O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli “Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 17-apreldagi PF-5418-son Farmoni ijrosini ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida mahsuldorlikni yuksaltirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirishning yagona tizimini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 17-apreldagi PF-5418-son Farmoniga muvofiq Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligida investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi negizida Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 284-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2020-y., 09/20/284/0588-son)
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) asosiy vazifalari etib belgilansin:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 284-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2020-y., 09/20/284/0588-son)
agrosanoat kompleksi va oziq-ovqat ta’minoti sohasida, shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni, shu jumladan investitsion loyihalarni ishlab chiqish va shakllantirishga ko‘maklashish;
agrosanoat kompleksi va oziq-ovqat ta’minoti, shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida loyihalarni, shu jumladan, investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda XMI va XHMT deb ataladi) kredit, grant va texnik ko‘maklashish mablag‘larini jalb qilish;
agrosanoat kompleksi va oziq-ovqat ta’minoti, shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish;
loyihalar va subloyihalarning amalga oshirilishini tizimli monitoring qilish, ularni samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni aniqlash hamda ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish;
startap loyihalar tashabbuskorlari bilan hamkorlik qilish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etish, energiyani tejaydigan va yuqori samarali loyihalarni amalga oshirish, agrosanoat kompleksi va oziq-ovqat ta’minoti sohasida laboratoriyalar va tajriba-konstruktorlik byurolarini tashkil etishga ko‘maklashish;
agrosanoat kompleksi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalar, shuningdek, investitsion loyihalar doirasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat boshqaruvi organlariga hamda boshqa tashkilotlarga yordam ko‘rsatish.
3. Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 19 kishidan iborat bo‘lgan tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Agentlik faoliyatini moliyalashtirish XMI va XHMT tomonidan investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-martdagi 241-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.03.2019-y., 09/19/241/2806-son)
Agentlikni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining iqtisodiyot tarmoqlari, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining bo‘linmalari bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bosh direktor boshqaradi;
Agentlik bosh direktorining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bilan kelishilgan holda Qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 284-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2020-y., 09/20/284/0588-son)
Agentlik bosh direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmatlari sharoitlari bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
5. Agentlik bosh direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:
zarurat bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishgan holda boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Agentlik tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 284-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2020-y., 09/20/284/0588-son)
Agentlikka yuklangan vazifalarni, shu jumladan, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslashlarini va texnik-iqtisodiy hisoblarini amalga oshirish uchun shartnoma asosida mahalliy va xorijiy mutaxassislarni, ekspertlar va olimlarni jalb etish.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradovga Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligida investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi qayta tashkil etilayotganligi hamda ular negizida Agentlik tashkil qilinayotganligi haqida XMI va XHMTga xabarnomalar yuborish vakolati berilsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha tijorat banklarida depozit hisob raqamlari ochiladi, ushbu hisob raqamlaridan boshqa loyihalardagi majburiyatlarni bajarish uchun to‘lovlar amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
Agentlik, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi yangi loyihalarni shakllantirish va investitsiyalarni jalb etish uchun, shuningdek, ishtirok etayotgan moliya tashkilotlari (tijorat banklari, lizing va mikrokredit tashkilotlari) bilan loyihalar va subloyihalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, shu jumladan, kredit liniyalarning samarali o‘zlashtirilishi uchun birgalikda javob berishadi.
8. Agentlik Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Labzak ko‘chasi, 1A-uy, A bloki (1 va 2-qavatlar, yerto‘lasi bilan) manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
9. Agentlik ishtirok etayotgan tijorat banklari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida subloyihalarni moliyalashtirishning soddalashtirilgan tartibini, shu jumladan, tijorat banklarining hududiy filiallari tomonidan Agentlikka subloyihalar bo‘yicha tegishli ma’lumot va hujjatlarni bevosita taqdim etish vakolatlarini kengaytirish masalasini bir oy muddatda ko‘rib chiqsin.
10. Agenlik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
bir oy muddatda — Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining Nizomini;
ikki oy muddatda — qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 21-noyabr,
940-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 21-noyabrdagi 940-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi
TUZILMASI
Izohlar:
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 19 nafar.
Loyihalarni amalga oshirish guruhlari xodimlarining, shu jumladan, hududiy guruhlar xodimlari soni amalga oshirilayotgan loyihalar soniga ko‘ra belgilanadi.
Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan normativlarga muvofiq belgilanadi.
Loyihlarning TIA/TIH ishlab chiqish uchun mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2018-y., 09/18/940/2205-son; 23.03.2019-y., 09/19/241/2806-son; 15.05.2020-y., 09/20/284/0588-son)