OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI IQTISODIY ALOQALAR VAZIRLIGI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TOʻFRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 14-yanvardagi 17-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish va ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan..
Oʻzbekiston Respublikasining yagona tashqi iqtisodiy faoliyatini yuritish, tashqi bozorda umumdavlat manfaatlarini taʼminlash, chet mamlakatlar bilan iqtisodiy, texnikaviy va savdo-sotiq hamkorligining samaraliligini oshirish, bu sohani boshqarishni takomillashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga xalqaro maydonda samarali ishlashlari uchun zarur sharoit yaratish maqsadida va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning strategik masalalari boʻyicha takliflarini, xalqaro shartnomalarning loyihalarini ishlab chiqish;
yagona tashqi iqtisodiy faoliyat yuritishni taʼminlash, respublika hududida tashqi iqtisodiy faoliyatning davlat tomonidan boshqarilishini amalga oshirish, vazirliklar, idoralar, tashqi iqtisodiy tashkilotlar, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar tomonidan Oʻzbekiston manfaatlariga va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishiga qanday rioya qilinayotganligini nazorat qilish;
tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan vakillik qilish va davlat manfaatlarini himoya qilish, xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va birlashmalar, chet mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyalar ishida qatnashish, respublikaning tegishli vazirliklari va idoralarining ulardagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlari qatnashchilari idoralari bilan tashqi iqtisodiy sohasida kelishilgan siyosatni oʻtkazishda oʻzaro hamkorlik qilish;
respublika hududida joylashgan tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchilari sifatidagi korxonalar va tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish, xorijiy firmalarni, kompaniyalarni, tashkilotlarni akkreditatsiya qilish;
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi bilan birgalikda tovar-moliya kreditlarining miqdorlari va yoʻnalishlarini, ularga xizmat koʻrsatishni, shuningdek, valyuta bilan oʻz xarajatini oʻzi qoplash prinsiplari asosida yirik investitsiya mablagʻlarini aniqlash, kreditlardan qanday foydalanayotganligini nazorat qilish;
qoʻshma korxonalar va boshqa tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchilarining faoliyatlarini tekshirish uchun auditor xizmatini tashkil etish, eksport va import tovarlarini, yirik tashqi iqtisodiy loyihalar va dasturlarni erkin ekspertiza qilish, xorijiy investitsiyalardan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilishni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining chet mamlakatlardagi savdo vakilliklarining faoliyatiga rahbarlik qilish;
vazirlikka biriktirilib qoʻyilgan nomenklatura boʻyicha umumrespublika ahamiyatiga ega boʻlgan tovarlar bilan eksport-import aʼmollarini oʻtkazishni, eksport va import tuzilmalarini yaxshilashga oid takliflarni ishlab chiqishni tashkil etish;
respublikada va xorijda tashqi iqtisodiy faoliyat uchun kadrlar tayyorlashni va ularni stajirovkadan oʻtkazishni tashkil etish;
tijorat-axborot va reklama ishlarini olib borish, respublikada va xorijda xalqaro va chet el koʻrgazmalari hamda yarmarkalarini oʻtkazish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga:
oʻziga berilgan vakolat doirasida barcha vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy hokimiyat organlari, qaysi idoraga boʻysunishi va mulkiy shaklidan qatʼi nazar, tashkilotlar va korxonalarning bajarishi majburiy boʻlgan meʼyoriy uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
tashqi iqtisodiy aloqalarning xoʻjalik va tashkiliy mexanizmini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va realizatsiya qilish, respublika iqtisodiyot organlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralari, qaysi idoraga boʻysunishi va mulkiy shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirish;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning tashqi iqtisodiy faoliyatini kompleks tekshirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni birmuncha toʻxtatib turish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga, sud organlariga respublikaning qonunlarini buzuvchi va Oʻzbekistonning iqtisodiy manfaatlariga ziyon yetkazuvchi tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchilariga nisbatan uni tugatish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
tashqi iqtisodiy faoliyat, bojxona statistikasi yuzasidan hisobot statistika maʼlumotlari olish;
tashqi savdo yuklariga transport-ekspeditorlik xizmati koʻrsatish, ularni respublika hududida, shuningdek, asosiy daryo portlariga, temir yoʻl chegara stansiyalariga joylash, ishlov berish va eʼlon qilish tizimini takomillashtirishga oid tadbirlarni oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi yoʻli boʻyicha chet mamlakatlarga qisqa muddatli va uzoq muddatli xizmat safarlariga yuboriladigan xalq xoʻjaligi mutaxassislarining joʻnab ketishlari toʻgʻrisida belgilangan tartibda qarorlar qabul qilish;
rivojlantirish, ragʻbatlantirish, kadrlarni tayyorlash fondlarini va boshqa markazlashtirilgan fondlar yaratish uchun idoralarga qarashli tashkilotlar, firmalar, korxonalarning daromadlaridan soʻm va valyuta ajratmalarining normativlarini belgilash;
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining rasmiy taklifi bilan Oʻzbekistonga keluvchi chet el delegatsiyalarining respublika hududida yashashi va transport xarajatlarini soʻmlarda toʻlashiga ruxsat etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Vazirlikning markaziy apparati xodimlarining va uning mintaqaviy boshqarmalari vakillarning eng koʻp soni 400 kishidan iborat qilib, tegishli ish haqi fondi bilan, (binolarni qoʻriqlovchi va ularga xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) belgilansin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga vazirning besh nafar oʻrinbosari, shu jumladan, ikki nafar birinchi oʻrinbosariga ega boʻlishga ruxsat etilsin. Vazirlik hayʼatining soni 17 kishidan iborat qilib belgilansin, unga respublika huquqni muhofaza qilish, bojxona, moliya organlari vakillari ham kiradi, ularning shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tarkibiga yuridik shaxslar huquqida respublika tashqi iqtisodiy va tashqi savdo birlashmalari va firmalari, tijorat-reklama markazlari, transport vakilliklari va xorijiy muassasalar kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga zarur boʻlgan hollarda respublika tashqi iqtisodiy kompleksining samarali ishlashini taʼminlash uchun ishlab turuvchi boshqa tashkilotlar tuzishga, qayta tashkil etishga va tugatishga ruxsat etilsin.
Tashqi savdo aloqalari davlat qoʻmitasi boʻlimlari negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining mintaqaviy vakillari boshqarmalari tuzilsin. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahrining hokimlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga kadrlarni tanlashda va tashqi iqtisodiy aloqalar boʻyicha vakil qilingan mintaqaviy boshqarmalarning shtatlarini toʻldirishda yordam koʻrsatsinlar.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (oʻrtoq Sultonov) Moliya vazirligi (oʻrtoq Boqiboyev) bilan birgalikda oʻn kun muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining faoliyatini taʼminlovchi budjet mablagʻlari ehtiyoj limitlarining hisob-kitobini qilib chiqsin va koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi zimmasiga yuklatilgan eksport-import tovarlarini ekspertiza qilish, koʻrgazmalar va yarmarkalar tashkil etish, reklama xizmatlari koʻrsatishga oid funksiyalarni bajarish uchun bir oy muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimiga Savdo-sanoat palatasining ishlab chiqarish firmalari qabul qilinsin-topshirilsin.
4. Belgilansinki, respublika vazirliklari, davlat qoʻmitalari, konsernlari va idoralari bilan tuzilgan savdo-iqtisodiy shartnomalarning, shuningdek, mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar va tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar va bitimlarning barcha loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida albatta ekspertiza qilinadi va hisobga olinadi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi respublikaning manfaatdor vazirliklari va idoralari bilan birgalikda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi mutaxassislari boshchiligida xususiy va davlat chet el firmalari va kompaniyalari bilan tashqi iqtisodiy hamkorlik qilish loyihalarini ekspertiza qilish, kontraktlar, shartnomalar va bitimlarning ijrosini nazorat qilish boʻyicha ishchi guruhi tuzsin.
Bojxona qoʻmitasi, Oʻrta Osiyo temir yoʻl boshqarmasi, Milliy aviakompaniya, Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi 1992-yilning 15-aprelidan boshlab tashqi savdo yuklarini faqat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining belgisi boʻlganda rasmiylashtirish va tashish uchun qabul qilsinlar.
5. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (oʻrtoq Sultonov):
ikki hafta muddat ichida vazirlik toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga Xalq Xoʻjaligi Yutuqlari Koʻrgazmasi negizida tarkibida axborot-konsultativ, koʻrgazma va mehmonxonaga oid komplekslar boʻlgan tijorat-reklama markazi tashkil etish toʻgʻrisidagi farmoyish loyihasini kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasining Moskva shahridagi doimiy vakili (oʻrtoq Saidov) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining vakolatxonasini joylashtirishda koʻmaklashsin.
7. “Oʻzshartnomasavdo” Davlat-aksionerlik uyushmasi (oʻrtoq Sharipov), Binokorlik materiallari sanoati vazirligi (oʻrtoq Iskandarov), Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining oʻz bazalari obyektlarini qurish va tuzatish uchun moddiy-texnika resurslarining limitlarini belgilangan tartibda ajratishni nazarda tutsinlar.
8. Aloqa vazirligi (oʻrtoq Rahimov) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining talabnomalari boʻyicha zarur miqdorda aloqa vositalarini ajratsin.
9. Moliya vazirligi (oʻrtoq Boqiboyev), Avtomobil transporti vazirligi (oʻrtoq Ahmetov) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga markaziy apparatning qoʻshimcha 10 ta yengil avtomobilini saqlash uchun zarur limit mablagʻlari ajratsinlar.
Avtomobil transporti vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha vakillarning mintaqaviy boshqarmalariga xizmat koʻrsatish uchun yengil avtomobillar ajratsin.
10. Ichki ishlar vazirligi (oʻrtoq Almatov) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining talabnomalariga koʻra qoʻriqlash-guvohnoma bilan kirish tartibini tashkil etish toʻgʻrisidagi masalani belgilangan tartibda hal qilsin.
11. Toshkent shahar hokimi oʻrtoq Fozilbekov Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bergan talabnomaga muvofiq Kuybishev rayonining Polenov koʻchasida vazirlikning tashqi savdo firmalari binolarini qurish uchun yer maydoni ajratsin.
12. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1989-yil 20-oktabrdagi 350-son, 1990-yil 26-iyundagi 242-son, 1990-yil 12-oktabrdagi 330-son, 1990-yil 31-oktabrdagi 351-son qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 27-martdagi 69-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksi (oʻrtoq Hamidov)ga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 26-mart,
147-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 17-noyabrdagi 558-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan)