O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT STATISTIKA QO‘MITASINING FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi vazirlar mahkamasining istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi (“O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi) faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 1992-yil 7-avgustdagi 367-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitlarida respublika davlat statistika organlari faoliyatini tubdan qayta qurish, ijtimoiy-siyosiy rivojlanish to‘g‘risida statistik axborotning yagona tizimini tashkil etish va uning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, milliy schyotlar tizimini amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika Qo‘mitasining eng muhim vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari hisoblansin:
respublikada yuz berayotgan ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarni hamda ularning aholi turmush darajasiga, yaratilgan ishlab chiqarish potensiali samaradorligiga va xalq xo‘jaligining balansliligi darajasiga ta’sirini kompleks o‘rganish;
yirik sotsiologik so‘rovlar va tadqiqotlar o‘tkazish asosida iqtisodiy siyosatni va xalq xo‘jaligi tuzilmasini takomillashtirish yuzasidan direktiv organlarga takliflar tayyorlash va taqdim etish;
mulkchilikning yangi munosabatlari shakllanishi jarayonlarini bozor va uning infrastrukturasi rivojlanishini, xo‘jalikni yuritish shakllari va tadbirkorlik faoliyati turlarini, monopoliyalashuv darajasini va monopoliyaga qarshi olib borilayotgan tadbirlarning samaradorligini o‘rganish;
hisobot ko‘rsatkichlarining ilmiy asoslangan tizimini, ma’lumotlarni to‘plash va ularni qayta ishlashning progressiv shakllarini joriy etish;
ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kompleks ishlab chiqish masalalarida statistika organlarining respublikaning boshqa iqtisodiy organlari bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, ularni zarur axborot, tahliliy va prognoz ma’lumotlari bilan ta’minlash;
iqtisodiy-statistika axboroti tizimining barqarorligi va ishonchliligini ta’minlash, narxlar va tariflarni kuzatib borish va ro‘yxatga olish bo‘yicha statistika ishlarini o‘tkazish, mahsulot (ishlar, xizmatlarga ulgurji, xarid va chakana narxlar (tariflar) indekslarini ishlab chiqish, narxlar dinamikasi intizomi va darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni muntazam tahlil qilib borish;
mahsulot va tovarlar yetkazib berish bo‘yicha davlatlararo shartnomalarning qanday bajarilayotganini tahlil qilish;
butun statistikani respublika manfaatlariga, qabul qilingan xalqaro normalar va standartlarga javob beruvchi milliy schyotlar tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish;
tanlab, lahzali, monografik va boshqa iqtisodiy-sotsiologik kuzatishlardan keng foydalanish asosida ishlab turgan tarmoq statistikasini takomillashtirish, fermer xo‘jaliklari faoliyatini, o‘tkazilayotgan investitsiya siyosati samaradorligini, tashqi iqtisodiy aloqalarni tahlil etish.
2. Respublika statistika organlari xodimlarining cheklangan soni, tegishli ish haqi fondi bilan birga, 6091 nafardan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati xodimlari soni 90 nafardan iborat qilib (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddat ichida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, viloyat statistika qo‘mitalari boshqarmalari va Toshkent shahar statistika boshqarmasining tuzilmasi, vazifalari va funksiyalarini qayta ko‘rib chiqsin hamda apparat xodimlari sonini 20 foiz qisqartirib, ularni mazkur qarordan kelib chiquvchi talablarga muvofiqlashtirsin;
nohiya, shahar statistika organlari va respublika hisoblash markazlarining tuzilmasi, xodimlari soni va funksiyalarini tahlil qilish hamda ularning tuzilmasini yanada takomillashtirish va ulardan samarali foydalanish yuzasidan takliflar kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparatining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga Raisning to‘rt nafar o‘rinbosariga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosariga, 7 kishidan iborat hay’atga ega bo‘lishga ruxsat berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi:
bir oy muddat ichida respublika hududida joylashgan barcha xo‘jalik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch hafta muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda milliy schyotlar tizimini joriy etish bo‘yicha Idoralararo ishchi guruhining tarkibi yuzasidan takliflarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda Qo‘mita huzurida narxlar indekslarining ishonchliligini baholash bo‘yicha Ekspert kengash tashkil etsin.
5. Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga 1992-yil uchun statistika ishlarining tasdiqlangan rejasini amalga oshirish uchun 20,2 mln so‘m hajmida mablag‘ ajratsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga tijorat faoliyatidan va budjetdan tashqari mablag‘ bilan ta’minlashning boshqa manbalaridan olinadigan daromadlardan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanishga ruxsat berilsin.
6. SSSR Davlat statistika qo‘mitasining hisobga olish, statistika va nazorat sohasidagi rahbar xodimlar va mutaxassislarning malakasini oshirish tarmoq instituti O‘zbekiston filiali hamda SSSR Davlat statistika qo‘mitasining statistika axboroti Butunittifoq ilmiy-tadqiqot va loyiha-texnologiya instituti O‘zbekiston filiali tegishli ravishda Hisobga olish va statistika sohasidagi rahbar xodimlar va mutaxassislarning malakasini oshirish respublika tarmoqlararo institutiga va O‘zbekiston statistika axboroti ilmiy-tadqiqot institutiga aylantirilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga bo‘ysundirilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining o‘quv va ilmiy bo‘linmalari o‘z faoliyatlarini to‘la xo‘jalik hisobi va o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash prinsiplari asosida amalga oshiradilar.
7. O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Moddiy-texnika ta’minoti davlat-kooperativ qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining talabnomalari bo‘yicha uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun moddiy resurslar ajratsinlar, O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika tizimini zarur zamonaviy texnika bilan qayta jihozlash uchun xorijiy valyuta mablag‘lari ajratsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari o‘rtoq B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 19-fevral,
70-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT STATISTIKA QO‘MITASI MARKAZIY APPARATINING
TUZILMASI
Rais
Metodologiya masalalari yig‘ma ishlari va statistikani takomillashtirish boshqarmasi;
— xalq xo‘jaligi balanslari va milliy schyotlar tizimi bo‘limi;
— moliya statistikasi bo‘limi.
Xususiylashtirish va mulkchilikning yangi shakllari statistikasi bo‘limi.
Raisning birinchi o‘rinbosari — Kapital qurilish, transport, aloqa, uy-joy-kommunal xo‘jaligi statistikasi va tashqi iqtisodiy aloqalar kompleksi rahbari
Kapital qurilish, transport, aloqa va uy-joy-kommunal xo‘jaligi statistikasi va tahlili boshqarmasi:
— kapital qurilish va pudrat ishlari statistikasi va tahlili bo‘limi;
— transport, aloqa va uy-joy-kommunal xo‘jaligi statistikasi va tahlili bo‘limi.
Davlatlararo, tashqi iqtisodiy aloqalar va moddiy resurslar statistikasi bo‘limi.
Rais o‘rinbosari — Sanoat va fan-texnika potensiali statistikasi kompleksi rahbari
Sanoat va fan-texnika potensiali statistikasi va tahlili boshqarmasi:
— mashinasozlik, og‘ir sanoat tarmoqlari va fan-texnika potensiali bo‘limi;
— xalq iste’moli mollari va yengil sanoat mahsulotlari bo‘limi.
Ishlar boshqarmasi.
Rais o‘rinbosari — Ijtimoiy statistika va aholining turmush darajasi kompleksi rahbari
Ijtimoiy statistika boshqarmasi:
— ijtimoiy statistika va aholining turmush darajasi bo‘limi;
— savdo, xizmatlar, narxlar va tariflarni kuzatib borish va ro‘yxatga olish bo‘limi;
— demografiya va aholining ish bilan bandligi statistikasi bo‘limi.
Rais o‘rinbosari — Dehqonchilik sanoati statistikasi kompleksi rahbari
Dehqonchilik sanoati kompleksi statistikasi va tahlili boshqarmasi:
— dehqonchilik sanoati kompleksi statistikasi bo‘limi;
— dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va tayyorlash statistikasi bo‘limi.