tomonidan yoʻl harakati qatnashchisini asossiz toʻxtatib turish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. YPX xodimi yoʻl harakati qatnashchisini toʻxtatganda yoki u tomonidan sodir etilgan qoidalar buzilishini rasmiylashtirish jarayonida holatga daxldor boʻlmagan hamda qonunchilikda belgilangan vakolatga ega boʻlmagan shaxslarga qoidalar buzilishini rasmiylashtirish yuzasidan tushuntirish berishga majbur emas.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Yoʻl harakati qatnashchilarining yoʻl-patrul xizmati xodimlari bilan oʻzaro munosabatlaridagi huquq va majburiyatlari
18. Yoʻl harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan oʻzaro munosabatlarda quyidagi huquqlarga ega:
YPX xodimi tomonidan toʻxtatish asoslarini, qoidalarning qaysi bandi (bandlari)ni buzganligi toʻgʻrisida tushuntirish berilishini talab qilish;
transport vositasini toʻxtatgan YPX xodimidan oʻzini tanishtirishini, xizmat guvohnomasini koʻrsatishini va koʻkrak nishon belgisini maʼlum qilishini talab qilish;
xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik;
YPX xodimi bilan oʻzaro munosabatini oʻziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish (YPX xodimi tomonidan foto va video tasvirga olish taqiqlangan belgi mavjud hududlarda xizmat olib borish holatlari bundan mustasno);
mazkur Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan hollardan tashqari transport vositasi kabinasidan chiqmasdan, YPX xodimi bilan oʻzaro munosabatga kirishish;
sodir etgan qoidabuzarligi qayd etilgan maxsus moslama natijalari bilan tanishish;
huquqbuzarlik holatini aniqlashda foydalanilgan maxsus vositalarning qiyoslash sertifikatlarini koʻrsatishni talab qilish;
huquqbuzarlik holati yuzasidan tushuntirishlar berish;
asossiz toʻxtatib turilmasligini talab qilish;
YPX xodimi tomonidan transport vositasini yoki undagi yukni tashqi koʻzdan kechirish jarayonida ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
(18-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 173-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/173/0298-son)
Oldingi tahrirga qarang.
eʼtirozlar mavjud boʻlsa, huquqbuzarlik toʻgʻrisida maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgandan soʻng tegishli DYHXX saf boʻlimi (boʻlinmasi)ga murojaat etib, oʻzi toʻxtatilgan hududda YPX xodimi xizmat olib borishi mumkinligi toʻgʻrisidagi dislokatsiya haqida yozma maʼlumot berishni talab qilish;
(18-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 173-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/173/0298-son)
oʻziga nisbatan rasmiylashtirilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish hujjatlari bilan tanishish, ulardan oʻz hisobidan nusxa koʻchirish yoki ularni fotosuratga olish;
YPX xodimining harakatlari yoki harakatsizligi, rasmiylashtirilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisida maʼmuriy bayonnoma hamda chiqarilgan qaror ustidan yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs)ga yoki sudga shikoyat qilish;
oʻzi guvohi boʻlgan hodisa haqida YPX xodimiga haqqoniy maʼlumotni bayon qilish.
Yoʻl harakati qatnashchilari qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
19. Yoʻl harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan oʻzaro munosabatlarda quyidagilarga majbur:
YPX xodimining qonuniy talablariga boʻysunishi va ularni bajarish;
Oldingi tahrirga qarang.
transport vositasini boshqarishda belgilangan hujjatlarni YPX xodimlari talab qilganda tekshirish uchun taqdim etish, bunda haydovchining yonida Oʻzbekiston Respublikasining ichki ishlar organlari yoxud konsullik muassasalari tomonidan berilgan biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi mavjud boʻlgan taqdirda, uning transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatni, transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisini taqdim qilish talab etilmaydi;
(19-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
YPX xodimiga sovgʻa, moddiy qimmatliklar taklif qilmaslik yoki boshqa shaklda manfaatdor etishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirmaslik;
Oldingi tahrirga qarang.
mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan holda xizmat guvohnomasini koʻrsatmaslik (qonunchilikda sodir etgan qoidabuzarligi uchun maʼmuriy javobgarlikning alohida tartibi belgilangan shaxslar bundan mustasno);
(19-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
yoʻl harakatining boshqa qatnashchisi hamda YPX xodimi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatga xalaqit bermasligi shart.
Yoʻl harakati qatnashchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
5-bob. Yoʻl harakati qatnashchilari tomonidan yoʻl harakati qoidalari buzilganda yoʻl-patrul xizmati xodimlari bilan oʻzaro munosabat
20. YPX xodimi qoidalarni buzgan yoʻl harakati qatnashchisiga nisbatan huquqbuzarlik toʻgʻrisida maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish chogʻida shaxsiy adovati tufayli shaxsning ahvolini ogʻirlashtiruvchi tomonga oʻzgartirishga harakat qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sodir etilgan huquqbuzarlikni yengillashtirish hisobiga boshqa huquqbuzarlikni rasmiylashtirish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Yoʻl-harakati qatnashchisi MJtK 138-moddasining birinchi — uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganligi faktiga eʼtiroz bildirmagan, unga solinadigan jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan oshmagan, jarima oʻsha joyning oʻzida toʻlangan, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirilmaydi.
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Jarima toʻlaganligi toʻgʻrisida huquqbuzarga belgilangan shakldagi kvitansiya beriladi.
22. Basharti, yoʻl harakati qatnashchisi oʻziga solinadigan jarimaga eʼtiroz bildirsa yoki belgilangan jarimani joyida toʻlay olmasa, u holda MJtKning 279-moddasiga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.
23. MJtK 138-moddasining birinchi — uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda huquqbuzarlik toʻgʻrisida maʼmuriy bayonnoma piyodaning shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida rasmiylashtiriladi. Agar uning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmasa, yaqin oradagi ichki ishlar organlari yoxud fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi binosiga olib borib, shaxsiga aniqlik kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun alohida tartib belgilangan shaxslar tomonidan maxsus moslamalar orqali qoidalarning buzilganligi aniqlanganda, ularning javobgarlik masalasi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6-bob. Yoʻl-patrul xizmati xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarishda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi
25. Yoʻl harakati qatnashchilarining qoidalarga rioya etishini nazorat qilish maqsadida maxsus moslamalardan foydalaniladi.
26. YPX xodimlari tomonidan yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatini nazorat qilishda foydalaniladigan maxsus moslamalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtgan boʻlishi lozim.
27. Qoidalar buzilishining oldini olish uchun YPX xodimi patrul avtomobili, maxsus moslamalarni imitatsiya qiluvchi qurilmalar (maketlar, manekenlar) yordamidan foydalanishi mumkin.
28. Ruxsat etilmagan, sertifikatga ega boʻlmagan, sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud boʻlmagan maxsus moslamalardan foydalanish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda ruxsat etilmagan, sertifikatga ega boʻlmagan, sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud boʻlmagan tezlikni oʻlchash vositalari asosida chiqarilgan jarima solish toʻgʻrisidagi qarorlar yuridik kuchga ega boʻlmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
(28-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 429-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 09/24/429/0517-son)
29. Transport vositasining haydovchisi maxsus moslama qayd etgan koʻrsatkichdan norozi boʻlgan taqdirda, holat tegishli ravishda xolislar ishtirokida rasmiylashtiriladi.
1-§. Koʻchma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanish tartibi
30. Transport vositalarining oqimi va yoʻl sharoitini hisobga olgan holda, koʻchma fotoradar va mobil komplekslar biriktirilgan YPX xodimlari tomonidan ularning kunlik dislokatsiyasi belgilangan va maxsus moslamalardan tegishli tartibda foydalanish choralari koʻrilgan boʻlishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Koʻchma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanilganda, yoʻl harakati qoidalarining buzilganligini qayd etish mazkur Nizomning 37-bandida koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 429-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 09/24/429/0517-son)
32. YPX xodimlarining patrul avtomobillarida foydalanish belgilab qoʻyilgan tezlikni oʻlchash moslamalarini oʻzboshimchalik bilan yechib olishi va xizmatga aloqasi boʻlmagan boshqa shaxslarning (jismoniy yoki yuridik) transport vositalariga oʻrnatishi hamda xizmatni oʻtashga aloqador boʻlmagan fuqarolarni jalb qilishi qatʼiyan taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur talabga rioya etilmagan holda qabul qilingan jarima solish toʻgʻrisidagi qarorlar yuridik kuchga ega boʻlmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
(32-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 429-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 09/24/429/0517-son)
33. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlashning avtomatlashtirilgan (kompyuterlashtirilgan) boshqaruv tizimi (keyingi oʻrinlarda — ABT deb ataladi) tarkibidagi yoʻl harakatini nazorat qilish hamda video kuzatish texnik vositalarining joylashuvi va ish tartibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadigan dislokatsiya bilan belgilanadi.
34. Koʻchma fotoradar va mobil komplekslarni qoʻllash joyi va vaqti DYHXX saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻi tomonidan tasdiqlangan dislokatsiyaga muvofiq belgilanadi.
35. Dislokatsiyaga asosan tezlikni oʻlchash vositasi bilan xizmatga jalb etilgan YPX xodimi hududiy yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimlari masʼul xodimidan tezlikni oʻlchash vositasini (mobil komplekslar bundan mustasno) va unga tegishli sertifikatni (yoki uning nusxasini) qabul qilib oladi va uning butligi, sozligi, belgilangan tartibda ishlatilishiga masʼul hisoblanadi.
36. YPX xodimi dislokatsiyaga asosan biriktirilgan hududga yetib borib, xizmatni boshlashidan oldin tezlik oʻlchash moslamasini foydalanish uchun tayyorlaydi, moslama xotirasiga uning oʻrnatilgan joyi, harakat yoʻnalishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritib, xizmatga kirishadi.
Oldingi tahrirga qarang.
2-§. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar isteʼmol qilganligini aniqlash uchun maxsus moslamalardan foydalanish tartibi
(2-paragrafning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-martdagi 131-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2023-y., 09/23/131/0170-son — 2023-yil 28-maydan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
361. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar taʼsiridan mast holda ekanligini va giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar isteʼmol qilganligini aniqlash YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester, narkotester) yordamida qoidabuzarlik yuz bergan joyning oʻzida amalga oshirilishi mumkin.
(361-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-martdagi 131-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2023-y., 09/23/131/0170-son — 2023-yil 28-maydan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
362. Tekshiruv oldidan YPX xodimi transport vositasi haydovchisini maxsus moslama (alkotester, narkotester)ning ishlash tartibi bilan tanishtiradi, uning talabiga asosan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni koʻrsatadi.
(362-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-martdagi 131-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2023-y., 09/23/131/0170-son — 2023-yil 28-maydan kuchga kiradi)
363. Tekshiruv kamida ikki nafar xolis ishtirokida amalga oshiriladi, YPX xodimi tomonidan kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda amalga oshiriladigan tekshiruvlar bundan mustasno. Kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda amalga oshirilgan tekshiruv jarayoni aks etgan videotasvir ish materiallariga ilova qilinishi lozim.
364. Tekshiruv jarayonida YPX xodimi sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼi rioya etishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
365. Tekshiruv YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester, narkotester) yordamida belgilangan tartibda transport vositasi haydovchisining ogʻiz boʻshligʻidan chiqarilgan havodagi etanol bugʻlar konsentratsiyasi miqdorini yoxud biologik suyuqlik (soʻlak)da giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar borligini aniqlash orqali oʻtkaziladi.
(365-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-martdagi 131-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2023-y., 09/23/131/0170-son — 2023-yil 28-maydan kuchga kiradi)
366. Transport vositasi haydovchisining ogʻiz boʻshligʻidan chiqarilgan havodagi etanol bugʻlar konsentratsiyasi koʻrsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori boʻlgan hollarda, YPX xodimi haydovchiga nisbatan alkogolli ichimlik isteʼmol qilganligi holati yuzasidan MJTKning 131-moddasiga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
367. Transport vositasi haydovchisi maxsus moslama (alkotester, narkotester) yordamida tekshiruvdan oʻtishdan bosh tortgan yoxud unda tekshiruv natijalariga eʼtiroz mavjud boʻlgan hollarda, shuningdek, transport vositasi haydovchisining ogʻiz boʻshligʻidan chiqarilgan biologik suyuqlik (soʻlak) narkotester yordamida tekshirilganda uning giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar isteʼmol qilganligi aniqlangan taqdirda, YPX xodimi transport vositasi haydovchisini alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar taʼsiridan mast holda ekanligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasiga olib boradi.
(367-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-martdagi 131-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2023-y., 09/23/131/0170-son — 2023-yil 28-maydan kuchga kiradi)
368. Transport vositasi haydovchisi tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlagan taqdirda, YPX xodimi unga nisbatan MJTKning 136-moddasiga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiradi.
3-§. Transport vositalari oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligini oʻlchovchi moslamadan foydalanish tartibi
369. Transport vositalarining tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynalari belgilangan meʼyorlarga javob berishiga aniqlik kiritish uchun transport vositalari oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligini oʻlchovchi moslama (taumetr)dan foydalaniladi.
3610. Transport vositalari oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligini aniqlash YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (taumetr) yordamida qoidabuzarlik sodir boʻlgan joyning oʻzida amalga oshiriladi.
3611. Tekshiruv oldidan YPX xodimi transport vositasi haydovchisini maxsus moslama (taumetr)ning ishlash tartibi bilan tanishtiradi va uning talabi asosida moslamaning sertifikati (nusxasi)ni koʻrsatadi.
3612. Yorugʻlik oʻtkazuvchanligi tekshirilayotgan transport vositasining oynasi belgilangan standartlarga mos, toza va quruq boʻlishi lozim.
3613. Yorugʻlik oʻtkazuvchanligi belgilangan meʼyorlarga muvofiq boʻlmagan avtotransport vositasi haydovchisiga nisbatan MJTKning 126-moddasiga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
(6-bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 173-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/173/0298-son)
7-bob. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yoʻl harakati qoidalari buzilganligini qayd etish tartibi
37. MJtKning 3091-moddasiga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirilmasdan, huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz jarima solish toʻgʻrisidagi qaror chiqariladi. Bunda huquqbuzarlikni takroriyligi inobatga olinmaydi.
Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qoʻllanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, yuridik kuchga ega boʻlgan elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi hamda ushbu hujjatni tuzgan vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorning koʻchirma nusxasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qoʻllanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, elektron hujjatni qogʻozdagi hujjatga aylantirish yoʻli bilan tayyorlanadi hamda mazkur qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran uch kun muddatda buyurtma pochta joʻnatmasi tarzida huquqbuzarga yuboriladi.
38. Maʼmuriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori, yuridik shaxsga tegishli transport vositalaridan foydalanib sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik qayd etilgan taqdirda, yuridik shaxsning transport vositalaridan foydalanish uchun masʼul boʻlgan shaxsi javobgar boʻladi.
39. Transport vositasi boshqa shaxslarning noqonuniy harakatlari (olib qochishi, oʻgʻirlashi) natijasida transport vositasi egasi (mulkdori)ning foydalanishida boʻlmagan hollarda, jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilib, bunday hujjatlar alohida yigʻma jildga tikib boriladi hamda ushbu holat aniqlangan zahoti transport vositasini ushlash boʻyicha MADXga axborot beradi. MADX tomonidan ushbu holat yuzasidan hududiy ichki ishlar organlariga darhol xabarnoma yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
40. Transport vositasi ushlangan taqdirda, belgilangan shakldagi dalolatnoma tuziladi hamda jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar transport vositasi maxsus ajratilgan saqlash joyida ushlab turiladi, qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno. Dalolatnoma uch nusxada tuzilib, birinchi nusxasi transport vositasini maxsus ajratilgan saqlash joyida saqlashga masʼul boʻlgan shaxsda, ikkinchi nusxasi DYHXX xodimida qoladi, uchinchi nusxasi huquqbuzarga beriladi.
(40-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Transport vositasining maxsus ajratilgan saqlash joyiga olib borilishi, ushlab turilishi hamda ushlab turish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan Qonunchilik buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan tartibga solinadi.
(40-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8-bob. Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlar jarayonida xizmatni oʻtashini oʻziga xos xususiyatlari
41. YPX xodimi oʻz xizmat vazifalarini maxsus audio va video qayd etish qurilmalari bilan jihozlangan transport vositalaridan foydalangan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan ekipirovkada oshkora usulda amalga oshiradi. Yoʻllarda xizmatni yashirin olib borish taqiqlanadi.
YPX xodimining maxsus audio va video qayd etish qurilmalari bilan jihozlangan transport vositalaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
42. YPX xodimi tomonidan oʻziga biriktirilgan hudud dislokatsiyasidan tashqarida qoidabuzarliklar boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar rasmiylashtirish taqiqlanadi.
Yoʻl transport hodisalari, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi, avariya holatini yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan qoidabuzarliklar aniqlanganda, YPX xodimi tomonidan oʻziga biriktirilgan hudud dislokatsiyasidan tashqarida ham ushbu qoidabuzarliklar boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar rasmiylashtirilishi mumkin. Bunda mazkur holatlar yuzasidan DYHXX saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, natijasiga koʻra YPX xodimining harakatlariga huquqiy baho beriladi.
YPX xodimi tomonidan oʻziga biriktirilgan hudud dislokatsiyasidan tashqarida rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega boʻlmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi, mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
43. Patrul avtomobilida (mototsiklida), shuningdek, boshqa transport vositalarida yoʻl harakati ustidan nazorat olib borish jarayonida haydovchi tomonidan qoidalarning buzilganligi aniqlanganda, mazkur transport vositasini toʻxtatishda maxsus chiroq-mayoqcha, ovoz kuchaytirgich moslamasi, qoʻl yoki jezl ishoralaridan foydalaniladi.
Transport vositasini avtomobil yoʻllarining koʻrish cheklangan qismlari, burilishdan oldin va keyin, tik nishablik yoki tik balandliklar, chorrahalar, yer osti oʻtish joylari oldida, temir yoʻl kesishmasi hududi va boshqa xavfli joylarda toʻxtatish taqiqlanadi, kechiktirib boʻlmaydigan hollar bundan mustasno.
44. YPX xodimi maxsus chiroq-mayoqchasi yoqilgan yoxud tovushli signallar berib harakatlanayotgan YPX patrul avtomobillari kuzatuvida boʻlgan jamlanmani post yoki patrullik qilish yoʻnalishi hududidan xavfsiz va toʻsiqsiz oʻtib ketishi choralarini koʻrishi zarur.
45. Maxsus va tezkor xizmatlarga tegishli chiroq-mayoqchasi yoqilgan, tovushli signallar berib harakatlanayotgan transport vositalari ularning oʻgʻirlanganligi, olib qochilganligi yoki mast holda boʻlgan shaxslar tomonidan boshqarayotganligi haqida ishonchli maʼlumotlarga ega boʻlgan hollardagina toʻxtatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Maxsus va tezkor xizmatlarga tegishli transport vositalari ishtirokida sodir etilgan yoʻl transport hodisasi boʻyicha, shuningdek, ushbu transport vositasi mast holda boʻlgan haydovchi tomonidan boshqarilgan holat qonunchilikka muvofiq rasmiylashtiriladi.
(45-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
46. YPX xodimi quyidagi hollarda huquqbuzarni yaqin oradagi ichki ishlar boʻlimiga (keyingi oʻrinlarda IIB deb ataladi) yoxud fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga olib borishi mumkin:
haydovchi YPX xodimining qonuniy talablariga boʻysunmagan hollarda, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani sodir etilgan joyda tuzish imkoni boʻlmasa;
transport vositalaridan foydalanish, harakat tartibi va xavfsizligini saqlash qoidalari buzilgan taqdirda, huquqbuzarda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va u haqida zarur maʼlumotlar berish mumkin boʻlgan guvohlar boʻlmasa.
47. Huquqbuzar IIBga olib borilganda, YPX xodimi uning shaxsini aniqlash choralarini koʻradi. Huquqbuzarning shaxsi aniqlanganda, unga nisbatan sodir etgan qoidabuzarligi yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtiriladi. Huquqbuzar shaxsini aniqlash imkoni boʻlmaganda, uning sodir etgan qoidabuzarligi boʻyicha ikki nusxada bildirgi tayyorlab, bildirgining bir nusxasini IIB navbatchisiga, ikkinchi nusxasi esa IIB navbatchisi tomonidan tegishli belgi qoʻyilganidan soʻng YPX xodimiga topshiriladi.
48. Oʻzining shaxsiy xavfsizligi va harakat qatnashchilari xavfsizligini taʼminlash uchun taʼqib qilish yoki kuzatish vaqtida YPX xodimi quyidagilarga amal qilishi lozim:
patrul avtomobilida maxsus chiroq-mayoqcha va tovushli signallar muntazam yoqilgan holatda boʻlishi;
aniq shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda harakat tezligini tanlashi;
saf boʻlim (boʻlinma) yoki IIB navbatchisiga oʻzining ketayotgan joyi, qayerdaligi va harakatning yoʻnalishi toʻgʻrisida maʼlum qilib turishi;
yoʻl harakatining boshqa qatnashchilarini hushyorlik va ehtiyotkorlik choralarini koʻrishlari boʻyicha xabardor qilib borishi;
taʼqib qilish va kuzatish jarayonida transport vositasining harakatlanishini cheklash choralarini koʻrishi.
YPX xodimi taʼqib qilish yoki kuzatish vaqtida yoʻl harakati qatnashchilarining hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli harakatlar sodir etmasligi lozim.
49. YPX xodimi yoʻl harakatining boshqa qatnashchilari harakatiga xavf tugʻdiradigan katta hajmli va xavfli yuklarni tashish qoidalari buzilganligini aniqlaganda, saf boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻidan yoki navbatchidan tegishli koʻrsatma olgunga qadar, ushbu transport vositasini yoʻlning qatnov qismidan chetlashtirish choralarini koʻrishi lozim.
9-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
50. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(50-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2018-y., 09/18/975/2259-son, 04.07.2019-y., 09/19/556/3377-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 13.04.2022-y., 09/22/173/0298-son; 27.03.2023-y., 09/23/131/0170-son, 17.07.2024-y., 09/24/429/0517-son)