Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKI QOʻMITASI HUZURIDA BOZOR ISLOHOTLARINI ChUQURLAShTIRISh ILMIY-TADQIQOT INSTITUTINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 9-iyundagi 113-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulki qoʻmitasi huzurida xususiylashtirish, korporativ boshqaruvni va qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish muammolarini tadqiq etish markazini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor islohotlarini chuqurlashtirish jarayonlarini ilmiy taʼminlash, koʻp ukladli iqtisodiyotning shakllanishi va faoliyat koʻrsatishi mexanizmini ishlab chiqish, davlat mulkini keng miqyosda aksionerlashtirish va xususiylashtirish, fond bozorini rivojlantirish, kichik, xususiy tadbirkorlikning rivojlanishiga koʻmaklashish hamda respublikada amalda mulkdorlar qatlamini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hisoblash markaziga ega boʻlgan koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzurida Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti (BIChITI) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
Oʻzbekistonda tizim va bozor qayta oʻzgartirishlari jarayonini tahlil qilish, iqtisodiy islohotlarning borishini baholash hamda iqtisodiyotni isloh qilishning jahon tajribasidan foydalanishni hisobga olgan holda respublikada bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirishga oid ilmiy asoslangan takliflarni tayyorlash;
iqtisodiyotda xususiy sektorning jadal rivojlanishini ragʻbatlantirish va mulkdorlar huquqi kafolatlarini kuchaytirish, bozor infratuzilmasini, qimmatli qogʻozlar va koʻchmas mulk bozorini rivojlantirish boʻyicha ilmiy asoslar va tavsiyalarni ishlab chiqish;
korxonalarni isloh qilish hamda xususiylashtirilgandan soʻng yordam koʻrsatish, ishlab chiqarish-xoʻjalik tuzilmalarini monopoliyadan chiqarish va tarkibiy qayta oʻzgartirishlar, kichik va xususiy korxonalar tarmogʻini rivojlantirish hamda raqobat muhitini yaratish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni tayyorlash;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish sharoitlarida davlat mulkini boshqarishning uslubiy prinsiplari va mexanizmini ishlab chiqish;
xususiylashtirish va bozor tuzilmalarini shakllantirish jarayonlarida xorijiy investorlarning samarali ishtirok etishi mexanizmini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
axborot-tahlil va dasturiy tizimlarni ishlab chiqish, mulkning ahvoli va harakati, xususiylashtirilgan korxonalarning moliyaviy hamda iqtisodiy ahvoli, kichik va xususiy korxonalar tarmogʻini, fond bozori va bozor infratuzilmasini rivojlantirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning elektron bazalarini shakllantirish;
bozor islohotlarini chuqurlashtirish, xususiylashtirish va koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish masalalariga oid ilmiy, yoʻriqnoma-uslubiy va axborot materiallarini tayyorlash hamda nashr etish, respublikaning iqtisodiyotni isloh qilish sohasidagi tajribasini keng targʻib etish, aholining iqtisodiy bilim darajasini oshirish va ularda zamonaviy iqtisodiy fikrlashni shakllantirishda faol ishtirok etish.
3. Quyidagilar tasdiqlansin:
Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy-tadqiqot institutining tashkiliy tuzilmasi ilovaga muvofiq;
ilmiy va ilmiy yordamchi xodimlar shtatlari soni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining hisoblash markaziga ega boʻlgan koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazi uchun tasdiqlangan doirada (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari 70 nafar).
BIChITIning rahbar va ilmiy xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari uchun amalda boʻlgan ish va mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilsin.
BIChITI direktoriga ilmiy xodimlariga lavozim maoshiga 70 foizgacha miqdorda shaxsiy ustamalar belgilash huquqi berilsin.
4. Quyidagilar Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi tasdiqlagan ilmiy tadqiqotlarning maqsadli dasturlarini moliyaviy taʼminlashga Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan budjet mablagʻlari;
ilmiy tadqiqotlarni ragʻbatlantirish hamda amaliy vazifalarni hal etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan ajratiladigan mablagʻlar;
korxona va tashkilotlarning BIChITI tomonidan ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlarning shartnoma asosida bajarilishiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlari.
5. Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti Toshkent shahri, Oʻzbekiston shoh koʻchasidagi 53-uyda joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi binosiga joylashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi BIChITIga moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda yordam koʻrsatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi BIChITIni zarur telefon va kommunikatsiya aloqasi bilan, shu jumladan, bir dona hukumat aloqasi telefoni oʻrnatilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 29-yanvardagi 54-f-son farmoyishi bilan tasdiqlangan investitsiya moliya va boshqa bozor tuzilmalarini xususiylashtirish, tashkil etish va rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga quyidagi qoʻshimcha kiritilsin:
11-bandning 3-xat boshi “biznes-markazlar” soʻzlaridan soʻng quyidagi soʻzlar bilan toʻldirilsin: “shuningdek, Bozor islohotlari ilmiy-tadqiqot instituti (BIChITI)ning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash”.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 1994-yil 14-fevraldagi 72-son qarorining 4-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 15-yanvar,
27-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 15-yanvardagi 27-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy-tadqiqot institutining
tuzilmasi va shtatdagi xodimlari soni
| |
(nafar) |
| Institut rahbariyati |
4 |
| Tahlil va bozor qayta oʻzgartirishlarini va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish uslubiyoti boʻlimi |
|
| Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻlimi |
|
| Davlat mulkini boshqarishni tashkil etish va xususiylashtirish boʻlimi |
|
| Monopoliyadan chiqarish, tarkibiy qayta oʻzgartirishlar va raqobat muhitni yaratish boʻlimi |
|
| Qimmatli qogʻozlar bozorini va bozor infratuzilmasini rivojlantirish boʻlimi |
|
| Xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish va xususiylashtirilgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi |
|
| Axborot-noshirlik boʻlimi |
5 |
| Kompyuterlashtirish va hisoblash tizimlari boshqarmasi |
15 |
| Maʼmuriy-boshqaruv xodimlari |
8 |
|
Jami: |
70 |
SXEMA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy-tadqiqot institutining
tashkiliy tuzilmasi
(Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati qarorlari toʻplami, 1997-y., 1-son, 2-modda)